Orqa miya nervlari
Orqa miya nervlari – nervi spinalis umurtqa pog’onasi bo’limlariga muvofiq ravishda bo’yin (C), ko’krak (th), bel (L), dumg’aza (S’), va dum (Cc) qismlarga bo’linadi.
Bo’yin nervlari - n. cervicales (c) sakkiz juft bo’lib, birinchi jufti atlantning umurtqalararo teshigidan, ikkinchi jufti atlantning orqa tomonidagi umurtqalararo teshikdan, sakkizinchi jufti bo’yinning yettinchi umurtqasi orasidan chiqadi. Bo’yin nervlarining har qaysisiga simpatik nervdan kularng biriktiruvchi tarmoq keladi. Har qaysi nerv yuqorigi va pastki tarmoqlarga bo’linib ketadi. Bu tarmoqlar, o’z navbatida, yana yon va o’rta tarmoqlar hosil qiladi. O’rta tarmoq bo’yin umurtqasi yaqinidagi muskullarga, yon tarmoq esa yuzaroq joylashgan muskullar va teriga tarqaladi.
Pastki tarmoqdan quyidagi alohida nervlar chiqadi:
Ensa nervi - n. occipitalis birinchi juft nervning yuqorigi tarmog’idan ajralib, bosh va bo’yinni birlashtiruvchi muskullarga va ensa terisiga tarqaladi. Qorako’l qo’ylarda ensa nervi bo’yinning ikkinchi nervidan hosil bo’ladi.
Bo’yinning quloq orti nervi - n. cerviro auricularis caudalis ikkinchi juft nervdan hosil bo’lib, quloqning orqa qismidagi teriga, quloq suprasiga tarqaladi. Undan so’lak beziga ham tarmoq beradi.
Diafragma nervi - n. phrenicus beshinchi, oltinchi, yettinchi juft nervlardan hosil bo’lib, to’g’ri narvonsimon muskul ostidan o’tadi va ko’krak bo’shlig’iga borib, diafragma muskuliga tarqaladi. Kurakning yuqorigi nervi - n. dorsalis scapulae qo’shaloq nerv bo’lib, beshinchi va oltinchi juft nervlardan kelib chiqadi. Uning bir tarmog’i rombsimon muskulga, ikkinchisi esa pastki tishsimon muskulga boradi.
O’mrov usti nervi - n. supraclavicularis oltinchi juft nervdan hosil bo’lib, ko’krak osti, yelka va uning bo’g’imi atrofidagi teriga tarqaladi. Bo’yin nervlari boshqa hayvonlarda ham xuddi kavsh qaytaruvchilarniki singari tarqaladi.
Yelka chigali
Bo’yinning keyingi (VI, VII va VIII) va ko’krakning oldingi (I, II) umurtqalaridan chiqadigan nervlarning pastki tarmoqlari irlashib, yelka chigali - plexus brachialis ni hosil qiladi. Bu chigaldan chiqadigan to’qqizta nerv oldingi oyoqni, uning atrofidagi organlarni, muskul va terin ta’minlaydi.
Ko’krakning oldi tomon nervi - n. pectoralis cranidalis bo’yinning yettinchi, sakkizinchi va ko’krakning birinchi juft nervlaridan hosil bo’lib, yelka suyagining bo’g’imi oldidan ko’krak muskullariga tarqaladi.
Ko’krakning orqa tomon nervi - n. pectoralis cundalis bo’yinning yettinchi, sakkizinchi va ko’krakning birinchi juft nervidan hosil bo’lib, quyidagi to’rt tarmoqdan iborat: ko’krakning uzun nervi - n. thorocalis longus pastki tishsimon muskulga tarqaladi; ko’krakning yuqori tomon nervi - n. thoracalis dorsalis yelkaning keng muskuliga boradi; ko’krakning yon tomon nervi - n. thoracales lateralis ko’krak devorining yon tomon terisiga tarqaladi: ko’krakning pastki tomon nervi - n. thoracoventralis ko’krakning chuqur muskuliga hamda terisiga tarqaladi.
Ko’krak oldi nervi - n. suprascapularis bo’ynning oltinchi, yettinchi, sakkizinchi juft nervlaridan hosil bo’ladi. Bu nerv ko’krak – yelka bo’g’imiga ta’sir qiladigan kurak oldi muskullariga tarqaladi.
Kurak osti nervi - n. supscapularis bo’yinning oltinchi, yettinchi va sakkizinchi juft nervlaridan hosil bo’lib, 2 – 4 tarmoqdan iborat; u kurak ost muskuliga tarqaladi.
Qo’ltiq nervi - n. axillaris bo’yinning yettinchi va sakkizinchi juft nervlaridan hosil bo’lib, yelkaning bukuvchi muskullariga, uning yon qismidagi terisi va yuqorigi yuzasiga tarqaladi. Teri tarmog’i - ramus cutaneus deltasimon muskulning pastki qismidan tashqi tomonga chiqadi.
Muskul – teri nervi - n.musculicutaneus bo’yinning oltinchi, yettinchi va sakkizinchi juft nervlaridan hosil bo’ladi va tirsak bo’g’imining bukuvchi muskullariga, terisiga tarqaladi.
Bilak nervi - n. radialis bo’yinning sakkizinchi va ko’krakning birinchi juft nervlaridan hosil bo’ladi. Bu nerv anchagina uzun bo’lib, barmoqqacha yetib boradi va tirsak bo’g’imining kaft hamda barmoqni yozuvchi muskullari va terisini harakatlantiradi. Bilak nervi oldin muskullarga tarmoqlanadi, so’ngra tirsak bo’g’imining ustki yuzasiga chiqib, tirsakning uch boshli muskuli orasidan o’tadi hamda yelkaning ichki muskuli ro’parasida bilakning yuza va chuqur muskullariga tarqaladi.
Bilakning yuza nervi - n. radialis supirficialis uch boshli muskulning yon tomon bosh yonidan chiqib, tirsak, bilak, kaft va barmoq terisiga tarqaladi. Cho’chqalarda ikkinchi, to’rtinchi va beshinchi barmoqning ichki yuzasiga tarqaladi.
Bilakning chuqur nervi - n. radialis profundus bilaguzuk va barmoq bo’g’imlarini yozuvchi muskullarga tarqaladi. Qorako’l qo’ylarda uning asosiy stvoli 5 ta ingichkaroq tarmoqcha hosil qiladi, keyin undan ham mayda tarmoqlarga bo’linib, barmoqni yozuvchi muskullarga tarqaladi.
Tirsak nervi - n. ulnaris bo’yinning sakkizinchi va ko’krakning birinchi, ikkinchi juft nervlaridan hosil bo’ladi. U oldin o’rta nerv bilan qo’shiladi, so’ngra undan ajralib, yelka arteriyasi va venasining orqa tomonidan pastga o’tadi hamda yelka suyagining pastki qismidan tirsak – bilakning orqa yuzasiga teri tarmog’i - ramus cutaneus ni beradi. Tirsak nervining asosiy stvoli tirsak bo’g’imining yozuvchi yuzasiga o’tadi.
O’rta nerv - n. medianus bo’yinning yettinchi, sakkizinchi va ko’krakning birinchi, ikkinchi nervlaridan hosil bo’ladi. U oldingi oyoq nervlarining eng yo’g’oni va uzuni bo’lib, oyoq barmoqlarigacha yetib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |