4 Tasavvuf adabiyotlarida O‘n ikki maqom nomlarining qo‘llanilishi.
Reja:
1. “Maqom” atamasinig musiqadagi va tasavvufdagi ma’nolari haqida.
2. 12 maqom tizimining Shariat, Tariqat va Haqiqat kabi Tasavvuf
g‘oyalariga mos kelishi
3. Maqom kuylarining tuzilishi tasavvufdagi “nokomillikdan – komillikka” kabi g‘oya bilan mushtarakligi.
4. Maqom avj va namudlarining tasavvufdagi Haqiqat vaziyati bilan uyg‘nligi.
5. Xulosalar.
Maqom san’atini tasavvufga qiyosan tadqiq etishda dastavval maqom va tasavvufga taalluqli maxsus atama-tushunchalar diqqatni o‘ziga tortadi. Xususan, “maqom” so‘zi muqaddas kitob - Qur’oni Karim va Hadislarda matnida kelib, “daraja”, “martaba”, “manzilgoh”, “o‘rin”, “joy” , “mavqe’” kabi manolarni anglatadi. Shuningdek, mazkur atama tasavvuf ta’limoti va amaliyotida keng qo‘llanilib, uning vositasida butun bir g‘oyalar tizimi bo‘lgan tariqat pog‘onalari anglashiladi.
Ma’lumki, tasavvuf ta’limotining markazida insonninng ma’naviy kamolot topishi masalasi turadi. Inchunin, insonning komillik darajasiga qadar yuksalishi ayni vaqtda Ollohni bilish mumkinligi, uni yurak ila his etib, ruhiyat zavqu-shavqqa to‘lishi e’tirof qilinadi. Bunday oliy maqomga erishish yo‘llari esa buyuk shayxu-mutasavvuflar, Hasan al-Basriy, Boyazid Bistomiy, Mansur Halloj, Abul Qosim Junayd, Sarroj Tusiy, Abu bakr Muhammad Kalabodiy, Abu Homid G‘azzoliy, Ahmad Yassaviy, Bahoviddin Naqshbandiy va boshqalar tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan edi. Bu yo‘l-yo‘riqlarning eng umumiy tarzdagi qisqacha bayoni quyidagichadir: - So‘fiylikka qadam qo‘ygan har bir murid (yoki solik) Shariat, Tariqat, Haqiqat kabi darajalar silsilasidan o‘tishi lozim bo‘lgan. Bunda Shariat tushunchasi ma’lum diniy qonun-qoidalar majmuasi hamda so‘fiylikka boshlovchi dastlabki ruhiy holatni anglatgan. Keyingi bosqich – Tariqatda esa asosan 7 ta pog‘ona mavjud bo‘lib, ularni murid o‘z piru-murshidining yo‘l-yo‘riqlari asosida o‘tishi lozim bo‘ladi. Xuddi ana shu 7 pog‘onalar esa arab tilida “maqam” (“maqom” ) deb ataladi. “Tariqat maqomlari” iborasi ham shu asosdan kelib chiqqandir. Binobarin, Ilohiy Haqiqatga erishmoq uchun ushbu maqomlarni bosib o‘tish shart bo‘lgan.
Shu nuqtai-nazardan o‘rta asrlar (XIII – XVII) musiqa amaliyotida keng joriy bo‘lgan 12 maqom tizimining yuzaga kelishi XIII asrga to‘g‘ri kelib, (S. Urmaviy, Q. Sheroziy) bu davrda tasavvuf ta’limoti Islom olamida keng yoyilgan va xalq ommasining turli qatlamlariga singib ketgan edi. Tabiiyki, ijtimoiy ong shakllaridan biri bo‘lgan maqomlar musiqasi ham bu jarayondan chetda qolmadi, albatta. Xususan, 12 maqom tizimidan o‘rin olgan mashhur maqomlarning nomlaridiyoq tasavvuf g‘oyalari ramz etilgan edi. Xususan, 12 maqom tizimidagi dastlab uch maqom (Ushshoq-Navo, Busalik) Shariatni, keyingi 7 ta (Rost, Husayniy, Hijoz, Rahoviy, Zangula, Iroq, Isfahon)si esa Tariqat maqomlarini va, nihoyat, so‘nggi 2 ta (Zirafkand va Buzurg) maqomlar esa Haqiqat darajalarini aks ettiradi.
Modomiki, 12 maqom tovushqatorlari mukammal tuzilishga ega ekan, demak ular asosida berilgan nomukammal, nisbatan rivoj topmagan kuy tuzilmalarini taraqqiy ettirish imkoni mavjuddir. Xuddi ana shu va shu kabi ko‘rinishda bo‘lgan kuy tuzilmalari maqomlarning pardalariga birma-bir yondashib, quyidan yuqoriga rivoj topib boradi. Kuy tuzilmasi shu asnoda yuqori pardalarni “zabt” etarkan, u ayni paytda komillik kasb etadi.
Ustoz Is’hoq Rajabov maqom borasida quyidagi ilmiy ta’rifni beradi: - Maqom musiqa istilohida “musiqa asboblarida kuy va ashulalarni tashkil etuvchi tovushlarning joylashgan o‘rni, ya’ni pardalardir”. “Maqom” va “parda” so‘zlarining ma’nodosh ekanligi esa tasavvuf an’anasi orqali yanada muayyan tus oladi: tariqat maqomlarida ma’naviy yuksalib (poklanib) borayotgan Solik, ayni paytda o‘zi bilan Husni mutlaq orasida mavjud bo‘lgan vujud pardalaridan (to‘siqlardan) o‘tib boradi. Bu parda – to‘siqlardan esa bir yo‘la o‘tilmaydi, balki, birin-ketin, navbatma-navbat o‘tiladi. Bu yo‘sindagi harakat esa umuman Islom diniga xos bo‘lib, u keng tushuniladi. Xuddi ana shu zinapoya g‘oyasi va unda pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib borish holati maqom musiqasida o‘ziga xos namoyon bo‘ladi. Zotan, maqom kuy-ohanglari, odatda quyi pardalardan boshlanib, yuqoriga sari pog‘onama-pog‘ona harakat etadi, rivoj topadi. Shu tariqa dastlabki berilgan kichik hajmdagi kuy tuzilmasi rivoj topib, o‘zining avj nuqtalari sari yuksaladi. Bunday usul shakllanishida Qur’oni Karim oyatlarini qiroat qilish, xususan, ularni tartil bilan o‘qish usuli muhim manba bo‘lgan. Zero bu turdagi qiroatda ham pog‘onama-pog‘ona ohang ko‘tarilishi kuzatiladi.
Maqomlarni tasavvuf kesimida tadqiq etish jarayoni ularni tuzilish shaklida markaziy bo‘lgan avjlar mohiyatini ham bir qadar oydinlashtiradi. Chunonchi, tasavvufda tariqat maqomlari bosib o‘tilgach, yangi darajaga erishilishi va bu daraja Haqiqat deb yuritilishi aytilgan edi. Mazmunan esa bu darajaga yetgan sufiyning ruhi vajd holatiga tushib, qalbi zavqu-shavqqa to‘ladi. Buning sababi esa – poklangan va kamolot kasb etgan inson qalbi Ilohiy borliqni kashf etgani, Uning vasliga yetganligadir. Ushbu jarayon vaziyati tasavvufda “hol” (ko‘pchilik shakli “ahvol”) deb ataladi. Maqomlarning avjlarida yuzaga kelayotgan vaziyat ham “hol” kabi kechadi deyish mumkin. Avvalambor avjlar bo‘limi dastlabki kuyning oktava miqyosini zabt etishi bilan amalga oshib borishini aytmoq zarur, chunki bu holat tasvavvufdagi “tariqat maqomlari tugab, so‘ngra vajd holatiga erishiladi” degan mazmunga aynan muvofiqdir.
Shuningdek, maqom ashula yo‘llarida qo‘llanilgan namudlarni tasavvufdagi “hol” vaziyatiga o‘xshatish mumkin. “Namud” so‘zi ko‘rinish, namoyon bo‘lish ma’nosini berarkan, bundan “Ilohiy borliqning namoyon bo‘lishi” kabi mazmunni mantiqan anglash mushkullik tug‘dirmaydi.
Yuqorida aytilgan fikrlarga yakun yasab, xulosa qilar ekanmiz, “maqom” atamasi va san’atiga oid mavjud sharhlarga quyidagilarni qo‘shimcha etishimiz mumkin bo‘ladi:
1. Maqom – eng avvalo diniy-falsafiy tushuncha bo‘lib, uning markazida ma’naviy kamolot topish g‘oyasi yotadi va u tariqat yo‘li orqali ifoda etiladi;
2. Maqom musiqasi sadolarda aks etgan falsafadir. Unda tasavvuf g‘oyalari, Ilohiy Tajalliyot qonuniyatlari maqom kuy-ashula qismi va maqom turkumi bo‘ylab badiiy aks etadi;
3. Maqom – tariqat pog‘onalarining musiqa shaklidagi zuhuri bo‘lib, u dastlabki kuy tuzilmasini muayyan pardalar va usul asosida quyidan yuqoriga qarab rivojlantirish usulidir. Bunda kuy tuzilmasi “oddiydan – murakkablikka, mukammallikka” tamoyili asosida taraqqiy etadi.
Adabiyotlar:
1. Rajabov I. Maqom asoslari. (o‘quv qoTlanma) T., 1992.
2. Rajabov I. Maqomlar. (ilmiy monografiya) T., 2006.
3. Matyoqubov O. Maqomot. (ilmiy-ommabop monografiya) T., 2004
4. Fitrat A. O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. (ilmiy-ommabop risola) T., 1993.
5. Ibrohimov O. Maqom va makon. (ilmiy monografiya) T., 1997.
6. Nazarov A. Tasavvuf va musiqa. “Yoshlik” jurnali, 1989 yil, №6
7. Musiqashunos Oqil Ibrohimovning “Rajabiyxonlik” respublika
ilmiy-amaliy anjuman materiallari to‘plamida bosilib chiqqan “Maqom va tasavvuf xususida” nomli maqolasi. (Toshkent -1994 yil).
5-mavzu: Shashmaqom turkumi
Reja:
1. Shashmaqomning nomlari: Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq.
2. Shashmaqom O‘n ikki maqom tizimining milliy (mahalliy) musiqiy makon shart-sharoitlarida rivojlantirilishi natijasida XVIII – asr o‘rtalarida uzil-kesil shakllanganligi.
3. Shashmaqomda bastakorlik san’ati an’analari ilmiy jihatdan muayyan tizimga solinib, tasnif etilganligi.
4. Shashmaqomning tarkibiy qismlari va uning tuzilishi
5. Shashmaqomning nota nashrlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |