To’sh orti bezi - thymus yosh hayvonlarda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Hayvonlar voyaga yetgandan so’ng sekin-asta quriy boshlaydi. Qari hayvonlarda butunlay yo’qolib, yog’ to’plamiga aylanadi. Bu bez ikki qismdan iborat bo’lib, biri ko’krak qafasida, ikkinchisi bo’yinning pastki tomonida joylashadi. Ko’krak qismi to’rtburchak shaklda bo’lib, yurak asosining oldirog’ida bo’ladi. Bo’yin qismi yosh hayvonlarda so’lak bezlarigacha boradi.
Hayvonlar voyaga (qoramollar 5-6, quylar 2-2,5 yoshga) yetgandan keyin bu bez bo’yin qismidan quriy boshlaydi. U tuzilishi jihatdan limfa tugunlariga o’xshaydi. U ishlab chiqargan gormoni organizmda kalsiy almashinuvi tartibga solinishida katta ahamiyatga ega. Bu bezning og’irligi qorako’l qo’ylarda 12 g, uzunligi ko’krak bo’limida 5,2 sm, eni 2,3 sm, bo’yin qismining uzunligi 12,6 sm, eni 1,7 sm bo’ladi.
Buyrak usti bezi – gl. suprarenalis juft organ bo’lib, buyrakning old tomonida joylashadi. Uning shakli hayvonlarda har xil: qoramollarda, qo’y va echkilarda o’ng tomondagisi yurak shaklida, chap tomondagisi loviya shaklida, cho’chqalarda cho’ziqroq – 3-5 sm, og’irligi 3-6 g, otlarda cho’ziqroq – oval shaklda bo’ladi. Buyrak osti bezi tashqi po’stloq va ichki mag’iz qavatdan iborat. Tashqi qavat juda ko’p har xil gormon ishlab chiqaradi. Ular organizmga xilma-xil ta’sir ko’rsatadi. Har bir bezning po’stloq va mag’iz qismlariga bo’linadi, lekin bu qismlar o’rtasida hyech qanday bog’liqlik yo’q. Bezning po’stloq qismidan strukturaviy tarkibi bo’yicha lipidlardan tashkil topgan steroidlar ishlab chiqariladi. Glyukokortikoidlar gipofiz bezining oldingi bo’lagi tomonidan boshqarilib turadi. Kortikosteroidlardan eng muhimlari kortizol va kortikosteronlar hisoblanadi. Normal holatdagi hayvonlarda ular kam miqdorda bo’ladi, ammo stressga javoban asosan ikki xil ta’sir ko’rsatadi: glyukozani hujayralar tomonidan yutilishi natijasida qonda glyukozaning miqdori kamaysa, jigardan aminokislotalarni va yog’ to’qimalaridan yog’ kislotalarini glyukozaga aylanishiga tayyorlash hisobiga glyukoza miqdorini oshiradi. Agar ular ko’p miqdorda bo’lsa, yallig’lanish reaksiyalarini to’xtatib turadi, qaysiki jarohatni bitishi va tuzalishiga to’sqinlik qiladi. Ushbu xususiyatdan o’sma va yallig’lanish jarayonini oldini olish uchun davolash maqsadlari uchun foydalaniladi.
Mineralokortikoidlardan birmuncha muhim hisoblangan aldosteron buyrakning distal egri-bugri kanalchalariga ta’sir qilib, u yerda plazmaning ishqor-kislota balansini muvofiqlashtiriladi. Buyrak usti bezining jinsiy gormonlari urg’ochi va erkak hayvonlarda ishlab chiqarilib, juda kam miqdorda bo’ladi, lekin kuchli ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun ayrim axtalangan hayvonlarda ham jinsiy moyillik saqlanib qoladi.
Buyrak usti bezining mag’iz qismidan adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlab chiqariladi. Bu gormonlar organizmni turli xil favqulotda holatlarga, masalan “qo’rquv”, “qochish”, “jang sindromi” kabilarga tayyorlaydi. Bezning faoliyati vegetativ nerv tizimi tomonidan boshqariladi.
Qorako’l qo’ylarda chap tomondagi bezning bo’yi 2,5 sm, eni 1,1 sm, vazni 1,6 g; o’ng tomondagisining bo’yi 2,1 sm, eni 1,3 sm, vazni 1,4 g bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |