O‘zbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
O‘zbekiston Respublikasining tegishli vakolatli organlari va xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi hamda ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqida
Ekologik xavfsizlik tizimini shakllantirish hamda takomillashtirish O‘zbekiston Respublikasida milliy xavfsizlikni, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri, davlat, jamiyat va shaxsning hayotiy muhim manfaatlarini himoya etishning muhim omilidir. Mamlakatimiz Prezidenti I.A. Karimov ekologik xavfsizlik muammolari muhimligi haqida gapirib, bu muammolarning amaliy tarzda hal etilishi “ko‘p jihatdan hozirgi va kelgusi avlod turmushining ahvoli va sifatini belgilash imkoniyatini beradi”, deb ta’kidlagan edi.
Mustaqillik yillari mobaynida O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning tashkiliy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlari izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Bu sohadagi davlat siyosatining huquqiy asosini atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarini tartibga soluvchi 30 ta qonun va 350 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatdan iborat milliy qonun hujjatlari tashkil etadi. Ular orasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni alohida ahamiyatga molikdir.
O‘zbekiston Respublikasi atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi 13 ta xalqaro konvensiya va 4 ta protokolga qo‘shilgan. Atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik yetakchi davlatlar, shuningdek BMT, uning maxsus organi — Atrof muhit dasturi (YuNEP) va boshqa ko‘pgina tuzilmalar bilan bir qatorda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik sohasidagi siyosatni amalga oshiradigan davlat organlari hamda jamoat ekologik tashkilotlarining yaxlit tizimi barpo etilgan.
Mustaqil rivojlanish yillarida tabiatni muhofaza qilish sohasida ko‘lamdor va izchil davlat strategiyasi amalga oshirib kelinayotganligi natijasida O‘zbekistonning ko‘pgina mintaqalarida ekologik vaziyat yaxshilanganligi qayd etilmoqda. Mamlakatda zararli moddalarni atmosferaga chiqarib tashlash ikki yarim marta kamaydi, iflos oqova suvlarni chiqarib tashlash hajmi ikki baravar qisqardi. Pestitsidlardan foydalanish keyingi besh yil ichida to‘rt baravar kamaydi. Paxta yakkahokimligining barham topishi ekologik tizim sog‘lomlashib, aholining yashash muhiti tubdan yaxshilanishida ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy qo‘riqxonalar, bog‘lar, buyurtma qo‘riqxonalar, ekologik markazlar tarmog‘i anchagina rivoj topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Orol muammolariga bag‘ishlab 2008-yil 11-12-mart kunlari o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ekologiya muammolariga mamlakat rahbariyati doimiy e’tibor berib kelayotganligining yana bir ifodasi bo‘lib qoldi. Tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazishga birgina 2007-yilning o‘zida salkam 92 milliard so‘m yo‘naltirilganligi mamlakatimizdagi bunday tadbirlarning ko‘lami va miqyosini ko‘rsatib turibdi.
Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ustuvor ahamiyatga ega. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish yuzasidan Surxondaryo viloyatida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda, jamoatchilikning faol ishtirokida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Viloyatda ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlashning kamayib borishi tamoyili kuzatilmoqda. 2007-yilning o‘zidagina viloyatda tabiatni muhofaza qilishga oid 280 dan ortiq, jami 123150,0 ming so‘mlik tadbirlar o‘tkazilgan.
Shu bilan birga “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalarining barcha talablarini Surxondaryo viloyatida to‘la-to‘kis amalga oshirish hozircha ta’min etilmaganligini ham ta’kidlash joiz. Sug‘oriladigan yerlarning umumiy fondida sho‘rlangan maydonlar ulushining ortib borishi kuzatilmoqda, sug‘oriladigan yerlarning mahsuldorligi pasayib bormoqda. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining tabiatni muhofaza qilish masalalaridagi asosiy kamchiligi mazkur Qonunning ijro etilishi hamda bu sohadagi davlat siyosatining amalga oshirilishi ustidan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, amaliy nazoratning yo‘qligidir. Viloyatda bu borada jiddiy muammolar borligiga va ekologik vaziyat keskinligiga qaramay, mazkur masala biron marta ham xalq deputatlari viloyat Kengashining majlisida muhokama etilmagan. Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy omillaridan yaxshi foydalanilmayapti, ekologik talablarga rioya etish masalalarida xo‘jalik faoliyatiga nisbatan yetarli darajada qat’iyat va prinsipiallik ko‘rsatilmayapti.
Shuni ta’kidlash kerakki, Tojikiston Respublikasining Tursunzoda shahrida joylashgan Tojikiston alyuminiy zavodi atmosferaga chiqarayotgan chiqindilarning mintaqadagi ekologik vaziyatga va aholi sog‘lig‘iga jiddiy tahdid solayotganligi alohida tashvish uyg‘otmoqda.
Buning asosiy sabablari mazkur korxonada eskirib ketgan uskunalardan foydalanilayotganligi, modernizatsiyalangan tozalash inshootlari yo‘qligi, havoda hamda tuproqda shu korxonaning chiqindilari – zararli moddalarning to‘planib va ko‘payib borayotganligidir. Atmosfera havosida odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ftorli vodorod tarkibi, masalan, Sariosiyo tumanida 1991 — 2007-yillar oralig‘idagi davrda yo‘l qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena normativlaridan ikki baravar ortib ketdi. Alyuminiy qo‘shilmalarining suvda eriydigan shakllari yer usti suvlari tarkibida besh baravar ko‘payganligi aniqlandi. Ftor ta’sirida tuproqdagi jarayonlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar va ftorli vodorodning atmosfera havosiga chiqarib tashlanishi qishloq xo‘jaligiga hamda chorvachilikka salmoqli tarzda salbiy ta’sir o‘tkazdi. Dehqonchilikda hosildorlik va chorvachilikda mahsuldorlik keskin kamayib ketdi. Hisori qo‘ylarning noyob zotlari, mashhur Dashnobod anorlari yo‘q bo‘lib ketish darajasiga yetdi.
Tojikiston alyuminiy zavodining chiqindilari aksariyat hollarda aholi o‘rtasida bir qancha surunkali kasalliklar ko‘payganligiga asosiy sababchi bo‘lib qolmoqda.
Surxondaryo viloyati hududiga Tojikiston alyuminiy zavodi faoliyatining salbiy ta’siri oldini olish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qilinayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, 570 mingdan ortiq kishi yashayotgan Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlarida ekologik vaziyat tangligicha qolmoqda. Surxondaryo viloyatining Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilarining bevosita ta’siri ostida qolgan chegara oldi tumanlari bugungi kunda ekologik kulfat hududi bo‘lib turibdi.
“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Surxondaryo viloyatida ijro etilishi jarayonini o‘rganish qisqa muddatlarda aniq maqsadlarga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatdi. Eng avvalo bu muammo ustidagi teran ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish asosida Surxondaryo viloyatining chegaraoldi tumanlarida ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishga qaratilgan harakatlarning kompleks dasturini ishlab chiqish, Tojikiston alyuminiy zavodining faoliyati atrof muhitga, qishloq xo‘jaligiga, chorvachilikka va aholi sog‘lig‘iga yetkazgan iqtisodiy zararni aniqlash hamda kompensatsiya qilish tadbirlarini o‘tkazish, ekologik monitoring o‘tkazish, prognoz qilish va axborot almashish bo‘yicha yagona tizim barpo etish, atrof muhitning mazkur korxona faoliyati bilan bog‘liq holda ifloslanib borayotganligi muammosini hal etish maqsadida xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalanish masalasini o‘rganib chiqish zarur.
Surxondaryo viloyati hokimi T.I. Jo‘rayevning, tegishli vazirliklar va idoralarning O‘zbekiston Respublikasining tegishli vakolatli organlari hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi hamda ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqidagi, shuningdek mazkur masalani o‘rganish yuzasidan Senat tomonidan tuzilgan ishchi guruhining axborotini tinglab va muhokama etib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Surxondaryo viloyati hokimi T.I. Jo‘rayevning, tegishli vazirliklar va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi tegishli vakolatli organlarining hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish hamda ekologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati haqidagi, shuningdek mazkur masalani o‘rganish yuzasidan Senat tomonidan tuzilgan ishchi guruhining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Surxondaryo viloyatida tabiatni muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilash sohasida muayyan ishlar olib borilayotganligi ta’kidlab o‘tilsin. Shu bilan birga e’tirof etish kerakki, mintaqada mazkur Qonunning barcha talablarini to‘la-to‘kis amalga oshirish ta’min etilmagan. Surxondaryo viloyatidagi vaziyatga Tojikiston alyuminiy zavodining faoliyati bag‘oyat nomatlub ta’sir etayotir, ana shu korxonaning chiqindilari atrof muhitni ifloslantirmoqda, ekologik vaziyat anchagina yomonlashuviga olib kelmoqda hamda atrof muhitga va viloyatning chegara oldi tumanlaridagi aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etmoqda.
2. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi:
viloyatda ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish yuzasidan kompleks harakatlar dasturini ishlab chiqsin va qabul qilsin, atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik holati nomatlub joylarda davolash-sog‘lomlashtirish ishini yaxshilash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
masalani o‘rganish asnosida aniqlangan, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini buzish bilan bog‘liq hollarni bartaraf etsin hamda Qonun to‘liq va og‘ishmay bajarilishini ta’minlasin. Kollektor-drenaj tizimlari ishini yaxshilashga, pestitsidlar bilan ifloslangan yerlarni qayta tiklash ishlarini o‘tkazishga, tegishli yerlarda ihota daraxtzorlar, oqar suvlar yoqalab hamda suv havzalari tegrasida suvni muhofaza qilish zonalari barpo etishga, kanalizatsiya tarmoqlari va tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilishga alohida e’tibor qaratsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Surxondaryo viloyatidagi ekologik vaziyatga Tojikiston alyuminiy zavodi faoliyatining ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun idoralararo ishchi guruh tuzish. Idoralararo ishchi guruhga Tojikiston alyuminiy zavodi aholi sog‘lig‘iga, atrof muhitga, qishloq xo‘jaligiga va iqtisodiyotiga yetkazgan iqtisodiy zararni baholash hamda kompensatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish, vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan chora-tadbirlarning aniq maqsadga yo‘naltirilgan dasturini ishlab chiqish, shu jumladan zarur xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalangan holda ishlab chiqishni topshirish;
Atrof muhitga transchegaraviy ma’nodagi ta’sirni baholash to‘g‘risidagi konvensiyaga (Espo, 1991-yil) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining loyihasini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritishni tezlashtirish tavsiya etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga:
“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Surxondaryo viloyatida ijro etilishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rish, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlarini buzishning aniqlangan hollarini bartaraf etishda, shuningdek Surxondaryo viloyatidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda mahalliy davlat hokimiyati organlariga muvofiqlashtiruv yo‘sinida amaliy yordam ko‘rsatish;
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlari hududiga Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilarining ta’siri oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan kompleks tadbirlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
ekologik monitoring o‘tkazish, prognoz qilish va axborot almashish bo‘yicha yagona tizim barpo etish masalasini Tojikiston Respublikasining tegishli vakolatli organi bilan o‘rganib chiqish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga:
Tojikiston alyuminiy zavodining yaqin atrofdagi hududlarni ifloslantirishi muammolarini hal etish maqsadida xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalanish masalasini o‘rganish va takliflar tayyorlash;
Tojikiston alyuminiy zavodining atrof muhitni ifloslantirayotganligi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan ikki taraflama komissiya tuzish masalasini O‘zbekiston — Tojikiston hukumatlararo komissiyasi faoliyati doirasida Tojikiston tarafi bilan birgalikda ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatidagi ekologik vaziyat to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatiya vakolatxonalari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida tarqatish uchun axborot tayyorlash;
Surxondaryo viloyati atrof muhitiga Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy ta’siri muammolari yuzasidan yetakchi xalqaro tashkilotlar va chet el investorlari ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazish imkoniyatini o‘rganish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Surxondaryo viloyatining chegara oldi tumanlaridagi vaziyatga alohida e’tibor berib, tashhis qo‘yish va davolash-sog‘lomlashtirish ishlarini tizimli asosda yaxshilash yuzasidan zarur resurslar va mablag‘larni jalb etgan holda shoshilinch choralar ko‘rish tavsiya etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlarida tuproqqa, qishloq xo‘jaligi o‘simliklari va hayvonlarga Tojikiston alyuminiy zavodi chiqindilarining zararli ta’sirini kamaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish tavsiya etilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, boshqa vakolatli davlat organlariga tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga O‘zbekiston janubidagi ekologik tizimga Tojikiston alyuminiy zavodi chiqarib tashlayotgan ifloslantiruvchi moddalarning ta’sirini o‘rganish hamda uning atrof muhitga va aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish to‘g‘risidagi masalani Ilmiy-tadqiqot va texnik ishlar dasturiga kiritish tavsiya etilsin.
10. Atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, mazkur sohada keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarida jamoatchilikning, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli yanada oshirilishi ta’minlansin.
11. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashiga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilsin, ular ushbu Qarorning bajarilishi jarayoni haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga 2009-yil 1-yanvarga qadar axborot taqdim etsinlar.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalari zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 17-iyul,
516-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 7-son, 404-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |