Saprofitlar. O`simliklar dunyosining bir tipi sifatida qarab kelingan zamburug`lar olami hozirgi vaqtda alohida bir tiriklik olami sifatida tan olinmoqda. Zamburug`lar olamining o`simliklar dunyosining bir bo`lagi sifatida qarab kelinishiga boshqa bir qancha sabablar bilan birga ulardagi fiziologik jarayonlarning ko`p tomonlarining o`xshashligi ham sabab bo`lgan. O`simliklar va zamburug`lar fiziologiyasidagi geterotrof oziqlanish mexanizmlari bir biriga o`xshash bo`lishi ham mumkin. Masalan, zamburug`lar giflari plazmolemmasida, achitqilar hujayralarida N+-pompalari faoliyat ko`rsatadi va ularning faoliyati tufayli tashqi muhitga turli xil nordon gidrolazalar ajraladi. Bu o`z navbatida murakkab organik birikmalarning gidrolizlanishiga (hujayra tashqarisidagi hazm jarayoni) va hosil bo`lgan moddalarning so`rilishiga olib keladi.
Hujayralarning so`rish mexanizmlari ham plazmolemmalarning N+-pompalari faoliyatiga bog`liqdir. Masalan, membrananing tashqi yuza qismining zangsimonlanishi organik kislotalarining dissotsiyalanishini kamaytiradi va ular neytral molekulalar sifatida hujayraga kiradi. Zamburug` giflari sitoplazmasiga qandlar va aminokislotalarning kirishi ularning N+ ionlari bilan maxsus lipoprotein tashuvchilar yordamidagi importi tufayli ro`y beradi.
Organik moddalarning N+ ionlari bilan simport bo`yicha ko`chirilishida energiya manbai bo`lib plazmalemma N+ pompasining ishi tufayli yuzaga keladigan va o`z ichiga elektrik membrana potensiali hamda pH ko`rsatkichini oladigan proton harakatlantiruvchi kuch xizmat qiladi.
Saprofit oziqlanish ko`proq o`simliklar olamining suv o`tlariga xarakterlidir. Masalan okean tublarida quyosh yorug`ligi nurlariyetib bormaydigan o`ta chuqur joylarda o`suvchi diatom suv o`tlari atrof muhitdagi organik moddalarni o`zlashtirishi tufayli oziqlanadilar. Shuningdek, suv havzalarida organik moddalar ko`plab to`planishi natijasida xlorokokklar, evglenalar va boshqa suv o`tlari avtotrof oziqlanishdan geterotrof oziqlanishga o`tishi mumkin. Ammo bu holda ham qandlarning hujayralarga ko`chirilishi N+ ionlari bilan simporti holida ro`y beradi, ya`ni plazmolemmaning proton harakatlantiruvchi kuchidan foydalaniladi.
Yopiq urug`li o`simliklarda saprofit oziqlnish juda kam uchraydi. Bunday o`simliklarda xlorofill umuman yo`q yoki bo`lsa ham juda kam miqdorda bo`lib avtotrof oziqlanish uchun ya`ni fotosintez jarayonining borishiga yetarli emas xolbuki ularning orasida fotosintezlovchi turlari ham bor. Ular o`z tanalarini qurish uchun hayvon va o`simliklarning chiriyotgan qoldiqlaridan foydalanadilar. Masalan yarim butalarga talluqli Gidiophytum formicarum o`simligi poyasi katta ildizpoya shaklida bo`lib uni minglarcha kanalchalar teshib o`tgan va ularda ko`plab chumolilar joylashgandir. Ushbu tur o`simliklari ildizpoyalarda joylashgan chumolilarning hayot faoliyati mahsulotlari evaziga oziqlanadilar. Bu hol nishonlangan tajribalar quyish orqali isbotlangan. Bunda pashshalarning lichinkalarining chumolilar tufayli ushbu o`simlik tanasiga ko`chirilishi va ularning bir oydan so`ng batamom o`simliklar tomonidan hazm qilinishi hamda barglari va yer ostki qismlarda uchrashi tasdiqlangan.
O`simliklarning ayrim xlorofillsiz turlari o`zlarini organik oziq bilan taminlash uchun zamburug`lar bilan simbioz holatida yashashadi. Ular mikotrof o`simliklar deyiladi va orxideyalar oilasining ko`pchilik turlari ushbu oziqlanish tipiga mansubdir. Bu o`simliklar urug`larida ularning unishi uchun nihoyatda kam oziq moddasi bo`lganligi sababli rivojlanishning boshlang`ich davridayoq zamburug`lar bilan simbioz holatiga o`tishadi. Zamburug` giflari urug`lar qobig`ini teshib kirishi tufayli o`sayotgan murtakka turli organik moddalarni va bijg`ib chirigan muhitdan mineral tuzlarni yetkazib beradi.
Mikotrof tip oziqlanishli orxideyalarning yetuk o`simliklarida zamburug` giflari ildizlarning yuza qismlarigacha kirishi mumkin, ammo chuqur kiraolmaydi. Chunki zamburug` giflarining keyingi o`sishi nisbatan ichkarilikda joylashgan ildiz to`qimalaridan ajraladigan fungitsidlarning ta`siri va fagotsitlarga o`xshash yirik yadroli katta hujayralar qarshilik qiladilar. Ushbu hujayralar zamburug` giflarini hazm qilish va ajraladigan energiya`ni o`zlashtirish xususiyatiga egadirlar. Ammo, giflarning tashqi membranasi orqali ro`y berishi mumkin bo`lgan o`simlik va zamburug`lar orasidagi moddalar almashinuvi jarayoni ham ehtimoldan xoli emas.
Xlorofillsiz bo`lgan Monotropa o`simligi ham ananaviy holda saprofitlarga talluqli deb qaraladi. Ammo, bu holda saprofit oziqlanish usuli bevosita emas, balkim mikoriz holatida zamburug` bilan simbioz ko`rinishida bo`ladi va ko`pchilik hollarda tekinxo`rlik deb qaraladi. Chunki, ushbu o`simlik uning ildizlariga o`sib kirgan zamburug` giflarini o`zlashtirib hazm qiladi.
Binobarin zamburug`, xususan, saprofit bo`lib, o`simlik esa tekinxo`r hisobidadir. Zamburug` giflari tufayli ushbu o`simlik ildizlari boshqa avtotrof o`simliklarning xususan daraxtlarning ildizlari bilan bog`lanishi va ulardan tekinxo`r sifatida organik oziq moddalarni olishi mumkin.
Mikoriz holati ko`pchiiik o`simliklarda mineral tuzlar va suv yutilishini ko`paytirish uchun xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |