Tilning leksik tarkibi. Tilning leksik tarkibidagi barcha so‘zlar bir xil tarzda ishlatilavermaydi. Ba’zi so‘zlar juda ko‘p ishlatilsa, ba’zi so‘zlar ahyon-ahyondagina ishlatiladi. Shu sababdan ham so‘zlarni yana ishlatilish tarkibi jihatdan quyidagi turlarga bo‘lib o‘rganamiz:
1. Umumxalq ishlatadigan so‘zlar. Bunday so‘zlarni faol so‘zlar ham deymiz. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar hamma, har kuni ishlatadigan so‘zlar hammaga tushunarli bo‘lgan so‘zlar umumxalq ishlatadigan so‘zlardir. Masalan: ona, ota, bir, suv, havo kabi.
2. Shevalarga oid so‘zlar. Bunday so‘zlar ma’lum hududdagina ishlatilib, asosan shu yerda yashovchi kishilarga tushunarli bo‘ladi. Masalan: adabiy tildagi tuxum so‘zi, shevada mayak. Adabiy tildagi sigir, Xorazmda inak.
Kasb – hunarga oid so‘zlar. Bunday so‘zlar terminlar ham deyiladi. Sinus, minus, tenglama matematikada. Tarse, intoq, talmeh adabiyotshunoslikda va hakozo. Atama va terminlarni ayrim lug‘atlarda bir narsa deb ko‘rsatishadi. Bu noto‘g‘ri, atama keng manoda barcha nomlar bo‘lsa, termin esa har bir sohaga tegishli bo‘lgan lug‘aviy birliklardir. Terminlar xilma-xil bo‘lib, ular mavzu jihatidan ham o‘zaro bir nechta guruhni tashkil qiladi:
Ijtimoiy-siyosiy terminlar;
Fan va texnikaga doir terminlar;
Sanoat sohasiga oid terminlar;
Qishloq xo‘jaligiga doir terminlar;
Madaniy – ma’rifiy, san’atga doir terminlar;
Savdo va moliyaga doir so‘z va terminlar;
Kiyim- kechakka doir terminlar;
Harbiy ish, fizkultura, hamda sportga oid terminlar;
Oziq-ovqatga doir terminlar va hakoza.
Eskirgan so‘zlar. Bunday so‘zlar yana o‘z navbatida ikkiga: tarixiy va arxaizmlarga bo‘linadi. Tarixiy so‘zlarga o‘z nomi bilan so‘zning o‘zi ham nomi ham eskirib tarixda qolgan so‘zlar kiradi. Masalan: paranji, ellikboshi, kanizak va hakozo.
Arxaizmlarda esa so‘zning o‘zi eskirgan bo‘lib, ma’nosi saqlangan bo‘ladi. Ya’ni, bugungi kunda sinonimi ishlatiladigan so‘zlardir. Masalan: yanoq, rayon, podsho va hokazo.
Neologizmlar. Tilimizda yangi paydo bo‘lgan so‘zlar. Til ochiq tizim bo‘lgani sababli, tinimsiz yangi so‘zlar o‘zlashtiriladi. Masalan: layk, (layk qilmoq), parol, login, onlayn, blog, post, selfi, status, mobil versiya, domen, internet-provoyder, operator, moderator, spam, e-meyl, sayt-vebsayt, chat va hokazo.
Bu sanab o‘tilgan shevalarga oid so‘zlar, kasb – hunarga oid so‘zlar, eskirgan so‘zlar, neologizmlar nofaol leksika qatlamiga tegishli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |