Oyoq panjasining ustki (orqa) sohasi (regio dorsum pedis). Terisi yupqa, cho’ziluvchan bo’lib, sohaning medial tomonini - teri osti, lateral tomonini - boldir nervlari va o’rta qismini – kichik boldir nervining yuzaki tolalari innervatsiya qiladi. Birinchi barmoqlararo sohaning terisini, kichik boldir nervining chuqur tarmog’I innervatsiya qiladi.
Teri osti yog’ to’qimasida oyoqning katta va kichik teri osti venalarining boshlang’ich tarmoqlari, ularning o’zaro birlashtiruvchi tarmoqlari, juda ko’p orqa vena to’rlarini (rete venosum dorsale pedis) hosil qiladi. Panjaning orqa vena ravog’idan (arcus venosus dorsalis pedis), bosh barmoq sohasida - oyoqning teri osti katta, V barmoq sohasida - uning teri osti kichik venalari boshlanadi. Bularning birinchisi, yuqoriga medial to’piqning oldingi sohasidan, ikkinchisi - lateral to’piqning orqa sohasidan ko’tariladi. Sohaning xususiy fastsiyasi qalin, proksimal qismida yozuvchi mushaklar paylarini ushlab turuvchi pastki boylamni hosil qiladi.
Xususiy fastsiyaning ostida oldingi katta boldir mushagining (medial ponasimon suyak bilan birinchi kaft suyagining asosiga birikadi), bosh barmoqni yozuvchi uzun mushakning (bosh barmoqni ikkala falangasiga birikadi) va barmoqlarni yozuvchi uzun mushakning paylari (II - V barmoqlarning payiga aylanadi) joylashadi (24-rasm).
Bularning ichida barmoqlarni bukuvchi uzun mushak payining tarkibida beshinchi kaft suyagining asosiga borib birikadigan beshinchi pay bo’lib, unga kichik boldirning uchinchi mushagi (m. peroneus tertius) deyiladi.
Ularning ostida suyaklararo fastsiya (fascia interossea) bilan qoplangan orqa suyaklararo mushaklar (m.interossei dorsalis) yotadi.
Qon tomir va nerv tutamlari asosan oyoq panjasining orqa arteriyasi (a. dorsalis pedis) - (oldingi katta boldir arteriyasining davomi) hamda kichik boldirning chuqur nervidan iborat bo’lib, nerv yuqorida, bosh barmoqning yozuvchi uzun va kalta mushaklarning paylari orasida, pastda - bosh barmoqni yozuvchi kalta mushak payidan tashqarida yotadi. Bu nerv arteriyaga nisbatan har xil (ichkarida yoki tashqarida) o’tishi ham mumkin.
Qon tomir va nerv tutamlarining tashqi tasviri ikkala to’piqlarni o’zaro birlashtiruvchi chiziqning o’rtasidan, birinchi barmoqlararo bo’shliqqa qarab o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi. Ammo oyoq panjasining orqa arteriyasi ko’pincha o’z yo’lini o’zgartirib turadi (u panjaning o’rtasidan o’tishi yoki o’z yo’lidan tashqi tomonga qiyshaygan bo’lishi ham mumkin). Arteriya obliteratsiyasi kasalligida uning pulsini aniqlash maqsadida buni esda tutish lozim.
Oyoq panjasining orqa arteriyasi o’zidan ravoqsimon arteriya (a. arcuata) tarmog’ini beradi. Bu arteriya o’zidan oyoq-kaft arteriyalarini beradi. Oyoq panjasi orqa arteriyasining ikkinchi katta tarmog’i - oyoq kaftining chuqur arteriyasi (a. plantaris profundus) bo’lib, u panja suyaklari oralig’ini teshib, oyoq panjasining orqa (kaft) sohasiga qarab o’tadi va u erda kaft ravogi (arcus plantaris) hosil bo’lishida qatnashadi.
Kichik boldir chuqur nervi oyoq panjasi barmoqlarini yozuvchi kalta mushaklarni hamda birinchi barmoqlararo soha terisini innervatsiya qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |