O’zbek filologiyasi kafedrasi jo’raeva gulrux alisherovna ulug’bek hamdam romanlarida ma’naviy-axloqiy muammolarning badiiy talqini


IY b o b “SABO VA SAMANDAR” ROMANIDA MUHABBAT – MUHIM MA’NAVIY-AXLOQIY KATEGORIYA SIFATIDA



Download 490 Kb.
bet10/14
Sana18.02.2022
Hajmi490 Kb.
#453930
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
ULUG’BEK HAMDAM ROMANLARIDA MA’NAVIY-AXLOQIY MUAMMOLARNING BADIIY TALQINI

IY b o b
SABO VA SAMANDAR” ROMANIDA MUHABBAT – MUHIM MA’NAVIY-AXLOQIY KATEGORIYA SIFATIDA


Dunyo mo’jizalarga boy. Borliqdagi har bir mavjudot – o’ziga xos olam. Inson yaralishida jismu joniga pok va muqaddas ruh jo bo’ladi. Yurakni oshiyon aylagan ruh bebaho gavhar, uni musaffo va munavvar holda asrash kishini dunyo va oxirat saodatiga musharraf etadi. Inson fitratida muhabbat, mehr-oqibat, muruvvat kabi oliy tuyg’ular mavjud. Botindagi hissiyotning zohiriy ifodasi ko’p holda betakror san’at durdonalarida tajassum topadi. Iste’dodga ilhom baxsh etadigan muhabbat azaliy va abadiy mavzu bo’lib qolaveradi. Navoiy, Bedil, Fuzuliy yaratgan ishq dostonlari, Shohjahon qurdirgan Tojmahal qasri aslida yurak amri bilan bunyod bo’lgan boqiy mo’’jizalardir.
Adib Ulug’bek Hamdam ma’naviy-axloqiy, falsafiy-estetik qarashlarini asarlariga nozik muhrlab boradi. U xoh nazm, xoh nasrda qalam tebratmasin, ko’ngil mujdalarini turfa rang, betakror ohangda yoritishga muvaffaq bo’ladi. Muallifning “Sabo va Samandar” romanida muhabbat yangicha talqinda namoyon bo’lgan. Asarda ijtimoiy muhit, shaxs va jamiyat munosabati keng ko’lamda tasvirlanadi. Ma’lum soha kishilarining taqdiri, ularning ruhiyatida kechayotgan murakkab jarayon turli rakursda badiiy tadqiq etiladi.
Ulug’bek Hamdamning «Sabo va Samandar” romani o’zbek adabiyotida o’ziga xos yangicha hodisalardan bo’ldi, desak yanglishmaymiz. Adib o’z romanini mumtoz an’analar ruhida, yo’lida yozishni ma’qul ko’rdi. Asar qahramonlaridan tortib, voqealar tizimi, xullas, asarning boshdan-oxir kompozitsiyasida aynan shunday uslub qirralari yuz ko’rsatadi.
Adibning romanni yozishdan maqsadi, nazarimizda, yangi zamonning Layli va Majnunlari obrazini yaratish edi. Samandarning ushbu dostonning ashaddiy muxlisi sifatida uni deyarli yoddan bilishi tasodifiy emas.
«…Majnun qismati tasvirida bo’lgan kabi Shayx taqdiri, xatti-harakatlari talqinida hazrat Navoiy o’z qahramonini aslo tanqid qilish, fosh etish yo’lidan bormaydi. Balki engil, latif bir tabassum bilan uni tushunib, avaylab, ardoqlab qalam tebratadi»12 deb yozadi adabiyotshunos Umarali Normatov. Bizningcha, Ulug’bek hamdam ham xudi Alisher Navoiy singari o’z qahraomnini ardoqlaydi, ularnig hech biri xatti-harakatiga e’tiroz bildirmaydi, lurni borligicha tasvirlashga harakat qiladi. Asar shunisi bilan xarakterlidir.
Adibnnig Samandari ham Navoiy ijodiga, xususan, «Layli va Majnun»ga qayta-qayta murojaat etadi. Bu esa, Samandarnnig ishqini ideallashtiradi.
Darhaqiqat, «Layli va Majnun» dostonida bo’lgani kabi, Sabo va Samandar ham yozuvchining individual uslubi va mahorati orqasida o’quvchiga asar boshidayoq betakror oshiq-ma’shuq siymosini namoyon qiladi.
Samandar «Layli va Majnun» dostonidagi Majnunning eng yoqtirgan so’zlarini shior qilib oladi, go’yo:
…Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin ragimda qon qil…13
Bundan ko’rinib turibdiki, bolaligidan joni-diliga aylangan bu baytda Layli o’rnida to Saboni uchratguniga qadar Samandarning orzusidagi malika siymosi bo’lgan.
Romanda muhabbat qissasining tuguni – Sabo va Samandarning ilk uchrashuvi yozuvchining betakror uslubi bilan yanada hayajonli aks etadi. Hali auditoriyada o’tirgan Saboni ko’rmasdan gapirayotgan gapini yo’qotgan Samandar uni ko’radi-yu taniydi. Xayolidagi go’zal, uni shu kungacha tinch qo’ymagan pariro’y shu.
Hamidulla Boltaboev aytganidek, «…inson doim o’zligini axtarib yashaydi. Mana shu axtarishlar, izlanishlar jarayonida har bir narsaga – gulga, yulduzga, zaminga yuzlanadi. Ko’zlardan, dillardan, ranglardan o’zini izlaydi. Nimanidir, kimnidir topganday bo’ladi. Topganida topinib yashaydi14. Bu e’tirof xudi Samandar uchun aytilganday go’yo. Chunki Samandar ham izladi, xayolidagi, tushidagi malikani. Va topdi. Izladi o’zini ko’zlardan. Va topdi o’zini Saboning ko’zlaridan. Sabo ham ishq gulzorida Samandardan kam kezmasdi. har ikkalasi ham hayot yo’li qayerga boshlasa, nimani ularga ro’baro’ qilsa-da, topganlariga topinib yashashdi.
Romanda Sabo va Samandarning ishqida shunday deydi: «…agar muhabbat baxt bo’lsa, men poyingga tiz cho’kib, ishqdan o’zga baxt so’ramayman!. Menga shuni ber va to tirik ekanman, meni undan mahrum aylama!. Men ishqning uyida so’nggi nafasimgacha qolishni istayman! Ishq bilan ko’z ochib, ishq bilan ko’z yumsam deyman! Meni shu erda to’xtat, meni hayot deb atalmish uzun yo’lnnig ishq bekatida tushirib va unutib qoldir, ey parvardigor!..»15
Oshiq va ma’shuqning ishqdan mastona qiyofasini, ruhiyatini shu uslubda chiza olgna adibning uslubi betakrorligi bu bilan yana bir bor oydinlashadi.
«…Uslub – yozuvchinnig adabiyotdagi betakror qiyofasi, bezagi, o’zligi. Uslub – yozuvchi falsafasi in’ikosi…»16, degan edi adabiyotshunos A.Rasulov. Bizningcha, Ulug’bek hamdam ham obraz yaratishda o’z uslubidan boradi.
Saboni otasi vazirlikka ko’tarilishida moddiy yordam bergan boyning o’g’liga berishga qaror qiladi. O’sha qarzi evaziga tovon Saboning baxti, taqdiri, bevaqt o’limi bilan to’lanadi.
Samandar sevgisi uchun kurashmadi, balki kurashganida Saboning kimga tegayotgani fosh bo’lishi va Sherdil ham haqiqatdan xabardor bo’lishi mumkin edi. Biroq asarning qiymati va qimmati, asar konfliktining keskinligi, obrazlar xarakterining to’la namoyon bo’lishi ana shu sirning asar so’ngiga qadar saqlanishi bilan bog’liq.
Samandar qo’rqoqlik qilmadi. Saboni o’yladi. Samandar vazirning qiziga shohona hayot va’da qilolmas edi. Qolaversa, Sabo ham otasining obro’yini o’yladi. Bir farzand sifatida o’z burchini ado etdi. Samandar alamini ichiga yutdi. Dunyoni ag’dar-to’ntar qilmadi. Ammo ko’ngli vayron bo’ldi. Unga Saboning borliiva borlig’ini his qilish ham baxt edi. Samandar barcha ish, xatti-harakatlariga xolis baho bera oldi, ko’ngil yarasini vaqt davolaydi deb o’yladi, lekin vaqt dardini davolamadi – u Saboni unuta olmadi. Sabo ham Samandardan oilasini va bolalarini ustun qo’ygani bilan undan voz kechishni istamadi. Unnig sevgisi bilan yashayotgan yuragi o’lim sari etaklashini bilsa-da, bu ahdidan qaytmadi. U oilasiga, farzandlariga ko’milib ketolmadi. Sabo bir ayolga xos matonat, nafosatning eng go’zal namunasini o’zida mujassam etdi. Vaholanki, ruhiyatida iztirob mujassam edi.
Asarda pok insoniy muhabbat bilan bir qatorda ilohiy muhabbatning tarannumi o’z aksini topadi va shuning orqali realistik nasrda romantik bo’yoqlarnig sintezlashgan ko’rinishi namoyon bo’ladi. Masalan ijodkor Sabo va Samandarning hayoti, o’limi, tuyg’ulari, kechmishi misolida majoziy ishq bilan bir qatorda ilohiy sevgining o’ziga xos badiiy ifodasiga erishadi.
Asar bosh qahramoni Samandar taqdiriga nigoh tashlab, bolaligi o’tgan Andijonning Mingtepa qishlog’i aholisi turmush tarzi, madaniyati bilan yaxshiroq tanishasiz. Adib asaridagi goh mayin, goh mahzun ohang qahramonlar ruhiyati tasvirida, tabiatning rangin bo’yoqlarda aks etishida, lirik chekinishlarda yaqqol seziladi. Mohiyatni teranroq yoritish maqsadida badiiy matn tarkibiga sevgi qissasi singdirib yuboriladi. Bu qissani Samandar ham tinglagan, ikki yoshga kuyunib achingan edi. Qarangki, Nilufar va Nodirning zavol topgan muhabbati o’zga ko’rinishda Samandar taqdirida ro’y beradi. Syujet chizig’idan bosh qahramonning SHerdil, Hamid, Aziza bilan munosabatlari ham o’rin olganki, bular vositasida jamiyatdagi kishilarning hayot maslagi, o’y-fikrlariga oydinlik kiritilgan. Yosh avlodga adabiyot fanidan ta’lim berayotgan Samandar bahor kunlarining birida Sabo ismli talabani sevib qoladi. Oshiq Samandar bolaligidan ixlos qo’ygan “Layli va Majnun” dostonini qayta-qayta o’qib, uni sirdoshi, darddoshi sanab asrab-avaylaydi. Qiz ham butun vujudi bilan muhabbatdan mast bo’ladi. Biroq ular turli muhit, sharoitda ulg’aygan edilar. Boylik, mansab, shaxs manfaatini ustun qo’ygan qizning ota-onasi bu muhabbatni yoqlamay, o’zlariga munosib xonadonga Saboni uzatadilar. Samandar ham ayriliq azobiga barham berish maqsadida Soliha ismli qizga uylanadi. SHu taxlit ishq savdosi poyoniga etgan, ikkisi ham o’z turmush o’rtog’i bilan baxtiyordek, o’g’il-qizning tarbiyasi bilan mashg’ul, ya’ni kundalik tashvishlar bilan ovoradek tuyuladi. Biroq ular zohiran baxtli, botinan yolg’iz va dardmand edilar. Adib qahramonlar ruhiyatidagi ishq dardi, taftini haqiqatga monand tasvirlash maqsadida ichki monologdan, lirik chekinish, tush holatidan samarali foydalanadi. Samandar bilan Sabo aslida hushida emas, tushida bir-birini suyub alqab, qalbiga orom berib yashaydi. Samandar umrining so’nggi nafasida ham Saboga noma bitib, avtohalokatda vafot etadi. Xo’sh, Sabo-chi? Unga taqdir qanday tuhfalar in’om etdi? Dabdaba-yu as’asada yashagan ayol yuragidagi dardga malham topdimi? Qalbdagi ishq so’nmas, tinim bermas, girdobiga tortib borardi. Ayol kishi oilasi sha’ni, farzandlari kelajagini o’ylab, dardini yakson qilishga intilsa-da, buning uddasidan chiqolmasdi. Uning irodasi ojizlik qilib, ko’p holda to’g’ri yo’lni topa olmaydi. Boy, aqlli, har narsani zumda muhayyo qiladigan umr yo’ldoshi xarxasha-yu erkatoyligini ko’taradi, xatolarini kechirib ko’z yumib ketadi. SHunday bo’lsa-da, Sabo yuragidagi ishq qasri kalitini topa olmas, ilk muhabbat dostoni esa sira tugamasdi. Er-xotin moddiy jihatdan bir-biriga mos bo’lsa-da, ma’naviy jihatdan o’zga olam edi. Sherdil muhabbatga ishonmas, tuyg’ularga erk bermas, faqat aqlni ustun bilardi. Sabo esa aksincha – ishq sururidan mast, yurak asirasi edi. Shu bois Samandarning so’zlari, dil izhori, she’riy bitiklari qalbiga muhrlanib boraverardi. Bularning barchasidan xalos bo’lish uchun o’zga yurtga ko’chib ketsa-da, xotirasi puchmoqlaridagi shirin damlar qayta jonlanardi. Muhabbat hijroniga yurak ham dosh berolmay og’ir xastalanadi. Kasalxonada Saboni davolash maqsadida unga donor topadilar. Biroq u qat’iy qarshilik ko’rsatadi. Aslida u yuragi, Samandarga bo’lgan ishqidan ayrilishdan qo’rqadi, shu bois o’limni muhabbatga sodiq holda kutib olishdan cho’chimaydi. Ikki sevishgan bir kunda, bir vaqtda jon taslim qiladi.
Roman qahramonlariga tanlangan ismlardagi ramziylikka ham ahamiyat beraylik: Sabo – tonggi huzurbaxsh shamol, kayfiyatni ko’tarib, qalbga musaffolik olib kiradi (lekin u o’tkinchi, doim ham uni his qilish qiyin, masalan erta bahorda, yomg’irdan so’ng tafti o’zgacha bo’ladi); Samandar – qush, dardini kuylab, fig’on chekib, o’z kuyi ohangida halok bo’ladi, keyin yana o’z xokidan yaraladi. U erkin, bepoyon osmonda parvoz qiladi. Biroq qalbi kengliklarga sig’maydi. Dardiga darmon topilmaydi. Soliha – pokiza, yumshoq tabiatli, itoatli, sabrli ma’nolarini anglatadi. SHerdil – toshbag’ir, bemehr, sher kabi takabbur, asov. Adib SHerdil obrazi orqali inson tafakkuridagi murakkab jarayonni o’ta nozik tasvirlaydi: sovuqqon, faqat aqlni qadrlab, yurakdagi holatni, hissiyotni anglashdan mosuvo inson. Biroq SHerdil xoh aql, xoh yurakka bo’ysunib hayot kechirsa ham, ota-ona oldidagi burchni unutmasligi darkor. Ota-ona ta’ziyasida qatnashmaslik – bu manqurtga xos holat. E’tiqodsiz, iymonsiz oqpadar o’g’il oilaviy baxtdan mahrum. SHerdil hech kimni sevmadi, mehr bermadi. Oqibatda bir umr yolg’iz qoldi. Aqlli, bilag’on qahramon o’zi ixtiro qilgan robotgagina ixlos qo’yadi, ammo umri so’nggida bir haqiqatni: yasagan robotu gibridlari odam, el bo’lolmasligini anglab, Samandar qabri tepasida nochor ahvolini oshkor etadi. Samandar hissiyotga beriluvchan, yurak amriga bo’ysunuvchan, SHerdil esa aqlu zakovatga tayanib sovuqqonlik bilan hayot kechiruvchi insonlar. Bu shaxslar orasidagi ziddiyat ham ko’pincha mazkur tuyg’ularni anglamaslikdan kelib chiqadi. Aslida, kishi jismidagi aql va yurak muvozanatini asrash muhim ekan, qahramonlar taqdiridan ko’rinadiki, faqat yurak amri bilan yoxud aql yo’rig’i bilan yashash o’ta murakkab. Har narsada me’yor bo’lganidek, rihiy muvozanatga erishgan insongina hayot gashtini tuyib, xotirjam, osuda yashaydi, baxtli umr kechiradi.
Har qanday talqin va tahlil asosida inson taqdiri, uning mohiyati, tiriklik va o’lim falsafasining inson hayotidagi o’rni yotadi.
Ulug’bek Hamdamning “Sabo va Samandar” romanida hayot va mamot oralig’idagi inson qismati tamomila falsafiy tus oladi. Undagi o’lim fojiaviy yakun emas, balki abadiy visolning debochasi o’laroq qabul qilinadi. SHu jihati bilan roman voqealari mumtoz asarlarimizni yodga tushiradi. Asarda insonning muhabbatga munosabati masalasi tanlab olinar ekan, bu muhabbat avval o’tdek yondirib, keyin o’zini ko’nikish, oila, ro’zg’or tashvishi ortiga olgan jismoniy mayllar ila qondiruvchi istak emas, bu muhabbat kun-kundan ziyoda bo’luvchi Navoiy Samandari yanglig’ qayta-qayta ishq olovida yangilanuvchi ilohiy sasdir. Sabo va Samandar qismatida oddiy sevgi emas, ilohiy muhabbatga talpingan ko’ngil rozlari ifodasi ham bo’lgan. SHu bois unda jismoniy mayllar tasviri targ’ib qilinmaydi. Asar bejiz hazrat Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni bilan muqoyasa qilinmaydi. Romanda bugunning hayoti, tashvishi bilan barobar o’z mayllaridan yuqori ko’tarilgan insonlarning muhabbat falsafasi tasvirga tortiladi. Bu falsafa qahramon hayoti, uning a’mollariga singib o’tadi. Roman mashhur afsonaning zamondoshlarimiz hayoti misolidagi takrori emas, balki insonning Ilohni tanish yo’lidagi intilishlaridir. Ilohga muhabbat insonga muhabbatdan boshlanadi. Agar inson jismoniy mayllardan yuqori tura olsagina Allohni taniy oladi. Roman personajlarida ayni shu holat namoyon bo’ladi. Sabo va Samandar sirtdan hamma qatori yashayotganday ko’rinsa-da, aslida bir umr qalblari bilan betinim olishadilar. Asar so’ngida ular bir mahalda, bir xil sabab bilan dunyodan ko’z yumadilar. Ularning umr bo’yi tortgan iztiroblari o’lim bilan yakun topadi. Bu yakunda fojiaviylik yo’q, aksincha, xotirjamlik bor. Bu xotirjamlik ilohiy visolga etishuvdan umiddir. Romanning mohiyati “Layli va Majnun” dostonidagi:
Sen bo’lsangu men jahonda mavjud,
Bo’lsa yana koinot nobud, – misralarida jam bo’lgan.
Darhaqiqat, roman qahramonlari visoliga bu dunyo xalal beradi. Chunki bu muhabbat dunyo tashvishlaridan xoli ikki dil dostonining badiiy talqinidir.
Barcha yo’llar sen tomon boshlar,
Hamda senda topgay nihoya, –
misralarida o’zini topgan, o’zligidan yuqori ko’tarilgan insonning YAratganga tomon talpinishi zuhur qilgan. Yozuvchi o’z qahramoni Samandarning ichki olami, unda kechayotgan po’rtanalarga alohida e’tibor qaratadi, zero, ichki olam tashqi ko’rinish uchun oynadir. Shu ma’noda Samandarning kundaliklariga diqqatimiz jalb etiladi:
“Yo ishq – majnunlik! yo bo’lmasa, dunyo!
Odamlardek yashash orzusi…”.
“Seni deya sensiz yashadim…”
“Dunyo boshqa dunyodir, axir,
Lekin ko’ngil…
Ko’ngil o’shadir
Sevmoq istar dunyodan kechib
Seni deya uyg’onsam har tong
Seni deya yumilsa ko’zim
Ey Tangriga eltuvchi Isyon, -
kabi misralarda qalbi bilan betinim kurashayotgan Insonning murakkab taqdiri, ishqdan qochib, ishqdan najot kutayotgan inson qismati yashiringan. Asarni yakunlar ekanmiz, roman epigrafi etib tanlangan SHavkat Rahmonning “Faqat ishq… Faqat ishq… Boshqasi sarob, Boshqasi shamolning oniy suroni” misralari qayta kashf qilinadi.
Ulug’bek Hamdam ijodini kuzatar ekanmiz, unda bosh qahramon hayotida kechayotgan ruhiy evrilishlarga duch kelamiz. Bu holat “Yolg’izlik” qissasidan boshlanib, “Muvozanat”da Yusuf misolida davom ettiriladi va “Sabo va Samandar”da esa Samandar obrazida yana ham mukammalashadi. Ulug’bek Hamdamning deyarli barcha qahramonlari o’zlikni anglash, Yaratganni tanish yo’lida mashaqqat chekayotgan insonlar. Zero, qahramon umrining qay bir lahzalarida yozuvchi umri yashiringan:
Men olim edim-ku?!
Tub fitratimda,
Tangrimning Zotini bilay, deb eldim.
Suratni kechdimu
Zot siyratida
Men o’zim o’zimga yuzma-yuz keldim.
Ulug’bek Hamdamning “Tarjimai hol”idan olingan satrlar ham ruhiyatdagi evrilish, avvalo, adib umrida kechayotganini bildiradi. “Tarjimai hol”ning deyarli har bandida Ulug’bek Hamdamning qahramonlari taqdiri jam bo’lgan:
Oshiq ham bor edi –
Majnuni davron,
Labida she’r edi, bag’rida otash.
U hanuz dilimni
Qiladi vayron,
U hanuz yoriga sig’ingay yakkash, –
misralarida Samandarning qismati yashiringan bo’lsa,
Yuragimda yashar tag’in bir kishi,
Yangi bir dunyoni etay, der bunyod.
Qo’shnisi Majnunga
Yo’q uning hushi,
Dilkash quruvchining ismidir Farhod, –
misralarida Yusuf timsoli namoyon bo’ladi. SHu tufayli adib bir o’rinda “Ular taqdirida men edim-da jam, surib qo’yolmadim birin nariga” deya xitob qiladi. Ulug’bek Hamdam asarlari janr jihatidan xilma-xil, ammo mana shu turfalikda yakranglik mavjud. Bu o’zligini topishga intilish. Bu yo’llar hayot va mamot oralig’ida sarhisob qilinadi. SHu bois uning qahramonlari o’lim yuziga tik boqadi va undan murod izlaydi.
Mustaqillik nasrida Allohni tanish, o’z ru¬hiyatini tahlil qilish, bir so’z bilan aytganda, analitik qahramon qiyofasiga ega bo’lish Ulug’bek Hamdam ijodida bo’rtib ko’rinadi. Bu holat XX asr boshlarida “Kecha va Kunduz” romanida Miryoqub misolida uch bergan edi. Keyinroq “Ulug’bek xazinasi” va “Ko’hna dunyo” romanlarida davom ettirildi hamda Ulug’bek Hamdam ijodida yorqin ifodalandi. Badiiy qahramonning nafaqat ijtimoiy hayotini, balki ruhiyatida kechayotgan talotumlarni ham bot-bot taftish qilishga urinishi, o’zini va o’zgani tushunib borishi o’zlikni anglash yo’lidagi sodiqligini bildiradi. Sodiqning yo’li ruhiyat iqlimidagi ma’naviyat va ma’rifat yo’lidir. U.Hamdam yaratgan Samandar obrazi shu jihatdan ilohiy ma’rifat sirlariga oshufta bo’lgan, majoziy muhabbatini ilohiy muhabbatga vosita qilgan qahramon qiyofasida gavdalanadi. SHuning uchun Samandar va Sabo o’limining bir vaqtda ro’y berishi tasodif tuyulmaydi. SHuning uchun ularning o’limi fojiaviylikdan yiroq. Bu o’lim ularni maqsad sari tutashtiradi. Adibning “Uzoqdagi Dilnura” hikoyasida o’lim personajlar qiyofasida o’zgarish yasaydi.
Kutilmaganda yaqin insonidan judo bo’lish kishini dovdiratib tashlaydi. Bunda inson “Endi nima qilaman?”, “Qanday yashayman?” – degan savollar iskanjasida qoladi. Shunday bo’lishi tabiiy, chunki o’lim inson tabiatidagi chuqur iztiroblar ko’lamini belgilab beradi. Iztirobga tushgan inson fikrlashdan bir muddat to’xtab qoladi va Yaratgan qarshisida o’z nochorligini tan ola boshlaydi. Ko’rinadiki, asrlar shiddati insoniyat tabiatini o’zichalik o’zgartirishga qodir emas. Hayot va o’limni tutashtiruvchi manzil muhabbat yo’li ekanligining badiiy mushohadasi U.Hamdam ijodida yangi pog’onaga ko’tarildi. Muhabbatga to’liq ko’ngil egasi jismoniy mayllardan yuqori, o’zini ang-lagan, fitratidagi ziddiyatni engish maydoniga kirgan shaxsdir. Bunday shaxs uchun muhabbat umr mazmuni, o’lim – alohida manzilda murodga etishtiruvchi ilohiy tuyg’u. Mumtoz adabiyotimizga xos an’analarning mustaqillik nasrida davom ettirilishi ko’hna motivlardan nusxa ko’chirish bo’lmay, balki insonni o’zini anglashga tomon intilishining zamonaviy badiiy talqinidir.
XULOSA
Kitobxonlarga ham, adabiyotshunoslarga ham yaxshi ma’lum: Ulug’bek Hamdam Istiqlol davrining eng sermahsul va serqirra ijodkorlaridan. U ham nasr, ham nazm, ham adabiyotshunoslik va adabiy-tanqid sohasida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Ammo gap faqat sonda emas. Adib va adabiyotshunos Ulug’bek Hamdam she’riyat sohasida modernistik izlanishlari bilan tanilgan bo’lsa, adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlariga germenevtik, psixoanalitik usullarni dadillik bilan olib kirmoqda. Masalan, u “Tadrij” deb nomlangan maqolasida yillar o’tishi, tafakkurning o’sa borishi bilan kitobxon-o’quvchining sevib o’qiydigan mualliflari, asarlari ham o’zgara borishi xususidagi kutilmagan bir fikrni bayon qiladi. Deylik, uning o’zi dastlab Hamid Olimjon she’riyatiga maftun bo’lgan bo’lsa, keyinchalik Abdulla Oripov ijod olami bilan tanishgach, ilk o’qigan she’rlari judayam sodda-jo’n bo’lib ko’ringanini; o’qib-ulg’aya borgan sari bu shoirning yozganlari ham tafakkurini qoniqtirmay, izlagan-istaganini Rauf Parfining serqatlam-ramziy she’riyatidan topganligini yozadi. Yana bir maqolasida esa Rauf Parfining birgina “Seni ko’zlarimga mil kabi tortarman, Vatan” she’rini tahlil qiladi. Shubhasiz, bunday tadqiqotlar o’zbek adabiyotshunosligiga yangi nafas olib kirdi.
Ulug’bek Hamdamning nasriy asarlari – hikoya, qissa va romanlari ham dastlabki qarashda an’anaviy usulda yozilgan kabi ko’rinsa ham, unda mazmuniy jihatdan yangilanish, ta’bir joiz bo’lsa, “to’ntarish” ko’zga tashlanadi. Ulug’bek Hamdam nasriy asarlarida ko’proq insonning ichki-ruhiy dunyosini taftish qiladi. Uning qahramonlari tashqi olamdan ko’ra ko’proq o’z ichki dunyosi bilan to’qnash keladi. O’z-o’zini shafqatsiz so’roq qiladi, o’z gunohlarini tan oladi, o’zini ayblaydi – shu jarayonlarning natijasi o’laroq tozalanish sari boradi, hidoyatga yo’l axtaradi.
Mazkur malakaviy bitiruv ishi uchun ob’ekt bo’lib xizmat qilgan uch roman ham zamonaviy o’zbek adabiyotining eng yaxshi namunalaridan. Bu asarlarni bir-ikki tadqiqot bilan to’la tahlil qilib chiqish qiyin. Chunki bu asarlar haqiqiy romanik tafakkur mahsuli bo’lib, juda serqirra, ko’pplanli va serqatlamdir. Ularni faqatgina ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, shaxsning ma’naviy qiyofasi jihatdan tadqiq qilish shuni ko’rsatadiki, bu muammoga oid izlanishlar hali bir bitiruv malakaviy ish doirasidagi tahlillar bilan tugamaydi. Hali bu izlanishlarni davom ettirishi, aynan mana shu mavzuda ham yangi-yangi tahlillar qilish mumkin. Bizning esa xulosalarimiz quyidagilardan iborat:

  1. Istiqlol davrida o’zbek romanchiligi o’zining yangi bosqichiga ko’tarildi. Bu yangi bosqichning asosiy xususiyati – erkin fikrlash imkonining paydo bo’lganligidir. Bu davrda turli mavzu va uslublarda romanlar yaratildi. Tarixiy mavzudagi romanlarda o’tmish haqiqati tiklandi, sho’ro davridagi xatolar tuzatildi. Masalan, birgina Temur va temuriylar hayoti, faoliyatiga bag’ishlangan romanlarda ularning bunyodkorlik faoliyati, markazlashgan davlat qurish borasidagi beqiyos xizmatlari badiiy talqin qilindi. Zamonaviy mavzudagi romanlarda esa romannavislarni ko’proq insonning ichki-ruhiy olami, bundan tashqari ijtimoiy muammolar qiziqtirdi. Bundan tashqari, Omon Muxtor, Xurshid Do’stmuhammad, To’xtamurod Rustamovlarning modernistik romanlari; Tog’ay Murodning xalq dostonlari ruhidagi romanlari; Ulug’bek Hamdamning “Na’matak” nomli mini-romani milliy nasrimizdagi yangiliklardan bo’ldi.

  2. Istiqlol davri o’zbek romannavisligida Ulug’bek Hamdamning alohida o’rni bor.U 1997 yilda yozib tugatilgan “Muvozanat” romanida birinchi bo’lib yangi tarixiy sharoitda shakllanayotgan, yashayotgan shaxsning moddiy va ma’naviy dunyosi muvozanati masalasini ko’tarib chiqdi. “Isyon va iqror” romani esa mif va real hayot parallelizmi asosiga qurilganligi, unda inson ilohiy yaratilmish sifatida talqin qilinganligi bilan o’zek adabiyotida yangilikdir. Bu asar mifologik syujet yo’nalishi bilan jahon nasrining Gabriel Garsia Markes, Chingiz Aytmatov, Paulo Koelyo kabi mahoratli adiblari asarlarini esga soladi. Romanda insonning ilohiy yaratilishi va zaminiy hayoti o’rtasidagi ziddiyatlar, ularni uyg’unlashtirish yo’lidagi topish-yo’qotishlar, insonning isyon va itoati mohiyati juda qiziqarli syujet orqali, milliy ruhda badiiy talqin qilingan. “Sabo va Samandar” romani esa to’la muhabbat mavzuiga bag’ishlangan. Bir paytlar Abdulla Qodiriy “O’tkan kunlar” orqali kitobxonlarni zamonasining Layli-Majnunlari, Tohir-Zuhralari bilan tanishtirishga niyatlangan bo’lsa, XXI asrga kelib xuddi shunday harakat Ulug’bek Hamdam tomonidan amalga oshirildi..

  3. BMIning 1-bobida “Muvozanat” romani tahlil qilindi. Bu romanda muallif yangi tarixiy sharoitda o’z yo’lini axtarayotgan, shu fonda ma’naviy-axloqiy qiyofasi shakllanayotgan shaxs masalasini qo’yadi. Romanning bosh qahramoni garchand Yusuf bo’lsa-da, adib birvarakay to’rtta kishini asar markaziga qo’yadi. Mana shu to’rtta qahramon orqali inson moddiy va ma’naviy hayotining to’rt jihatiga ishora qiladi. Yusuf – olim, Said – mansabdor, Mirazim – tadbirkor-mulkdor, Amir – dindor. Bu qahramonlarning barchasi qaysidir ma’noda o’zlari tanlagan yo’lni yashashning asosiy yo’li deb biladilar. Boshqacha aytganda, bir tarafga qarab og’adilar. Yozuvchi o’z asarida juda katta dadillik bilan “Ma’naviyatmi, moddiyat?”, “Mansab va boylikmi, ilmmi?”, “Ilohiy hayotmi, zaminiy hayotmi?” kabi savollarni qo’yadi. E’tiborga olish kerakki, bu savollar kechagina sho’ro hayotini yashab kelgan odamlar hukmiga havola qilinmoqda. Materialistik dunyoqarash birinchi o’rinda turgan – ya’ni moddiyunchilik davri tugashi bilan kun tartibiga chiqmoqda. Roman voqealaridan ma’lum bo’ladiki, ilmga ham, mansabga ham, boylikka ham, toat-ibodatga ham mukkasidan ketish, faqat ularning bittasini yo’lchi yulduz qilish mumkin emas. Har qanday og’ish – halokatga teng: faqat ilohiy dunyo uchun yashayotgan Amir to’g’ridan-to’g’ri halokatga uchraydi; moddiyatni bayroq qilgan Said va Mirazim ham ko’nglining tub-tablarida baxtli emas. Faqat ilm yo’lini tanlagan Yusuf ham ancha-muncha musibatlarni boshdan kechiradi. U faqat asar oxiriga kelib inson moddiy va ma’naviy jihatlarini muvozanatga keltirsa, baxtga, hech bo’lmasa, moddiy va ma’naviy jihatdan xotirjamlikka erishishi mumkinligini anglab etadi. Yozuvchi to’rt qahramon taqdiri va Yusufning oxirgi xulosasi misolida yangi davr kishisi ma’naviy-axloqiy qiyofasining parametrlarini belgilab beradi.

  4. “Isyon va itoat” – Ulug’bek Hamdamning ikkinchi romani – ilohiy va zaminiy hayot muvozanati, mutanosibligi masalasiga bag’ishlangan. Bu romanda ham to’rtta obraz muammo markazida turadi: Larisa xola – YAratganga qarshi isyonkor, Tursunboy jontalash – itoatning yorqin timsoli, Ustoz va Akbar – isyon orqali itoatga kelganlar, Odam Atoning musibatlarga to’la yo’lini bosib o’tganlar. Yozuvchi shunday savol qo’yadi: ilohiy va zaminiy hayot uyg’unligiga erishish mumkinmi? Asarni o’qir ekanmiz, bu uyg’unlikka kim erishdi? – deya o’ylab qolamiz. Larisa xolami – bir umr Allohni tanimagan, butun hayoti ilohiy haqiqatlarga isyondan iborat bo’lgan ayolmi? Yo’q! Tursunboy jontalashmi – butun umrini itoat bilan o’tkazgan, zaminiy hayotdagi talablari g’oyat kamtarin, hatto nolga teng bo’lgan bechora-g’aribmi? Yo’q! Ustoz Tabibmi – isyondan itoatga kelgan va bu uyg’unlikni odamlarni kasallikdan qutqarib, o’limdan uzoqlashtirib – insoniyatga beminnat xizmat qilish orqali topmoqchi bo’lgan allomami? Yo’q, chunki u pirovardida bu uyg’unlikka erishish yo’lini shogirdi Akbarga ko’rsata olmaydi. Akbarmi – itoatga iztirob, yo’qotish, musibat yo’llaridan yurib kelgan va hayot mazmunin Ayolga muhabbatda deb anglagan bosh qahramonmi? Yo’q, chunki u ham o’z shogirdi Iskandarni Odam Ato bosib o’tgan musibat yo’liga yo’llaydi. Demak, asarda bu savol ochiq qoladi. Ammo tashqaridan qaraganda shunday. Aslida asarning asl mohiyati shunday: inson hayoti izlanishlardangina iborat, inson uchun topish emas, bosib o’tilajak yo’l ahamiyatli. Har birimiz – kim bo’lishimizdan qat’i nazar – gunohga qo’l urib, Erdagi musibatlarga giriftor etilgan, shu musibatlar orqali hidoyatni topganidan keyingina jannatga noil etiladigan Odam Atoning yo’lini bosib o’tishga mahkummiz. Asosiysi – o’sha hidoyatni topa olishda. Inson isyondan boshlagan yo’lini itoat bilan tugatadi – ilohiy haqiqat ana shundan iborat. Bu itoat – zaminiy hayotning adolatsizliklariga, bir to’da munofiqu zolim-zo’ravonlarga itoat, taqdir oldidagi faoliyatsizlik emas, balki buyuk itoat – yaratgan Alloh oldidagi, uning qudrati, ilohiy haqiqatlari oldidagi itoatdir. Insonning halovati, baxti – ana shu itoatda. Shu tariqa yozuvchi o’z kitobxonini tushkunlikka, faoliyatsizlikka undamaydi, aksincha, zaminiy hayotdagi adolatsizliklarga qarshi kurashga, Erdagi hayotni yaxshilashga, qiyomatni uzoqlashtirishga, shu orqali ilohiy dunyodagi halovatni topishga chorlaydi. Uningcha, yangi davr kishisining ma’naviy-axloqiy qiyofasida ana shunday muvozanat – zaminiy zulm-zo’ravonlik, inson fe’lidagi noqisliklarga qarshi isyon va ilohiy haqiqatlar oldidagi itoat muvozanati barqaror bo’lmog’i lozim.

  5. “Sabo va Samandar” – yozuvchining uchinchi romani. Bu romanda u muhabbat mavzusini asar markaziga olib chiqadi. Asar lirik yo’nalishda yozilgan, xuddi she’rday ravon va katta hayajon bilan o’qiladi. “Sabo va Samandar”da qalamga olingan muhabbat – jismoniy shavqu intilishdan xoli sof ruhiy-ichkin tuyg’u. Sabo va Samandarni larzaga solgan holat – ulardagi ruhiy-qalbiy uyg’unlik va shu qalb egalarining jismonan bir-biridan ayrilgani. Ular jismonan bir-birlaridan ayriliqda yashasalar ham, xayollari, o’ylari, intilishlari hamisha uyg’un. Roman mana shu jihatlari bilan “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Tohir va Zuhra”, “O’tkan kunlar” dagi muhabbat tuyg’usini esga soladi. Sabo va Samandar bugungi kitobxonga biroz romantik, hayotdan uzoq bo’lib ham tuyulishi mumkin. Ulug’bek Hamdam o’z qahramonlarini ataylab ana shunday qiyofada tasvirlaydi. Chunki yozuvchining maqsadi muhabbatning ruhiy hodisa ekanligiga, uning har qanday jismoniy intilishlardan kuchli qudrat ekanligiga urg’u berishdir. Internet sevgisi, shahvoniy intilishlar, oilaviy buzilishlar, mol-mulkka qarab oila qurishlar avj olgan bugungi kunda Ulug’bek Hamdam zamondoshlar e’tiborini ishq-muhabbatning aynan oilalarning, insonlararo munosabatlarning barbod bo’lishiga sabab bo’layotgan unutilgan jihatiga, aynan eng muhim tarafiga qaratadi. Uningcha, inson ma’naviy-axloqiy shaxsini muhabbatni ruhiy-ilohiy hodisa deb anglash tuyg’usi bezab turadi. Aynan ana shunday qarash insonga kuch beradi, uni muvozanatga keltiradi.

Umuman olganda, Ulug’bek Hamdam o’z romanlarida nafaqat istiqlol davridagi O’zbekistonning, balki umuman inson hayotining o’ta muhim, hamma davrlar uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan masalalarini ko’tarib chiqdi. Bu uch romanda insonning ilohiy xilqat va Erning fuqarosi ekanligi, u o’z hayotini mana shu ikki hodisa uyg’unligida, muvozanatda tashkil qilishi lozimligi haqidagi haqiqat o’z ifodasini topgan.


Download 490 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish