Chaqaloq va onasi uchun chilla davri. Xalqimizning urf-odatlari orasida farzandning dunyoga kelishi bilan bog‘liq marosimlar mavjud bo`lib, ularning har biri yaxshi niyatlar bilan amalga oshiriladi.
Bu chaqaloq tug‘ilganda yaqin kishilardan “suyunchi olish”, “kindik kesish”, bolani cho‘miltirish, chaqaloqqa ism qo‘yish, qulog‘iga azon aytish, kichik va katta chilla davrini o‘tkazish, chaqaloqni beshikka solish kabi tadbirlardan iborat. O’tmish odatlariga ko‘ra ona va chaqaloqni har tomonlama asrash taqozo etilgan. Chilla davri uchun xarakterli xususiyatlar: ona va bolani yolg‘iz qoldirmaslik, ular yashayotgan xonaga hech kimni kiritmaslik, chaqaloqni tuzli, tuproqli suvlarda tez-tez cho‘miltirish, onaga og‘ir yumushlar
qildirmaslik, tunda tashqariga chiqmaslik, bolani qorong‘u joyda saqlamaslik, ona-bola asabini buzmaslik, qo‘rqitmaslik ular salomatligini saqlash garovidir. Sharqda qadimdan emizikli ayol taomnomasiga alohida ahamiyat berib kelingan. Yosh bo‘shangan ona sut keltiruvchi kuchli taomlar iste`mol qilishi, sutning sifatini buzmaslik uchun piyoz, sarimsoq, garmdori, spirtli ichimliklar iste’mol qilmasligi zarur. Bular bola tanasi uchun – og‘irdir.
Toshkentda chilla davrida “aqiqa” degan marosim o‘tkaziladi. U farzand 7, 14, 21, 28 kunlik bo‘lganda qo‘y so‘yib, osh damlab, qarindosh-urug‘, qo‘ni- qo‘shnilar ishtirokida tashkil etiladi. U ikki jon - ona va bolaning eson-omon bo‘lishi niyatida, Ollohga shukonalik ramzi sifatida o‘tkaziladi.
Xulosa qilib aytganda, chaqaloq “chilla” davomida ona maxsus gigienaga rioya qilgan, u o‘z bolasini kasallik, “yovuz kuchlar”dan, “yomon ko‘z”lardan asrab-avaylagan. U o‘z farzandini bu yorug‘ dunyoga moslashishi uchun zamin yaratgan. Tibbiyot xodimlari fikricha, chilla davrida kasal bo‘lmagan chaqaloq ulg‘ayganda ham sog‘lom bo‘ladi.
Ism qo‘yish odatlari. Chaqaloqqa ism qo‘yish inson hayotidagi eng muhim voqealardan hisoblanadi. Qadimdan bolaga ism qo‘yish mas`uliyatli ish sanalgan. Ism bola tabiatiga mos kelmasa, undan yaxshi inson chiqmaydi yoki u kasallikka chalinaveradi deyilgan. Chaqaloqqa ism qo‘yish vazifasini har kimga ham ishonilmagan. Buning uchun maxsus marosim uyushtirilib, unga eng obro‘li dono qariyalar taklif etilgan. Ana shu marosimga yig‘ilganlar o‘zaro maslahatlashib, bolaga ism qo‘yishgan.
Islom diniga e’tiqodi baland kishilar mulla - eshon chaqirib, chaqaloqning qulog‘iga azon aytdirib, so‘ng unga ism qo‘ydirishgan.
Xalqda “ismi jismiga mos” degan ibora bor. Kishilar bolaga qo‘yilgan ism ulg‘ayishi jarayonida uning odobiga ta’sir qiladi, deyishgan. Kishining ismiga mos bo‘lishga intilishi uning ma’naviy ulg‘ayishiga samarali ta’sir qiladi.
Tug‘ilgan kun. Bolalarning tug‘ilgan kunini oilada nishonlash kichkintoylarning o‘zi uchun ham katta bayram hisoblanadi. Bunday tantanaga bolaga uning yoshiga mos keladigan sovg‘alar, shirinliklar, o‘yinchoqlar berilishi
sabab bo‘ladi. Tug‘ilgan kunga bolaning o‘rtoqlari taklif etiladi. Bolalar uchun alohida dasturxon yozilib, ular mehmon qilinadi. Shu asosda bolalarning mehmon kutish va mezbonlik malakalari shakllana boradi. Bolalarning tug‘ilgan kunlarini nishonlashda turli qiziqarli o‘yinlar tashkil qilish muhim tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bu o‘yinlarning asosiy mazmuni bolalarda ziyraklik, nutq madaniyati kabi ijodiy fazilatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilishi lozim.
Qadimda kishilarning tug‘ilgan kunlarini nishonlash odati keng tarqalmagan. Ilgari ko‘p sharq xalqlarida, o‘zbeklarda ham “yil boshi” (navro‘z)da kishining umriga yosh qo‘shiladi deb hisoblangan. Shu sababli “Navro‘z” tabiatning yangilanish bayrami bo‘libgina qolmay, u barcha uchun “yosh oshdi” tantanasi hisoblangan. Hozirgi paytda tug‘ilgan kun bilan tabriklash oilada, do‘stlar davrasida, ish joylarida ham odat tusiga kirdi. Ko‘pgina muassasalarda yubileylarni nishonlash yaxshi an’ana bo‘lib qolmoqda. Tug‘ilgan kunni nishonlash o‘zbeklar uchun yangi odat. Ammo 12 yosh – muchal to‘yini, 63 yosh – “payg‘ambar yoshi”ni nishonlash an’anasi qadimdan mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |