Qadimiy Ahdning ichidagi diniy ta’limot va aqidaga bag’ishlangan eng asosiy va obro’li qismi Tavrotdir. U xristianlik an’anasiga ko’ra «Besh kitob», yahudiylar an’anasiga ko’ra «Tora» (ta’limot) hisoblanadi.
Qadimiy Ahddagi «ahd» so’zi xudoning insonlar bilan maxsus aloqasini bildiradi. Qadimiy Ahd matni ibriy (eski yahudiy) va oromiy tillarida yozilgan. U qadimgi payg’ambarlarning kitoblari (Ketuvim), Sulaymon payg’ambarning matallari (Nevi’im) va (Torah) nomli kitoblardan iborat. Unda «Xudo yarlaqagan» Isroil xalqining tarixi haqida hikoyalar beriladi.
«Ibtido» mil. av. 1400 yillarda Xudoning buyrug’iga ko’ra, Muso payg’ambar tomonidan yozib olingan. Unda Xudo olamni qay yo’sinda yaratgani, odamzotning gunohga botgani, buning natijasida olamga azob va o’lim kelishi haqida xabar beriladi. Shuningdek, unda dunyodagi xalqlarning vujudga kelishi va jahonga tarqalishi tarixi bayon qilingan. Odam Ato va Momo Havvo, Hobil va Qobil, Nuh, Lut, Ibrohim, Ishoq, Ismoil, Ya’qub, Yusuf, Fir’avn va boshqa shaxslar, To’fon, Bobil minorasi va tillar chatishuvi, Sadom va Hamoraning xarob bo’lishi singari eng qadimiy hodisalar ham Ibtidodan o’rin olgan.
«Chiqish» kitobida Muso payg’ambarning tug’ilishi, hayoti, Misr Fir’avni tomonidan qattiq zulmga tortilgan yahudiylarni Yahve amri bilan xalos qilgani, unga Tur tog’ida Yahve tomonidan o’nta ”vasiyat” (zapoved)ning berilishi haqidagi rivoyatlar keladi. Bundan tashqari yahudiylikning ibodatlari, rasm-rusmlariga taalluqli ko’rsatmalar berilgan.
«Levit» kitobi turli tuman urf-odat va diniy marosimlarga oid ko’rsatmalarni o’z ichiga olgan. Unda, asosan, qurbonlik haqida so’z yuritilib, Xudo yo’liga qanday hayvonni qurbonlik qilish yoxud, qay tarzda amalga oshirish lozimligi bayon qilingan. Shuningdek, yahudiy xalqiga hayvon va parrandalardan qaysilarining go’shtini yeyish mumkin va qaysilarini yeyish ta’qiqlangani hamda boshqa turli hayotiy masalalar yuzasidan ko’rsatmalar berilgan.
«Sonlar» kitobiga ko’ra yahudiy xalqining Muso payg’ambar boshchiligidagi Misrdan chiqishining ikkinchi kuni ularga urushga yaroqlik barcha erkaklarning hisobini olishga buyurdi. Bu kitobda Muso payg’ambar rahbarligidagi yahudiylarning qabila, urug’, avlodlar bo’yicha asosiy namoyandalarining nomlari sanab o’tiladi. Yana, unda Misrdan chiqqan Banu Isroil qavmining Muso payg’ambar bilan kechirgan hayotlari va tortgan qiyinchiliklari va olib borgan janglari haqida so’z boradi. Yahve Musoga janglarda qo’lga kiritilgan o’lja va asirlarning hisobini olish va ularni qanday taqsimlash borasida ko’rsatmalar beradi.
«Ikkinchi qonun» kitobi 34 bobdan iborat. 27, 31, 34-boblardan tashqari qolgan qismlari birinchi shaxs nomidan yozilgan. Bibliyada keltirilgan rivoyatga ko’ra, birinchi avliyo Xilkiya nomli shaxs Iosiya podshohligining 18 yilida, ya’ni mil. av. 621 yilda Quddus (Ierusalim) ibodatxonasida Qonun kitobini topgan. «Ikkinchi qonun»ning asosi ana shu Qonun kitobi hisoblanadi.
«Nevi’im» (Payg’ambarlar) kitobi ikki qismga bo’linadi. Birinchi qismga avvalgi payg’ambarlarning kitoblari kirgan bo’lib, ular: Iisus Navin, «hukmlar», Samuilning ikki kitobi va ikkita «Podshohlik», Ruf, Yesfir, Yezdra, Neemiya, Paralifomenon kitoblari; ikkinchi qismga keyingi payg’ambarlar kitoblari kirgan bo’lib, ular uchta katta payg’ambar – Isaiya, Ieramiya, Iezekiil va 12 ta kichik payg’ambar – Osiya, Ioil, Amos, Avdiy, Iona, Mixey, Naum, Avvakum, Sofoniya, Aggey, Zaxariya, Malaxiyalarning kitoblaridir.
«Ketuvim» qismi «Zabur», «Qissalar», Iov kitobi, Solomonning «qo’shiqlar qo’shiqlari», Ruf kitobi, «Ieramiya yig’isi», Yekkleziast, Yesfir, Daniil, Yezdra kitoblari va Solnomalar kitobini o’z ichiga oladi.
Talmud. Milodning I-IV asrlarida yahudiy davlati boshdan kechirgan iqtisodiy va ijtimoiy tanazzuli xalq orasida ruhoniylar obro’yining benihoya oshib ketishiga sabab bo’ldi. Ular o’zlarini ravvinlar (hazrat, janob) deb atadilar. 66-70 yillardagi qo’zg’olonda Isroil xalqini halokatdan qutqarib qolgan Ioann ben Zakkai nomli shaxs yashirincha O’rta yer dengizi bo’yida Yavne (Yavneh) degan joyda diniy maktab (akademiya) tashkil qildi. Bu maktab ravvinlar ta’limotini tarqatish markazi bo’lib qoldi. Natijada Lidda, Sepforis, Ush, Tiveriada degan joylarda shunga o’xshash maktab – «akademiya»lar tashkil etildi. Bu akademiyalarning rahbarlari «nasi» (knyaz) yoki patriarx deb ataldi. Ular bu maktablarga rahbarlik qilish bilan bir qatorda o’z hududlarida fuqarolik ishlari bo’yicha hakamlik vazifalarini bajardilar hamda jamoaning barcha ishlarida rahbar, barcha yahudiylarning diniy rahnamosi hisoblanar edilar.
Mazkur patriarxlar boshqargan maktablarda «Talmid-xoxomlar», ya’ni yahudiy diniy qonunchilari avvalgi «Galaxa» (yahudiy diniy qonunlari)ni sharhlash va yangilarini ishlab chiqish bilan shug’ullandilar. Shu davrdan boshlab Galaxalarni sistemalashtirish ishlari boshlandi. Galaxalar uzoq davr og’zaki ravishda avloddan-avlodga o’tib kelgan edi. Bizgacha yetib kelgan «Mishna» (Mishnah) nomli Galaxalar to’plami 210 yil atrofida III asrda yashagan Yuda Ha-Nasi (Judah Ha-Nasi) ismli patriarx tomonidan yozilgan. Keyinchalik Mishnaga ko’p o’zgartirishlar kiritilgan va unga turli shaxslar tomonidan sharhlar bitilgan. Unga yozilgan sharhlar «Gemara» (Gemara) deb atalgan. Mishna va Gemaraning, ya’ni Galaxalar va ularning keyingi sharhlarining to’plami birgalikda Talmudni tashkil etadi.
Talmud (qad. yahud. “lameyd” – “o’rganish”) mil. av. IV asrlarda vujudga kelgan va yozma Toradan farqli o’laroq, avloddan-avlodga og’zaki ravishda o’tib borgan. Shuning uchun Tora «yozma qonun» (Torah shebikhtav), Talmud esa «og’zaki qonun» (Torah shebe’al peh) deb yuritilgan. Talmudning Falastin (Yerushalmi) va Vavilon (Bavli) nusxalari mavjud. Yerushalmi Talmudi milodning 390 yili atrofida, Bavli Talmudi milodning 499 yili atrofida tahrir qilingan.
Unda yahudiylarning esxatologik (oxirat, qiyomat, marhumlarning tirilishi, u dunyodagi ajr va jazo haqidagi) tasavvurlari o’z aksini topgan. Talmudda yahudiylikning marosimlari, urf-odatlari aniq bayon etilgan bo’lib, ular 248 ta vasiyat va 365 ta taqiqni o’z ichiga oladi. Shuningdek, unda qadimiy yahudiylar orasida din, firqa, guruhlar (sadduqiylar, farziylar, yesseylar)ning kelib chiqishi haqida tarixiy ma’lumotlar keltirilgan. Unda bayon etilgan diniy qonun-qoidalar, aqidalar, ko’rsatmalar yahudiy dinining asosini tashkil etadi.
Yahudiylarning Talmud qatoriga kiruvchi yana bir diniy manbasi Midrashlar (tafsir) hisoblanadi. Ular ham Talmud singari diniy qonun qoidalar to’plami bo’lib, yahudiy ravvinlarining Toraga yozgan sharh-tafsirlari hisoblanadi. Ular Midrashlardan ko’proq sinagoga targ’ibotlarida foydalanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |