Qo‘shimchalarning turlari. Mustaqil holda leksik ma’no anglatmay, o‘zak va negizga qo‘shilib turli xil ma’no jilolarini qo‘shadigan morfologik birliklar qo‘shimchadir. Qo‘shimcha morfemalar uchga bo‘linadi: a)so‘z yasovchi b) shakl yasovchi v) so‘z o‘zgartiruvchi.
So‘z yasovchi qo‘shimcha morfemalar o‘zak yoki negizga qo‘shilib uning ma’nosi bilan bog‘liq bo‘lgan yangi so‘z yasaydi: -chi, -la, -paz, -kor va hakozo.
So‘zning lug‘aviy ma’nosini o‘zgartirmasdan, qo‘shimcha ma’no qo‘shadigan morfemalarga shakl yasov qo‘shimchalar deyiladi: -jon, -xon, -cha, -choq va hakozo.
Bunga otlardagi ko‘plik, erkalash, kichraytirish, fe’llardagi zamon, nisbat, mayl sonlarning ma’no turlarini yasovchi qo‘shimchalar kiradi.
Bir so‘zni boshqa so‘zlarga bog‘laydigan, gapda ma’lum gap bo‘lagi vazifasida kelishini ta’minlaydigan qo‘shimchalar so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchalar deyiladi: ng, -si, -ning,- ni, -ga, -da, -man, -san va hakozo.
Qo‘shimchalar o‘zakka ko‘ra joylashishiga qarab uchga bo‘linadi: prefiksal, infiksal, postfiksal.
Prefiksal morfemalar ko‘proq fors – tojik tillaridan kirib kelgan so‘zning oldiga qo‘shiladigan ba-, ser-, no-, be- kabilardir.
Infiksal morfemalar so‘z o‘zagining ichiga joylashadi: kitob-kutub kabi.
Postfiksal morfemalar so‘z o‘zagidan so‘ng qo‘shiladi: bog‘bon, oshpaz, gulchi kabi.
So‘z yasalishi tizimi. Tillarda yangi ma’noli so‘zni hosil qiluvchi har qanday usul so‘z yasalishi deyiladi. Bugungi zamonaviy tilshunoslikda asosan besh xil usul bilan so‘z yasalishi usuli mavjud.
1.So‘z o‘zagiga so‘z yasovchi qo‘shimchalar qo‘shib yangi so‘z yasash usuli eng keng tarqalgan usullardandir. Bunday so‘z yasash usulini morfologik yoki affiksatsiya usuli ham deyiladi. Masalan: suvchi, gulli, bilimli, aqlli kabi so‘zlarda qo‘shimcha qo‘shilishi orqali mutloq yangi so‘z yasalmoqda.
2.Ikki va undan ortiq so‘zning qo‘shilishidan yangi qo‘shma so‘z yasaladi. Bu usulga sintaktik yoki kompozitsiya usuli ham deyiladi. Masalan: xontaxta, ko‘zoynak, gultojixo‘roz, oybolta kabi so‘zlar. Shuningdek, ikki so‘zni juftlash orqali ham yangi so‘z yasalishi sintaktik usulga misol bo‘ladi: bordi-keldi, omon-eson, qovun-tarvuz kabi.
3.Qisqartirib yangi so‘z yasashga qisqartma so‘zlar yoki abbreviatura ham deyiladi. Bunday so‘z yasash xususiyati faqat ot so‘z turkumiga xos: AQSH- Amerika Qo‘shma Shtatlari, XDP-Xalq demokratik partiyasi, SamDCHTI-
Samarqand davlat chet tillar instituti kabi.
4.Bir so‘z turkumidan boshqa so‘z turkumiga ko‘chirish orqali yangi so‘z yasalishi konversiya yoki semantik usulida so‘z yasalishi deyiladi. Sifat va fe’l ot so‘z turkumiga, son ravish so‘z turkumiga o‘tadi. Boshqa so‘z turkumiga ko‘chgan so‘z yangi ma’no anglatadi va gapdagi vazifasi ham o‘zgaradi.
5.Takrorlash orqali yangi so‘z yasash. Bunday so‘z yasalish usulida so‘zlar takrorlanish orqali yasaladi. Masalan: xola-xola (o‘yin nomi), yo‘l-yo‘l (mato rangi), bip-bip (avtobus) kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |