Tayanch so`z va iboralar: kabi, orqali, oldin, tomon, va, hamda, ammo, lekin, chunki, agar, toki, basharti, garchi, xoh, dam, yoki, yoxud, shuning uchun, oxir, hatto, faqat, atigi, yolg`iz, ba`zan, gohida, ko`ra, bo`ylab.
Ma`lumki, leksik sath birliklari ikki katta guruhga bo`linadi: mustaqil so`z va yordamchi so`z. Bular orasidagi zidlanishni ma`noviy va vazifaviy nomustaqillik tashkil etadi. Bu ziddiyat belgisiga ko`ra yordamchi so`z belgili, mustaqil so`z esa belgisiz a`zo mavqeini egallaydi. Yordamchi so`z hech qachon mustaqil qo`llanmaydi, bog`liq qurshovdagina kela oladi. Mustaqil so`z esa mustaqil qo`llanish va ma`no ifodalash qobiliyatiga ega. Mustaqil so`zda «ma`noviy mustaqillik» belgisi shartli.
Yordamchi so`zning «oraliq uchinchi»lik tabiati. Tilshunoslikda yordamchi so`zning leksema va qo`shimcha orasida «oraliq uchunchi» ekanligi, ham leksema, ham grammatik morfema xususiyatini o`zida mujassamlashtirishi aniqlangan. Ular shaklan leksema, mazmunan qo`shimcha (qiyos: kitobni akamga oldim/ akam uchun oldim). Shu tufayli bo`lsa kerak, til tizimida yordamchi so`zning o`rni turlicha baholanadi - ayrim olimlar ularni qo`shimchaga, ayrimi nutq bo`lagiga, ba`zisi yordamchi so`zga nisbat beradi. Yordamchi so`zning so`zmi, qo`shimchami yoki mustaqilk so`zning yordamchi so`z bilan bog`lanishi so`z birikmasimi ekanligi hanuzgacha munozara mavzui bo`lib qolmoqda.
Yordamcvhi so`z mustaqil so`z va so`z-gap oralig`ida «oraliq uchinchi» maqomini oladi. O`z navbatida, yordamchi so`z ham o`z ichida umumiy belgisiga ko`ra oraliq uchinchini ajratib chiqaradi. Ya`ni bog`lovchida bog`lash, yuklamada gap mundarijasiga ta`sir qilish mohiyatini belgilash darajasida bo`lsa, ko`makchida sanalgan har ikki belgi mushtarak. Bu uning «oraliq uchinchi»lik mavqeini ko`rsatadi.
Yordamchining shakliy xususiyatiga ko`ra turi. Yordamchi shakliy xususiyatga ko`ra:
Qo`shimchasimon
Sof yordamchi
Nisbiy yordamchi
Qo`shimchasimon yordamchi har uchala yordamchi so`z tarkibida uchraydi. Ko`makchi orasida –dek (-day), -cha, bog`lovchi orasida –ki, -kim; -u, -yu, -da affikssimon yuklama-g`lovchi, yuklama orasida –mi, -chi, -a, -ya, -ku, -oq, (-yoq), -da, -gina kabi qo`shimchaga o`xshash yordamchini uchratish mumkin. Qoshiumchasimon yordamchi shaklan qo`shimchaga o`xshaydi, ammo yordamchi vazifasini bajaradi. Chunonshi 1. Po`latdek (kabi) dadil bir yigit bu ishdan hayiqsa, uyat bo`ladi. 2. Shu payt o`g`ilchasi eshikdan yugurib keldi-da (va) dadasining quchog`iga otildi. 3. Ba`zmga Gulnoragina (faqat) kelmadi.
Sof ko`makchi sirasiga avvaldan ma`lum uchun, bilan, sari, qadar, balki, singari, ha, hamda, ammo, lekin, biroq, balki, yo, yoxud, go`ya, agar, basharti kabi; sof yuklama qatoriga: xuddi, faqat, axir, hatto, naq, atigi so`zlari kiradi.
Nisbiy yordamchi atamasi ostida boshqa turkumga mansub bo`lgan so`zning yordamchi vazifasida qo`llanilishi (old, orqa, avval, bo`ylab, boshlab) yoki tabiatida «shakldoshlik» mavjud bo`lgan birlik tushuniladi. Masalan: «yolg`iz» sifat turkumiga oid so`z yuklama o`rnida (yolg`iz senga suyanaman) ishlatiladi, Yoki vaqtida yomg`ir yog`adi, vaqtida qor gapida vaqtida so`zining vazifasi bog`lovchiga yaqin. Bunga o`xshash misol nutqimizda ko`p uchraydi.
Ko`makchi. Ko`makchi mustaqil so`z orasidagi tobe munosabatni ifodalash va kelishik ma`nosini aniqlash, to`ldirish uchun xizmat qiladi. Shu xususiyati bilan ko`makchi bog`lovchi va yuklamadan farq qiladi. Ko`makchi ma`no va vazifasi jihatidan kelishik qo`shimchasiga yaqin. Shuning uchun ba`zan kelishik shaklidan anglashilgan ma`no ko`makchi bilan ham izohlanadi. Mashinada keldim. Mashina bilan keldim. Ukamga oldim- ukam uchun oldim. Lekin bular kelishik affikslariga qaraganda ma`noni aniq, konkret ifodalaydi.
Ko`makchi shakily va bajaradigan vazifasi jihatidan quyidagi turlarga bo`linadi:
Sof ko`makchi
Yarim ko`makchi
Qo`shimchasimon ko`makchi
Nutqda tez-tez ishlatiladigan uchun, bilan, sari, qadar, kabi, singari, sayin, orqali so`zlari sof ko`makchi, ular tobe so`zni hokim so`zga bog`lashga xizmat qiladi. Sof ko`makchi boshqa so`zga birikkan holda turli munosabatni anglatadi. Jumladan, bilan ko`makchisi o`zbek tilida asosan ko`makchi, ba`zan bog`lovchi vazifasida ishlatiladi. Shuning uchun bu ko`makchi turi bugungi kunda yordamchi so`zdan birining o`rnida ikkinchisi qo`llanilishi nuqtai nazaridan ko`makchi- bog`lovchi atamasi ostida ham o`rganilmoqda.
Sof ko`makchilar: kabi, singari, sari, sayin, dovur, uchun, orqali; qo`shimchasimon yordamchi so`z: -dek, -day, -dayin, -cha; yarim yordamchi so`z: old, oldin, orqa, qarshi, avval, bo`ylab, ko`ra, qarab, tomon.
Nisbiy ko`makchilar: old, oldin, orqa, ro`para, qarshi, avval, keyin, so`ng, oxir, tomon, ost, ust, tag, tepa, yon, ich, uch, o`rta, ora kabi o`rin va payt ma`noli ot, bosh, qosh, lab, og`ir, oyoq, qorin kabi tana a`zosi nomi, qariyb, bo`ylab, boshlab, ko`ra, deya, deb, atab, o`xshab kabi ravishlash ko`pincha ko`makchi vazifasida keladi va ko`makchi xazinasining boyishiga sabab bo`ladi. Bunday holda u nisbiy yoki yarim ko`makchi sanalib, o`zi birikib kelgan so`z bilan birgalikda bir gap bo`lagi, ko`pincha hol bo`lib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |