O’QUV MATERIALLARI
1-ma’ruza: O'qituvchi nutq madaniyati kursining maqsadi va vazifalari.
Reja:
1. Hozirgi davrda ―Nutq madaniyati‖ sohasining fan sifatida o‘rganilishining zarurati, maqsadi va vazifasi.
2. Nutq madaniyatining lingvistik va nolingvistik fanlar o‘rtasidagi o‘rni (ya‘ni boshqa fanlar bilan aloqasi).
Tayanch so‘z va iboralar: til me‘yorlarini, poetika, uslubiyat, me‘yoriy grammatika, nutqning soflik, ifodaviylik, o‘rinlilik, tilshunoslik, ruhshunoslik, mantiq-shunoslik, estetika, sotsiologiya, pedagogika
Nutq madaniyati‖ fani o‘zbek tilshunosligining o‘ziga xos amaliy sohasidir. U tilshunoslikning nazariy kurslaridan olingan bilimlarga suyangan xolda to‘g‘ri va chiroyli nutq tuzish yo‘llarini o‘rgatadi. U til va uning me‘yorlari, nutq va uning sifatlari, nutqiy uslublar, nutqda uchrashi mumkin bo‘lgan kamchilik va xatolar, nutqning talaffuziga doir muammolar yuzasidan bahs yuritadi. Nutq madaniyati ham fan sifatida o‘z tekshirish ob‘ekti va vazifalariga ega. Uning tekshirish predmeti nutqning til quri-lishi, adabiy til me‘yorlari va nutqning kommunikativ (aloqa uchun kerakli) fazilatlaridir. Nutq madaniyati nazariyasida til me‘yori markaziy tushunchadir. «Til madaniyatining asosiy tekshirish ob‘ekti adabiy til me‘yorlari, asosiy vazifasi esa, ushbu me‘yordagi ikkilanishlarni bartaraf etish bo‘lmog‘i kerak»
Shunday qilib, nutq madaniyati fani adabiy til me‘yorlarini, uning tarixiyligini, taraqqiy etib borishi, undagi ba‘zi unsurlarning eskirishi, ular o‘rnida yangi me‘yoriy unsurlarning paydo bo‘lishini kuzatib, qayd etib boradi. Biroq bu fan adabiy me‘yorlarni yaratmaydi, ba‘zi bir hodisalarni me‘yor sifatida majburan kiritmaydi. Balki, o‘zbek milliy adabiy tili faoliyatini, uning rivojlanishini kuzatib boradi, ob‘ektiv qonunlarini kashf etadi, shular asosida tavsiyalar beradi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilining to‘liq shakllanganligi va ulkan ijtimoiy vazifani bajarayotganligi hech birimizga sir emas. Bu til diyorimiz vakillari uchun umumiy til sifatida shakllandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi tilga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi, uning barcha imkoniyatlarini o‘rganish ishlari keng ko‘lamda olib borildi. Lekin, shuni ham eslash joizki, tilning ijtimoiy vazifasini bajarilish darajasini belgilovchi omillardan biri bo‘lmish nutq madaniyati hozirgacha zamon talabi darajasida o‘rganilmay qolmoqda edi. Bu sohaning etarli taraqqiy etmaganligi achinarli bir hol edi, albatta. Shu bois, hozirgi kunda nutq madaniyati sohasini chuqurroq o‘rganish, zamon talabiga mos keladigan daraja taraqqiy ettirish tilshunosligimiz oldiga qo‘yilgan muhim va dolzarb masalalardan biri sifatida qaraldi. Zero, nutqimizda uchrab turadigan nuqson va kamchiliklarni bartaraf qilish, nutq madaniyatini har qachongidan ham yaxshiroq rivojlantirish umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan siyosiy va ijtimoiy masala hisoblandi. Shu bois, bu masala bilan shug‘ullanish ishiga faqat tilshunoslargina emas, balki, jumhuriyatimizda istiqomat qiluvchi barcha soha vakillari e‘tibor berishlari maqsadga muvofiqdir. Chunki, nutq madaniyati umuminson madaniyatining tarkibiy qismi bo‘lib, kishilarni yuksak madaniyatli bo‘lishlarini belgilaydi. Bu masalaning bir tomoni bo‘lsa, ikkinchidan, xalqaro hayotda ikki qarama-qarshi ijtimoiy guruh o‘rtasida mafkuraviy kurash nihoyatda keskinlashgan bir davrda yashamoqdamiz. Bu narsa ham mafkuraviy kurashning asosiy quroli bo‘lgan tilning ohzaki shakli nutqning har qachongidan ham o‘tkir va keskin bo‘lishini taqazo etadi. Buning notiq uchun ta‘limning barcha shakllari (maktab, litsey, kollej va boshqa o‘quv shakllar) jarayonida tildan, uning me‘yoriy qoida-qonunlarini yaxshi o‘zlashtirgan, so‘z boyligidan unumli foydalana oladigan, shu asosda nutqqa chechan, hozirjavob iste‘dodga ega bo‘lish lozim.
Shu o‘rinda taniqli tilshunos olim Nizomiddin Mahmudovning kuyunchaqlik bilan aytgan fikrlarini keltirib o‘tish lozim.Masalan, «Ayni paytda nutqiy madaniyat tarbiyasi bilan maktabdagi, hech bir istisnosiz, barcha o‘quv fanlari ham bilvosita shug‘ullanishi kerak. Matematika bo‘ladimi, fizika yoki tarix bo‘ladimi, o‘qituvchi o‘z nutqiy madaniyati bilan namuna ko‘rsatishi, tegishli fan sohasining tugal tilini namoyish etishi va shu yo‘l bilan o‘quvchidagi so‘z sezgisiga kuch berishi maqsadga muvofiq. Ta‘lim amaliyotida ko‘rgazmalilik azaldan eng zaruriy omil sifatida qarab kelinadi, shuning uchun o‘qituvchi juda ko‘p vaqtini turli ko‘rgazmali qurollar tayyorlashga sarflaydi. Bu ma‘qul, ammo, unutmaslik kerakki, nutqiy madaniyatni o‘rgatish, chiroyli so‘z zavqini o‘stirish, umuman, til estetikasi tarbiyasida asosiy, jonli ko‘rgazmali qurol o‘qituvchining o‘zidir»1.
Huddi shu masalaga yaqin fikrlar miloddan avvalgi ajdodlari-mizdan Zardushtning ―Avesto‖ kitobida ham qayd etilganini ko‘ramiz2.
Xullas, ushbu fanning o‘qitishdan maqsad hozirgi davrda ta‘limning barcha yo‘nalishlari, jumladan, magistratura ta‘limi yo‘nalishi bo‘yicha etishib chiqayotgan yosh kadrlarni zamon talabi asosida muloqot madaniyatining tarkibiy qismi sanaladigan nutq madaniyatini yuksaltirish, yuksak nutq egasi va yuqori salohiyatli mutaxassisi qilib etishtirishdir. Qisqacha aytganda, ushbu fanni o‘qitishdan maqsad magistrlarda yuksak darajadagi nutqiy madaniyatni, muloqot sifatini shakllantirish va rivojlantirish-dan iborat.
―Nutq madaniyati‖ fanini o‘qitishning vazifasi esa, o‘quv jarayonida magistrlarni o‘zbek tilining adabiy shakllari, ya‘ni og‘zaki va yozma nutq me‘yorlari va qoidalari bilan tanishtirish, bu sohdagi bilimdan amaliy foydalana bilish malakasini oshirish, fikr mahsulini nutq sharoiti va vaziyatiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash, o‘zgalar fikrini aniq anglash va ko‘nikmasini hosil qilishdir. Bu haqda o‘z o‘rnida batafsil fikr yuritiladi.
2. Ma‘lumki, har qanday fan ham, u yoki bu tomonlari bilan boshqa fanlar bilan bog‘langan bo‘ladi. Unda ko‘tarilgan masalalar, muammolar boshqa fanlar tomonidan ham o‘rganiladi. Ba‘zan ularni tekshirish ob‘ekti o‘xshab ketadi. Ba‘zan esa, ma‘lum bir muammoni hal qilishga boshqa-boshqa fanlar o‘z xususiyatlaridan kelib yondashadi, aloqaga kirishadi va masalani ana shu xususiyatlardan kelib chiqib hal qiladi.
Nutq madaniyati ta‘limotining lingvistik va nolingvistik fanlar o‘rtasida tutgan o‘rnini belgilashda uning boshqa sohadagi fanlar bilan qay darajada munosabati borligini, poetika, uslubiyat, me‘yoriy grammatika kabi ta‘limotlar bilan aloqasini, ular sohasidagi umumiy tomonlar va tafovutlar-ni aniqlash katta ahamiyatga egadir. Rus tilshunosi B.N. Golovinning quyidagi fikrlari nutq madaniyati fanining boshqa fanlar bilan munosabatini aniq ifodalaydi: "bu soha tilshunoslikning barcha bilimlariga, shuningdek, tilshunoslik, ruhshunoslik, mantiqshunoslik, estetika, sotsiologiya, pedagogika fanlariga tayanib ish ko‘radi. Nutq madaniyati, ayniqsa, statistika bilan yaqin munosabatdadir".
Shu kabi nutq madaniyati fani leksikologiya va semasiologiyaga qattiq bog‘langandir. Chunki nutqning aloqaviy fazilati hisoblangan aniqlik, to‘g‘rilik, mantiqiyligi, so‘z ma‘nolarining ma‘no va mazmuniy bog‘lanishlariga asoslanadi.
Nutqning soflik, ifodaviylik, o‘rinlilik kabi aloqaviy) - fazilatlari ham nutq madaniyati fanini leksikologiya va semasiologiya bilan bog‘laydi. Shuningdek, nutq madaniyati fani nafosat haqidagi fan estetika bilan, badiiy adabiyot, adabiyotshuunoslik va adabiy tanqidchilik kabi fanlar bilan ham uzviy aloqadadir. Chunki yaxshi nutq tinglovchiga estetik zavq berishi kerak, uni hayajonlantirishi lozim. Badiiy nutq esa, ta‘sirchan nutq bo‘ladi, shu orqali kishilar ongiga ta‘sir etadi. Unday nutq egasi badiiy tasvir vositalaridan juda keng foydalanadi. Harholda, nutq madaniyati sohasi ko‘pgina boshqa fanlar bilan ham o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Ayniqsa, uning tilshunoslik, uslubiyat, notiqlik san‘ati, matnshunoslik, ruhshunoslik, falsafa hamda adabiyotshunoslik fanlari bilan aloqasi juda mustahkamdir. Buni quyidagcha izohlash mumkin.
Nutq madaniyati maxsus soha tarzida shakllangan va o‘quv rejalariga alohida fan sifatida kiritilgan bo‘lishiga qaramay, bu soha, ayniqsa, tilshunoslik fani bilan juda muhim aloqadadir. Shu bois, bu fanni tilshunoslik sohalaridan biri sifatida qarash mumkin. Nutq madaniyati fani hamma vaqt mantiq va ruhshunoslikka ham suyanadi. Logika (mantiq) ga murojaat qilmasdan turib aniqlik, mantiqiylikni tayinlash ham, baholash ham mumkin emas. Lekin mantiq ham til materialiga tayanadi. Mantiq so‘zlar, butun bir gapdan chiqadigan tushunchalarni belgilaydi. So‘zlarning ma‘nosi va ifodalanayotgan tushuncha o‘rtasidagi munosabatni mantiq tekshiradi.
Mantiq so‘zlar, birikmalar va gaplar orasidagi ma‘no aloqalarini tayinlaydi. Sintaktik tuzilmalar orasida mazmuniy aloqalarning jiddiyligi haqida shubha paydo bo‘lganda hamma vaqt mantiqqa murojaat qilish zaruriyati tug‘iladi. Bunday paytlarda asosiy tushunchalarni ham, farazlar va teoremalarni ham ishga solishga to‘g‘ri keladi. Mantiqiylikka murojaat qilish, xususan, gapni tavsiflash, uning mantiqan manfiy va musbat tomonlarini aniq belgilash paytida yanada zarur bo‘ladi.Nutq qurilishi o‘rinli va o‘rinsiz bo‘lib ko‘ringan hayotiy holatlarda ruhshunoslikka murojaat qilishgato‘g‘ri keladi. Ruhshunoslik o‘rinsiz aytilgan gaplar insonning ruhiy holatiga qanday ta‘sir etishini aniq aytib berishi kerak. Tilning o‘rinsiz qo‘llanishi u yoki til vositasida aytilgan fikr kishilar ruhiga qay darajada ta‘sir etishini ruhshunoslik aytib bera oladi. U inson ongiga, ruhiy holati ta‘siriga ko‘ra tilning tasviriy vositalari nimadan iborat ekanligini aytib berish imkoniyatiga egadir.Xullas, aytilganlardan seziladiki, nutq madaniyati fani lingvistik va nolingvistik fanlar yaqin munosabatda bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |