2. Metodologiya bilish usullari haqidagi ta’limot.
«Metodologiya» atamasi ko’p mazmunli bo’lib, turli manbalarda turlicha talqin etiladi (usullar haqidagi nazariya, usullar majmui, falsafiy usul va h.k.). Mazkur kurs doirasida biz metodologiya – bu usul haqidagi ta’limotdir degan qarashlarga tayanamiz.
Metodologiya bilimning qaysi sohasida ishlab chiqilishidan qat’iy nazar, barchasida u yagona boshlang’ich prinstiplarga bo’ysunadi, o’z mohiyatiga ko’ra bir turdagi, ya’ni: mazkur fan uchun yaroqli bo’lgan usullarni qidirish va nazariy jihatdan asoslash, ular ustidan amallar bajarish tartibini ishlab chiqish, ularning bilish imkoniyatlarini va qo’llash sohalarini aniqlash muammolarni hal etadi, bir xildagi vazifalarni bajaradi. Biroq, metodologiya yagona, yaxlit fan bo’lmay, u qaysi muayyan fanga xizmat qilishi va qanday usullarni, ya’ni umumiy, umumilmiy yoki xususiy usullarni ishlab chiqishiga ko’ra alohida tur va ko’rinishlarga bo’linadi. Har bir fan o’zining maxsus predmetiga ega ekan, u muqarrar ravishda o’zining tadqiqot usulini yaratadi. Bu usul talablari orqali uning predmeti xususiyatlari o’z aksini topadi. Demak, o’zining metodologiyasi ham vujudga keladi. Bu metodologiya mazkur fan uchun ham, boshqa fanlar uchun ham yagona bo’lgan boshlang’ich prinstiplarga bo’ysunadi, umumiy metodologik muammolarni hal etadi, biroq bularning barchasini mazkur fanga nisbatan, uning predmeti xususiyatlarini hisobga olgan holda bajaradi. Bu xususiy ilmiy metodologiya hisoblanadi. U har bir alohida muayyan fanga muvofiq o’zining turli ko’rinishlariga ega bo’ladi. Xususiy ilmiy metodologiya mazkur fanga tegishli metodologik muammolarni hal etish orqali uzviy ravishda ushbu fanning mazmuni tarkibiga kiradi va mazkur bilim sohasi vakillari tomonidan ishlab chiqiladi.
Biroq, u yoki bu muayyan fanlar doirasida ishlab chiqilishiga qaramay, ayni paytda boshqa fanlarda ham foydalaniluvchi usullar ham mavjud. Masalan, kibernetika, matematika, fizika va boshqa fanlarning ba’zi bir usullari. Bu usullarni o’rganish bilan shug’ullanuvchi metodologiya fanlararo metodologiya hisoblanmay, xususiy ilmiy metodologiya sifatida qoladi. Ammo bu xususiy ilmiy usul boshqa fanlar tomonidan qo’llana boshlanishi bilan uning mazkur fanlar doirasidagi nazariy mushohadalanishi ro’y beradi. Uni bu fanga qo’llashning imkoniyatlari, chegaralari va shakllari aniqlanib, bunday tadqiqot natijalari ushbu fan metodologiyasiga kiritiladi.
Barcha fanlarda qo’llaniluvchi bilishning umumilmiy usullaridan foydalanish ham xuddi shunday tarzda hal etiladi. Bu usullarga ideallashtirish, formallashtirish, aksioma usuli, matematik gipoteza usuli, induktiv usulni kiritish mumkin. Bu usullar nafaqat falsafa, balki bir qator maxsus fanlar doirasida ham nazariy jihatdan mushohadalanadi va ishlab chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |