O’QUVCHI YOSHLAR TARBIYASINING SHAKLLANISHIDA O’QITUVCHI VA O’QUVCHI ORASIDAGI O’ZARO MUNOSABATLAR.
Mamatmuminov Ulug’bek Kudratovich
Surxondaryo viloyati Qumqo’rg’on tumani 27-sonli IDUM Boshlang’ich ta’lim o’qituvchisi. DTPU Magistranti (Ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi )
mamatmuminovulugbek3@gmail.com
Mamlakatimizning kelajagi, mustaqil O‘zbekistonning istiqboli, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan tarbiyachi o‘qituvchiga, uning saviyasiga, tayyorgarligiga, fidoyiligiga, yosh avlodga ta’lim berish va barkamol inson darajasida tarbiyalab, voyaga yetkazishga nisbatan shijoatiga bog‘liq. Har qanday ta’lim muassasasida tarbiyaviy jarayon bevosita o‘qituvchi tomonidan tashkil qilinadi va olib boriladi. Yangicha ijtimoiy sharoitda ta’lim- tarbiyadan ko‘zda tutilayotgan maqsadlarga erishish, o‘quvchilarning dars va darsdan tashqari xilma-xil tarbiyaviy faoliyatlarini uyushtirish, ularni bilimli, odobli, e’tiqodli, vatanparvar, mehnatsevar, barkamol inson qilib o‘stirish va kasbga yo‘naltirish o‘qituvchi zimmasiga yuklatilgan.
Mening fikrimcha o'qituvchilik faoliyatida pedagogik muomalaning muvaffaqiyatli bo'lishi ko'p jihatdan unda pedagogik qobiliyatning mavjudligiga va pedagoglik nazokati (odobi) ni egallaganiga bog'liq bo'ladi. Muallim hayotga endigina kirib kelayotgan, barkamol shaxs sifatida shakllanayotgan insonlar — yosh bolalar bilan muloqotda bo'ladi. Bolalar ta’lim- tarbiya jarayonida umuminsoniy va milliy axloq normalarini (mezonlarini) o'zlashtiradi. O'quvchi muomala odobini asosan o'qituvchi timsolida anglab oladi. Tarbiya va ta’limni bir-biridan alohida ajratib bo‘lmaydi, bu ikki jarayon o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etilgandagina odobli, axloqiy fazilatlarga ega, yuksak ma’naviyatli, shu bilan birga bilimdon, zukko, ruhan va jismonan sog‘lom, keng dunyoqarash va tafakkurga ega, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lgan vatanparvar yoshlarni yetishtirib beradi. O‘zbekistonda yoshlar tarbiyasini zamonaviy asosda ilmiy-texnologik isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlar uni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan tayanch kompetensiyalar, fazilatlar asosida shakllantirishni talab etmoqda.
Tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, bolada tayanch fazilatlarni kafolatli shakllantirishda oila, maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, mahallalarning ijtimoiy-pedagogik imkoniyatlarini to‘liq yuzaga chiqarishni va ular orasida ilmiy-metodik uzviylikni yangi darajaga ko‘tarishni taqozo etadi. Vatanga sadoqat, burch va mas’uliyat, tashabbuskorlik va boshqa fazilatlar yoshlar ongida nazariy tushunchalar sifatida qolib ketgani holda uning tabiatida amaliy odatlarga aylanmayapti. Buning oqibatida ularning ushbu fazilatlar haqidagi so‘zlari bilan amallari orasida tafovut namoyon bo‘lmoqda, bu esa har yili mustaqil hayotga kirib kelayotgan yigit-qizlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida bir qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Ayrim o‘quvchi-yoshlarda yuksak maqsadlarning shakllanmaganligi, o‘zini o‘zi o‘qishga safarbar qilish, iroda, matonat, tirishqoqlik, harakat fazilatlari yetarli rivojlanmaganligi ta’lim sifatiga ham zarar ko‘rsatmoqda. Bu muammolarni hal qilishda o’qituvchi va pedagoglar muhim rol o’ynaydi.
Umumta’lim maktablarining o‘rta va yuqori sinflari o‘quvchilarini ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida tarbiyalashda inobatga olinishi lozim bo‘lgan jihatlar:
o‘smirlik yoshiga xos ichki pozitsiyaning paydo bo‘lishi;
irodaviy sifatlarning namoyon bo‘lishi;
ijtimoiy faollik, bilishga intilish va o‘zini namoyon qilish motivlarining rivojlanishi;
faoliyat va muloqot mazmunini belgilovchi shaxsiy qadriyatlar tizimining shakllanishi;
shaxslararo munosabatlarning differensiallashuvi, referent guruhlarning paydo bo‘lishi;
fuqarolik pozitsiyasi, o‘zi va atrofdagilarga hamda jamiyatga munosabat asoslarining shakllanishi;
milliy qadriyatlar, an’analarga hurmatning namoyon bo‘lishi;
o‘zini-o‘zi tarbiyalash va shaxsiy sifatlarning rivojlanishi;
o‘z muammolarini o‘zi mustaqil hal qilishga intilish;
xavfsiz hayot madaniyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarning namoyon bo‘lishi;
axloqiy, siyosiy dunyoqarash va diniy e’tiqodning shakllanishi;
pozitiv ijtimoiy mo‘ljallarning oydinlashuvi va ularga erishish yo‘lidagi intilishlar;
ma’naviy-axloqiy prinsiplarning qat’iylashuvi;
ichki his-tuyg‘ularga e’tiborning oshishi, emotsional munosabatlarning tanlov asosida namoyon bo‘lishi;
mustaqil hayot uchun zarur ijtimoiy kompetensiya va fazilatlarning odatlarga aylanishi.
Ush bu jihatlarni inobatga olgan holda bizdan o’z tarbiya metodlarimizga yangicha yondashish talab etiladi.
________________________________________________________________O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “UZLUKSIZ MA’NAVIY TARBIYA KONSEPSIYASINI TASDIQLASH VA UNI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA”gi 2019-yil 31-dekabr 1059-sonli qarori
Do'stlaringiz bilan baham: |