O‘simlik moylarining turlari. Kungaboqar moyi tarkibida 27-35% yog‘ bo‘lgan kungaboqar urug‘ini presslash yoki ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olinadi. O‘simlik moylari ichida kungaboqar moyi etakchi o‘rin egallaydi. Tozalash darajasiga qarab o‘simlik moyi rafinatsiya qilinmagan, gidratatsiya qilingan va rafinatsiyalangan moylarga bo‘linadi. Rafinatsiya qilinmagan kungaboqar moyi qovurilgan uruqqa xos tabiiy ta’m va hidli, shaffof sariq rangda bo‘lib, uch navga - oliy, 1- va 2-navlarga bo‘linadi.
Gidratatsiya qilingan kungaboqar moyi birmuncha ochroq rangli bo‘lib, u 1- va 2-navlarga bo‘linadi. Rafinatsiyalangan kungaboqar moyi navlarga bo‘linmaydi. U neytralizatsiyalanib, dezodoratsiya qilinmagan va neytralizatsiyalanib dezodoratsiyalangan bo‘ladi.
Paxta moyi tarkibida 17 dan 27% gacha yog‘ bo‘lgan chigitdan presslash yoki ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olinadi. Presslash yo‘li bilan olingan xom paxta moyi qizg‘ish-qoramtir rangli va yoqimsiz, taxir ta’mli bo‘ladi. Bunday holda u oziq-ovqatga yaroqsiz bo‘ladi, shu sababli u albatta tozalanadi.
Tozalanganlik darajasiga ko‘ra paxta moyi rafinatsiyalanmagan va rafinatsiyalangan (neytralizatsiyalanib dezodoratsiya qilingan va neytralizatsiyalanib, dezodoratsiya qilinmagan) bo‘ladi. Sifat jihatdan paxta moyi oliy, 1- va 2- navlarga bo‘linadi. Oziq-ovqat uchun faqat oliy va 1-navli rafinatsiyalangan moy ishlatiladi; u shaffof och sariq rangli, yoqimli ta’m va hidli bo‘ladi.
Zaytun moyi zaytun daraxtining mevalaridan sovuq usulda presslash yo‘li bilan olinadi. Bu mevalar tarkibida 55% gacha yog‘ bo‘ladi. Zaytun moyi ham yaxshi o‘simlik moylaridan hisoblanadi. Bu moy rafinatsiyalanmagan holda chiqariladi; tovar navlariga bo‘linmaydi. Zaytun moyi shaffof, sariq rangli, loyqasiz, tabiiy ta’m va hidli bo‘lishi kerak.
Gorchitsa moyi tarkibida 30-38% gacha yog‘ bo‘lgan gorchitsa urug‘idan sovuq yoki issiq usulda quruq holida va nisbatan past haroratda presslash yo‘li bilan olinadi. Kunjarasidan gorchitsa kukuni tayyorlash uchun foydalaniladi. Gorchitsa moyi rafinatsiya qilinmaydi. Sifat jihatidan oliy va 1-navli bo‘ladi. Ikkala navdagi moy ham sarg‘ish tilla rangli, yoqimli ta’m va hidlidir.
Soya moyi oldindan tozalab ishlangan va tarkibida 14-25% yog‘ bo‘lgan soya urug‘idan presslash yoki ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olinadi. Tozalash darajasiga qarab, soya moyi rafinatsiyalanmagan, gidratatsiya qilinib rafinatsiyalangan (neytralizatsiyalangan va neytralizatsiyalanib dezodoratsiya qilingan) turlarga bo‘linadi. Rafinatsiyalanmay gidratatsiya qilingan moylar sifat jihatidan 1- va 2-navlarga bo‘linadi. Rafinatsiyalanmagan 2-navli soya moyi ovqatga ishlatilmaydi. Rafinatsiyalangan moyning rangi - poxol tusli sarg‘ish, rafinatsiyalanmagan moyniki - to‘q sariq bo‘ladi.
Kokos moyi - quritilgan va maydalangan kokos palmasi yong‘og‘ini issiq usulda presslash yo‘li bilan olinadi. Kokos yong‘og‘ining tarkibida 75% gacha moy bo‘ladi. Margarin ishlab chiqarishda foydalaniladi, shuningdek o‘zini bevosita ovqatga ham ishlatilaveradi. Faqat rafinatsiyalanib (albatta dezodoratsiya qilinib ham) ishlab chiqariladi; navlarga ajratilmaydi. Uy haroratida oq rangli, yumshoq konsistentsiyali, yoqimli ta’m va hidli bo‘ladi.
Er yong‘oq moyi tarkibida 35-60% gacha moy bo‘lgan er yong‘oq (araxis) urug‘ini sovuq yoki issiq usulda presslash yoki ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olinadi. yong‘oqlarning avvalo po‘sti tozalanadi, aks holda moy sifatsiz bo‘lib qoladi. Tozalanish usuliga qarab, er yong‘oq moyi rafinatsiyalanmagan va rafinatsiyalangan (neytralizatsiyalanib dezodoratsiya qilinmagan va neytralizatsiyalanib dezodoratsiya qilingan) holda ishlab chiqariladi. Rafinatsiyalanmagan er yong‘oq moyi oliy va 1-navli bo‘ladi: yoqimli, tabiiy ta’m va hidga ega bo‘ladi. Rafinatsiyalangan moy navlariga ajratilmaydi; yoqimli hid va ta’mli, biroz bilinadigan och sariq rangli bo‘ladi. Issiq usulda presslangan va ekstraktsiya qilingan moylar oziq-ovqatga ishlatilmaydi, ulardan faqat texnikaviy maqsadlarda foydalaniladi.
Kunjut moyi moyning eng ko‘p tarqalgan turlaridan hisoblanadi. Bu moy kunjut urug‘idan presslash va kamdan- kam hollarda ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olinadi. Kunjut urug‘i tarkibida 60% gacha yog‘ bo‘ladi. Sovuq usulda presslash yo‘li bilan olingan moyi oziq-ovqat uchun ishlatiladi; u och sariq rangli va yoqimli ta’mli bo‘lib, sifat jihatidan zaytun moyidan qolishmaydi. Issiq usulda presslash yo‘li bilan olingan kunjut moyi to‘q sariq rangli, o‘tkir achishtiruvchi ta’mli, hidi esa uncha yoqimli bo‘lmaydi Ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olingan moyning hidi va ta’mi umuman yoqimsiz bo‘ladi; undan faqat texnikaviy maqsadlardagina foydalaniladi. Kunjut moyi ikki xil: rafinatsiyalanmagan (1-va 2-navli) va rafinatsiyalangan (navlarga ajratilmagan) holda chiqariladi.
Makkajo‘xori moyi - dumbul makkajo‘xorini presslash yoki ekstraktsiya qilish yo‘li bilan olinadi. Dumbul makkajo‘xorida yog‘ 30% dan ortiq bo‘ladi. Makkajo‘xori moyi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishda va bevosita ovqatga ishlatiladi. Ovqatga ishlatiladigan makkajo‘xori moyi to‘la rafinatsiyalanadi; navlarga ajratilmaydi. Bu moy rangsiz, hidsiz va quyqasiz, ta’mi yoqimli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |