Nutqning kommunikativ sifatlari
Nutqning to‘g‘ri bo‘lishi, eng avvalo, uning adabiy til me’yorlariga muvofiq kelishidir.
Grammatik me’yorlarga rivoya qilish deganda, gap tuzish qoidalaridan to‘g‘ri foydalanish, o‘zak va qo‘shimchalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlash, ega kesim mosligiga erishish, ikkinchi darajali bo‘laklarning bosh bo‘laklarga bog‘lanishlarning qonuniyatlariga e’tibor berish ko‘zda tutiladi.
Aniqlik deyilganda, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar bilan ularning atamasi orasidagi mutanosiblik tushuniladi. Agar inson tafakkuri, bilimlari so‘zda aniq ifodalanmagan bo‘lsa, u tinglovchiga tushunarsiz bo‘lib qoleveradi. Maqsad – aytilgan fikrning tinglovchiga tushunarli bo‘lishiga erishishdan iboratdir.
Nutqning mantiqiy bo‘lishi, eng avvalo, so‘zlovchining tafakkur quvvati va qobiliyati bilan bog‘liqdir. Shundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, mantiqiyligi faqatgina lisoniy hodisa sanalmasdan, balki nolisoniy hodisa sifatida ham namoyon bo‘ladi, ya’ni notiqdan faqatgina tilni yaxshi bilish emas, o‘zi mulohaza yuritayotgan mavzu atrofida chuqur bilimga ega bo‘lish va ifoda jarayonida izchillikni ta’minlash taqozo etiladi. Nutq to‘g‘ri tuzilmaganligi, aniq ifodalanmaganligi, izchillik ta’minlanmaganligi oqibatida mantiqsizlik kelib chiqadi, xalq tabiri bilan aytganda “bog‘dan kirib, tog‘dan chiqiladi”.
Chunki, nima noaniq tasavvur etilsa, noaniq ifodalanadi. Noaniq ifoda esa fikr chigalligi, ya’ni mantiqsizlik demakdir.
Nutqning sofligiga putur etkazadigan lisoniy unsurlar, ya’ni noadabiy qatlamlarga dialektizmlar, varvarizmlar (chetdan kirgan so‘zlarni noo‘rin, haddan tashqari ko‘p ishlatish) so’kinish, haqorat, qarg’ish so’zlarini qo’llash kabilar kiradi.
Nutqning sofligini ta’minlash uchun uni keraksiz so‘z va iboralardan holi bo‘lishga erishish lozim. Shuningdek, har bir uslubni o‘z o‘rnida qo‘llash ham nutqning sofligini ta’minaydi.
Nutqning boyligi, rang-barangligini ta’minlovchi lisoniy hodisalar:
- shakl va ma’no munosabatlariga ko‘ra turlaridir, ya’ni sinonim, omonim, antonim, paronim so‘zlar;
-bir ma’noli va ko’p ma’noli so’zlarni qo’llash,
-intonatsiya ( u uzunlik, ton, kuch, tembr, pauza va ularning o‘zaro hamkorligi hamda o‘zaro kompensatsiyasidan tashkil topadi);
-grammatik vositalarni o’z o’rnida qo’llash.
Nutqdagi qisqalik va ixchamlik so‘zlovchining lisoniy bilimi, so‘zni o‘rinli tanlay olishi, gaplarini muxtasar tuza bilish mahorati va maqol, ibratli so’zlardan o’z o’rnida foydalanishiga bog‘liqdir.
Notiqlik san’ati- jamoat oldida nutq soʻzlash, notiqlik san ʼati; ilmiy-siyosiy maʼruza, bahs, munozara, targʻibot va tashviqotning asosiy vositasi sifatida keng ijtimoiy mavqega ega boʻlgan san ʼat.
Qadimgi Gretsiya va Rimda nutq madaniyatining nazariy asoslari yaratildi. Bu davlatlarda Sitseron, Demosfen, Kvintilian, Aristotel kabi nazariyotchilar yetishib chiqdi.
Eramizdan avvalgi 335 yilda Aristotelning “Ritorika”si yaratildi. O‘sha davr
sud notiqligining katta namoyandasi Sitseronning “Notiq haqida”, “Notiq”, “Brut” asarlari hozir ham o‘ziga xos qimmatga ega. Ularning bu nazariyalari, keyinchalik Yevropada nutq madaniyatiga bag‘ishlangan fanning maydonga kelishiga asos bo‘ldi.
Eramizdan avvalgi 384-yilda Afinada dunyoga kelgan buyuk notiq Demosfen o`z umrini Vatanining gullab-yashnashiga bag’ishlagan ulug’ davlat arbobi bo’lgan.
Mark Tuliy Sitseron eramizdan oldingi 103–yilda Rimdan uzoq bo`lmagan Arpina shahrida badavlat oilada dunyoga keladi. Notiqning asosiy maqsadi-tinglovchi zavqini uyg’otib, o`ziga moyil qilishdan iborat.
Sitseron fikricha, notiq quyidagi xislatlarga ega bo`lmog’i lozim:
-notiqlik o`zi juda dadil va aytgan gaplariga amin bo`lishi kerak;
-nutq to`la isbotlanishi lozim;
-nutqdagi hamma narsa muhim hisoblanishi kerak;
-nutq materialini sidqidildan to`plash va idrok etish zarur;
-nutq materialini joylashtira olishi va tushunishga oson bo`lishini ta`minlashi darkor.
Sharqda, jumladan, Movarounnahrda badiiy, ilmiy ijodning taraqqiyoti bilan, shuningdek, va’zxonlik,“Qur’on”ni targ‘ib qilish, Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Mahmud Koshg‘ariy, Abulqosim Zamaxshariy, Abu Ya’qub Sakkokiy, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar tilga, lug‘atga, grammatika va mantiqshunoslikka bag‘ishlangan asarlar yozdilar yoki boshqa sohalarga doir asarlarida bu mavzuga aloqador fikrlar bildirdilar.
Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Geodeziya” asarining kirish qismida fanlarning paydo bo‘lishi va tarmoqlanib ko‘payishi haqida so‘z yuritib, har bir fanning inson hayotidagi zaruriy ehtiyojlar talabi bilan yuzaga kelishini aytadi. Uningcha, grammatika, aruz va mantiq fanlari ham shu ehtiyojlarning hosilasidir. Inson nutqi o‘z tuzilishi, materialiga ko‘ra, rostni ham, yolg‘onni ham ifodalashi mumkin. Bu ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ladi. Inson bu munozaralar jarayonida rostni yolg‘ondan ajratadigan “mezon”ni yaratadi. Bu mantiq fani edi. Mantiqning qiyosi (sillogizmi) rostni yolg‘ondan ajratish vositasi bo‘lib qoldi. Inson nutqida shubhali o‘rinlar sezilsa, ma’lum “mezon” yordamida ular tuzatiladi. Olim mantiqni o‘rganmasdan, uni malomat qilganlarga hayron qoladi va ularga achinib: “Agar u dangasalikni tashlab, oromga berilmasdan, gap bilan bog‘lanib keladigan nahv (grammatika), aruz (she’r o‘lchovi) va mantiq (logika)ni mutolaa qilganda edi, so‘z, zotan, nasr va nazmga ajralishini bilgan bo‘lardi”,- deydi. Ko‘rinadiki, Beruniy inson nutqini bir fan doirasida emas, balkibir necha fan (ya’ni grammatika, aruz va logika)lar qo‘shiluvi nuqtasida tekshirish g‘oyasini ilgari surgan.
Sharqning buyuk mutafakkiri Abu Nasr Forobiyning to‘g‘ri so‘zlash, to‘g‘ri
mantiqiy xulosa chiqarish, mazmundor va go‘zal nutq tuzishda leksikologiya, grammatika va mantiqning naqadar ahamiyati zo‘rligi haqida shunday yozadi: “Qanday qilib ta’lim berish va ta’lim olish, fikrni qanday ifodalash, bayon etish, qanday so‘rash va qanday javob berish masalasiga kelganimizda, bu haqda bilimlarning eng birinchisi jismlarga (substansiya - narsalar) va aksidensiya (hodisalari)ga ism beruvchi til haqidagi ilmlar deb tasdiqlayman. Ikkinchi ilm
grammatikadir. U jismlarga berilgan ism (nom)larni qanday tartibga solishni hamda substansiya va aksidensiyaning joylashishini va bundan chiqadigan natijalarni ifodalovchi hikmatli so‘zlarni va nutqni qanday tuzishni o‘rgatadi. Uchinchi ilm mantiqdir. Ma’lum xulosalar keltirib chiqarish uchun logik figuralarga binoan qanday qilib darak gaplarni joylashtirishni o‘rgatadi. Bu xulosalar yordamida biz bilmagan narsalarni bilib olamiz. Hamda nima to‘g‘ri, nima yolg‘on ekanligi haqida hukm chiqaramiz”.
Beruniy bilan zamondosh bo‘lgan Abu Abdulloh al-Xorazmiy ham o‘zining “Mafotih ul-ulum” (“Ilmlar kalitlari”) asarida o‘sha davr nutq madaniyatining ba’zi bir masalalari, devonxona ish qog‘ozlari, ularning shakllari, ishlatiladigan istiloh (termin)lar haqida ma’lumot beradi. Qadimgi Sharq pedagogikasining durdona asarlaridan biri “Qobusnoma”da ham nutq odobi va madaniyati haqida ibratomuz fikrlar bayon qilingan bo‘lib, ular hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan.
O‘zbek mumtoz adabiy tilining homiysi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy turkiy tilda go‘zal nutq tuzishning bayroqdori sifatida o‘zining butun ijodi bilan o‘zbek tili boyliklarini, uning latif va go‘zal qirralarini kashf etdi.
Keyingi asrlarda ijod qilgan Xorazmiy, Bobur, Munis, Mashrab, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Avaz O‘tar o‘g‘li, Fitrat, Behbudiy, So‘fizoda, Hamza va boshqa buyuk mutafakkirlar ham o‘zbek muloqot xulqi haqida o‘z fikrlarini turli janrlardagi asarlarida bayon etdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |