Zaruriyat va tasodif. Zaruriyat narsaning ichki mohiyatidan kelib chiqadi va uning ichki qonunlari, strukturasi va tartibi bilan belgilanadi. Zaruriyat – bu hodisalar o’rtasidagi ularning qonuniy o’zgarishi va rivojlanishini belgilovchi barqaror, muhim ichki aloqalar. Zaruriyat hodisaning, jarayonning mohiyatidan kelib chiqadi va mazkur sharoitda muqarrar tarzda yuz beradi.
Ammo dunyoda tasodifiy voqealar, hodisalar ham bor.
Tasodif – obyektlarning vujudga kelishi yoki mavjudligining muammoliligini yoki muqarrar emasligini belgilovchi kategoriya bo’lib; muayyan sharoitda bo’lishi ham, bo’lmasligi ham mumkin bo’lgan narsadir. Tasodif voqelikning asosan tashqi sharoitlar, yuzaki, beqaror aloqalar va mazkur hodsa uchun ikkinchi darajali omillar ta’sirida paydo bo’luvchi holatlarini aks ettiradi.
Zaruriyat va tasodif alohida-alohida mavjud bo’lmaydi. Ularning o’zaro aloqasi shundan iboratki, tasodif zaruriyatning namoyon bo’lish shakli sifatida va uning to’ldiruvchisi sifatida amal qiladi.Zaruriyat va tasodif dialektikasi ikki muhim jihatni nazarda tutadi. Birinchidan, tasodif rivojlanish jarayonida zaruriyatga aylanishi mumkin. Ikkinchidan, zaruriyat son-sanoqsiz tasodiflar orqali o’ziga yo’l ochadi.
Bilish faoliyati tasodifdan zaruriyat sari yuksalish tarzida yuz beradi.
Zaruriyat va tasodif qarama-qarshiliklar bo’lsa-da, lekin ular birdir. Har qanday hodisa ichki zaruriyat tufayli yuz beradi, ammo uning yuz berishi ko’p sonli tashqi omillar bilan bog’liq bo’lgani bois, zaruriyatni tasodif muqarrar tarzda to’ldiradi. Bu zaruriyat ham, tasodif ham sof holda mavjud bo’lmasligini anglatadi. Tasodif – zaruriyatning namoyon bo’lish shaklidir. Zaruriyat, sabab, qonunni kashf etish – ahamiyatsiz, tasodifiy narsalarni mavhumlashtirish demakdir.
Imkoniyat va voqelik. Imkoniyat va voqelik kategoriyalarida borliqning o’zgaruvchanligi, dinamikasi, uning o’zgarish tendentsiyalari o’z aksini topadi. Imkoniyat rivojlanishning obyektiv tendentsiyalarini aks ettiradi, u qonuniyat, zaruriyatga, o’zgarayotgan narsaning muhim tomonlariga muvofiq yuzaga keladi. SHuningdek, Imkoniyat – narsaning uning tugallanmagan, potentsial rivojlanishidagi obyektiv mavjud bo’lgan va ichdan belgilangan holatini aks ettiruvchi falsafiy tushuncha.
Voqelik – amalga oshgan, aktuallashgan borliqni tavsiflovchi falsafiy kategoriya: voqelik amalga oshgan imkoniyat hisoblanadi.
Voqelik tushunchasi ikki ma’noda ishlatiladi. Birinchidan, voqelik – bu mavjud borliq, biz yashayotgan dunyo, uning ongimizdagi in’ikosidir. Voqelik tushunchasi ayrim predmetning borlig’iga ham tegishlidir. Bu ma’noda u obyektning holatini tavsiflovchi mazkur lahzadir. Ikkinchidan, voqelik ro’yobga chiqqan imkoniyat sifatida tavsiflanadi. Bu ma’noda voqelik tushunchasi imkoniyat kategoriyasining nisbatdoshi hisoblanadi. Ular bir-biriga o’tuvchi qarama-qarshiliklardir. Imkoniyat potentsial, voqelik esa aktualdir. Imkoniyat – abstrakt va mazmun jihatidan qashshoq tushuncha. Voqelik – muayyan va mazmunan boy tushuncha, chunki u ko’p sonli xossalar, individual betakror jihatlarni o’z ichiga oladi.
Real va formal, abstrakt va muayyan imkoniyatlar farqlanadi. Real imkoniyat imkoniyatni voqelikka aylantirishi mumkin bo’lgan shart-sharoitlar mavjudligini anglatadi. Formal imkoniyat rivojlanishning tasodifiy omillari mahsulidir.
Kategoriyalar fikrlashning universal shakllari bo’lib, ularda obyektiv voqelikda mavjud bo’lgan umumiy aloqalar, xossalar va munosabatlar aks etadi;
Kategoriyalarda kishilik jamiyati ko’plab avlodlarining tajribasi va faoliyati mujassamlashadi. Bilish natijalari o’z aksini topuvchi tushunchalar va kategoriyalar bo’lmasa, bugungi kunda bilishning o’zi ham bo’lmas edi;
Kategoriyalar obyektivlik, muayyanlik, amaliyot bilan bog’liqlik, tarixiylik, o’zgaruvchanlik va h.k. xususiyatlar bilan tavsiflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |