4.6. O'tkir miokard infarkti
Yurak toj tomirlarining tromb bilan berkilib qolishi natijasida, yurak mushaklarining ma'lum qismiga qon bormaydi, natijada o'sha yerda gipoksiya sodir bo'lib, keyinchaliknekrozga uchraydi, ana shu holatga о 'tkir miokard infarkti deyiladi. Hozirgi paytda o'tkir miokard infarkti yoshlarda ko'p uchramoqda.
Asosan yurak tomirlarining aterosklerozi, gipertoniya kasalligi, trombozlar, revmatizm, endoartrit, endokardit va hokazolar o'tkir miokard infarkti kelib chiqish sabablaridir.
Miokard infarktini kelib chiqishiga qo'shimcha dalillar ta'sir qiladi, chunonchi: jismoniy va aqliy mehnat natijasida organizm-ning charchashi; markaziy asab sistemasining taranglanishi va charchashi (turli salbiy ta'sirlar natijasida); ko'p miqdorda ovqatlanish, chekish, spirtli ichimliklarni ko'p iste'mol qilish, kam harakatlilik, organizm vaznining oshib ketishi va boshqalar.
Miokard infarktining patogenezi o'ta murakkab bo'lib, shu kungacha aniq bir fikr yo'q. Ko'pchilik olimlar fikricha infarktning rivojlanishiga yurak-qon tomirlarning trombozi va koronorosklerozi, bulardan tashqari, qonning ivish faktorlarining buzilishi, toj tomirlarning uzoq vaqt davomida spazmi va hokazolar sabab bo'ladi.
Miokard infarktida quyidagi zonalar ajratiladi:
ishemiya zonasi;
jarohat zonasi;
nekroz zonasi.
Miokard infarkti yurak mushaklarining qaysi qavatida joylashganiga yoki sodir bo'lganligiga qarab quyidagilarga bo'linadi. Agar miokard infarkti yoki nekroz endokard qavati ostida sodir bo'lgan bo'lsa, subendokardial formasi deyiladi. Agar nekroz yurak mushaklarining hamma qavatlarida bo'lsa, transmural miokard infarkti deyiladi.
Miokard infarktda nekrozning tarqalishiga qarab keng o'choqli va kichik o'choqli miokard infarkti tafovut qilinadi.
Miokard infarktining bir necha klinik ko'rinishlari bor: periferik, abdominal, miya, og'riqsiz, astmatik, kollaptoid, aritmik.
Bemor og'riq bilan murojaat qilganda birinchi navbatda miokard infarkt bo'lishi mumkinligini o'ylash kerak.
Miokard infarktining yuqoridagi ko'rinishlarida bemorga a'zolar kasalligi belgilari, anamnezi va elektrokardiogramma ma'lumotlariga asoslanib yordam ko'rsatish mumkin.
Miokard infarktining anginoz formasi ko'p uchraydi, unda kuchli og'riq asosiy belgi hisoblanadi. Og'riq to'sh orqasida va yurak sohasida kuchli bo'lib, chap qo'l, quloqqa, jag' sohasiga, ko'krak sohasiga tarqaladi. Og'riq shunchalik kuchli bo'ladiki, bemor o'zini qo'yishga joy topa olmaydi, rangi oqaradi, harakatdan qoladi, ter bosadi, qon bosimi pasayadi. Stenokardiyadan farqi kuchli og'riq bo'lishi va uzoq vaqt davom etishidir. Nitroglitserin ham og'riqni susaytirmaydi. Shu holat status anginozus deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |