9AMALIY MASHG‘ULOT.
MAVZU: ILMIY USLUB. SOHAVIY TERMINLARNING YASALISHI
Fan va texnika tili ilmiy uslub deyiladi. Daliliy munosabatlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalarga asoslanuvchi, har bir fan sohasining o‘ziga xos atamalariga tayanuvchi, fikrni aniq va mantiqiy izchil bayon qiluvchi uslub ilmiy uslubdir.
Ilmiy uslubga mantiqiylik, aniqlik, ilmiy atamalarning keng qo‘llanishi xos bo‘lib, barcha ilmiy asarlar, jumladan, maktab darsliklari ham shu uslubda yoziladi. Ilmiy uslubning asosi atama, ta’riflar, qoidalar, qonunlardir. Atamalar faqat bir ma’noda qo‘llanilib, o‘zi ifodalayotgan tushunchaning tub mohiyatini ko‘rsatadi, masalan o‘zak, negiz, yasovchi qo‘shimcha, turlovchi va tuslovchi qo‘shimchalar, shakl yasovchilar kabi atamalar so‘z tarkibiga oid lingvistik tushunchalarni ifodalaydi. Masalan: Har qanday grammatik ta’rif yoki qoidada uchta tushuncha birlashgan bo‘ladi: tushunchaning mohiyati, xususiy va umumiy tomoni. (Ona tili darsligidan). Nuklein kislotalar dastlab hujayra yadrosidan ajratib olinganligi sababli («nukleis» - «yadro») nuklein kislotalar deb atalgan. Hozirgi vaqtda nuklein kislotalar faqat yadroda emas, balki xloroplast va mitoxandriyda ham mavjudligi aniqlangan. (Biologiya darsligidan). Jismni tashkil qilgan molekulalar xaotik harakatining kinetik energiyasi bilan ularning o‘zaro ta’sir potensial energiyalarining yig‘indisi jismning ichki energiyasini tashkil qiladi («Fizika» darsligidan).
Terminologiya (termin va ... logiya) —1) leksikaning bir sohasi; muayyan fan, texnika, ishlab chiqarish. tarmogʻining , sanʼat, ijtimoiy faoliyat sohasining tegishli tushunchalar tizimi bilan bogʻliq terminlari majmui; 2) tilshunoslikning terminlarni oʻrganuvchi sohasi. Terminologiya tor maʼnoda maʼlum bir sohaga oid maxsus leksika. Mas., fizika terminologiyasi, ijtimoiy-siyosiy terminologiya, mashinasozlik terminologiyasi kabi. Terminologiya umumxalq tilining leksikasi negizida vujudga keladi, boyiydi. O’z navbatida u, umumxalq tilining boyishi uchun xizmat qiladi. Terminologik leksika umumxalq tili leksikasining ajralmas qismi sifatida u bilan birga rivojlanadi, jamiyat va til taraqqiyotidagi barcha jarayonlarni boshdan kechiradi. Maʼlum bir soha yoki fan yuqori darajada taraqqiy etgandagina oʻsha tilda maxsus terminologiya vujudga keladi.
Terminologiyaning rivojlanishi, boyish yoʻllari har xil: boshqa tillardan soʻz olish, yangi soʻz yasash, ayrim fammatik kategoriyalarning leksikalashuvi, soʻz birikmasining semantik bir butun holga kelib qolishi va boshqa Bugungi kunda oʻzbek terminologiyasining boyishi, asosan, boshqa tillardan soʻz olish va ichki soʻz yasash hisobiga roʻy bermoqda. U yoki bu soha terminologik tizimining barkarorligini belgilovchi asosiy omil uning tartibga solinganligi va muntazamligidir. Terminologiyaning oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Mas., umumadabiy tilda sinonimiya, omonimiya va kup maʼnolilik tilning boyligi boʻlsa, terminologiyada bular salbiy hodisa hisoblanadi. Mas., birgina tushunchani ifodalash uchun oʻzbek tilida yarimoʻtkazgich — chalaoʻtkazgich — nimoʻtkazgich terminlari qoʻllanmoqda. Bu, oʻz navbatida, oʻqishoʻqitish va axborot almashish jarayonini qiyinlashtiradi. Shu sababli ham terminologiyasi maʼlum darajada barqarorlashgan barcha tillarda terminlar doimiy tartibga solib turiladi. Tartibga solish maʼlum terminologik meʼyorlar asosida amalga oshiriladi. Terminologiya rivojida fan sohalariga oid maxsus lugʻatlarni nashr qilib turish ham muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbek tili terminologiyasi maʼlum taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan. Oʻzbek tili terminologiyasi sohasidagi ishlarni oʻtgan asrning 50-yillarida Oʻzbekiston SSR Oliy Soveta Prezidiumi huzuridagi Til va terminologiya komiteta boshkargan (1931—37 ylarda faoliyat koʻrsatgan), keyinchalik Oʻzbekiston FA Til va adabiyot instituti krshidagi terminologiya boʻlimi (1964-yildan) olib bordi. OʻzR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika atamashunoslik qoʻmitasi 1988-yildan 2004-yilgacha oʻzbek tili terminologiyasini tartibga solish va takomillashtirish bilan shugʻullanib keldi (2004-yil yanvardan mazkur qoʻmita faoliyati toʻxtatildi).
Tilshunoslikda terminlarni tartibga solish masalasi har doim ham dolzarb bo‘lib kelgan va bugun ham bu masala o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. O‘zbek tilshunosligida sohaviy terminologiyalarni tartibga solish masalasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Lekin qilingan ishlarning salmog‘i bilan chegaralanib, ko‘ngilni xotirjam qila olmaymiz. Chunki terminlarni tartibga solish masalasini barcha soha terminologiyalarida ham bir xilda olib borilyapti, deb bo‘lmaydi. Terminologiyaning tartibga solinishi nafaqat ilmiy sohada, balki ijtimoiy hayotda ham ahamiyati katta bo‘lgan masaladir. Terminologiyani tartibga solishning samaradorligi terminlar bevosita qo‘llanadigan quyidagi holatlarda yaqqol ko‘rinadi: kasbiy ta’limni to‘g‘ri tashkil etishda, ishlab chiqarish amaliyotida bo‘ladigan og‘zaki muomalada, ilmiy va ishlab chiqarish jarayonlaridagi o‘zaro yozishmalarda, matbaachilikda (ilmiy, o‘quv, ishlab chiqarish kabilarga oid adabiyotlarni nashr etishda), chet el adabiyotlarini tarjima qilishda va hokazo. O‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy terminologik lug‘ati 1976- yildayoq nashr etilgan edi.
Atamalarni tartibga solish har bir tilda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun atamalarni yaratish tamoyillari va ularni tartibga solish muammolari bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslikning maxsus bo‘limi borki, bunday bo‘lim atamashunoslik (terminologiya) deb yuritiladi.
Atamashunoslikning o‘rganish birligi atamalar (terminlar)dir.
Har bir fan, kasb-hunar tarmog‘i atamalarsiz ish ko‘ra olmaydi. Shuning uchun atamashunoslik muammolari faqat tilshunoslikninggina muammosi bo‘lib qolmay, u barcha fan va kasb-hunarning ham asosiy masalalaridandir. Shuning uchun ham Vazirlar Mahkamasi qoshida barcha fan, kasb-hunar sohalarida atamalarni tartibga solish muammosi bilan shug‘ullanuvchi atamashunoslik qo‘mitasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Atamalarni mumkin qadar milliylashtirish, tilimizning ichki imkoniyatlaridan atamalar yaratishda unumli foydalanish (kichik korxona, jamoa xo‘jaligi, tadbirkor, qo‘shma korxona kabi), shu bilan birga, iqtisodiy-siyosiy, ilmiy-texnik taraqqiyotimizga doir yangi tushunchalarni ifodalovchi chet tilidan kirib kelgan atamalarni ham zarur hollarda qabul qilish (kompyuter, fermer, dizayn) hozirgi atamashunosligimizning bosh tamoyili sanaladi. Shuning uchun ham xalq o‘rtasida keng iste’molda bo‘lgan radio (ovoznigor emas), aeroport (tayyoragoh emas), institut (oliygoh emas), avtobus (ko‘pkursi emas), telefon (durovoz emas), samolyot (uchoq emas) kabi atamalar tilimizda saqlab qolindi.
Shuningdek, iqtisodiy hayotimizda mustaqillik sharoitida buyuk burilishlar bo‘lganligi sababli, ana shu reallikni ifodalovchi qator chet tilidan kirgan atamalar tayyor holda qabul qilindi: birja, diler, aksiya, audit, auditor kabi. Ana shu yo‘llar bilan atamalar izga solinmoqda.
Istagan o‘zbek tilida so‘zlashuvchilardan ildiz nima deb so‘rasangiz, o‘simlikning oziqa bilan ta’minlab turadigan qismi deb javob beradi.
Lekin matematikaga daxldor kishilar bu savolga √ ishorasi, matematik amallardan biri ekanligini aytadi.
Ko‘rinadiki, bir so‘z umumxalq tilida bir ma'noni, ma'lum ixtisoslik sohasida esa boshqa ma’noni ifodalaydi yoki qosh so‘zi umumxalq tilida «odamning yuz qismida ko‘z kosasidan tepada yoysimon shaklda o‘sib chiqqan yung» hamda «yon» (qoshimda o‘tiribdi) ma’nolarini bildirsa, duradgorlikda boshqa ma’noni ifodalaydi.
Muayyan fan tarmoqlari, kasb-hunar sohalarida ma'lum tushunchalarni aniq ifodalash uchun umumxalq tilida ishlatilayotgan so‘zlardan ma'nosini maxsuslashtirish yo‘li bilan foydalaniladi. Masalan, yuqorida keltirilgan misolda matematik tushuncha uchun umumxalq tilidan ildiz so‘zining ma'nosini maxsuslashtirish yo‘li bilan olingan. Agar umumxalq tilida ana shunday so‘zlarni topish imkoniyati bo‘lmasa, u vaqtda boshqa tillardan tayyor holda olinadi. Masalan, fonema, valentlik, element, sinus, kosinus va boshqalar.
Ma’lum fan yoki kasb-hunar sohasidagi muayyan bir tushunchani aniq ifodalash uchun ma'nosi maxsuslashtirilgan so‘z yoki so‘z birikmalariga atama (termin) deyiladi.
Ilmiy adabiyotlarda ta’kidlanishicha, ma’lum fan, ishlab chiqarish sohasidagina qo’llaniladigan va asosan o’sha soha kishilari tushunadigan maxsus so’zlar terminlar – atamalar sifatida qaraladi.
O‘zbek tilshunosligida atamalarni o‘rganishga doir ko’pgina ishlar amalgam oshirilgan. Ko‘plab ilmiy kitoblar, risolalar, lug‘atlar, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar yozilgan, dissertatsiyalar himoya qilingan. Bu borada 200 dan ortiq lug‘atlarning nashr etilishi fanimizning katta yutug‘i hisoblanadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, “Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar qo‘mitasi olib borayotgan yirik hajmdagi ishlar atamashunoslik sohasining yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Atamalarning shakllanishi ham xalqning tarixi qadar qadimiydir. To‘nyuquq, Kultegin, Bilga hoqon singari bitiktoshlarda xalqimiz mashg‘ul bo‘lgan hunarlarga oid atamalarni uchratamiz. Ular xalq tomonidan yaratilgan afsonalarda, qahramonlik qo‘shiqlarida ham mavjud bo‘lgan. Ularni mujassam qilgan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari ularning bizgacha yetib kelishida katta tarixiy vazifani bajargan.
Atamalarning dastlab ikki katta guruhga ajratish to’g’ri bo’ladi:
1.Umumiylik hususiyatiga ega bo’lgan atamalar.
2.Hususiylik hususiyatiga ega bo’lgan atamalar.
Umumiy atamalar sirasiga bir terminologik tizimning barcha yo’nalishlari uchun tushunarli bo’lgan atamalar kiradi. Masalan, sportdagi musobaqa, sovrin, sovrindor, yutuq, g’alaba, birinchilik, chempionat, ko’rik, trener, hakam atamalarini sportning barcha turlarida bemalol qo’llash mumkin. Fizikaga oidissiqlik, temperature, jism, elektr, magnit, gaz, harakat, energiya, maydon singari atamalar haqida ham shu gaplarni aytish mumkin.
Xususiy atamalar esa faqatgina bitta mavzuviy guruh doirasida amal qiladi. Masalan, yuqorida keltirilgan fizikaga oid atamalar uning barcha sohalarida qo’llanilishi mumkin bo’lgani holda, gravitatsiya, diod, termoster, kondensatsiya, kapillyar hodisalar singari atamalar yoki kimyoga oid gidroksid, oksid, sulfat kislotasi, xlorid kislotasi kabi atamalar tor ixtisos doirasida qo’llaniladi. Bunday holatni fanlarning barcha yo’nalishlari va sohalarida kuzatish mumkin.
O‘zbek tilining barcha leksik resurslarida bo‘lgani kabi atamalarning ham o‘z boyish yo‘llari bor va ular tilimiz taraqqiyotidagi umumiy qonuniyatlarga muvofiq keladi.
Dunyoda chetdan so‘z o‘zlashtirmagan birorta ham til yo‘q, degan qarash uning terminologiyasiga ham to‘g‘ri keladi. “Hamma tillarda ham yangi tushunchani ifodalash uchun yo boshqa tildan tayyor termin qabul qilinadi, yo shu tilning o‘zida mavjud bo‘lgan so‘z yoki termindan foydalaniladi, yo bo‘lmasa yangi termin yasaladi” deb yozadi S.Akobirov.
E’tirof etish kerakki, o‘zbek tilida chetdan qabul qilingan ilmiy-texnikaviy atamalarning salmog‘i katta. An’anaga ko‘ra ularni quyidagi yo‘nalishlarda o‘rganamiz:
1.Arabcha: amaliyot, asar, asos, izoh, ilm, in’ikos, ilova, isloh, istiloh, islohot, maqola, misol, masala, maxraj, manfiy, musbat, mavzu, mazmun, mantiq, ma’naviy, ma’rifiy, muqaddima, mushohada, tajriba, taqriz, tahlil, uslub, fan, falsafa va hokazo.
2.Forscha-tojikcha: bastakor, duradgor, zabtkor, navosoz, navoxon, shogird, peshqadam, sovrin, sozanda, ustoz, chavandoz, yakkaxon, havaskor, hamshira kabi.
3.Ruscha-baynalmilal: abzats, agronomiya, agrotexnika, arxeologiya, gazeta, kodeks, lingvistika, matematika, nekrolog, plenum, realism, romantiam, sessiya, syezd, fizika, fonetika, fonologiyava hokazolar. Ularning ma’lum qismlari:
4.Lotincha: abbreviatsiya, abstrakt ot, agglyutinatsiya, adverbializatsiya, adyektivatsiya, aktualizatsiya, aksentologiya, alliteratsiya, areal, artikulyatsiya, assimilyatsiya, affiks, affiksoid, affrikata kabi.
5.Yunoncha: allegoriya, allomorph, allofon, alfavit, amorf tillar, analitik tillar, analogiya, anomaliya, antiteza, antonym, antroponim, apokopa, arxaizm, aforizm singari.
Do'stlaringiz bilan baham: |