3. Nazariya va usulning o’zaro bog’liqligi va mustaqilligi.
Falsafiy yoki umumiy metodologiyaning asosiy mazmunini bilishning dialektik usuli to’g’risidagi ta’limot, uning universalligi, barcha fan sohalari va ijtimoiy amaliyotda qo’llash mumkinligi, uning prinstiplarini ishlab chiqilishi, shuningdek, dialektik usulning umumilmiy va xususiy ilmiy usullar bilan nisbati tashkil etadi.
Nazariya va usul ma’lum mustaqillikka ega bo’lgan, turli vazifalarni bajargan holda bir-biri bilan zaruriy aloqada, o’zaro bog’liq hisoblanadi. Har qanday ilmiy usul ma’lum nazariya asosida ishlab chiqiladi. Usulning istiqbolli bo’lishi, haqiqatan ham kishilarni bilish va amaliy faoliyatga yo’naltirishi, qo’yilgan maqsadga erishishga imkon yaratishi uchun uning prinstiplarida ob’ektga xos bo’lgan zarur xususiyat va aloqalar o’z aksini topishi kerak. Bu xususiyat va aloqalar esa sub’ekt tomonidan faqat nazariya orqali anglab etiladi va namoyon etiladi. Shunday qilib, nazariyaning mavjudligi, ilmiy usulni yaratishning zarur sharti, asosi hisoblanadi. Shu bilan birga, u yoki bu usulning shakllanishiga ma’lum ta’sir o’tkazgan holda, nazariyaning o’zi usulga bog’liq bo’ladi. Nazariyaning paydo bo’lishi va ishlab chiqilishi bilishning tegishli usullarini qo’llash, ob’ektiv voqelikning u yoki bu sohasini ijodiy o’zgartirish bilan bog’liq. Natijada tutash doira vujudga keladi: u yoki bu ilmiy usulni ishlab chiqish uchun tegishli nazariya zarur, biroq, bunday nazariyani yaratish uchun tegishli usul zarur bo’ladi. Agar fanni uning tarixiy rivojlanish nuqtai nazaridan olib qaralsa, bu ziddiyat o’z echimini topadi. Usul va nazariya bir vaqtda paydo bo’ladi va rivojlanadi. Birgalikda shakllanar ekan, ular avval boshdanoq uzviy bog’liqlikda bo’lib, o’zaro bir-biriga ta’sir ko’rsatadi va bir-birlarida tegishli o’zgarishlarni keltirib chiqaradi. O’z prinstiplarida u yoki bu nazariyaning mohiyatini aks ettiruvchi usulni qo’llash tadqiq etilayotgan ob’ektda yangi zarur xususiyat va aloqalarning kashf etilishiga olib kelgan taqdirda, bu nazariyaning o’zgarishini, uning boyitilishini keltirib chiqaradi. Nazariyaning o’zgarishi, uning mazmunida yangi holatlarning paydo bo’lishi, o’z navbatida o’zi foydalanayotgan usulni takomillashtirilishini, unga yangi talab va qoidalar kiritilishini zarur qilib qo’yadi.
Nazariya ayni paytda usul bo’lib ham hisoblanib, metodologik vazifalarni ham bajaradi, degan fikr-mulohazalar bilan kelishish mumkin emas. Nazariya bunday vazifalarni bajarishi uchun, u fikrlovchi va harakat qiluvchi sub’ektga qo’yiladigan talablar tizimiga, tartibga soluvchi prinstiplar, qoidalar tizimiga aylanishi lozim. Biroq, bunday ko’rinishda u nazariya emas, balki usul bo’lib qoladi. Shuning uchun usul bo’lib dialektikaning qonun va kategoriyalari tizimi emas, balki uning asosida ishlab chiqilgan, bilishga intiluvchi va harakat qiluvchi sub’ektga nisbatan talablar tizimi, kishilarni bilish va o’zgartirish faoliyatiga yo’naltiruvchi, ob’ektiv reallikni anglashni qanday qilib va qaysi shakllarda amalga oshirish zarurligini ko’rsatuvchi prinstiplar tizimi hisoblanadi. Shuningdek, usul tadqiq etilayotgan ob’ektning mohiyatiga kirish, u haqida haqiqiy bilim olish uchun qanday talablarga, qoidalarga rioya etilishi zarurligini ham anglatadi. Dialektika nazariyasi va dialektik usul o’rtasida bog’liqlik mavjud bo’lib, bu qandaydir o’xshashlikni emas, balki aynan aloqani anglatadi. Ob’ektiv olam dialektik rivojlanishi nazariyasining dialektik usul bilan ayniylashtirilishi bilishning dialektik usullari prinstiplarini ishlab chiqilishi hamda ularning muayyan fanlar va amaliyotchi xodimlar tomonidan qo’llanishiga salbiy ta’sir ko’rsatdi.
Demak, xulosa o’rnida ta’kidlash mumkinki, nazariya va usul o’rtasida nazariy qoidalar usulning talablarini, uning prinstiplarini belgilab berishi, usul esa nazariyaning shakllantirilishi, tadqiq etilayotgan ob’ektning mohiyatiga kirishni ta’minlashi orqali namoyon bo’luvchi uzviy o’zaro bog’liqlik mavjud. Shu bilan birga nazariya va usul bir-biriga qo’shilib ketmaydi, balki voqelikni bilish va uni jamiyat manfaatlari yo’lida o’zgartirishning nisbatan mustaqil shakllarini namoyon etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |