Onalar haqidagi eng yaxshi asar
Bir tomondan ish, bir tomondan o’qish. Bular albatta, insonni toliqtiradi. O’qishga tumandan qatnaganim sababli kun davomida vaqtim juda tig’iz bo’ladi. Lekin bo’sh vaqtim bo’ldi deguncha badiiy asar o’qishni yaxshi ko’raman. Men yaqinda o’qigan bir asar bor. Uni necha bor o’qisam ham o’z qimmatini yo’qotmaydi. Bu O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasidir. Qissa ma’lum ma’noda avtobiografik xarakterga ega va yozuvchi hayotida ro’y bergan qiziqarli, muhim voqealar qalamga olinadi.Qissa 33 ta katta-kichik novellalardan tashkil topgan bo’lib, Ona obrazi ularning barchasini tutashtirib turadi. Asardagi hikoyalar kitobxonni hayajonga soladi, entiktiradi va ta’sirlantiradi. Insonning Ona siymosiga bo’lgan tuyg’ularini, mehr-muhabbatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Dunyoning ishlari asari eng ezgu, eng samimiy tuyg’ular haqida, eng e’zozli zot – Ona to’g’risida hikoya qiladi. Ona o’z farzandi uchun hamma narsaga, hatto jonini qurbon qilishga ham tayyor. Bunga asardagi har biri o’ziga xos mustaqil syujetli hikoyalar orqali guvoh bo’lishimiz mumkin. Undagi “Gilam paypoq”, “Oq oydin kechalar”, “Tush”, “Alla”, “Oltin baldoq”, “O’ris bolaning oyisi”, “Iltijo” kabi hikoyalar kishini befarq qoldirmaydi, ularda o’g’li uchun har qanday mashaqqatga, jon fido qilishga tayyor, sharqona axloq-odob qoidalarini o’zida mujassam etgan ona madh etiladi. Barcha hikoyalar mazmuni ona obrazi tufayli yaxlitlik kasb etadi. Qissa haqida O’zbekiston Qahramoni Said Ahmad “Ijod va jasorat” maqolasida quyidagicha ta’rif beradi: “Ayniqsa, “Dunyoning ishlari” asarini qissa emas, doston deb atashni istardim. U qo’shiqday o’qiladi. Uni o’qib turib, o’z onalarimizni o’ylab ketamiz. Shu mushfiq, shu jafokash onalarimiz oldidagi bir umr uzib bo’lmas qarzlarimizning aqalli bittasini uza oldikmi, degan bir andisha, bir savol ko’z oldimizda ko’ndalang turib oladi”. Darhaqiqat, yozuvchi ta’kidlaganidek, qissa qo’shiqdek o’qiladi. Unda qandaydir musiqiy ohanglar bor. Shuningdek, qissadagi mustaqil kichik hikoyalardan tashkil topgan har bir maishiy voqea qalblarimizni titratib, odamiylik haqida, insoniylik haqida saboq beradi.
Shu o’rinda qissadagi “Gilam paypoq” hikoyasiga diqqat qilaylik. Unda ona o’z jigarbandini kasallik xavfidan tezroq xalos qilish uchun har narsaga, hatto jonini berishga ham tayyor. Ona qattiq shamollab qolgan o’g’ilchasini shosha-pisha “Voy, endi nima qilaman! Voy, bolam o’lib qoladi!” degan tahlika bilan halloslagancha tabib Hoji buvining uyiga yuguradi. Bola darddan biroz yengil tortgach, o’z sog’ligini xavf ostiga qo’ygani – oyog’ini sovuqqa oldirgani ma’lum bo’ladi. “Qarz” hikoyasida qissaning bosh qahramoni Hakima ayaning yana bir insoniy fazilati qalamga olingan. Hakima aya kamtargina nafaqasini ham qo’shnilarining farzandlari xursandchiligiga sarflaydi. O’tgan yili ularga tufli olib bergan bo’lsa, bu yili uch oyoqli velosiped, ko’ylak sovg’a qiladi. O’g’illariga esa “qarz oluvdim, qarzimni uzayapman” deb bahona qiladi. Qissaning “Iltijo” deb nomlangan bobida insonning ona oldidagi farzandlik burchi hech qachon to’lab bo’lmas qarz ekani nihoyatda ta’sirchan ifodalanadi. Qissaning boshidan oxirigacha “dunyoning ishlari shu ekan-da …” degan mantiqiy mulohazalar bilan yakunlanuvchi hayotiy falsafaga urg’u beriladi. Bu asarni qancha o’qisangiz ham hech zerikmaysiz, yana takror va takror o’qiyverasiz. Darhaqiqat, qissa yozuvchining o’zi ham ta’kidlaganidek, dunyo onalari haqidagi asardir. Bu asarni o’qib o’tirib beixtiyor men ham o’z onamni o’yladim. Men uchun yashagan, meni hammadan ortiq yaxshi ko’rgan, hech bir minnatsiz hamisha menga yordam qo’lini cho’zgan onamni….
Men barchaga ushbu buyuk asarni o’qishni tavsiya etaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |