«O‘rta yosh inqirozi» nima? Psixologiya “O‘rta yosh inqirozi” atama sifatida fanga kanadalik psixoanalitik Jak Elliot tomonidan 1965-yilda kiritilgan. Olim bu davrga tabiiy bosqich sifatida qaragan. Hayot chegaralanganligini tushunib yetish va buni anglash ongda ma’lum o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi va inson o‘z yutuq va imkoniyatlarini baholay boshlaydi. Kishi o‘zining bor kuchi va imkoniyatlarini safarbar qilmasdan yashayotganday, o‘zi istagan ishi bilan shug‘ullanmayotganday, orzusidagi inson bilan oila qurmaganday his qiladi. U hayot yo‘liga go‘yo o‘smir yoki bola kabi nazar soladi. Bolaligida qilgan orzularini yodga oladi va ularga erisholmagani uchun o‘zini ayblaydi. Yo‘qotgan vaqtiga, umriga achinadi. Aynan mana shunday qarashlar insonda o‘ziga nisbatan past nazar paydo bo‘lishiga olib keladi va u depressiyaga tushib qoladi. O‘rta yosh inqirozi uzoq vaqtni qamrab oladi. Olimlarning fikricha, u asosan, 35-60 yoshlar atrofida sodir bo‘ladi. Amerika olimlari esa 37-46, ayrim kishilarda esa 50 yoshgacha bo‘lgan davrda o‘rta yosh inqirozi sodir bo‘ladi deb hisoblaydi. Umuman olganda esa bu holat o‘rtacha 35-45 yosh qilib belgilangan. Erkaklarda 37-42 yoshda, ayollarda 36-42 yoshda inqiroz ancha jiddiy kechadi. O‘rta yosh inqirozini boshdan kechirayotganlar ko‘nglidan turli his-tuyg‘ular va istaklar o‘tadi, xususan: – hayotdan yangicha bir maqsad, ma’no qidirishadi; – erishilmagan maqsadlar uchun siqilish; – muvaffaqiyatga erishgan do‘stlari tomonidan kamsitilishdan yoki “omadsiz”ga qaraganday qarashlaridan qo‘rqish; – o‘zini yoshdek his qilishni, yoshlikka qaytishni istash; – o‘zidan salbiy xususiyat qidirish va tanqidiy qarash; – yolg‘izlikda o‘tkazilayotgan vaqtning ko‘payishi va hokazo. Umuman olganda, inson yoshlikda berilgan ko‘p imkoniyatlar o‘tib ketganini, qarilik davriga yaqin qolganini anglab yetadi. U egallagan ijtimoiy o‘rnidan ko‘ngli to‘lmaydi. Vaqt esa juda kam qolgan. Kishi bu bosqichda kutilmagan ishlarni qiladi. Havas qilsa arziydigan ish va oilaga ega bo‘lishiga qaramay, ularni tashlab ketadi. Muvaffaqiyat ham ba’zan inqirozning boshlanishiga sababchi bo‘ladi. Chunki inson shunchalik ko‘p narsaga egalik qilayotganidan endi qayerga harakat qilishni, egallagan narsalarini qanday ushlab qolishni bilmay qoladi. Shunday qilib, inson umrining o‘rta bosqichi jismoniy hamda ijtimoiy bosimlar bilan shartlangan bir nechta tabiiy omillar bilan izohlanadi. Ko‘pchilik bu paytda ota-onasidan ayriladi va natijada bola sifatidagi o‘rnini yo‘qotadi. Kishi ota-onasi bor ekan ellik yoshda ham, oltmish yoshda ham bola bo‘lib qolaveradi, ularga erkalana oladi, qiyin vaziyatlarda maslahatlashadi. Ota-onani yo‘qotish insonga o‘rta yosh inqiroziga o‘tish uchun “zarba” bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bunday vaziyatda kishi vaqt o‘tib borayotganini, o‘lim nimaligini anglaydi, hech nimaga ulgurolmayotganday tuyuladi. Psixologlarning fikricha, o‘rta yosh inqirozi erkaklarda taxminan 3-10 yil, ayollarda esa 2-5 yil davom etar ekan. Uning boshlanishiga jismoniy hamda tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarishlar bilan birga ishdagi muammolar yoki ishsizlik, oilaviy munosabatlar yoki oilaning mavjud emasligi, farzandlarning ulg‘ayganligi sabab bo‘ladi. Hozirgi zamon kishisida, ayniqsa, katta shahar va megapolislarda yashaydiganlarda jadal hayot sur’atlari ham ma’naviy inqiroz jarayonini kuchaytirib, uning erta boshlanishiga sabab bo‘lmoqda. “Ba’zi soha mutaxasislarining fikricha, zamonaviy jamiyat taraqqiyoti va axborotlar ko‘lamining kengayishi inson ruhiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli inqiroz davri 1950-1960-yillarda 37-50 yoshga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda taxminan 35-42 yosh atrofidagi kishilarda kuzatilmoqda. Jamiyat hayotidagi muammolar ko‘lamini 100 foiz deb oladigan bo‘lsak, uning 33 foizi aynan axborot texnologiyalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lmoqda. Oilaviy ajralishlarga internet, mobil aloqa vositalari ta’sir etayotganligi ham alohida qayd etilgan. Masalan, AQShda bu ko‘rsatkich 45-49 foizga chiqqanligi mutaxassislar tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi”, – deydi falsafa fanlari nomzodi Dilmurod Bozorov. Hayotning bu bosqichi ikki jins vakillarida turlicha kechadi. Bu holat ayollarda aynan jismoniy o‘zgarishlar va oiladagi rolning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Ayol o‘rta yoshga yetganda farzandlari katta bo‘lib qolgan, endi onasi ko‘magiga unchalik ham muhtoj bo‘lishmaydi. Aksincha, oila qurmagan ayollar ham yolg‘izlanib inqirozdan azob chekishadi. Erkaklarda bu holat ancha og‘ir kechib, belgilari ham aniq namoyon bo‘ladi. Bu davr murakkabliklari nafaqat o‘zlariga, balki oila a’zolari, ish jarayoni va hatto kelajak hayotiga ham ahamiyatli ta’sir o‘tkazadi. Inqirozning erkak va ayollarda turlicha boshlanib, turlicha kechishi to‘g‘risida D. Bozorov o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etadi: – Albatta, bu holat erkaklarda tezroq va ochiqroq tartibda namoyon bo‘ladi. Lekin bu harakatlarni oldindan baholash qiyin kechadi. Chunki erkaklar o‘rta yosh inqirozi davrida ko‘pgina ishlarni oqibatini o‘ylamasdan amalga oshiradi. Bunda hatto o‘zi uchun eng qadrli bo‘lgan oilasidan ham ayrilib qolishi mumkinligini oldindan bilmasdan ish tutadi. Shuning uchun ham ayollar bu yoshdagi erkaklarning xatti-harakatlariga sabr bilan munosabatda bo‘lishi lozim. Psixolog maslahatiga olib borish, doimo oldida bo‘lish, u inson uchun qadrli bo‘lgan kishilar, narsalar haqida ko‘proq gapirish, jinsiy munosabatlarni imkon qadar tartibga solish, u erishayotgan yutuqlar to‘g‘risida ko‘p gapirish, ma’naviy-ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ko‘proq birga sayohat, dam olishga chiqish ham bu holatdan olib chiqib ketishga imkon beradi. Ruhiy inqiroz sabab bunday insonlarni tushkunlik, skeptitsizm (har narsadan shubhalanish) chulg‘ab oladi, ular yashashdan ma’no topolmaydi, hatto suitsid (o‘z-o‘zini o‘ldirish)ni oqlashga va tabiiy hodisa sifatida targ‘ib etishga ham o‘tib olishlari mumkin. Ayollarda esa inqiroz sekin va yashirin tarzda kechadi. Chunki ayollarda bu holatga qarshi tura oladigan yaqin insonlari, oilasi, ayniqsa, farzandlariga bo‘lgan mehr-muhabbati bor. Eng avvalo, bir narsani yaxshilab tushunib olishimiz kerak. Insonning xato qilishga haqqi bor, bundan tashqari, jismonan hamma narsaga birday ulgura olmaydi. Inqiroz davrida kishiga hordiq, ko‘tarinki ruh hamda ko‘mak zarur. Hammada, shu jumladan, sizda ham parvozlar va qulashlar bo‘lishi, tabiiy. Hayot tekis yo‘l emas. Nazaringizda, hayotingizda hech bir ahamiyatli yutuqqa ega bo‘lmagan bo‘lsangiz, unda oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga bir baho berib chiqing. Maqsad sari yurgan yo‘lingizni ham ko‘rib chiqing. Unda xato va kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lishingiz mumkin. Inqiroz bosqichiga yangi anglangan, ilgari qilingan xatolarga yo‘l qo‘yilmaydigan hayotning boshqa bir bosqichiga o‘tish sifatida qarang. O‘rta yosh inqirozini tadqiq qilishda uning qancha vaqt davom etishi va davomiylik qanday omillarga bog‘liq ekanligi to‘g‘risida mutaxassis D. Bozorovning fikrlari quyidagicha: – O‘rta yosh inqiroz davrining davomiyligi depressiya bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda biz depressiyani insonning o‘zi bilan o‘zi kurashishi deyishimiz mumkin. Ba’zi faylasuflarning fikricha, agar har bir kishi bu hayotda yo‘qotganidan qimmatliroq obyekt topsa yoki yanada kuchliroq mehr-muhabbatga duch kelsa, yo‘qotishdan iztirob chekmaydi, balki uni yangi kechinmalar yanada ko‘proq izlanishga va sevishga undaydi. Tushkunlik depressiyaning boshlanishi sanaladi. Shuning uchun ham uzoq davom etgan tushkunlik depressiyani kuchaytiradi, stressga yetaklaydi. Tushkunlikka ko‘pincha insonning o‘zi, qalbida, ruhida kechadigan kechinmalar sababchi bo‘ladi. Tushkunlik, depressiya faqat hayotdan qoniqmaslikni anglash mahsuli emas, ular hayotidan shod, turmushi farovon, yor-u do‘stlari ko‘p kishining ham holati bo‘lishi mumkin. Mazkur holatning negizini topish oson emas. Hech nimaga ehtiyoj sezmaydigan, barcha istaklarini ro‘yobga chiqara oladigan insonlarda ham tushkunlikka tushish bor. Depressiyaning og‘ir shakli stressga yoki o‘limga olib kelishi mumkin. Olimlarning fikricha, depressiyaga uchraganlarning 15 foizi bu holatni yengib o‘tolmay o‘zini nobud qilishi mumkin. Yengil depressiyadan qo‘rqmaslik kerak, uni har kim yenga oladi. Hayot mashaqqatlarini real voqelik sifatida qabul qiladigan kishi yengil depressiyaga tik boradi, u o‘z kuchiga ishonadi, sabr-toqat bilan maqsadiga intiladi. Eng muhimi, u hayotdan nima olmoqchi, nimaga erishmoqchi ekanini biladi, depressiyani o‘zidan asta-sekin chiqarib yubora oladi. Albatta, bu mutlaq depressiyadan qutulish yo‘li emas. Hayotning ma’lum bir bosqichlarida, ayniqsa, yoshligida, bilagida kuch-quvvat borligida, tomiridagi qon ufurib turganida kishi tushkunlikdan yiroq yuradi. Ammo depressiya vaqti-vaqti bilan uning diliga g‘ulu solib, hayot tajribasi oshgan sayin esa hamrohiga aylanadi. Chunki u qarigan sayin hayot o‘tkinchi ekaniga iqror bo‘ladi, dilini uncha-muncha narsa xushnud etolmaydi, ko‘pincha tushkunlik chulg‘aydi. “Nima uchun yashadim, to‘g‘ri yashadimmi, orzularimga yetdimmi, nimalarga yetolmadim, nahotki, hech nimani orqaga qaytarolmasam, o‘zimdan nimani qoldiryapman, keyinchalik, meni eslaydigan, qabrimni izlaydigan odam topilarmikan”, degan savollar bezovta qilaveradi. Ma’lum bir savollarga u javob topishi mumkin, topishi kerak, aks holda u o‘zini og‘ir depressiyaga duchor etadi. Hayotdan ma’no izlash insonning tabiiy istagi, qalb xohishidir. Depressiya esa ularga zid holat, hayotdan ma’no topmaslik inson dilini iztiroblarga ko‘madi. Hayotdan ma’no, mazmun topganda depressiya chekinadi. Shuning uchun insonga dilini xushnud qiladigan buyuk hayotiy maqsad, oliyjanob, maftunkor hayotiy rejalar kerak. Depressiyani yengish emas, balki buyuk niyatlar bilan yashash, hayotiy maqsad bo‘lishi kerak. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, inqiroz, bu – biron bir kishining o‘z hayotida muayyan chegaraviy bosqichga yetib kelganini, u bundan buyon avvalgiday qolishi mumkin emasligini, uning sifat jihatdan o‘zgarish vaqti kelganini ifodalovchi hodisa. Kishi umri davomida turli xil inqirozlar (yangi tug‘ilgan chaqaloqlik inqirozi, uch yosh inqirozi, o‘smirlik davriga o‘tishdagi inqiroz, o‘rta yosh inqirozi)ni boshidan kechiradi. Va ularning har biri inson rivojlanishining yangi bosqichiga o‘tishi uchun xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday o‘tish davrini bosiqlik bilan, ushbu jarayonni tushungan va yaxshi anglagan holda bosib o‘tish lozim. Ruhiyatning ana shunday qirralariga toblanish, iroda va aql sinovi deb qarash kerak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |