www.ziyouz.com kutubxonasi 99
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Yigit otini tut yog‘ochig‘a bog‘lab, uyga tomon yurgan ham edi, burchakdagi xaroba uydan o‘zini tuzatib o‘qug‘uchining qutidor havlisida ko‘rgani pakana xotin go‘yo onalarning «ziyondosh albasti»laridek xunuk qi-yofada yigitka qarab yugirib kela boshladi. Xotin yigit bilan eson-sog‘liq so‘rashqach, ikkisi uyga kirdilar. Yigit to‘nini yeshib uyning to‘riga irg‘itdi, boshidan qalpog‘ini olib qoziqqa ildi. Shundan so‘ng, ikkisi ham o‘lturishdilar.
— Qalay, — deb so‘radi xotin, — ishing o‘ngidanmi?
— Chakki emas.
— O‘zi hozir shu yerda edi. Eblab kelsa shu edi, deb tashvishlanib o‘lturdi. San kelur oldingdag‘ina chiqub ketkan edi.
— Uyga ketdimi?
— Bilmadim, kelib qolsa kerak. O‘zi ham qatnay-qatnay o‘layotibdir, kecha qayta kelib-ketdi, qix...
— Nimadan tashvishlanadir?
— Ishni aytkanimdek qilolmasa, hamma mehnat to‘rt pul, deydir.
Yigit kulimsirab olg‘ach, so‘radi:
— O‘zimizning ishlar qalay?
Bu savoldan xotinning yuziga umidsizlik tusi kirdi:
— Bilmadim, do‘stdanmi, dushmandanmi haytovur olding ochilmay turadir, sovchiliqqa chiqmag‘an kunim yo‘q, qix... Yomon qo‘shnini yer yutsin; Marayim ku- dingchi bo‘shashqandek bo‘lg‘an edi, uni ham qo‘shnilar o‘lgur aynatibdilar... Homidboy bo‘lsa bu kun unashsalaring ertaga to‘yni boshlaymiz deydir, qix... — Bu so‘zdan yigitning ko‘zlari olayib allanechuk tuska kirdi.
— Qaysi qo‘shni ekan, u?
— Qurib ketsin, yomon qo‘shnilar, qix... Man sanga qaysi bir qo‘shnini tutib beray, hammasi ham aynatar emish.
— San manga o‘sha... ni ko‘rsatib ber, tobini olib qo‘yay o‘sha onangni...
Ikkisi shu mojaroda edilar. Yo‘lakdan kirishdayoq tutka bog‘lang‘an o‘zining otidan odamning kelganini bilgan Homid ayvondan aylanib kirishka sabri chidamay, darichadan oshib uyga kirdida, yigit bilan quchoqlashib ko‘risha ketdi. O‘lturar-o‘lturmas Homid undan so‘ray boshladi:
— Xo‘-o‘-o‘sh, Sodiq polvon, ishlar qanaqa, Toshkandda nima gaplar bor?
— Nima gaplar bo‘lsin. Toshkandda tinchlik. Bahona bilan Toshkandni ham ko‘rib oldiq.
— Eshigini topa oldingizmi?
— Topdim. Aytkaningizdek, uning eshigini Toshkandda har kim bilur ekan.
— Bulmasa, xatni ham topshirg‘andirsiz?
— Topshirdim.
— Bali sher, xatni qo‘lingizdan kim oldi?
— Bir chol.
— Yuzi cho‘ziqroq, chakkasi siqiqroq choldir.
— Xuddi o‘zi.
— Xatini ham ololdingizmi? — dedi va sabrsizlanib Sodiqning og‘zig‘a tikildi. Sodiq yuziga mag‘rur bir tus va ovozig‘a muzaffariyat ohangi berib «xatini ham oldim», javobini aytdi. Bu javobdan so‘ng Homidning og‘zining tanobi juda ham qochqan va Sodiqning yelkasiga qoqa boshlag‘an edi. Sodiq qo‘ynidag‘i xatni olur ekan, ishlatkan hiylasini hikoya qildi:
— Xatni cholg‘a berdim-da, ertaga Marg‘ilon ketaman, xat bersalaringiz bemalol, dedim. Chol bir oz o‘ylab olg‘andan keyin, hozirg‘a xatimiz yo‘q, sizga malol kelmasa
Do'stlaringiz bilan baham: |