14-mavzu. O‘zbekiston Respublikasida hujjatchilikning takomillashuvi. Sharq hujjatchiligi
Tayanch so‘z va iboralar: munshaot, yorliq, patta, munshiy.
SAVOLLAR
1. O‘rta Osiyoda X asr hujjatlari qaysi tilda yozilgan?
2. O‘rxun-Enasoy bitiktoshlaridagi yodnomalar hujjat hisoblanadimi?
3. O‘rta Osiyoda qaysi davrlarda o‘zbek (turkiy) tilda ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan?
4. O‘zbek (turkiy) tildagi hujjat namunalari keltirilgan qan-day tarixiy va badiiy asarlarni bilasiz?
Sharqda X-XIX asrlarda yorliq, farmon, noma, bitimlar, arznoma, qarznomalar, vasiqa, tilxat yoki mazmunan shunga yaqin hujjatlar nisbatan keng tarqalgan. Yorliqlar mazmunan xilma-xil bo‘lgan: xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash va h.k. Bu o‘rinda To‘xtamishxonning 1393-yilda polyak qiroli Yag‘aylaga yo‘llagan yorlig‘i, Temur Qutlug‘ning 1397-yildagi yorlig‘i, Zahiriddin Boburning otasi Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mir Sayid Ahmad ismli shaxsga 1469-yilda bergan yorlig‘i, Toshkent hokimi Yunusxo‘janing 1779-yil 2-iyunda Peterburgga, Rossiya podshosiga o‘z elchilari orqali yuborgan yorlig‘i va boshqalarni eslab o‘tish mumkin.
O‘rta Osiyo hududidan topilgan qadimgi madaniy obidalar, turli moddiy jismlarga bitilgan ma’lumotnomalar ajdodlarimizning qadimdan o‘ziga xos hujjatchilik an’analariga rioya qilganliklaridan dalolat beradi. O‘rta asrlarda ish yuritish huquqiy maqomga ega bo‘ldi, davlat mahkamasida munshaot tizimi shakllandi va qator hujjat turlari paydo bo‘ldi.
“Sug‘d arxivi”dagi sug‘dcha nikoh guvohnomasi 710-yilning 25-martida yozilgan bo‘lib, unda turk zodagoni Uttakinning sug‘d ayoli Dug‘dgunchaga uylanishi rasmiylashtirilgan hamda kelin bilan kuyovning vazifa, burch va majburiyatlari bayon etilgan. Shuningdek, yer xarid qilish, tegirmonni ijaraga olish, xarajatnoma va o‘zaro yozishmalardan iborat bir qator nodir hujjatlar So‘g‘d podsholigi davrida xalq hayotining qanday bo‘lganligini o‘rganish uchun muhim manba bo‘ladi.
“Vasiqalar to‘plami”dagi hujjatlarda esa meros mulkni taqsimlash, bolalarni hunar o‘rganish uchun shogirdlikka berish, korxonalar, savdo do‘konlari, yer-suv hamda uy-joy, mol-mulkni sotish, sotib olish yoki ijaraga berish, qullar mehnatidan foydalanish, qullarni ozod etish, taloq, sulh kabi munosabatlar o‘sha davr huquqni nazorat etuvchi mutasaddilari -qozilar tomonidan tasdiqlangan.
Amir Temur tuzgan qudratli davlat o‘rta asrlar ilm–fani, adabiyoti va san’ati rivojiga katta yo‘l ochgani barchaga ayon. Amir Temur va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan yurtlarda davlat ishlari turkiy (o‘zbek) tilda yuritilgan. Bunga, ayniqsa, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida alohida e’tibor bilan qaralgan. Ularning bu an’analari keyingi asrlarda Buxoro, Qo‘qon, Xiva xonliklari tomonidan takomillashtirilib, rivojlantira borildi. Afsuski, XIX asrning oxiri XX asrning boshlaridan e’tiboran ko‘p asrlar davomida shakllantirilib, rivojlantirilgan bu an’analar davom ettirilmay to‘xtatib qo‘yildi.
XIX asrda Qo’qon xonligida keng tarqalgan xujjatlardan biri “patta ”lardir. Pattada ma’lum kishiga muayyan nuqtadagi pul, mahsulot, urug’ (don) yoki boshqa narsalar berish lozimligi haqidagi ma’lumot aks ettirilgan. Patta matnlarida ham o’ziga xos doimiy tarkib va muayyan nutqiy qolip turg’unlashgan. Umuman, o’tmish hujjatlaridagi muayyan turg’un tarkib va nutqiy qolip o’zbek (turkiy) hujjatchiligi uzoq tarixiy tajriba va tadrijiy takomil mahsuli ekanligining dalilidir .
O‘zbek tilining rasmiy idoraviy til sifatida qo‘llanishi qoraxoniylar hukmronligi davrida boshlandi. XX asrdan so‘ng o‘zbek xonlari va amirlari saroylarida yozilgan turli xil hujjatlar o‘ziga xos mazmuni, muayyan tartibi va nutqiy qolipi bilan ajralib turadi. Sho‘ro hukmronligi davrida o‘zbek va rus tillarida ish yuritish huquqi qonunlashtrilgan bo‘lsa-da, amalda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqei past edi. Ma’lumki, tariximizda saroy va umuman yirik mahkamalarda yozuv ishlarini olib boruvchilar “munshiy” (arabcha) deyilgan.
1989-yili O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili to'g'risida” qonuni qabul qilindi. Qonunga muvofiq 8 yil mobaynida barcha rasmiy hujjatlar o'zbek tilida yozilishi kerak edi. 1995-yil 21-dekabrda qonunning yangi tahrir qilingan variantida o'zgartirish va qo'shimchalar o'z ifodasini topdi. Qonunning 8-19-moddalarida ish yuritish o'zbek tilida, shuningdek, ish qog'ozlari rus hamda boshqa tillarda tuzish va qabul qilish mumkinligi ko'rsatib o‘tilgan. Bu respublikada milliy munosabatlarning barqarorligini ta'minlash bilan bog'liq edi.
1995-yil 24-avgust 339-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasi o'zbek tilining lotin imlosiga asoslangan yangi alifbo qoidalarini tasdiqladi. Ish qog'ozlari yangi alifboda qoidalarga rioya qilingan holda yoziladigan bo'ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |