Sifatdosh shakllari va uning turlari. O‘zgalovchi kategoriyasining tarkibiy qismi bo‘lgan sifatdosh nutqda fe’llarni otlarga (ba’zan fe’llarga) bog‘lash vazifasini o‘tashga ixtisoslashgan. Bu vazifa – barcha sifatdosh shakllari uchun mutlaq substansial mohiyat.
Sifatdoshlar tabiatan «fe’lni fe’lga bog‘lash» belgili noto‘liq ziddiyatning majhul, noaniq uzvi. Bu ziddiyatda ravishdosh kuchli a’zo hisoblanadi. Sifatdosh, asosan, fe’lni otga, qisman fe’lga (masalan, mast qiladigan kulishi, dilni vayron qiladigan yig‘lashi kabi) bog‘lash vazifasini bajaradi. Shuningdek, bu shakl ba’zan analitik, perifrastik shakllar tarkibida ham fe’lni fe’lga bog‘lashi mumkin.
Sifatdoshlarning sintaktik imkoniyati asosida uning ma’noviy xususiyati yotadi. Bu ma’noviy xususiyat – fe’l anglatgan harakat yoki harakat natijasini narsa/predmetning belgisi sifatida nutqda voqelantirish. Shuning uchun tilshunoslar sifatdoshni sifat va fe’l oralig‘ida turgan so‘z sifatida baholashadi. Mana shu jihati bilan ular ravishdoshdan tubdan farq qiladi. Ravishdoshlar o‘zgalashish jarayonida fe’lning lug‘aviy ma’nosini o‘zgartirmay, unga faqat tobelovchi sintaktik vazifa yuklasa, sifatdoshlar fe’ldagi dinamik belgini barqarorlashtirib, uning lug‘aviy ma’nosini ko‘proq modifikatsiya qiladi.
Manbalarda sifatdoshning quyidagi shakllari ajratiladi:
-gan;
-(a)r;
-(u)vchi;
-mish;
-ajak;
-asi/gusi.
Sifatdoshning asosiy shakli -gan, -yotgan, -adigan/ydigan ko‘rinishiga ega.
Sifatdoshning bu uch ko‘rinishi o‘zaro «fe’lni otga va qisman fe’lga bog‘lash» UGMsiga birday ega bo‘lganligi sababli quyida ularning faqat ma’noviy tomoniga e’tibor qaratiladi.
Harakat nomi shakli va uning turlari. O‘zbek tilshunosligida harakat nomi shakli sifatida quyidagi ko‘rsatkichlar farqlanadi:
-moq;
-(i)sh;
-maslik;
-(u)v;
-ganlik;
Bu shakllar sirasida -(u)v, -ganlik shakllarining keng iste’molli va jonli nutqqa xos emasligi ularni to‘la ma’nodagi harakat nomi shakli sifatida qarashga monelik qiladi.
-moq shakli nisbatan kam qo‘llanadi va harakat nomining adabiy til ko‘rinishi, lug‘at shakli sifatida qaraladi: Bosmachilarning vahshiyligi odamlarga ma’lum: odamlarni kesmoq, osmoq, tiriklay kuydirmoq. (S.Ahm). Bu harakat nomining boshqa shakllaridan uslubiy qo‘llanilishi bilangina farqlanadi.
O‘zgalovchi kategoriya shakllari bo‘lmish ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi ma’noviy va sintaktik jihatlarning darajasi bilan farqlanadi. Bu darajali ziddiyatning belgisini «lug‘aviy ma’noni o‘zgalash» tashkil etadi. Bu ravishdoshda kuchsiz, sifatdoshda o‘rtacha va harakat nomida kuchli. Agar belgi «sintaktik munosabatni ifodalash» tarzida bo‘lsa, ravishdosh kuchsiz, sifatdosh yana o‘rtacha, ravishdosh kuchli a’zo sifatida yuzaga chiqadi. Demak, sifatdoshda ma’noviy va sintaktik o‘zgalash o‘zaro muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |