O’ZBEK XALQ MILLIY O’YINLARINING TARBIYAVIY AHAMIYATI
Ziyaeva Shoira Raximberdiyevna – Farg’ona davlat
universiteti II – bosqich magistranti
O’yinlar o’zbek xalqining ko’p avlodlari turmushi va ijtimoiy hayotining zarur elementi sifatida asrlar bo’yi takomillashib keldi hamda rivojlanishning har bir tarixiy bosqichida turli ijtimoiy vazifalarni bajardi. O’zbek xalq o’yinlari tarixning ijodiy kuchini, moddiy va ma’naviy boyliklarini o’zida mujassamlashtirilgan. O’zbek xalq o’yinlari asosida yoshlarni tarbiyalash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir.
Bu haqda Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev yosh avlod tarbiyasiga katta ahamiyat berib, shunday degan edi: “ yosh avlodni tarbiyalash biz uchun eng asosiy vazifadir1” Shundan kelib chiqib, hozirgi vaqtda O’zbekiston pedagogik jamiyati tarbiyaning odatiy bo’lgan shakllari va usullarini izlab topish, o’sib borayotgan avlodda mustahkam umuminsoniy ishonch va qarashlarini shakllantirish, shaxsda milliy madaniyat va milliy qadriyatlarni hurmat qilish,avaylab-asrash tuyg’ularini o’stirishga diqqatini qaratmog’imiz lozim.
Milliy xalq o’yinlari orasida, ayniqsa, qadimiy dorboz va simbozlik san’ati alohida ajralib turgan. Ilgari dor o’yini juda mashhur bo’lgan. Ommaviy va mahalliy bayramlar, mavsumiy bozorlar dorbozlarsiz o’tmagan deyish mumkin. Registonda bozor maydonlarida, chorsularda dorlar qurilgan. Karnay-surnay va nog’oralar sadolari tomoshalarning boshlanishidan darak berib turgan. Odamlar to’plangach, o’yinlar boshlangan. Tomoshabinlar baland qilib tortilgan arqon ustida o’ynayotgan dorbozning dadil harakatlarini hayajon bilan kuzatishgan.
Bir vaqtlar bizning hududimizda “Yog’och oyoq” o’yini ommaviy ravishda tarqalgan. Yog’och oyoqlar yugurib, sakrab, raqsga tushib, karnay, surnay kabi milliy cholg’u asboblarda kuylar ijro etib, ajoyib tomoshalar ko’rsatgan. Mana shular haqida Zahiriddin Muhammad Bobur o’zining “Boburnoma” asarida anchagina ma’lumotlar bergan. Xorazmda “Tayoq o’yini” keng tarqalgan.
O’zbek xalqining an’anaviy turmushini o’rganishidan ma’lum bo’lishicha, hozirgi O’zbekiston Respublikasi hududida bir vaqtlar asosan ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi elatlar yashagan. Ularning asosiy mashg’uloti chorvachilik bo’lgan. Chorvachilik bilan nafaqat yarim o’troq, balki o’troq dehqonlar ham shug’ullangan. Dehqonlar mollarni yer haydashda, bug’doy yanchishda, daryo va quduqlardan suv tortishda ishlatgan.
Shuningdek, chorva mollaridan savdogarlar va hunarmandlar ham foydalangan. Mana shular tufayli “Podachi”, “Oqsoq bo’ri va qo’ylar”, “Echkilar va cho’ponlar”, “Oq tuya”, “Bo’ri keldi” singari qator o’zbek xalq o’yinlari kelib chiqqan .Xalqimiz orasida hayvonlar va qushlar mavzusidagi juda qiziqarli “Kaptar o’yini”, “Chag’alak”, “Yumronqoziq”, “Ot o’yini” kabi raqslar keng rasm bo’lgan. O’zbeklar orasida “Karnaymi, surnay”, “Nina, ip va tuguncha”, “Tapir-to’pur qayrag’och”, “Qovoq ekish”, “Xo’rozlar jangi”, “Xo’roz va tovuq”, “Qoch bolam, qush keldi”, “Oq terakmi,ko’k terak” kabi o’yinlar ham mashhur bo’lgan.
Milliy xalq o’yinlari juda qadim zamonlarda vujudga kelgan, rivojlanishining har bir tarixiy bosqichida mazmunan o’zgarib, turli ijtimoiy vazifalarni bajargan . An’analar, fanlar, shu jumladan, xalq milliy o’yinlari, millatimiz hayoti bilan bog’liq bo’lib, avloddan-avlodga meros bo’lib o’tib kelgan. Avlodlar egallagan bilim va tajribalar amaliy hayotda sinalgan, keyingi avlodlar tomonidan mustahkamlangan va takomillashtirilgan.
Ularning mazmunini har bir avlod, jamiyat rivojlanishining bosqichlari yangilab borgan. Bolalar jamiyat rivojlanishining o’sha bosqichida kattalar o’ynagan xalq milliy o’yinlarini o’ynaganlar. Ko’pgina milliy o’yinlar otalar va bobolardan bolalarga va nabiralarga o’tgan. Xalq milliy o’yinlarida xalqning ijtimoiy hayoti, mehnat faoliyati va turmush tarzi o’ziga xos shakllarda aks etgan. Ularda juda boy hissiyot va kechinmalar, o’z Vatanini sevuvchi, himoya qilish orzu-umidlari mujassam bo’lgan.
O’yinlarning tabiiy-tarixiy paydo bo’lish asosi va taraqqiyoti mehnat jarayoni bilan bog’liq. O’yinning ilk boshlang’ich ko’rinishi ibtidoiy jamiyatda sinkrelik (qorishiq) san’at qismi sanalib, insonning mehnat va kundalik faoliyatini ifodalagan. Ular qo’shiq, raqs, musiqa bilan ajralmas bo’lgan. Ishlab chiqarish qurollarining takomillashuvi va tilning taraqqiyoti bilan o’yinlar fikrlash faoliyatining mustaqil turiga ajragan hamda o’z mazmuniga ko’ra boyib borgan, ularning harakatni talab qiladigan shakllari paydo bo’lgan.
O’yinlar faoliyatning mustaqil turi sifatida muayyan darajada hamma vaqt jamiyat hayot tarzini belgilagan desak mubolag’a bo’lmaydi. Ko’pgina mamlakatlarning olimlari va pedagoglari o’yinlar mohiyatini, uning kelib chiqishi, taraqqiyoti va ahamiyatini o’rganmoqdalar. Shunga ko’ra o’yinlarning mohiyati va kelib chiqishini ifodalovchi turli xil nazariyalar, fikrlar va qarashlar ham mavjud.
Kishilik taraqqiyoti tarixida mehnat o’yinlari katta o’rin tutgan, ammo inson hayotida o’yinlarning kelajakdagi mehnat faoliyatidan oldin turadi. Masalan, bola o’ynab rivojlanadi, undagi shartli reflekslar birinchi va ikkinchi signallar tizimi, doimiy ravishda organizm atrof-muhit bilan o’zaro faoliyat va tarbiyaning hal qiluvchi ta’siri paytida tashkil qilgan pedagogik jarayon sifatida shakllanadi.
Shaxsning shakllanish va rivojlanish jarayoni insonning ijtimoiy tajribasini o’zlashtirish jarayoni hamdir. O’zbek xalq o’yinlarining paydo bo’lishi bizning eramizgacha bo’lgan davrlarga, aniqrog’i ibtidoiy jamoa tuzumi davrlariga to’g’ri keladi. Buni tarixiy, arxeologik, etnografik, folklor va boshqa manbalar to’la-to’kis isbotlaydi.
Qadimgi rim yozuvchisi Elianning guvohlik berishicha, ajdodlarimiz bo’lgan saklar qabilasida o’yin musobaqalari juda keng tarqalgan va ular xalqning sevimli odati sanalgan. Uning tasdiqlashicha, saklar qabilasining yig’inlari ana shu o’yin musobaqasida o’zlari yenggan qizlarga uylanish huquqini olganlar.
O’zbek xalq o’yinlari mazmunan g’oyatda boy, shaklan xilma-xil bo’lib. muayyan ijtimoiy- tarixiy tavsifga egadir. Demak, ajdodlarimizning ovchiligi asosida - „ovchilik o’yinlari", chorvachilik asosida „ho’kiz, ot, ayiq o’yinlari", dehqonchilik asosida - „mehnat o’yinlari" shakllandi.
Milliy o’yinlarimiz serharakatligi barcha organizm va muskullarni o’stiruvchanligi, chidamlilikka o’rgatuvchi, chiniqtiruvchi harakatlardan tashkil topganligi bilan boshqa xalqlar o’yinlaridan tubdan farq qiladi.Xalqimiz orasida har bir faslga mos o’yinlar mavjud bo’lib o’ynalib kelingan.
O’zbek milliy o’yinlari hayotiyligi, har tomondan yaratilganligi uchun ham katta-yu kichik va hatto xotin-qizlar tomonidan sevib o’ynalgan. Ota-bobolarimiz o’z farzandlarini qiyinchiliklar oldida dovdiramaslik, qo’rqmaslik ruhida tarbiyalab uni yechishga o’rgatganlar.
Ko’p yillar davomida yig’gan malakalariga tayanib o’z farzandlariga badan- tarbiya va aqliy o’yinlardan foydalanish yo’l yo’riqlarini ko’rsatganlar Og’ir mehnatdan keyin kishilar bir joyga to’planishib turli milliy o’yinlar bilan mashg’ul bo’lganlar, dam olganlar .
Grek tarixchisi Gerodot xorazmiylar bilan yonma-yon yashagan saklar qabilasidagi mohir merganlar haqida bunday deb yozgan: “Saklar dunyodagi merganlar orasida o’qni zoye ketkazmaydigan juda mohir merganlar sifatida shuhrat qozongan edi”.
Mashhur adib Oybek o’zining „Bolalik" qissasida xalq milliy sporti turlaridan bo’lgan „Uloq o’yini"ni juda yaxshi bayon qiladi: “Uloq" xalqning qadimiy o’yini. Uni ilk bor ko’rgan Muso hang-mang bo’lib qoladi. Qalin odamlar orasidan jonivor ot o’qday uchib ketdi. Bir ongina sarosimaga tushgan uloqchilar ko’pirgan, quturgan daryoday, duv etib, orqadan quvib ketdi. Uloqchilar biridan biri uloqni olib qochadi, yana butun otliq duv quvadi..."
Bu o’yinlar ular kayfiyatlarini ko’targan, tetiklashtirib kuch to’plaganlar. Ayniqsa bahorgi va kuzgi fasllarga mos bo’lgan o’yinlarni butun-butun qishloqlar uynashib, o’zlarini shod etishga harakat qilganlar. Bu o’yinlar hosil bayramlarida. Sayl va to’ylarda tantanali ravishda o’tkazilgan. Eng kuchli qurqmas botir chaqqon ishtirokchilar taqdirlangan va sovrinlar olgan. Bu esa o’zbek badantarbiya o’yinlarining rivojlanishiga katta yo’l ochib bergan.
Xalq milliy o’yinlari milliy qadriyatlar tarkibidagi xalqning eng sevimli ommaviy ma’naviy tadbirlaridan biridir. «Navro’z», hayit, to’ylar va turli xil an’anaviy marosimlar, udumlar qadimdan kurashsiz, ko’pkarisiz (uloq), poygasiz va boshqa ko’p milliy o’yinlarisiz o’tmagan. Bunday tadbirlar xalq og’zaki ijodining barcha turlarida, dostonlarda ifoda etilgan. Ular ulug’ allomalar Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur va undan keyingi o’tgan adiblar, shoirlarning asarlarida qiziqarli hamda to’la bayon etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |