Oʻzbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriy ijodi bilan bogʻliq juda koʻp ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Yozuvchi romanlarining oʻziga xos ichki qurilishi, murakkab tizimga asoslangan yaxlitligi tuganmas xazina singari tadqiqotchilar eʼtiborini oʻziga jalb qilib kelmoqda. Adib ijodiga bagʻishlangan bu tadqiqotlar, mulohazaga chorlovchi fikrlar, tahlilda yangicha yondoshuvlar oʻzbek adabiyotshunosligini ilmiy-nazariy jihatdan boyishiga xizmat qiladi. Mazkur maqolada adib romanlari shakliy qurilmasidagi baʼzi oʻziga xos jihatlarga eʼtibor qaratmoqchimiz.
“Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlaridagi muqaddima va xotimalar, yaʼni muallif tomonidan berilgan izohlar oʻzining mazmun-mundarijasi bilan diqqatimizni tortdi. Mana shu kichik izohda muallif yirik romani vositasida koʻzlagan niyatini umumlashtirib berishga harakat qilgan. Bu ham yozuvchi uslubining oʻziga xosligi. Eʼtiborli jihati, adibning mana shu izohlari hali adabiyotshunoslar tomonidan maxsus oʻrganilmagan. Roman yozilgan yillarda milliy adabiyot uchun begona sanalgan roman janrning oʻzi izoh talab etardi. Zaruriyat majburiyatning yuzaga kelishiga zamin boʻldi. Majburiyatning esa oʻz sabablari bor edi, albatta. Shuning uchun adib oʻzi maxsus izoh berib oʻtishni maʼqul koʻrdi.
Abdulla Qodiriy roman yozish uchun ruhiy jihatdan jiddiy tayyorgarlik koʻrgan. Avvalambor, imon taqozosi bilan diniy savodini mustahkamlash niyatida madrasada oʻqidi. Ruhiy xotirjamlik va ilohiy quvvat ijodkor uchun eng muhim jarayon. Xalq ogʻzaki ijodini va dunyo adabiyoti anʼanalarini oʻrgandi. Mana shu bosqichlardan oʻtib, nihoyat, katta ishga qoʻl urdi. Xalq saviyasi va didini eʼtiborda tutib, voqelikni bir tizimga solib, maqsadni yagona nuqtaga uyushtirib, yozuvchi gʻoyasining modeli boʻlmish romanni yozdi.
Qodiriyshunoslikda badiiy asarlardagi tarixiy voqelik va badiiy toʻqima, yozuvchining roman yozish laboratoriyasi hali toʻliq oʻrganilmagan. Buning bosh sababi sifatida, yozuvchining shaxsiy arxivida roman ustida olib borilgan ish jarayonini kuzatishga imkon beruvchi manbalarning yoʻqligi hamda asar qoʻlyozma variantlarining saqlanib qolmaganligini koʻrsatish mumkin.
Aslida, ijodkor oʻzigacha boʻlgan adabiy anʼanalar zaminida ijod qilishi tabiiy. “Pushkin oʻz poemalarini hech narsa yoʻq joyda yozgan emas. Hech bir shoir sheʼr yozish texnikasini, qofiya va ritmni, syujetning oʻziga xos tarzda qurilishini yolgʻiz oʻzi oʻylab topgan emas. Shoirlar aslida xalqona syujet va kompozitsiya, sheʼr texnikasi, undagi obrazlar, usullarni ulkan adabiy anʼanalar tizimiga va tartibiga solib, ertak shaklida hikoya qiluvchi roviylardir”[1]. Shunday ekan, Qodiriy ham oʻz romanini yaratishda xalqning ulkan anʼanalariga asoslandi, milliy eposga tayandi. Muallif xalqning yangi shakldagi badiiy soʻzga ehtiyoj sezayotganini qalban angladi, oʻzida majburiyat his etdi, unga Yaratgan kuch-quvvat, bilim va isteʼdod ato etdi. Ehtiyoj va istak hosilasi oʻlaroq, yangi oʻzbek romani dunyo yuzini koʻrdi.
Tarixiy voqelikka baho berayotganda davr va vaziyatni hisobga olish lozim. Hali zamonaviy oʻzbek nasri shakllanmagan va roman degan janr begona sanalgan bir paytda “Oʻtkan kunlar” dunyo yuzini koʻrdi. U “Yozgʻuchidan” deb nomlangan soʻzboshi bilan boshlandi. Adib tomonidan berilgan kichik izohda juda koʻp masalaga oydinlik kiritish mumkin boʻlgan nuqtalar mavjud: “Yozmoqqa niyatlanganim ushbu – “Oʻtkan kunlar”, yangi zamon roʻmonchiligʻi bilan tanishish yoʻlida kichkina tajriba, yana toʻgʻrisi bir havasdir. Maʼlumki, har bir ishning ham yangi – ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydongʻa chiqishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takammulga yuz tutishi tabiiy bir holdir”.[2] Izohning bu qismida yozuvchidagi ikkilanish va andishani tabiiy qabul qilish mumkin:
“Dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishgʻa, 1 xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin” va “Bahromgoʻr”lari bilan tanishtirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasidan kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim”.[3] Xalqini ogʻzaki dostonlardan “qutultirish”ni orzulagan yozuvchi oʻzbek oʻquvchisini gʻarb romanchiligi maydoniga olib oʻtishda va millat dardini oʻziga xos yoʻsinda aytishga chora qidirdi va xalq didi, saviyasiga munosib yoʻsinda “priyom” topa oldi. Mana shu kichik izohdagi “havasimda jasorat” soʻzlari bizni sergaklantiradi. Sababi – jasoratda insonning oʻziga ishonchi, qatʼiyati, qarashlarida sobit tura olishi jam boʻlishi tushuniladi. Bu ijodkor tafakkurida asar modelining mukammal qurilmasining loyihasi pishib yetilganligini bildiradi. Bu jasoratning sababi va ildizi, yozuvchiga dalda beruvchi va madad boʻluvchi hayotiy omillar juda koʻp boʻlgan.
Qodiriy “Oʻtkan kunlar” asarini qancha hadik va ikkilanish, xavotir va jasorat, xalq oldidagi hurmat va andisha bilan kitobxon hukmiga havola qildi. Mana shu ikkilanishlarning hosilasi sifatida muqaddima yozildi. Demak, “Oʻtkan kunlar” asariga soʻzboshining yozilish sababi adibning xalqi va millati oldidagi hadik va andishadir, deb mulohaza qilish mumkin.
Asar soʻngida Otabekning shahid ketganligi haqidagi xabar shaklidagi izohga muallif oʻziga xos maʼno yuklagan. Yozuvchi hayot vaqtida nashrda: “1277 nchi yilning kuz kezlarida boʻlsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyootadan yozar edi: “Oʻgʻlingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qoʻshunda edi. Olmoto ustidagi oʻrus bilan toʻqunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid boʻldi. Men oʻz qoʻlim bilan ikkisini dafn etdim…”.[4]
Qanotsho hozirgi Tojikistonning Qorateginidan, Qoʻqon xonlaridan bir nechasi davrida amirlashkar lavozimida boʻlib, ruslarga qarshi kurashganlardan. Buxoroga elchilikka borganda amir Muzaffar tomonidan 1862 yilda qatl qilingan. Demak, Otabek ruslarga qarshi jangda halok boʻlib, shahidlik maqomini oladi. Izohda millat farzandlarining (Otabek misolida – T. S.) Turkistonni ruslardan himoya qilish yoʻlida jon berganligiga ishora qilingan. Izoh siyosiy mazmundagi kuchga ega boʻlganligi bois ham necha martalab nashrdan tushirib qoldirilganligi tasodif emas.Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanidan soʻng yangi mavzuga qoʻl urib, 1926 yilda “Mehrobdan chayon” romanini yozib tugatadi. Yozuvchi keyingi romanida mavzu bilan birgalikda uslubiy vositalarni ham maʼlum maʼnoda yangilab, koʻlamni kengaytirishga erishdi. Bu muallifning obraz tanlashi va tasvirlashi, voqelikni ifoda qilish hamda obraz yaratish borasidagi anʼanaviy qoliplarni yangiladi. Aynan shu yilda Qodiriyga millatchi, siyosiy jihatdan “savodsiz”, hech qanday “shoʻroviy firqalarga aʼzo emas”, degan taʼna-malomat yopishtiriladi. Yozuvchi “Yigʻindi gaplar” maqolasida hukumat rahbarlaridan sanalmish Yoʻldosh Oxunboboyev va Akmal Ikromovni keskin tanqid qilganligi uchun qisqa muddat qamalib chiqadi. Bu kabi tazyiq va zugʻumlar yozuvchiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Mantiqan oʻylab koʻrilsa, endigina turli tuhmatu malomat bilan qamalib chiqqan odam ehtiyotkor boʻlishga harakat qiladi. Bizningcha, hukumat tomonidan nohaq qamalgan Qodiriy davrning siyosati bilan hisoblashmay iloji yoʻq edi. Ammo imon-eʼtiqodi butun Qodiriy bu oʻtkinchi shiorlarni bayroq qilib koʻtarmaydi. Ijodkor fikr aytishning yashirin, niqoblangan yoʻllarini qidiradi va bunga iloj topadi. Qolaversa, yozuvchi soʻzlash va fikr aytishda nihoyatda ziyrak, tabiatan ehtiyotkor boʻlganligi haqida ham maʼlumotlar bor. Mana shu ehtiyotkorlik “Mehrobdan chayon”da oʻzgacha usulda boʻy koʻrsatdi.
Adib “Mehrobdan chayon”da avvalgi romanida qoʻllagan usulini takrorlab muqaddima va soʻngsoʻz berishni maʼqul koʻrgan. Bu haqda adabiyotshunos olim Bahodir Karimov shunday yozadi: “Har bir soʻzga eʼtibori kuchli adib bu tadbiri bilan oʻz romanini “Soʻzboshi” va “Soʻngsoʻz” qoʻrgʻonlari orasiga olib, kutilgan hujumlardan himoya qilishni niyatlagan boʻlishi ehtimoldan uzoq emas”[5]. Dastlab, kirish soʻz “Romanning mavzui toʻgʻrisida” deb yozilib, undan soʻng “Abdulla Qodiriy (Julqunboy), Toshkent, 5 fevral, 1928 yil” deb imzo qoʻyilgan. Asarni yozib tugatgan yozuvchi fikrlarini niqoblab ifoda etishga ehtiyoj sezdi. Ehtiyoj va ehtiyotkorlik bilan adib shartli ravishda soʻzboshidayoq asarning mavzui haqida bayon qildi. Yozuvchi asardan gʻoya qidiruvchilarni chalgʻitish uchun avvalboshdanoq soʻzboshidagi ayrim oʻrinlarni, ayniqsa, mavzuni boʻrttirib berishni maʼqul koʻradi. Haqiqatan ham koʻpchilik tanqidchilar mana shu soʻzboshini shior oʻrnida bayroq qilishadi. Shunday ekan, soʻngsoʻzning ahamiyati nimadan iborat? Muallif oradan oʻn kun oʻtib asarga xotima yozishga ehtiyoj sezdi. Bizningcha, adib asarni gʻoyaviy jihatdan himoyalash uchun soʻzboshini kiritgan boʻlsa, asar syujeti xayoliy uydirma emas, balki tarixiy voqelik va hayotiy haqiqat ustiga qurilganligini koʻrsatish uchun xotimaga oʻrin berishni maʼqul koʻrgan. Yozuvchi tarjimai holi bilan bogʻliq manbalarda “Oʻtkan kunlar” romani eʼlon qilingach, muallifdan kitobxonlar doimo asar hayotda boʻlgan voqeami, qahramonlar kimlar degan savollar bilan qayta-qayta murojaat qilishgan. Roman janri yozuvchi va oʻzbek kitobxoni uchun yangilik sanalib, hali sinalmagan maydon singari edi. Shunday ekan, bunday savollarni tabiiy deb qabul qilish lozim. Mana shu soʻrovlarning oldini olish maqsadida adib xotimani berib oʻtgandir. Bu farazni yana ham kengaytirib, toʻldirish mumkin. Qolaversa, bu adibning “Oʻtkan kunlar”ga bergan izohidan maʼno va mazmuni bilan tubdan farqlangan. “Oʻtkan kunlar” romanidagi andisha va ikkilanish “Mehrobdan chayon”da siyosiy xavotirga aylangan, deyish mumkin.Soʻzboshida shu vaqtgacha adabiyotshunoslar eʼtiboriga tushmay qolgan quyidagi jumlalarni havola qilamiz: “Ularning xon va ulamoga qarshi isyoni tabiʼiy – sharʼiydir”.[6] Demak, romanda qahramonlarning zulmga qarshi isyoni nafaqat sinfiy asosda, balki oʻsha vaqtda mahalliy aholi qatʼiy rioya etgan shariat qoidalarining oyoqosti qilinishi bilan bogʻliq. Ammo bu kurash sababini yozuvchi hech bir oʻrinda bayroq qilib koʻtarmasdan asar tagmatniga singdirib yuborgan. Qodiriy oʻz romanida shunday bir toifani tasvirladiki, bu olam vakillari oʻzlariga axloq kodeksi sifatida islom maʼrifati va madaniyatini qabul qilishgan. Avvalambor, bu qoidalar yozuvchining ham hayotida bosh mezon boʻlib xizmat qilgan.
Bevosita asardagi hal qiluvchi lahzalardan biri hisoblangan sahnaga murojaat etamiz. Xonga qarshi chiqa olishga oʻzida kuch topa olgan Anvar Xudoyorxonga ham aynan shu musulmonchilik talabini daʼvo qilib chiqadi.
“Xudoyorxon:
– Pusulmonchilik qigʻonsan-da?!
– Albatta! – dedi Anvar, – boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib pusulmonchilikdan chiqqach, men pusulmonliq bilan oʻlishni oʻbdan bildim!
– Sening qilgʻon ishing pusulmonchiliqda bormi, ituvli?
– Musulmonchilikda yuzlab xotin ustiga, bir kambagʻal uylanmoqchi boʻlgan qizga ham zoʻrlik qilish bormi?”[7].
Qaltis vaziyatda turgan Anvar oʻzining joni omonat ekanligini bilib tursa-da, xonga qarshi keskin gap ayta oldi. Negaki, xonlik shariat qoidalari asosida boshqarilgan. Shunday ekan, bu tartibga boʻysunishga hamma majbur. Anvar shuning uchun ham bu daʼvoni mahkam ushlaydi. Xudoyorxon har qancha zolim boʻlmasin, shariat qoidasiga itoat qiladi. Shu bois Anvarning talabini ado etib, Sultonalini ozod etadi.
Qodiriy ijodi kuzatilsa, unda din ulamolari tasviri ayricha ahamiyatga ega. Buning sabablari, avvalo, oʻsha davrda xalqaro siyosatda iqtisodiy jihatdan kuchli davlatlar musulmon mamlakatlarini oʻziga boʻysundirib, tobe qilib olish yoʻliga oʻtgan edi. Qodiriy siyosiy masalalarga ham befarq boʻlmay, vaqtli matbuotda oʻz munosabatini bildirib bir qancha jiddiy maqolalar eʼlon qilgan. Uning “Luzonda koʻngil ozishlar va isiriq solishlar” (“Turkiston” gazetasi, 1923), “Siyosat maydonlarida”, “Eshonlarimiz” (“Mushtum” jurnali, 1923) kabi maqolalari aynan shu masalaga bagʻishlangan.
Ikkinchidan, Turkistonni ruslar bosib olgandan keyin ham diniy ulamolar hukumat oldida alohida mavqega ega edi. Bu faktni rus missionerlarning yozishmalari ham tasdiqlaydi.
Uchinchidan, yozuvchi Turkistonning ruslarga qaram boʻlib qolishiga dinni oʻziga niqob qilib olgan munofiq kimsalarning oʻzaro nizolari ham sabab deb hisoblaydi.
Toʻrtinchidan, xalqni oʻz ortidan ergashtirish qudratiga ega boʻlsa-da, oʻz manfaati yoʻlida din libosini kiygan ayrim kimsalar hukumat qoʻgʻirchogʻiga aylangan edi.
Beshinchidan, islomning asl mohiyatini anglamagan, ilmi bor, amali yoʻq soxta dindorlarni fosh etish. Ayniqsa, soʻnggisi adib ijodida katta oʻrin egallaydi. Koʻrsatilgan sabablarni barini jamlab, eʼtibor berib qaralsa, yozuvchi asarlarining mazmuniy mundarijasi kelib chiqadi.
Qodiriy yuqoridagi ehtiyotkorlikni saqlagan holda “ikki sinf kurashini tasvir qilish”, romanning bosh mavzusi ekanligiga urgʻu beradi. Diqqat qilinsa, asarda haqiqatan ham ikki sinf kurashi koʻrsatildimi? Koʻrsatildi, lekin Qodiriy sinfiylik, degan shoʻroviy tushunchaga bir qadar oʻzgacha maʼno bagʻishladi. Bu shoʻrolarning sinfiylik nazariyasidan farqlanadi. Ayni shu oʻrinlarda ochiq aytilmasa-da, ammo matnosti maʼnolari va yozuvchining ijodiy uslubidan kelib chiqib yondashilsa, Qodiriyning estetik qarashi, mazkur muammoga munosabati ravshan koʻrinadi. Romandagi shartli ikki sinf vakillariga ajratish, bizningcha, bu sinfiy ayirma asosida ifodalash degani emas, balki yaxshi va yomon, ezgulik va hasad, doʻstlik va adovat kabi tushunchalarga asoslanishdir. Qodiriy mazkur umuminsoniy gʻoyani shoʻroviy mafkuradan ustun sanagan.
Rus mustamlakachilari oʻz hokimiyatini oʻrnatgan yillar Turkiston xalqlari uchun juda ogʻir payt boʻlib, mahalliy aholining diniy eʼtiqodi juda zaiflashgan edi. Buning oʻz ijtimoiy, tarixiy-siyosiy sabablari bor. Qadriyatlar oyoq osti qilinib, soʻz va amal birligi yoʻqolib boʻlgan edi. Qodiriy oʻz asarida ayni shu ogʻriqli nuqtalarni qamrab olishni niyat qildi.”Turkiston xonlari vaqtidagi musulmoniyalar nihoyat darajada ahvoli olamidin xabarsiz boʻldilar. Zolim hakamlarga rost va toʻgʻri soʻzni aytadurgʻonlar qolmay, zolimlar uchun besh-oʻn tillo badaliga ertadan kechgacha xushomad soʻzlar aytib, alar qanday soʻz aytsa maʼqul deydurgʻonlar boʻlgʻon edilar. Hakam va ulugʻlarimiz fuqarolardin oʻz joyiga va masrafigʻa sarf qilmay, oʻz xohishlari va yushaʼlarigʻa xarj va sarf qilar edi. Hukumat ishida mutlaqo muntazam qoida va qonun yoʻq edi”[8].
Turkistonda maʼnaviy tanazzul ancha avval boshlangan boʻlib, adib bunday vaziyatni yuqoridagi kichik kiritmalar orqali asar mazmuniga singdirib yuborgan. Yozuvchi maxdum oilasining kelib chiqish tarixini ifodalagan boʻlsa-da, ammo buning zamiriga juda katta ijtimoiy tarixiy haqiqat jamlangan. Maxdumni ota-bobolari uchragan qatagʻon xavfi doimo taʼqib etib, undan qoʻrqish hissi bir zum tark etmaganligini hisobga olsak, masala oydinlashadi.
Demak, yozuvchi har ikki asarida bergan izohlar birinchi oʻzbek romanining yaratilish sabablari, omillari, manbalari bilan bogʻliq juda koʻp maʼlumotlarni qamrab olganligi bilan qiymatga ega. “Oʻtkan kunlar” asaridagi muqaddima va xotima mazmunidan koʻrinib turibdiki, yozuvchi birinchi romanida erkinroq va jurʼatliroq boʻlgan.
Muallif “Mehrobdan chayon” romanini siyosiy tazyiqlar kuchaygan yillarda yozib tugatdi. Muallif niyatini niqoblashga majbur boʻlib, turli yoʻl qidirgan va buni uddalagan. Qodiriy soʻzboshida mavzuni siyosiy jihatdan boʻrttirib, fikrini tagmatnga singdirib, siyosiy gʻoya qidiruvchilarni chalgʻitishga erishgan.
Otabek – “ogʻir tabiatlik, ulugʻ gavdalik, koʻrkam va oq yuzlik, kelishgan, qora koʻzlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit” – romanning bosh qahramoni, savdogar, Yusufbek hojining oʻgʻli, bir muddat Toshkentdagi Beklarbegi madrasasida tahsil olgan, yigirma toʻrt yoshda.
Kumush – “quyuq jinggila kiprak”lari ostidan “timqora koʻzlari” boqib turguvchi, “qop-qora kamon, oʻtib ketkan nafis, qiyiq qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan choʻchigan kabi” koʻringuvchi, “toʻlgʻan oydek gʻuborsiz oq yuz”lik oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlardagi, margʻilonlik Mirzakarim qutidor qizi, Otabekning maʼshuqasi; roman oxirida kundoshi Zaynabning taomga qoʻshib bergan zaharidan oʻladi.
Zaynab – toshkentlik Olim ponsadboshining qizi, “oʻn yetti yoshlar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, oʻrtacha husnlik”, Oʻzbek oyimning oʻgʻli Otabek uchun tanlagan kelini, Kumushning kundoshi: roman oxirida Otabek taloq qoʻyadi va u jinni boʻlib qoladi.
Yusufbek hoji – Toshkent hokimining mushovir-maslahatchisi, Toshkentning mashhur aʼyonlaridan biri; Otabekning otasi, xalq, el-yurt manfaatini oʻylaydigan fidoyi shaxs.
Oʻzbek oyim – Yusufbek hojining xotini, ellik besh yoshlarda; chala-dumbul tabiatlik, ammo eriga oʻtkirligi bilan mashhur xotin, uncha-muncha toʻy va azalarga “kavshim koʻchada qolgan emas” deb bormaydi.
Hasanali – Otabekning “maʼnaviy otasi”, hoji xonadonining quli, oltmish yoshlar chamasida; oʻziga xos maʼnaviy qiyofaga ega qahramonlardan biri.
Mirzakarim qutidor – Yusufbek hojining margʻilonlik doʻsti, savdogar, “qora qosh, qora koʻz, koʻrkam yuz”lik, qirq besh-ellik yoshlar chamalik kishi, Kumushning otasi.
Oftob oyim – “oʻttuz besh yoshlar chamaliq goʻzal, xush bichim bir xotin”, Mirzakarim qutidorning jufti haloli, yaʼni Kumushning onasi.
Oysha buvi – Oftob oyimning onasi, yetmishlardan oshgan kampir.
Homid – Otabekning raqibi, Ziyo shohichining qaynisi, chaqimchilik, “qoʻlansa gaplar uchun yaratilgan odam”, romandagi shaxslararo konfliktda asosiy oʻrinda turadi; oʻttiz besh yoshlarda, Otabek tomonidan oʻldiriladi.
Ziyo shohichi – Margʻilon boylaridan, Yusufbek hojining doʻstlaridan biri, Mirzakarim qutidorning uyiga Hasanali bilan Otabek tomonidan Kumushni soʻrab sovchi boʻlib boradi.
Roman syujeti
“1264-inchi hijriy, dalv oyining oʻn yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…” jumlasidan keyin Margʻilondagi karvonsaroy tasvirlanadi. U yerga qoʻnoq boʻlgan toshkentlik savdogar yigit Otabekni izlab, margʻilonlik Rahmat bilan Homid keladi. Ular hol-ahvol soʻrashib, tanishganlaridan keyin Otabekning Margʻilonga sotish uchun nima narsalar olib kelgani, uylanishdek bir murakkab ish, oʻzbekona urf-odatlar, kelin qilishdagi ota-onalarning orzu-istaklari xususida suhbat boʻladi. Otabekning “maʼnaviy otasi”, ular xonadonining quli Hasanali xizmat qilib, choy tashib yuradi. Margʻilondagi ota qadrdonlari Otabekni mehmonga aytishadi. Bir suhbat majlisi Ziyo shohichining uyida, soʻngra Mirzakarim qutidor uylarida boʻlib oʻtadi. Suhbat mahali Otabek Shamay taassurotlarini, oʻrislarning idora tizimidagi afzalliklar, Turkistondagi ayanchli holatni tuzatishga doir qarashlarini gapiradi. Otabekning keng dunyoqarashiga, ijtimoiy hayot muammolarini teran muhokama qilishiga hamma qoyil qoladi. Shu zaylda Otabek margʻilonlik ota qadrdonlari bilan yaqindan tanishib oladi. Biroq uning tabiatida gʻalati bir tushunib boʻlmaydigan ruhiy oʻzgarishlar sodir boʻladi. Bu holatlarni zimdan kuzatgan Hasanali Otabekning Mirzakarim qutidor qizi Kumushni sevib qolganini aniqlab, Ziyo shohichi bilan qutidorning uyiga sovchilikka boradi. Mirzakarim qutidor bilan Oftob oyimning oʻzaro muzokara, muhokamalaridan keyin Kumushning Margʻilonda qolishi sharti bilan sovchilarga rizolik soʻzi beriladi.
Toʻyga hozirlik boshlanadi; bir kechada hammaning tushiga toʻy kirib chiqadi. Kumush hayratlanadi, oʻzining toʻyi boʻlayotganiga ishonqiramaydi. “Qizlar majlisi – gullar, lolalar, toʻtilar, qumrilar majlisi!” Qizlar, gullar majlis quradi. Ammo Kumushni mahzunlik holati, ichki bir bezovtalik, iztirob, gʻam-alam aslo tark etmaydi. Oftob oyim tashvishga ham tushib, egachisiga yozgʻiradi. Urfga binoan nikoh oʻqilib, mahr ham belgilanadi. Kumush turmushga uzatiladi. Toʻy kuni chimildiqda Otabekni koʻrib, hayratdan dong qotadi va “Siz oʻshami”, deb soʻraydi; oʻzi kutmagan bir baxtga erishadi. Margʻilonga kelganining ikkinchi kuni Mirzakarim qutidorning tashqi hovlisidan oqib oʻtadigan ariqdan asr namoziga tahorat suvi olish uchun kirgan Otabekni “taqdir shamoli” Kumushga roʻbaroʻ qiladi va shu daqiqadan boshlab unda “u afifaga qarshi bir ishq, ham chin bir ishq”, muhabbat majorosi tugʻiladi. Oʻsha birinchi nigohlar toʻqnashuvida Kumushda ham juda kam kishilarga nasib boʻladigan “bir durri bebaho” tuygʻu paydo boʻladi. Yuqoridagi gapni aytishiga sabab shu edi.
Bu davrda Toshkent osmonida qonli bulutlar kezinadi. Toshkent hokimi Azizbek Qoʻqonga boʻysunmay isyon koʻtaradi. Qora chopon va qipchoq nizolari avjga chiqadi. Otabekka otasi Yusufbek hoji maktub bitib, unda oʻsha bezovtalik tafsiloti bayon etilib, ehtiyot boʻlishi, Fargʻonada oʻzini Azizbekning sherigi deb notoʻgʻri oʻylab, oʻgʻliga zarar yetkazishlari mumkinligi hamda shahar tinchiguncha Otabekning Margʻilonda kutib turishi taʼkidlanadi.
Toʻydan yetti kun oʻtib, Homidning Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegiga borib chaqishlari natijasida Otabek bilan Mirzakarim qutidor xiyonatkorlikda ayblanadi va hibsga olinadi. Toshkent Qoʻqon sipohlari tomonidan qamal qilingan qaltis bir vaziyatda Hasanali najot istab Yusufbek hoji oldiga keladi.
Gunohkor sifatida qoʻlga olingan Ziyo shohichi bilan Rahmatga zindon jazosi beriladi. Otabek bilan Mirzakarim qutidor qatl etilishi arafasida najot farishtasi oʻlaroq Yusufbek hoji yozgan maktubni koʻtarib, Oʻtabboy qushbegi huzurida Kumush paydo boʻladi. Vaziyat muhokamasidan keyin Otabek bilan Qutidorning aybsiz ekani maʼlum boʻladi va hibsdan ozod etiladi.
Garchand Yusufbek hoji bir oz eʼtiroz bildirsa ham, yetmish kunlik qamaldan sillasi qurigan Toshkent ahliga Azizbek oʻttiz ikki tangadan soliq soladi. Xalqning gʻazabi alanga oladi. Yusufbek hoji boshchiligida Azizbekka qarshi isyon koʻtaradi. Umidsiz Qoʻqonga qaytayotgan Normuhammad qushbegiga Yusufbek hoji chopar yuboradi. Qoʻqonlik sipohlar Toshkentni egallaydi va Azizbek ikki oyogʻidan otga sudratma qilib oʻldiriladi.
Oʻtabboy qushbegi Otabek bilan Mirzakarim qutidorni ozod qilganidan keyin chaqimchi – “bir gʻarib bechora”ning arzi Qoʻqonga – yoshgina Xudoyorxon nomidan hukumatni boshqarayotgan Musulmonqul qoʻliga yetib boradi. Musulmonqul Oʻtabboy qushbegi va Otabekni oʻrdaga chorlaydi. Savol-javoblardan keyin Otabekni jallodga topshirish arafasida Toshkentdan chopar keladi. Hasanali Yusufbek hojining iltimosiga koʻra, Normuhammad qushbegining Musulmonqulga yozgan maktubini olib keladi. Otabek moʻjiza tufayli ikkinchi marta oʻlimdan qutulib qoladi. Yusufbek hojining xizmatlari evaziga oʻlimdan qutilgan Otabekka Musulmonqul hech uyalmay-netmay iljaygancha zarrin toʻn kiydiradi.
* * *
Garchand Otabekning Margʻilondan uylanganidan Yusufbek hoji uncha norizo boʻlmagan esa-da, Oʻzbek oyim oʻgʻlining bu ishiga, Margʻilonga qatnab yurishilariga chidab tura olmaydi. Oradan bir yillar oʻtib, Oʻzbek oyim Otabekni Toshkentdan uylantirish payiga tushadi. Oʻz martabalariga mos kelin izlaydi. Hasanaliga aravani hozirlatib, yettinchi marta koʻchaga chiqqanida Olim ponsadnikiga boradi; qudalarga xos suhbat boʻladi. Gapni bir joy qoʻyib, uyiga kelib oʻsha fikrini Yusufbek hojiga yetkazadi. Soʻz oʻnqovi kelganidan Yusufbek hoji oʻz oʻgʻliga “ustidan bir ish qilib” qoʻyganini, Oʻzbek oyim shu ishni, yana ham aniqlashtirib, uni Olim ponsadboshining qiziga unashtirib kelganini aytishadi.
Ikkinchi uylanish yuzasidan olib borilgan oilaviy muzokaralar, ota-ona orzusining gʻolibiyati, Otabekning taslimiyati bilan yakun topadi. Yusufbek hoji Mirzakarim qutidorga Otabekni Toshkentdan ham uylantirish niyatlari borligi yuzasidan maktub yozadi. Qutidor vaziyatni – Otabekning ota-onalari orzusini tushunadi, Oftob oyim esa boshi yanchilgan ilondek toʻlgʻanadi. Oxir-oqibat qayin ota, qayin ona va hatto Kumush ham Otabekning Toshkentdan uylanishiga koʻnishadi. Otabek Zaynabga uylantiriladi.
Xiyonatlik maktublari bilan Jannat opa vositachiligida Homid Otabek va Kumush orasiga tushib, qutidor xonadoniga soxta taloq xatlarini kiritadi. Otabek Qutidorning eshigidan “… boringiz, eshigim yonida toʻxtamangiz… uyatsiz!” degan soʻzlar bilan haqoratlanib quvlanadi. Endi Otabekning Toshkentdan Margʻilonga besamar kelish va ketish davri boshlanadi. Shu orada u oʻzini Shokirbek deb tanitib, har Margʻilon borganida usta Alim uyiga qoʻnadi. Usta Alim bilan Saodat boshidan kechgan fojeaviy bir qismat egalarining tarixidan boxabar boʻladi.
Kumush shariatga zid taloq xati olganidan olti oylar oʻtib, Homiddan unga sovchilar keladi. Ammo Kumushning ota-onasi bundan keyin qizlari er qilmaslikka qattiq ahd etgani javobini beradi. Sovchilar kelaveradi, rad javobini olib ketaveradi. Barchasiga bir xilda Kumushning yuqoridagi javobi aytiladi. Bir kuni Mirzakarim qutidor achchiqlanib, qizi tufayli shaharda bosh koʻtarib yura olmay qolayotganini, Kumushni uzatishga koʻndirishni xotini Oftob oyimga qattiq tayinlaydi. Navbatdagi sovchilardan biriga, yaʼni Margʻilonning boylaridan Salim sharbatdorning oʻgʻli Komilbekka Kumushni uzatish rejalari tuziladi.Qutidor eshigidan quvilgan Otabek iztiroblar ichida qovuriladi, oʻziga qayin ota tomonidan qilingan oʻsha haqsiz munosabat sababini sira tushunmaydi; oʻylayverib, oʻyining tagiga yeta olmaydi. Oʻzini savdo ishlari bilan chalgʻitmoqchi boʻladi, boʻzaxoʻrlikka beriladi. Uning oy-kunlari beorom va besaranjom ravishda oʻtib turadi. Otabekning Margʻilonga quruq qatnab yurishining yettinchi martasida, yaʼni oraga sovuqlik tushib, quvlanganiga oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz oylar oʻtganidan keyin koʻchada ikki kishining suhbatidan Kumushni erga berilayotgani xususida jonsoʻz bir xabarni eshitib yoʻl oʻrtasida mixlanib qotib qoladi. “Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber”, deb oʻzicha gapiradi, telbalanib Margʻilon koʻchalarida kezinadi. Shu kechasi “Xoʻja Maʼoz” mozori ziyoratxonasida tunni bedor oʻtkazadi. Tong mahali usta Alimning uyiga kirib keladi va u yerdagi suhbat jarayonidan usta Farfi tilidan oʻz taqdiriga tegishli gaplardan – Homidning Kumushga uylanish niyati borligidan, chaqimchilik bilan qutidor va uni dor ostiga olib borilishiga ham oʻsha sababchi boʻlganidan, oʻz tilidan soxta taloq xati yozib, qayin otasiga kiritgani va, nihoyat, Kumushga boʻlajak kuyov – Komilbekning qotili ham taxminlarga koʻra, Homid ekanidan xabar topadi. Otabek tadbir qoʻllab, usta Alim qoʻshnisi uyidagi mashvarat – maslahatda Sodiq, Mutal, Jannat opa va Homidlarning rejalarini – dushanba kuni kechasi Malikboy maydoni orqali qutidor hovlisining orqa tomonini kovlab, Kumushni olib qochmoqchi boʻlganlarini bilib oladi. Dushanba kuni kechasi uch dushmanga qarshi dildorining uyi ortida yakka oʻzining olishishi, yor oyoqlari ostida qonli tuproqqa qorishishi Otabekka shoirona bir tuygʻular inʼom etadi. Uch barzangi dushmanga qarshi olishuvda kichkina bir jarohat olgan Otabek gʻolib keladi; uchala dushmani ham oʻladi. Malikboyning maydonidagi bu voqeani eshitgan ahli Margʻilon hayratdan yoqa ushlaydi. Ularni oʻldirgan odam sirligicha qoladi. Oʻzining aslida kim ekanini tanitgan Otabek holatidan usta Alim sirni – qotilni bilib oladi va “Zap qilgansiz, Otabek”, deydi. Otabek unga oʻzini Shokirbek deb atab yurgani uchun uzr soʻraydi va oʻsha birinchi uchrashuvlardan tortib, to oxirgi voqealargacha batafsil soʻzlab beradi; soʻngra Qutidorga tegishli bir xat yozib, yetkazishni usta Alimdan iltimos qiladi va oʻzi Toshkentga joʻnab ketadi.
Hovlisi ortidagi voqealar yuzasidan mirshablar Qutidorni soʻroq qiladi. Ammo natija chiqmaydi; qotil topilmaydi, sir ochilmaydi. Usta Alim keltirgan Otabekni maktubidan keyin Qutidorning ahli-oilasi barcha sirdan – “taqdir ishi”dan voqif boʻladi, “xayrixoh qotil”ni tanib mamnun boʻlishadi. Qutidorlar uyida Otabekning Toshkentdan Margʻilonga qaytib kelish-kelmaslik masalasi muhokama etiladi. Kumushga bitilgan maxsus xatda ham bu gap ochiq aytilmagan boʻladi. Nihoyat “Kelib qolsa yaxshi, kelmasa, Toshkentga oʻzimiz tushamiz-da”, deydi Qutidor. Ular oldindagi uch oy qishni oʻtkazib, oʻzlari Toshkentga borishni niyat qilishadi.
* * *
Toshkent va Qoʻqon aʼyonlarining oʻzaro kelishuv-tadbirlari natijasida Xudoyorxon nomidan hukumatni boshqarayotgan, xalqqa koʻp jabr-zulmlar qilgan Musulmonqul oradan koʻtariladi. Yusufbek hoji kabi aqli tiniq shaxslar elni birlashtirish, oʻzaro nizolarga barham berish tarafdori boʻladi. Shuning uchun ham Muhammad Rajabbek qoʻrboshining uyida “sahroyi qipchoq” elidan, “sahroyi itlar”ga itoat etishdan qutulish uchun, ularni qirib, yoʻq qilish niyatida tuzilayotgan rejalariga Yusufbek hoji qoʻshilmaydi; majlis ahlini aql va insof doirasida ish yuritishga daʼvat qiladi. Qipchoqqa qarshi bu adovat ortida mansabga erishish niyati borligini anglab qoladi. Ichkaridan chiqadigan fitna-fasodni kutib, shahar darvozasi tagida bosqinchi oʻris qoʻshini “qoʻr toʻkib” yotganidan ogohlantiradi; majlis ahliga qipchoqdan koʻra kattaroq yovning borligini, kunlari “kofir qoʻligʻa qolishi toʻgʻrisida” oʻylashlari, elni parchalamasdan birlashtirish lozimligini taʼkidlaydi va norizo boʻlib majlisni tark etadi. Hoji ketgach, Niyoz qushbegi uning ustidan kulib, koʻknori ichganga chiqaradi; Qambar sharbatdor hojining yoshi qaytib, koʻngli juda ham boʻshashib ketganini soʻzlaydi. Majlisdagi Karimqul ponsad ham, Muhammad Rajab ham Yusufbek hojining uzoqni koʻzlab aytgani oqilona maslahatiga quloq tutmaydi.Bahorning sehrli kunlarining birida Otabek guzardagi Hasanaliga doʻkon qoʻshni boʻlgan koʻngli toza, ochiqqina yigit – Ali bilan Mingoʻrikka qimizxoʻrlikka chiqadi. Bahor havosidan dillari yayrab dam olishadi. Kechga yaqin Qoymos darbozasi orqali shaharga kirganlarida boshi tanasidan judo qilingan odamlarga duch keladi. Ularning oʻldirilishiga sababi – qipchoq boʻlgani. Hasanali qirgʻin jarayonini, ish ustidan – xum yonidan tutib kelingan bir boʻyoqchining qoʻllari boʻyoq holida qatl etilganini soʻzlab beradi. Otabekning yuragi eziladi va bu ishda otasining ham aybi bor, deb hisoblaydi. Hoji Otabekka oʻzida ayb yoʻqligini, u majlisni tark etgach, izidan Niyoz qushbegi kelib, “majlis ahli oʻz fikridan qaytdi”, deb soʻzlaganini, bu iblisona aldovlarga uchib, oʻsha muttahamlarning rejalaridan birovga ogʻiz ochmaganini, oqibat gʻaflatda qolganini tushuntirib, Musulmonqulga adovati boʻlgan xon qipchoqni qirib alamidan chiqmoqchi boʻlganini aytadi. “Ittifoqning ne el ekanini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar”dan zorlanadi… Otabek otasining bu qirgʻinga mutlaqo aloqasiz ekanini anglab, oʻzining oʻrinsiz shubhasi va oʻyidan uyaladi.
Mirzakarim qutidordan bir maktub olib, u yerda boʻlib oʻtgan barcha hodisalardan boxabar boʻlgan Yusufbek hoji Otabekni Margʻilonda qilgan ishlari yuzasidan savolga tutadi. Endi Margʻilonga qachon borishini surishtiradi, “maʼlum emas” javobini olgach, ularning oʻzlari qizlarini olib, Toshkentga kelishlari xabarini beradi.
Yusufbek hoji ogʻzidan Margʻilondan kelini bilan qudalar kelishini eshitgan Oʻzbek oyim mehmonlarni kutish taraddudiga tushadi. “Ikki kelinlik boʻlish” orzusida uch yillik gina-adovatlarni unutib yuboradi. Hoji Zaynabni huzuriga chorlab, Margʻilonda kelayotgan “opa”si, yaʼni kundoshi bilan egachi-singildek boʻlib ketishlari yuzasidan vaʼdalar oladi.Margʻilonlik kelin va qudalarni yoʻldan kutib olish hamda kuzatib kelish uchun Hasanali mehmonlar yoʻliga chiqariladi. Zaynab va Oʻzbek oyim boshliq qoʻshni xotinlar Oftob oyim bilan Kumushni qarshi olishadi. Barcha yigʻilganlar Kumush bilan Zaynabni qiyoslashadi; ayni damda, kundoshlar oʻrtasida zimdan adovat boshlanadi. Qutidor sharafiga yozilgan dasturxonga Yusufbek hojining yaqin birodarlari taklif etilib, ular yaqindagina boʻlib oʻtgan qipchoq qirgʻinini muhokama qiladilar. Suhbat orasida Yunus Muhammad oxund “Agar biror qavmning ishi noahil odamga topshirilgan boʻlsa, bas, oʻsha qavmning qiyomatini yaqin bil”, mazmunidagi Paygʻambar alayhissalom hadislarini aytadi, Yusufbek hoji uning gaplarini tasdiqlaydi va hadisni takrorlaydi. Jamoa masjidga peshin oʻqish uchun qoʻzgʻalganda Hasanali Otabekni toʻxtatib qoladi va oʻziga xos bir hiyla ishlatib Kumush bilan koʻrishtiradi. Xuftonga yaqin Otabek, Kumush va Zaynab – uchovlari dasturxon boshida suhbatlashib oʻtirar ekan, Kumush boshlaridan yaqinda oʻtgan tarixni soʻz oʻyini tarzida hikoya qilib beradi.
Oʻzbek oyim mehmonga ketgan bir kunda kundoshlar uyda yolgʻiz qolishadi; oʻzaro adovatlari, dushmanliklari yuzaga chiqa boradi. Oradan yigirma kunlar oʻtib, margʻilonlik mehmonlar uylariga qaytish taraddudiga tushadilar. Qutidor qizining Toshkentda qolishiga rozi, Oftob oyim esa Kumushni oʻzi bilan olib ketmoqchi boʻladi. Oʻzbek oyim olib qolish tarafida; Kumush ham qolishni ixtiyor etadi. Kumushni oʻzi bilan olib ketmoqchi boʻlgan Oftob oyim barcha umid koʻchalariga bir-bir kirib chiqadi; foyda bermaydi. Oxiri koʻpchilik fikriga noiloj rozi boʻlgan ona ketar mahali Kumushga qayin ota va qayin ona xizmatlari hamda kundoshi bilan muomala masalasida juda oʻrinli nasihatlar qiladi. Ertasi kuni ertalab mehmonlar Margʻilonga qaytishadi.Endi voqealar sahniga Zaynabning egachisi, tabiatiga koʻra mutlaqo uning teskarisi boʻlgan Xushroʻy kirib, uning qisqacha tarixi, oilaviy hayoti tasvirlanadi. Xushroʻy oʻzi xohlab, boʻlajak eri oilali Nusratbek bilan til biriktirib erga tegib oladi; oʻz kundoshlariga kun bermaydi. Uch oy ichida ildiz otgan bir oilani barbod qiladi. Oʻz kayficha kun kechiradi, ammo orada farzandi boʻlmaydi… Xushroʻy kelib, Zaynabning oilaviy hayotini tahlil etadi; singlisiga vahshiy koʻzlari bilan tikilib yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatadi.
Yukli Kumushning oy-kuni yaqinlashib, Oʻzbek oyimning nabira koʻrish orzusi ushalayotgan, aqiqa toʻyini oʻtkazish rejalari tuzilayotgan bir pallada Otabek negadir xafa, ora-orada usta Alim fojeasini xotirlaydi. Yusufbek hoji yurt ishidan qoʻl yuvib, kunini “Qurʼon” hamda “Daloyil” oʻqish bilan oʻtkazadi. Kumush shu arafada onasiga maktub bitib, butun ruhiy holatini, kundoshi bilan boʻlib oʻtayotgan mojarolarni, Yusufbek hojining ularni “oyim-oyim”lab tinchitishlarini – barcha-barchasini batafsil yozadi. Nihoyat oy-kuni yetib, kutilgan mehmon – oʻgʻil farzand dunyoga keladi. Oila aʼzolari bir-birlarini muborakbod etadi. Suyunchilar ulashiladi. Otabek noxush bir tush koʻradi. Erta saharlab ichkari kirib, koʻzi yorigan Kumush holidan xabar oladi. Tushlik payti kitob mutolaa qilib oʻtirganida, ichkaridan Oybodoq chiqib, Otabekni ichkariga chaqiradi. Kumush oʻqchiydi, qayd qiladi; tabib kelib bemorning tomir urishini koʻrib, labini tishlab qoladi; kosadagi qolgan taomdan tatib koʻrib, zahar ichganini aytadi. Fojea sababchisi – ovqatga zahar qoʻshgan Zaynabni Otabek taloq qoʻyadi. Shu sahna ustiga kelib qolgan Yusufbek hoji “Chiq, Zaynab, chiq! Laʼnat sendek xotinga!” deydi. Hojini tanib besaranjomlangan Kumush qoʻzgʻalmoqchi boʻladi. Yusufbek hoji “Qoʻzgʻalmang, oyim… qoʻzgʻalmang!” deydi. Kumushning navbatdagi jomga qoʻzgʻalishida qusuq qonga aylanadi, burnidan ham bir nechta tomchi qon oqadi. “Oyi… dada…, – soʻngra, – begim”, deb ingranadi va erining yuzini yuziga qoʻyib, uyalgansimon koʻzini yumadi.
Ertasi kuni janoza marosimi boʻladi. Margʻilondan yoʻlga chiqqan ota-ona bu marosimda qatnasha olmaydi. Ular uchinchi kuni yetib kelishadi. Yetti kun xatmi qurʼon qilinib, elga osh beriladi. Chaqaloqqa Yodgorbek deb ism qoʻyishadi. Zaynabning jinni boʻlib qolgani qozilar tomonidan tasdiqlangandan keyin, unga jazo berish hukmi bekor qilinadi.Bu voqealardan keyin Otabek Margʻilonga ketadi va u keyinchalik bir necha marta Toshkentga keladi. Hijriy 1277 yili Avliyootadan Qonoatsho Yusufbek hojiga yozgan maktubida oʻgʻli bosqinchi oʻris qoʻshini bilan toʻqnashuvda qahramonona kurashib shahid boʻlganini bildiradi.
Shundan keyin Yusufbek hoji xatmi Qurʼon qilib, yurtga osh beradi, Oʻzbek oyim esa qora kiyib taʼziya ochadi.
Sharh
Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanini yozish bilan oʻzbek romanchilik maktabiga asos soldi. Yuksak talant egasi – yosh adib qalami ostidan chiqqan birinchi oʻzbek romani favqulodda bir muvaffaqiyat va shuhrat qozondi. Romanning boshidagi bir qancha fasl dastlab “Inqilob” jurnalining 1923 yilgi fevral-mart qoʻshma sonida bosiladi. Keyin kitob holida nashr etilib, qoʻlma-qoʻl oʻqiladi. “Oʻtkan kunlar” yaratilgan davr oʻzbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi oʻrni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. Abdulla Qodiriy oʻz davrining ilgʻor bir ziyolisi sifatida Vatan va millat taqdiri ustida astoydil qaygʻurdi, oʻzicha najot yoʻlini izladi. Zamon talotoʻplari adib qalbini iztirobga soldi. “Oʻtkan kunlar” romani orqali xalqning milliy ongini uygʻotmoqchi boʻldi, “tariximizning eng kir, qora kunlari” – yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi noahil “xon zamonlari” toʻgʻrisida soʻz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi boʻldi.
“Oʻtkan kunlar” romanining maʼno-mundarija doirasi nihoyatda keng. Unda xilma-xil taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy, oilaviy-ishqiy muammolar qalamga olingan. Biroq ular orasida yurtning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin, el-yurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning asosiy pafosini tashkil etadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, farovonligi, osoyishtaligi yoʻlida hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilar qiyofasida tasvirlanadi. “Oʻtkan kunlar” bamisoli ulkan va tiniq koʻzgu, unda oʻzbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, boʻy-basti, qiyofasi keng koʻlamda aniq-ravshan gavdalantiriladi. Romandagi uchlik – oshiq, maʼshuqa va agʻyor, bir qarashda, anʼanaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning toza muhabbati, ishqiy kechinmalari, baxti va baxtsizligi juda zoʻr mahorat bilan tasvir etiladi. Asardagi juda kam insonlar qalbidan chuqur joy oladigan bir “durri bebaho” – ishq-muhabbat tuygʻusiga doir inja tafsilotlar kitobxonni hayajonga soladi; Otabek bilan Kumushning saodatli onlaridan mahrum etgan fojeaviy sahnalar kishini chuqur oʻyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni – Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Abdulla Qodiriy Otabek bilan Kumushning ishq tarixini yozar ekan, ayni damda oʻlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʻzaro ichki nizolardir, degan fikrni gʻoyat ustalik bilan asarning mazmun-mohiyatiga singdiradi.Adib Yusufbek hoji zimmasiga katta yuk yuklaydi. U oʻzaro mahalliy ziddiyatlarning zararini yaxshi biladi, qipchoqni qirish ishini qoralaydi, aksincha, bir millatning ikki qavmini ularni “chin yovgʻa beriladigan kuch” uchun ittifoqchi sanaydi.
Abdulla Qodiriy romanida oʻzbekning sokin oilaviy hayot tarzini ham, kundosh kelinlar orasidagi oʻzaro nizolar va ularning yechimini ham juda ishonarli, bagʻoyat mahorat bilan tasvirlaydi. Romandagi tasvirlarga koʻra, Yusufbek hoji agar ikki kelin oʻrtasida “soʻz chiqqanini goho eshitsa, ikkala kelinni oʻz oldiga chaqirib” nasihat qiladi. “Avvalo Kumushdan oʻpka qilib: “Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan kichikka shafqat lozim, mundogʻ yaxshi emas!” degan gaplarni aytadi. Soʻngra Zaynabga nasihatlar berib, “keyin ikkisini duo qilib, bir-biriga salom” berdiradi. Qaynona-kelin munosabatlari ham Yusufbek hojidek dono-donishmand oila rahbari nazaridan chetda qolmaydi. Romandagi juda tabiiy obrazlardan biri boʻlgan Oʻzbek oyim bilan Yusufbek hoji, Mirzakarim qutidor bilan Oftob oyim munosabatlari ham butun salobati bilan oʻquvchi tasavvuriga muhrlanadi.
Romandagi har bir qahramonda joziba bor; ularning koʻngli, koʻzi, maʼnaviy qiyofasi koʻzga koʻrinib turadi; yurak urishlari eshitiladi. Asosiy, ikkinchi darajali va hatto epizodik qahramonlarning fikrlari teran, mulohazalari hikmatlar bilan toʻyingandir. Rahmat, Akram hoji, Oysha buvi, Oybodoq, Ali va boshqa qator epizodik obrazlar oʻzining yorqin qiyofasi hamda latif soʻzlari bilan esda qoladi.
Asar avvalidagi bir yigʻinda majlis ahli Turkistonning oʻsha paytdagi holatini tahlil qiladi. Ziyo shohichi: “Bizning shu holga tushishimiz oʻz feʼli-xuyimizdan”, deydi. Otabek esa ijtimoiy tubanlikning sababini ittifoqsizlikda, oʻzaro nizolarning avj olganida, “buzgʻunchi va nizochi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuquriga qarab tortishidan”, deb biladi. Abdulla Qodiriy XIX asr oxiridagi Turkistonda kechayotgan ahvoldagi “chuvalgan ipning uchini topib bergandek” boʻladi. Darhaqiqat, xalqning obod va ozod turmushini dil-dildan istagan Abdulla Qodiriydek bir insonning maʼnaviy-estetik dunyosiga ham bunday fikr-mulohazalar begona emas, albatta.
Tarixiy-biografik romanlarda zamon va makon chegaralari tanlangan tarixiy shaxs-qahramon hayoti solnomasiga koʻp jihatdan muvofiq keladi. Bu tabiiy hol. Ammo adabiyot olamidagi tarixiy asarlar turli asoslar ustiga quriladi. Abdulla Qodiriy oʻzining kamtarona taʼbiri bilan aytganda, “havas”lanib roman yozishga kirishar ekan, moziyga nazar tashlaydi. Moziy esa zamon va makon jihatdan cheksiz hamda mavhumdir. Adib “moziy”ga aniqlik kiritaroq “yaqin oʻtgan kunlar”, “xon zamonlari” birikmalarini ilova qiladi. Zero, birinchi oʻzbek romani “Oʻtkan kunlar”ning nomlanishida zamon-vaqt ifodasi mavjud.
Aslida inson aqli bilan chegaralangan zamon-vaqt eralar, asrlar, yillar, fasllar, oylar, haftalar, kunlar, soatlar… kabi butunlikni, astronomik qatorni tashkil etadi. Ijod ahli tasvirlayotgan voqea-hodisalarining ishonchlilik quvvatini oshirish uchun shu astronomik vaqtdan turli yoʻsinda oʻz dunyoqarashi, mahorati, aql-idrokiga qarab foydalanadi. Boshqacharoq aytganda, badiiy asarda zamon-vaqt fizikaviy mazmundan adabiy-falsafiy mohiyatiga koʻchadi.
Abdulla Qodiriy vaqtdagi “Oʻtkan kunlar” mavhumotini romanning birinchi satrlaridayoq parchalaydi. Voqealar sahnaga chiqayotgan zamon alomatini aniq bitib qoʻyadi: “1264-nchi hijriya, dalv oyining oʻn yettinchi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…”. Romanning boshlanishi shunday, ayni chogʻda, adibning asar ichidagi vaqtni ifodalash tamoyillari ham ushbu jumlada mujassam topgan.Oʻtkan kunlar”dagi davr qamrovini belgilash uchun roman oxiriga nazar tashlaymiz. Kumush oʻlgan, uning mozoriga “toshdan oʻyib yasalgan lavha” qoʻyilgan. Oʻqiymiz: “… Kumushbibi binti Mirzakarim Margʻiloniy tarixi tavalludi 1248, vafoti 1269 hijriy, jumad-ul avval…”. Garchand Qanoatsho Avliyo otadan Yusufbek hojiga maktub yoʻllab, Otabekning shahidligi xususida (roman “Xotima”sida berilishicha) hijriy 1277 yil kuzida xabar bergan boʻlsa-da, “Oʻtkan kunlar”dagi voqealar hijriy 1269 yili yakun topadi. Demak, roman ichkarisida taxminan besh-olti yillik zamon bor.
Adibning badiiy soʻzida betakror joziba mujassam boʻlgani bois “Oʻtkan kunlar” necha marta oʻqilsa ham, qayta mutolaaga ehtiyoj sezaveradi. Roman oʻquvchini zeriktirmaydi. Qayta oʻqish jarayonida asarning yangidan-yangi qirralari kashf etiladi. Bir oʻqilganda eʼtiborsiz oʻtilgan epizodlarga boshqa safar diqqat qaratiladi. Bu hol, tabiiyki, adibning obraz yaratish mahoratiga, inson qalbini chuqur anglashiga daxldor hodisadir. Zero, koʻrkam adabiyotdek sanʼat dunyosida badiiy til muhim sanaladi; soʻz vositasida manzara, ruhiyat va obraz chiziladi; “umr – otilgan oʻq ermish”, “oʻrinsiz chiransang, beling sinadi” singari hikmatlar bayon etiladi. Barchaga ayon bu haqiqat badiiy adabiyotning eng murakkab alifbosidir. Abdulla Qodiriy soʻzida insonni oʻziga bogʻlab turadigan, insonni oʻziga ohanrabodek tortib turgan quvvat bor. Buni oʻquvchi sezmasligi mumkin emas. Aynan soʻzning taʼsiri bois Kumush oʻlgan sahnada kitobxon chidolmay, yigʻlay boshlaydi. Aytmoqchi, bu epizodning oʻzi yigʻlab yozilgan. Demak, adibning titragan, ichikkan, oʻksigan yuragi shu sahifalarga koʻchgan. Badiiy ijoddagi bir qonuniyat shuki, mujmal tasavvurlar mujmal ifodalanadi; yigʻlab yozilgan sahifalar yigʻlab oʻqiladi. Chinakam adibning estetik dunyosi, betakror qalbi ana shunday sahifalarga muhrlanadi. Xoʻsh, xotirlaylik-chi, Abdulla Qodiriy Kumushni qanday soʻzlar bilan tasvirlagan edi? Majzub! Juda begʻubor va begidir! Agar esingizda boʻlsa, romanning avvalidayoq Kumush ruhiyatida ham gʻalati bir parishonlik sodir boʻladi. U ham Otabekka oʻxshab allatavur boʻlib yuradi. Adib Kumushning oʻsha holatini juda goʻzal, quyuq obrazli til bilan quyidagicha chizadi: “… uyning toʻriga solingʻon atlas koʻrpa, par yostiq quchogʻida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uygʻoq yotqan bir qizni koʻramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonigʻa tartibsiz suratda toʻzgʻib, quyuq jinggila kiprak ostidagʻi timqora koʻzlari bir nuqtagʻa tikilgan-da, nimadir bir narsani koʻrgan kabi… qop-qaro kamon, oʻtib ketgan nafis, qiyigʻ qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan choʻchigan kabi… toʻlgʻan oydek gʻuborsiz oq yuzi bir oz qizilliqgʻa aylangan-da, kimdandir uyalgʻan kabi…”. Bu koʻchirmadan Kumush holatini tasvirlashda yozuvchi soʻzlarni marjondek tergani koʻrinib turibdi.
Qodiriy sohir qalami ostidan chiqqan aksar toza qahramonlarning ichu toshi jozibali, suyukli, taʼsirli. Chunki adib soʻz soʻzlashda uzoq andishaga boradi; quruq bayon oʻrniga voqelikni, insonni tasvirlashni muhim deb hisoblaydi. Bevosita badiiy asarlaridan olingan misollardan tashqari adibning turli maqolalarida aks etgan adabiy-estetik qarashlarida ham oʻsha konsepsiya oʻzining teran ifodasini topgan. “Yozgʻuvchilarimizga” nomli maqolasida:”Soʻz qolip, fikr uning ichiga qoʻyilgan gʻisht boʻlsin”, degan maslahatni beradi. Soʻngra aynan soʻz soʻylash toʻgʻrisida quyidagi eʼtiborli fikrlarni bayon qiladi: “Soʻz soʻylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining oʻzigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik aytmoqchi boʻlgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashmovchilik solmaslikdadir. Bundan tashqari, fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan soʻz va jumlalarga yozuvda aslo oʻrin bermasligi lozim”. Badiiy ijodga tegishli bu maslahatlar eskirmaydigan haqiqatlardir.Abdulla Qodiriy romanlarini oʻzbek adabiy tili zamonaviy koʻrinishda shakllanayotgan bir davrda yozdi. Adabiy tilning rutbasi, maqomi yuksalishida adibning xizmati katta boʻldi. Til millatni birlashtiruvchilik qudratiga ega qadriyatdir. Qodiriyshunos olimlar fikriga eʼtibor berilsa, Abdulla Qodiriy toshkentlik boʻla turib oʻz romanlarida mahalliy sheva unsurlarini umuman qoʻllamaydi. Hatto qahramonlarining nutqini individuallashtirishda ham boshqa badiiy vositalardan foydalanadi. Demak, adib shu zaylda bor mahorati bilan oʻzbek adabiy tilining boyligini, oʻzbek tilining keng imkoniyatlarini namoyish ham qiladi.
“Oʻtkan kunlar” tarixiy roman; u baxt va baxtsizlik, qaygʻular va tuygʻular romani. Bu gap tasvirga ham, tasvirlovchiga ham, oʻquvchiga ham bab-baravar tegishlidir. Asarda ruhiy-psixologik talqinga obʼyekt boʻladigan yuzlab epizodlar bor. “Oʻtkan kunlar”dagi ayrim nom va soʻzlar statistik metod asosida tadqiq qilinganida, “Otabek” eng koʻp uchraydigan, sal kam ming marta takrorlanadigan ism ekani maʼlum boʻladi. Hammaning tasavvuriga sevgi dostoni, sevishganlarning ishq tarixi sifatida muhrlangan romanning birorta sahifasida “sevgi” soʻzi deyarlik qoʻllanmaydi; ayni soʻzning davr tiliga mos “suyukli”, “suyub” tarzida qoʻllanishi ham koʻpchilikni tashkil etmaydi. “Muhabbat” soʻzining jami takrori bir nechta oʻnlikdan oshmaydi; “ishq” va “oshiq” soʻzlaridan har birining takrori esa, aqalli oʻntaga ham yetmaydi. Bunday sanoqli yondashuvlar soʻz qadrini, soʻzlarni quruq takrorlagandan koʻra uni butun his va tuygʻular koʻlami bilan tasvirlash, soʻzni jonlantirish, soʻzga hayot baxsh etish muhim ekanini koʻrsatadi. Shuningdek, roman “hoshiya”sidagi bitiklardan torib, “Yozgʻuvchidan” berilgan prolog va epiloglar va hatto fasllarning nomlanishlarigacha – barcha-barchasi intertekstual analiz uchun ham manba boʻladi.
Bir necha yildan keyin roman yuz yoshga toʻladi. Sal kam bir asrlik davr oraligʻida oʻzbek adabiyotida koʻplab romanlar yozildi. “Oʻtkan kunlar”dan keyingi ikkinchi oʻringa qoʻyilgan romanlar soni koʻpayib ketdi; taassufki, ikkinchi oʻrin imtiyozi va son-sanogʻi maʼlum emas. Biroq veqelikni gʻoyaviy-badiiy tomondan mukammal tasvirlagani, psixobiografik, lingvopoetik, paralingvistik, germenevtik va boshqa barcha turdagi adabiy-nazariy talqinlarga bardoshi, shuningdek, kitobxonlar eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻlgani hamda dunyo tillariga tarjima etilgani jihatidan birinchi oʻzbek romani – “Oʻtkan kuqnlar” hali bugunga qadar oʻsha yuksak maqomida mustahkam turibdi.
“Oʻtkan kunlar” xayoliy va hayotiy omillar uygʻunligida maydonga kelgan ulkan bir maʼnaviyat qasriki, uning ichkarisiga kirgan odam insoniyat abadiyatiga daxldor tushunchalarning badiiy talqiniga, eng nafis his-tuygʻularning betakror tasviriga, oʻzaro chambarchas bogʻlangan ijtimoiy va individual holatlar zanjiriga duch keladi; aqli hayron qoladi.
Mavlono Oybek Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan tadqiqotida adib shaxsiyati va ijodiga baho berib yozadi: “Abdulla Qodiriy isteʼdodli, qalbi butun va oʻziga xos ravishdagi shaxs edi… Abdulla Qodiriyning prozasi birinchi navbatda gʻoyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi”. Haq gap; isboti – “Oʻtkan kunlar” romani.
Do'stlaringiz bilan baham: |