Sovet tuzumi tomonidan yaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, va ijtimoiy maishiy turmush tarzi o’lkada yashayotgan insonlar salomatligi uchun o’ta xavfli hamda yuqumli kasalliklar uchun manba bo’lib xizmat qildi. Bu davr ekologik tanglikdan tashqari ayniqsa, iqtisodiy turmush kechirishning nihoyatda og’irlashib ketganligi bilan ham xarakterlanadi. Turmushdagi iqtisodiy qiyinchiliklar va chorasizlik odamlar ma’naviyatiga ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatdi. Ma’naviy tubanlik ba’zi kimsalarning o’z tanalarini ham sotib yashashga majbur qildi. Bu hol vujudga kelgan ekologik tanglik bilan birga turli xildagi yuqumli va xavfli kasalliklar, sifilis, oshqozon ichak, gepatit infeksiyasi, dizenteriya, paratif va boshqa kasalliklarning ko’payishiga olib keldi.
Bu holning salbiy ta’siri yildan yilga o’sib bordi. Buni so’zoq (sifilis) kasalligi bilan og’rigan fuqarolar sonining 1977 yildagiga nisbatan 1978 yilda 121,1 foiz, va 1979 yilda esa 132,4 foizga1 o’sganligida ham ko’rish mumkin.
Bundan tashqari respublikada boshqa yuqumli kasalliklar ham keng tarqaldi. Masalan, birgina Xorazm viloyatida aholining gepatit infeksiyasi bilan kasallanish 1976-1977 yillar ma’lumotiga qaraganda, 1976 yilda 8576 kishini tashkil etgan bo’lsa, 1977 yili bu ko’rsatkich 18918 kishini tashkil qilganligini, ya’ni 2,2 marotaba ko’payganligini ko’rishimiz mumkin2. Respublikada oshqozon tifi kasalligi bilan 1975 yilda jami 331 kishi og’rigan bo’lsa, 1976 yilda 351 kishi kasallangan. O’tkir ichak kasalligi bilan 1975 yilda 14358 kishi va 1976 yilda 12489 kishi yotqizilgan. Shu jumladan baktereologik dizenteriya bilan 1975 yilda 6773 kishi, va 1976 yilda 6166 kishi kasallangan.3
Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, eng xavfli kasalliklar keng tarqalgan QQASSR da 1975 yilda tepkili tif 33 marta qayd etilgan bo’lsa, 1976 yilda bu 37 marotaba4 ro’yxatga olingan. O’zbekiston SSR sog’liqni saqlash vazirligining 1983 yil 1-7 noyabrda 992 s sonli xat bilan O’zbekiston SSR ministrlar sovetiga qilgan xabariga qaraganda oshqozon tifi bilan kasallanganlar soni 1982 yildagiga nisbatan 1983 yilda Andijon viloyatida 22,9 foiz va QQASSR da 54,5 foizga5 oshgan. Respublika davlat arxivining hujjatlarida qayd etilishicha O’zbekistonda 1942 yildan beri Sibir yazvasini keltirib chiqaruvchi 1600 dan ortiq nuqtalar mavjud6 bo’lgan. Bu nuqtalar vaqti vaqti bilan odamlar va chorva mollari orasida bunday kasallikning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan. Bu kasallik bilan 1971-1975 yillarda Respublikamizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Samarqand, Xorazm viloyatlari va QQASSR da 202 kishi og’rigan7. 1976 yilning 7 oyi mobaynida QQASSR ning Chimboy tumanida 37 kishi Sibir yazvasi bilan kasallanib, shundan 9 kishi olamdan o’tgan8.
Respublikada 1976-1981 yillarda brutsellyoz, quturish, va Sibir yazvasi kasalligiga yo’liqish ittifoq darajasiga qaraganda ancha yuqori bo’lgan. Har yili o’rta hisobda bu kasalliklarga chalinish 252 dan 503 martaga qadar qayd etilgan. 1982 yilning olti oyi mobaynida esa bu ko’rsatkich 94,9 foizga oshgan. 1981 yilning olti oyida 177, 1982 yilda esa 3449 tani tashkil etgan.
Yuqoridagi holatlardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, ijtimoiy iqtisodiy vaziyat keskin bo’lgan mintaqalar Orolbo’yi, Toshkent viloyati, Angren, Olmaliq, Chirchiq va Toshkent shahrida, Farg’ona vodiysining ko’pgina shaharlarida har xil kasalliklarga chalinish yuqori darajaga ko’tarilgan. 1988 yilda uyushtirilgan “Orol-88” ekspedisiyasining bergan ma’lumotlariga qaraganda Qoraqalpog’istonning Bo’zatov tumanida har ming nafar go’dakdan 260 tasi nobud bo’lgan. O’zbek ayollarining 80 foizi kamqonlik kasalligiga chalingan. Har uch nafar o’zbek yigitlaridan bittasi salomatligi tufayli harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan10.
Shu va boshqa sabablar odamlar sog’lig’iga salbiy ta’sir ko’rsatdi, millat genofondining yomonlashuvini keltirib chiqardi hamda mamlakatimiz miqyosida sog’liqni saqlash ishiga ko’proq e’tibor qaratish lozimligi ayon bo’ldi. Ittifoq parchalanishi hamda mamlakatimiz mustaqillikni qo’lga kiritish arafasida ahvol shu taxlitda edi. Bunday holatni yuzaga keltirgan omillarga qarshi choralar ko’rish, ularni bartaraf etish va yangi zamonaviy sog’liqni saqlash tizimini shakllantirish hukumatimiz tomonidan mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo’yildi.
1991 yilga kelib mamlakatimizda kasalxona muassalari soni 1370 ta bo’lib, ulardagi o’rinlar soni 256,6 mingga, vrachlar soni esa 71,1 mingga yetgan edi. Sho’ro tuzumi davrida sog’liqni saqlash tizimi kengaygan bo’lsa-da, lekin yerga turli xil kuchli kimyoviy moddalarning solinishi, paxta yakkahokimligi va boshqa ijtimoiy oqibatlar natijasida aholi orasida turli xil kasalliklar ko’payib ketgan edi. O’zbekistonda har yili 8 millionga yaqin kishi xastaligi tufayli tibbiy muassasalarga murojaat qilganlar, ulardan 240 ming kishi yuqumli kasalliklar bilan og’rigan edilar. Eng achinarli tomoni shundaki, ularning 70 foizini go’daklar tashkil etgan. Go’daklar orasidagi o’lim hollari bir qadar kamaygandek ko’rinsa da, lekin ularning soni yangi tug’ilgan har bir bola hisobidan olganda 35,5 nafarga to’g’ri kelgan edi. Har yili o’rta hisobda 24 ming bola bir yoshga yetmasdan o’lib ketardi11. Onalar o’rtasidagi o’lim ham ancha yuqori darajaga ko’tarildi. Odamlarning o’rtacha umri dunyoning rivojlangan mamlakatlariga nisbatan olganda 8 -10 yilga kamaydi.
Mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab sog’liqni saqlash tizimini yangi ijtimoiy iqtisodiy jarayonlarga mos holda yangilash ishlari boshlab yuborildi. Yangi iqtisodiy munosabatlariga o’tish bu sohaga ham yangi talablarni qo’ydi. Zamon talablariga javob beradigan tibbiy muassasalar tizimini qayta tashkil etish, tibbiyot xodimlarini tayyorlash, birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirish, respublika aholisi o’rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar sog’lig’ini muhofaza qilish, nodavlat xususiy tibbiy xizmat turlarini amalga tadbiq etish, sog’liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirish, xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy aloqalarni kuchaytirgan holda tibbiyot tizimida zamonaviy fan yutuqlarni qo’llash va shu orqali tibbiyot fanini yanada rivojlantirish ishlariga alohida ahamiyat berildi. Bundan tashqari, shu davrdan boshlab aholining salomatligini saqlash va muhofaza qilish muammolari strategiyasi qaytadan ko’rib chiqila boshlandi. Bu jarayonda taraqqiyotning ekstensiv usulidan voz kechilib, sifat ko’rsatkichi, intensiv yo’liga o’tish, ayni chog’da sog’liqni saqlash tizimiga mo’ljallanadigan mablag’ni mamlakatimiz aholisining har bir jon boshi hisobidan ajratish, sog’liqni saqlash jarayonining asosiy qonuniyati – profilaktik yo’nalishni tiklash va yanada rivojlantirish, soha ta’lim tizimini va kadrlar borasida olib borilayotgan siyosatni qayta ko’rib chiqish, respublikada yetarli darajada dori-darmon va texnika vositalari, tibbiyot anjomlari ishlab chiqara oladigan sanoatni vujudga keltirish, sog’liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, davolash profilaktika muassasalarini davlat tasarrufidan chiqarib, mulkchilik shaklini o’zgartirgan holda sug’urta tibbiyotiga o’tish asosiy vazifa sifatida kun tartibiga qo’yildi. Boshqarish sarf xarajatlarini kamaytirish, bemorlarning ma’lum qismini ularning sharoitlariga qarab kunduzgi davolanishga o’tkazish, kasalxonalardagi kam samarali o’rinlar sonini qisqartirib, shartnoma asosida bajariladigan ishlar uchun haq olish, jarrrohlik yordami ko’rsatishda ish hajmining bir qismini kasalxonalardan poliklinikalarga ko’chirish choralari ko’rildi. Qabul qilingan qonunlar asosida mamlakatimizda sog’liqni saqlash tizimining asosiy vazifasi qilib kasallikning oldini olgan holda , xastalarni davolash, yashash muhitini yaxshilashdan iborat qilib belgilandi. Bu jarayonda xalqimizning ming yillar davomida to’plagan tajribasidan foydalanish, xalq tabobatining boy an’analariga murojaat qilish, qolaversa ilm-fan va texnikaning ilg’or yutuqlariga, olim va mutaxassislarning aql zakovati va salohiyatiga suyanish nazarda tutildi.
Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lashda ilgaridan mavjud hammaga teng haq to’lash prinsipidan voz kechilib, yangicha standart ishlab chiqildi. Sog’liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligining 2005 yil 31 dekabrdagi 06-3/436, 5083,107-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiyot muassasalarini moddiy rag’batlantirish va rivojlantirish Jamg’armasi to’g’risida”nizom ishlab chiqildi. Mazkur Nizom O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 1 dekabrdagi PQ-229-sonli "Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lash tizimini takomillashtirish to’g’risida"gi qarori, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-sonli "Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to’g’risida"gi qaroriga muvofiq tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va tibbiyot xodimlari mehnatini moddiy rag’batlantirish uchun tibbiyot muassasalarini moddiy rag’batlantirish va rivojlantirish Jamg’armasini shakllantirish va uning mablag’larini sarflash tartibini belgiladi. Jamg’arma mablag’lari: ishga vijdonan munosabati va ko’rsatilayotgan tibbiy yordamning yuqori sifati uchun tarif stavkasi bazasiga oylik ustamalar belgilash, bir yo’la moddiy yordam va mukofotlar to’lash shaklida tibbiyot va farmasevtika xodimlarini rag’batlantirishga hamda tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, modernizasiya qilishga va ta’mirlashga yo’naltirildi. Tibbiyot muassasasi uchun ajratiladigan byudjet mablag’lari umumiy hajmining 5 foizigacha bo’lgan qismi, homiylik va donorlik tashkilotlaridan hamda pulli davolash va xizmatlar ko’rsatishdan tushadigan mablag’lar, tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lashda tejalgan byudjet mablag’lari Jamg’arma mablag’larini shakllantirish tartibi qilib belgilandi. Tibbiyot muassasalari Jamg’arma xarajatlarini sarflashning ikki mustaqil yo’nalishi bo’yicha ya’ni, , tibbiyot muassasasi xodimlarini moddiy rag’batlantirish va tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, modernizasiya qilish va ta’mirlashning alohida hisobini yuritishi qoida sifatida kiritildi. Jamg’arma mablag’lari tibbiyot muassasasi qaysi guruhga mansubligiga qarab tegishli mutanosiblikda taqsimlandi va sarflandi.
Xarajatlar yo’nalishi
|
I guruh muassasalar
|
II guruh muassasalar
|
III guruh muassasalar
|
IV guruh muassasalar
|
Xodimlarni moddiy rag’batlantirish
|
25% dan ortiq bo’lmagan
|
35% dan ortiq bo’lmagan
|
40% dan ortiq bo’lmagan
|
50% dan ortiq bo’lmagan
|
Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, modernizasiya qilish va ta’mirlash
|
kamida 75%
|
kamida 65%
|
kamida 60%
|
kamida 50%
|
Tibbiyot xodimlarining ishga vijdonan munosabati va ko’rsatayotgan tibbiy yordamning yuqori sifati uchun tarif stavkalariga oylik ustamalar tegishli xodimning tarif stavkasidan 5 dan 20 foizgacha miqdorda belgilandi. Oylik ustamalar xodimlarning lavozimiga va tibbiyot muassasalari guruhiga qarab belgilandi.
Lavozimlar nomi
|
I guruh muassasalar
|
II guruh muassasalar
|
III guruh muassasalar
|
IV guruh muassasalar
|
Kichik tibbiyot xodimlari
|
5-15 %
|
5-15 %
|
5-15 %
|
10-20 %
|
O’rta tibbiyot va farmasevtika xodimlari
|
10-15 %
|
10-15 %
|
10-15 %
|
10-20 %
|
Vrach xodimlar va provizorlar
|
10-15 %
|
10-15 %
|
10-20 %
|
10-20 %
|
Do'stlaringiz bilan baham: |