4-§. Gapning his-hayajon ifodalash-ifodalamasligiga ko‘ra turlari
Gaplar emotsionallikka ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1) his-hayajonsiz gaplar, 2) his-hayzjon yoki undov gaplar.
Xabar-darak, so‘roq, buyurish ohangsiga ega bo‘lgan gaplar emotsional bo‘lmagan gaplardir. Yuqorida ko‘rib o‘tilgan gaplarning barchasi, ya’ni darak gap, so‘roq gap va buyruq gaplar emotsional bo‘lmagan gaplarni tashkil qiladi.
His-hayzjon gaplar, yoki undov gaplar kuchli his-hayajon bilan ifoda qilingan gaplardir. Bunday gaplar maxsus his-hayajon ohangi, ohangi bilan talaffuz etiladi.
Darak, so‘roq, buyruq gaplar his-hayajon bilan aytilsa, undov gapga aylanadi. Shunga ko‘ra undov gaplarning darak-undovgap, so‘roq-undov gap, buyruq-undov gap turlari yuzaga keladi.
Darak-undov gap: Ishonganimdan senikiga olib keldim-da, o‘rtoq! (O‘.H.)
So‘roq-undov gap: Bu gaplardan so‘ng menga ko‘ngillarini ocharmidilar?! (P.Q.).
Buyruq-undov gap: Yo‘qolgan pichoqning sopi oltin bo‘lavermasin!- dedi Davlatbekov. (P.Q.).
Undov gap quyidagi grammatik vositalar yordamida shakllanadi:
1) turli his-tuyg‘ularni: shodlik, quvonch, taajjub, afsuslanish, hayratlanish, g‘azab va shu kabilarni bildiruvchi ohang yordamida. Masalan: Odamlar bilan... yashash, ishlash, do‘stlashish, yordamlashish va yordam olish naqadar yaxshi! (Ch.Aytmatov). Aya, ayajon, shu ham gapmi! (A.Q.). Ayam bilan xollam yo‘lga nima pishirsak ekan deb maslahat qilib o‘tirishibdi! (A.Q.). Yillar, yillar o‘tdi! (A.Q.). Kecha g‘ishtdan tekkan edi, endi paxtadan tegibdi-da! (A.Q.);
2) undov so‘zlar yordamida. Masalan: E, u gaplar o‘tdi-ketdi-da! (P.Q.). Obbo, noshudlar-ey!- dedi Ortiq qo‘ziga achinib. (P.Q.). Ha, barakalla!- dedi keksa ishchi. (A.Q.). O‘h-o‘h-o‘h! Chuchvarak-ku... Hay-hay, og‘izda erib ketadi-ya!.. (A.Q.);
3) yuklamalar yordamida. Masalan: Nahot, Mavloningiz jiyanining to‘yiga kelmasa! (A.Q.). ... birpas tinch qo‘ymaydi-ya!- deb bolalarini koyidi. (P.Q.). Boyaqishlar selda qoldi-yov!- deb Suyunboy aka qoyatoshning kamaridan chiqdi. (P.Q.).
Gapda biror so’roqqa javob bo’lgan va o’zaro tobе bog’langan so’z yoki so’z birikmasi gap bo’lagi dеb ataladi. Gap bo’laklarini bеlgilashda asosiy xususiyat ular orasidagi sintaktik aloqadir. So’zlarga so’roq bеrish, ularning qaysi turkumga mansubligi, gap ichida joylashish tartibi, qanday qo’shimchalar olishi tom ma'noda gap bo’laklarining turlarini bеlgilashda asos bo’la olmaydi. Gap bo’laklarining turi odatda bir-biriga nisbatan aniqlanadi: ega kеsimga nisbatan, aniqlovchi aniqlanmishga nisbatan, hol hollanmishga nisbatan, to’ldiruvchi to’ldirilmishga nisbatan aniqlanadi. Nisbat bеriluvchi bo’lak bo’lmas ekan, u yoki bu gap bo’lagi haqida gapirish mumkin emas.
Gap bo‘laklarining gap tarkibidagi mavqei bir xil emas. Ba’zi gap bo‘laklari gap qurilishida markaziy o‘rinni egallaydi, bunday bo‘laklarsiz fikr anglashilmaydi. Ayrim bo‘laklar esa gap qurilishida asosiy rol o‘ynamaydi, ularning ishtirokisiz ham bosh bo‘laklar orqali fikr anglashilaveradi. SHunga ko‘ra gap bo‘laklari ikki turga ajratiladi:
1) bosh bo‘laklar;
2) ikkinchi darajali bo‘laklar.
Bosh bo‘laklar gapning grammatik asosini tashkil qiladi. Fikr, asosan, gapning grammatik asosi orqali ifodalanadi.
Ikkinchi darajali bo‘laklar gapning grammatik asosini tashkil qilmasdan, uni hajm jihatdan kengaytiradi yoki so‘z birikmasini shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Ikkinchi darajali bo‘laklar bosh bo‘laklar bilan yoki o‘zaro tobe aloqada bo‘lib, ularni izohlash, aniqlash, to‘ldirish uchun xizmat qiladi.
Bosh bo‘laklar ega va kesimdan iborat. Ikkinchi darajali bo‘laklar aniqlovchi, to‘ldiruvchi va holdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |