Yangi bilim beruvchi dars:
1. Darsning boshlanishini tashkil etish (2-5 min.).
2. Darsning maqsad va vazifalarini belgilash va yangi mavzuni tushuntirish (10-15 min.).
3. Yangi mavzuni mustahkamlash (15-20 min.).
4. Darsni yakunlash va uyga vazifa berish (2-5 min.).
Bu dars tipining asosiy vazifasi turli o‘quv fanlariga oid qonuniyatlarni, qoidalarni, g‘oyalarni, faktlarni o‘rgatish va ularni dastlabki mustahkamlashdir.
Bu dars tipida quyidagicha vazifalar hal etiladi: o‘quv materialining asosiy g‘oyasi, maqsadni anglash, shu bilimlarning inson faoliyatidagi ahamiyatini fahmlash, yangi o‘quv materialiga oid bilimlarning umumiy qurilishini idrok etish; ularning asosiy xususiyatlarini tushunish; o‘rganilgan bilimni qayta esga olish yo‘lini, uni amaliyotda qo‘llash yo‘llarini egallash.
Darsning asosiy qismi tushuntirishdan iborat bo‘ladi. Yangi materialni tushuntirish darsida mustahkamlash yordamchi o‘rin egallaydi va asosan aniqlik kiritish maqsadida o‘tkaziladi. O‘qituvchi qator mashqlarni, maxsus savol va topshiriqlarni osonroq mustaqil ishlarni yangi mavzuni mustahkamlash maqsadida kiritadi.
Yangi bilim beruvchi dars tipi, asosan, o‘zbek tili va adabiyot fanlarida o‘quv yilining va choraklarning boshlanishida, yangi bo‘lim va mavzularning boshlanishida qo‘llaniladi.
Bilimlarni umumlashtiruvchi takrorlash darsi:
1. Darsning boshlanishini tashkil etish (2-5 min.).
2. Uy vazifasini tekshirish, so‘rash va baholash (10-15 min.).
3. O‘qitilgan o‘quv materialini takrorlash va umumlashtirish (15-20 min.).
4. Darsga yakun yasash va uyga vazifa berish (2-5 min.).
Bunday tipdagi darsning o‘ziga xos xususiyati va murakkabligi o‘quv materiali chegarasini aniq belgilab olishda asosiy g‘oyalarni, tushunchalarni, qoidalarni, holatlarni ustalik bilan ta’kidlashda shularga tegishli mashqlarni tanlay bilishdir. Takrorlash chog‘ida darsning tarbiyaviy ahamiyatiga ko‘proq e’tibor berish kerak. Bunda o‘quv materialini qiziq-qiziq faktlar, voqealar, taassurotlar bilan bog‘lab to‘ldirishi lozim. Umumlashtirishning xususiyatlaridan biri shuki, o‘qituvchining o‘zi kamroq tushuntiradi, u ko‘proq o‘quvchilarning bilish faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Maktab amaliyotida qo‘llaniladigan takrorlashning 5 xili mavjud:
1. O‘quv yili boshida oldingi o‘quv yilida o‘rgangan bilimlari bo‘yicha takrorlash. Masalan, 5-sinfda olingan bilimlar 6-sinf o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan o‘tkaziladigan dastlabki mashg‘ulotlarda takrorlanadi. Bu xil takrorlash orqali oldingi sinfda o‘rganilgan, hosil qilingan malakalar esga tushiriladi. O‘quv dasturida bunday takrorlash uchun maxsus o‘quv soatlari ajratilgan, darsliklarda esa mashqlar berilgan.
2. O‘quv yili oxirida yakuniy takrorlash. Bu xil takrorlash o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari tizimga solinadi, bilimlardagi nuqsonlar tugatiladi, o‘quv fani bo‘yicha yakuniy xulosalar chiqariladi.
3. Oldingi o‘quv soatlarida o‘rganilgan bilimlarni esga tushirish uchun takrorlash. Bu xil takrorlash yangi mavzuni o‘rganishga tayyorlash bosqichi sifatida o‘tkaziladi. Shu yo‘l bilan o‘rganiladigan bilimlar ustida vorislik, aloqadorlik o‘rnatiladi.
4. O‘quv fanining ma’lum bo‘limi o‘tilgach, tashkil etiladigan takrorlash. Bu xil takrorlash o‘quvchilarning bilim, malakalarini ma’lum tizimga solish maqsadida tashkil etiladi. Bunda asos qilib olingan xususiyat o‘rganilgan hodisalarning bir qanchasi uchun mushtarak hisoblanadi va shu asosda umumlashma tushunchalar hosil qilinadi.
5. Ma’lum o‘quv materiali o‘rganilib, mustahkamlangach, o‘tkaziladigan takrorlash. Bu xil takrorlash o‘quv materialini atroflicha o‘zlashtirish, tushunchalar hosil qilish uchun tashkil etiladi. Unga ma’lum o‘quv soati ajratiladi. O‘zbek tili va adabiyot darslarida o‘quv materialini tartibga solish, odatda, amaliy o‘quv faoliyati chog‘ida yuz beradi. O‘rta va yuqori sinflarda nazariy tahlilga e’tibor beriladi. Bu ish shakli umumlashgan xulosalarga olib keladi va mantiqan to‘g‘ri fikrlashni rivojlantirishga yordam beradi.
Bilimlarni umumlashtiruvchi takrorlash darsi ko‘proq chorak oxiri, katta bo‘lim va mavzularni yakunlash darslarida o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |