O’YIN TEXNOLOGIYASINING ADABIYOT TA’LIMIDA O’QUVCHI FAOLLIGINI OSHIRISHDAGI O’RNI
Toshmatova Ma’mura Abdullamirzayevna
Buxoro viloyati Buxoro shahar
22-IDUM ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi
Telefon: +998 94 322-70-09
Anotatsiya: ushbu maqolada adabiyot darslarida foydalaniladigan o’yinlardan namunalar keltirilgan va o’yin texnologiyasining adabiyot ta’limidagi o’rni, o’quvchilar faolligini oshirishdagi ahamiyati haqida ma’lumotlar berilgan.
Kalit so’zlar: o’yin texnologiyasi, “6X6X6” o’yini, Muhammad Sharif Gulxaniy, “Zarbulmasal” asari.
O’yin bola xarakteriga xos asosiy faoliyatdir. Ushbu faoliyat o’z imkoniyatlari jihatidan ta’lim va tarbiya jarayonida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy talablarga asosan o’quvchilarda o’zaro raqobatni o’rnatish uchun adabiyot darslarida o’yin mashg’ulotlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Chunki o’yin texnologiyasi o’quvchilar orasida faollikni yanada kuchaytiradi va mavzuga oid bo’lgan qiziqishini yanada oshiradi. Adabiyot ta’limida ayniqsa pastki bosqichlarda 5-6-7-sinflarda o’yin mashg’ulotlarini qo’llash yaxshi samara beradi. Yuqori sinflarda ham o’yin mashg’ulotlaridan foydalanish mumkin, faqat bunda o’yinning shakli va mazmunida biroz o’zgarish yuzaga kelishi kerak. Har bir qo’llangan o’yin metodi, albatta, yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda joriy etilishi lozim. Zamonaviy ta’limni tashkil etishda turli xil o’yinlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor berilmoqda. Bugungi kunda adabiy ta’lim jarayonida qo’llash nihoyatda qulay bo’lgan bir qator o’yinli texnologiyalar yaratilmoqda. O’yinli texnologiyalar nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, ularning amaliy malaka va ko’nikmalariga aylanishini ta’minlabgina qolmay, balki ta’lim oluvchilarda muayyan axloqiy irodaviy sifatlarni ham tarbiyalashga o’z ulushini qo’shadi. D.B.El’konining fikriga ko’ra “xuddi shu oddiygina o’yin orqali o’sib kelayotgan bolaning tasavvuri ilk marotaba qaror topa boshlaydi”. Bir qancha izlanishlar shu fikrga olib keladiki, o’yin – bu taraqqiyotning rolidir, uning kelajakka, rivojlanishga qaratilgan, undan kelib chiqadigan qonun-qoidalar, iroda hamda matonat maktabidir. Quyida adabiyot darslarida o’yin texnologiyasini yaratishga doir namunalar keltirib o’tamiz.
6-sinf adabiyot darsligida Muhammad Sharif Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari keltirilgan. Gulxaniy hayoti va ijodi hamda “Zarbulmasal” asarini o’qitishda darsni o’yin texnologiyasi asosida tashkil etish mumkin. O’yin asosidagi metodlardan biri “6X6X6” metodidir. Olti kishidan kam bo’lmagan guruh 6 daqiqa davomida guruh oldida turgan muammoni yechishga yordam beradigan aniq g’oyani shakllantirishga harakat qiladilar. Bu metoddan adabiy asar ustida ishlash uchun foydalanishda adabiyot o’qituvchisidan pedagogik mahorat va ziyraklik, guruhlarni oqilona shakllantira bilish talab qilinadi. Bunda avvalo sinfdagi o’quvchilar oltita-oltitadan guruhlarga bo’linadi. Guruhlarga muayyan nomlar beriladi. Aytaylik, guruhlar shunday nomlarni qabul qilishdi: 1-guruh “Ziyraklar”, 2-guruh “Topqirlar”, 3-guruh “Bilag’onlar”, 4-guruh “Epchillar”, 5-guruh “Oqillar”, 6-guruh “Chaqqonlar”. Shundan so’ng dars mavzusi e’lon qilinadi va har bir guruhga Muhammad Sharif Gulxaniy hayoti va ijodi hamda “Zarbulmasal” dan topshiriq beriladi. Masalan:
1-guruh “Ziyraklar”ga Gulxaniy hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlarni o’rganish;
2-guruh “Topqirlar” ga “Zarbulmasal” haqida o’rganish;
3-guruh “Bilag’onlar” ga “Kabutar bilan Zog’”masalini o’rganish;
4-guruh “Epchillar” ga “Maymun bilan Najjor”;
5-guruh “Oqillar” ga “Tuya bilan Bo’taloq”;
6-guruh “Chaqqonlar” ga “Toshbaqa bilan Chayon” masalini o’rganish o’qituvchi tomonidan e’lon qilinadi. Ushbu topshiriqni bajarish uchun 6 daqiqa vaqt beriladi. Shundan so’ng o’qituvchi guruhning a’zolarini almashtiradi va yangidan 6 tadan guruh shakllantiradi. Yangi guruhda avvalgi guruhdan bittadan vakil qoladi va o’z guruhining mavzusi yuzasidan chiqarga xulosalarini yangi guruhga bayon etadi. Yangi guruh a’zolari avvalgi guruhning fikr va xulosalarini o’rganadilar, unga o’z munosabatini bildiradilar. So’ng har bir guruhga avvalgi berilgan topshiriq yuzasidan og’zaki gapirib berishlari so’raladi yoki savol-javob qilinadi. Barcha bir-birini o’zaro tinglaydi, ma’lumotlarda xatolik bo’lsa to’g’rilaydi. Shu tariqa qisqa vaqt ichida o’quvchilar tomonidan ham mavzu chuqur o’zlashtiriladi, mavzuga doir barcha axborotlar egallanadi, o’zaro fikr almashinadi, ham bu fikrlar ularning o’zlari tomonidan tahlil qilinadi va baholanadi. Ushbu o’yin texnologiyasi asosida o’qituvchi deyarli barcha o’quvchini darsda qamrab olish imkoniyatiga ega bo’ladi va barcha o’quvchilar mavzuni qisqa vaqtda, jonli tarzda, mustaqil o’rganadilar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, o’yin texnologiyalari yangi ilg’or usullarni adabiyot o’qituvchisiga taqdim etadi va ta’limda natijaviylikni, samarani ta’minlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiyot darslariga texnologik yondashuv pedagog ijodkorligining samarador mahsulidir. Adabiyot darslarida har bir mavzuga, har bir darsga o’ziga xos pedagogic yondashish mumkin. Demak, adabiyot ta’limida tatbiq etilayotgan har bir texnologiya o’qituvchining individual ijodkorligiga tayanadi. Har qaysi darsning o’z texnologiyasini yaratmoq lozim. Chunki adabiyotning o’zi kabi uni o’qitish ham rang-barang hodisadir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.Azizxo’jayeva N. Pedagogik texnologiyalar va pedagogik mahorat. – Toshkent. 2006.
2.To’qliyev B. Adabiyot o’qitish metodikasi. – Toshkent. 2010.
3.Keldiyorov R. Adabiyot darslari samaradorligini oshirishning ilmiy-metodik asoslari. – Toshkent, 2010.
Do'stlaringiz bilan baham: |