Franklar davlati (V–IX asrning birinchi yarmi). Rim imperiyasining zaiflashuvi davriga kelib, yer tanqisligi sababli imperiyaning ittifoqchisi bo‘lgan varvarlar, ya’ni german jamiyatini tashkil etuvchi tobora o‘sib borayotgan ko‘p sonli german qabilalari uning hududiga ko‘chib o‘tadi. Bu ko‘chish IV asr oxiri va V asrlarni o‘z ichiga olib, «xalqlarning buyuk ko‘chishi» davri deb ataladi.
Umuman olganda, bu davrda oldinroq Quyi, O‘rta va Yuqori Reyn, Yutlandiya yarim oroli, Elba bo‘ylari, Dunay va Qora Dengiz bo‘yi hududlarida yashovchi katta-katta varvar qabilalaridan ingliz-sakslar, franklar, allemanlar, langobardlar, vandallar, burgundlar, vestgotlar va ostgotlar ittifoqlarga birlasha boshlagan. Bundan ham ilgariroq gotlar ittifoqlarining har biri Dunay va Qora Dengiz bo‘yi hududida ko‘p qabilalik davlat tashkil qilgan edi.
Ko‘chib kelgan german qabilalari V asr oxiriga kelib Rim imperiyasi hududiga, ya’ni vandallar Shimoliy Afrika, vestgotlar (g‘arbiy gotlar) Ispaniyaga, ostgotlar (sharqiy gotlar) Italiyaga, franklar Galliyaga, inglizlar bilan sakslar Britaniyaga joylashdilar. Ular shu joylarda o‘z davlatlarini tuzdilar.
Rim imperiyasi hududida tuzilgan varvar qirolliklari orasida eng kattasi va kuchlisi Franklar qirolligi edi. Sali (dengiz) frank (erkin, jasur)lari ilgarigi davrda ham eng kuchli qabila hisoblangan. Franklar qirolligining asoschisi Merovinglar sulolasiga mansub qirol Xlodvig (481–511-y.) hisoblanadi. U frank qabilalarini birlashtirish va 486-yilda Galliya viloyatini (markazi Parij) egallashni amalga oshirgan1. Franklar VI asr davomida deyarli barcha german qabilalarini itoat ettirgan.
VII asr boshlarida Xlodvig sulolasining ichki urushlari natijasida zaiflasha boshlaydi. VII–VIII asrlarda Merovinglar qirollari qo‘lida yerning ozgina qismi qoladi. Butun ma’muriy, sud va harbiy hokimiyat mahalliy magnatlar qo‘lida to‘planadi. Haqiqatda parchalanib ketgan franklar davlatining ayrim bo‘laklaridagi eng yuqori ma’muriy mansab mayordamlik bo‘lib qoladi. Mayordam nomi qirol saroyida eshikog‘asi, ya’ni saroy boshlig‘iga nisbatan aytilgan va barcha qaram davlatlar saroyida joriy qilingan.
Bu davrga kelib davlat boshqaruvida mayordamlar – saroy boshqaruvchilari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Avstraziya mayordamlari – Pipinidlar (Karl Martell, 715–741-y.) mamlakatni inqirozdan olib chiqish, siyosiy jihatdan birlashtirishda, qirol hokimiyatini mustahkamlash kabi islohotlarni amalga oshiradi. Karl Martellning taxt vorisi Pipin III Pakana (741–768-y.) hokimiyatdan mahrum bo‘lgan Merovinglar sulolasini taxtdan tushiradi. Bu o‘zgarish Rim papasining yordami bilan amalga oshiriladi. 751-yilda Suasson shahrida frank zodagonlari yig‘ilishida Pipin frank qiroli deb e’lon qilinadi. Shu vaqtdan boshlab Karolinglar sulolasiga asos solinadi. Uning o‘g‘li Buyuk Karl (768–814-y.) davrida Franklar davlati imperiyaga aylanib, 800-yilda u imperator unvonini oladi. Sulala nomi aynan uning nomidan olinadi. Uning vafotidan so‘ng imperiya uzoq yashamaydi. Iqtisodiy asosning yo‘qligi va omillar sababli imperiya parchalanib ketadi.
843-yilgi Verden (saroy) shartnomasiga ko‘ra franklar davlati bo‘linib ketadi. Galliya (Fransiya), Bovariya va boshqa yerlar imperiyadan ajralib chiqdi. Oqibatda bu yerlar Germaniya va nihoyat Italiya davlatlari tarkibiga kirdi. Ushbu shartnomaga muvofiq, Buyuk Karlning uch nafar nevarasi, ya’ni Lyudovik o‘g‘illari mustaqil qirollarga aylanadi. Imperatorlik unvoni turli davrlarda turli avlodlarga o‘tib borib, X asr boshlariga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Lyudovikning katta o‘g‘li Lotarga Italiya, sharqda Reyn bilan g‘arbda Mass, Shelda, Sena va Rona daryolari o‘rtasidagi yerlar, Lyudovik Nemisga Reynning sharqidagi yerlar tegadi. Lotarga qarashli yerlarning g‘arbidagi yerlar Karl Yaltiroqboshga o‘tadi. Keyinroq, Lotar vafot etganidan so‘ng yerlar qaytadan bo‘linadi. Reyn bo‘yidagi yerlarning barchasini Lyudovik bilan Karl o‘zaro bo‘lishib oladi. Lotarning avlodlari esa Italiyadagi yerlarnigina o‘z qo‘lida saqlab qoladi. Dastlab Lotarga qarashli bo‘lgan Burgundiya mustaqil qirollik bo‘lib ajralib chiqadi.
Shu tariqa Franklar davlati o‘z umrini o‘tab bo‘ladi. Mazkur taqsimot Yevropada keyinchalik vujudga kelgan uchta katta davlat – Fransiya, Germaniya va Italiyaning tashkil topishini umumiy bir tarzda belgilab berdi.
Franklar davlati boshqarish shakli bo‘yicha ilk feodal monarxiyasi edi. Ibtidoiy jamoa tuzumidan feodal jamiyatga o‘tish yo‘li bilan vujudga kelgan. Unda eski jamoa tashkilotlarining muhim qoldiqlari, qabilaviy demokratiya muassasalari saqlanib qolgan edi.
Merovinglardan so‘ng Karolinglar sulolasi davriga to‘g‘ri keluvchi ikkinchi bosqichda frank jamiyatining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan tiklanishi yuz beradi. Buning natijasida asta-sekin sen’orlik monarxiyasi shaklidagi feodal davlat shakllandi. Bu davrda feodal yer egaligi, feodallar va qaram dehqonlar sinfining tashkil topishi tugallanadi.
Franklar davlatida boshqaruv asosan saroy mansabdorlari va kengashi orqali amalga oshirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |