Tayanch so`z va iboralar: qizil, ko`k, shirin, sho`r, sodda, ziqna, mehribon, badavlat, tinch, gavdali, yassi, keng, tor, nordon, achchiq, badbo`y, qo`lansa, kuzgi, sirtqi, og`ir, rangdor, keskir, surbet, yaxshiroq, juda yaxshi, dum-dumaloq, ko`kish, ko`kimtir, ko`m-ko`k, soppa-sog`, behad, xursand, sal durust, xiyol ochiq, katta - kichik, qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar, yomonga yaqin yursang, balosi yuqar.
Predmetning belgisini bildiruvchi mustaqil so`zlar sifat deyiladi. Predmetning belgisi o`z xususiyatlariga ko`ra bir necha xil bo`lishi mumkin. Masalan, rang-tus belgisi: yashil, qora; maza-ta'm belgisi: shirin, sho`r kabilar. To`g`ri, boshqa so`z turkumlari ham belgi ifodalaydi. Ammo sifat barqaror va turg`un belgi ifodalashi jihatidan ajralib turadi. Masalan, Gul qizil deganda turg`un (statik) belgi, Gul qizardi deganda esa o`zgaruvchan (dinamik) belgi namoyon bo`lgan. Sifat anglatadigan belgi boshqa turkum anglatadigan belgidan darajalanish xususiyati bilan farqlanadi. Masalan, qizg`ish – qizlil - qip-qizil. Boshqa turkum anglatuvchi belgida esa bunday xususiyat yo`q. Sifat gapda asosan sifatlovchi- aniqlovchi, qisman hol vazifasida keladi.
Shu asosda sifatning umumiy grammatik ma`nosini «asosan predmetning, qisman harakatning belgisini bildirib, gapda asosan sifatlovchi-aniqlovchi, ba`zan kesim, ayrim holda hol vazifasida kelishi» ko`rinishida tiklash mumkin. Belgi tushunchasi o`z ichiga rang-tus, hajm-shakl, xarakter, vazn, maza kabilarni qamrab oladi. Predmetning ma'lum bir belgisini bildirish xususiyatlariga ko`ra sifatlar
bir necha turga bo`linadi:
1. Xususiyat bildiruvchi sifatlar. Bu turga daxldor sifatlar asosan insonlarning turli xarakter-xususiyatlarini, shuningdek, predmetlarning belgilarini bildiradi: kamtarin, mehribon, sho`x, chopag`on. Xususiyat bildiruvchi sifatlar inson, jonivor va narsalarga nisbatan qo`llanaveradi: yuvosh odam - yuvosh ot, yaxshi odam - yaxshi ot - yaxshi xabar kabilar. Bu turdagi ayrim sifatlargina harakat belgisini bildiradi: yaxshi ishladi, muloyim so`zlaydi kabi.
2. Holat bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar odam, hayvon va predmetlarning turlicha holatlarini ifodalaydi: ma`yus, keksa, durkun, iliq, jim-jit, salqin kabilar. Ushbu turdagi sifatlar ichida harakatning belgisini bildirish uchun qo`llanuvchi sifatlar nisbatan ko`proq: iliq qarshiladi, ma`yus so`zladi kabilar.
3. Shakl-ko`rinish bildiruvchi sifatlar. Ushbu guruhdagi sifatlar insonning turli tashqi qiyofasi va tuzilishlarini, predmetlarning shakliy ko`rinishlarini bildiradi: gavdali, novcha, yassi kabilar. Ushbu turdagi sifatlar harakat belgisini anglatmaydi.
4. Rang-tus bildiruvchi sifatlar: pushti, zangor, ko`k, qizil kabilar. Bu turdagi sifatlar ham faqat predmet belgisini bildirish uchun qo`llaniladi.
5. Hajm-o`lchov bildiruvchi sifatlar. Bu turdagi sifatlar predmetning hajm, vazn – og`irlik jihatdan o`lchov belgisini bildiradi: keng, tor, uzun, yaqin, katta, yengil kabilar.
6. Maza-ta'm bildiruvchi sifatlar. Bunday sifatlar u qadar ko`p emas: bemaza, nordon, shirin, achchiq kabilar.
7. Hid bildiruvchi sifatlar. Bunday sifatlar miqdor jihatdan sanoqli: sassiq, xushbo`y, badbo`y, qo`lansa kabilar.
8. Predmetning o`rin yoki vaqtga ko`ra belgisini bildiruvchi sifatlar. Bunday sifatlar o`rin yoki vaqt (payt) bildiruvchi otlarga -gi (-ki, -qi) affiksining qo`shilishi bilan hosil qilinadi: yozgi, kuzgi, ichki kabilar. Bu turdagi sifatlar harakat belgisini bildirish uchun qo`llanmaydi. Endigi ishlarimizning rejasini kattaroq, puxtaroq tuzishimiz zarur. Bugungi ishni ertaga qo`yma.
Sifatlar asosan otga bog`lanib, narsaga xos belgini bildiradi. Ular ba'zan fe'lga bog`lanib, harakatning belgisini bildiradi. Masalan, Bir narsani qadrlash uchun uni avval yaxshi bilish kerak. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, sifatlar belgini o`zicha, ayrim olingan holda bildirmaydi, balki borliqdagi u yoki bu narsa va hodisalarga tegishli holda anglatadi. Shuning uchun sifat, odatda, narsa va hodisalarning nomi bo`lmish otlarni aniqlab keladi: kuzgi bug`doy, aqlli bola, qizil qalam, tor ko`cha, qiziqarli tomosha kabi.
Shunisi xarakterliki, o`zbek tilida sifat boshqa so`z turkumlaridan o`ziga xos ma'nosi, maxsus sifat yasovchi va shakl yasovchi affikslarga egaligi bilan farqlanib turadi. Grammatik jihatdan narsa belgisini boshqa narsa belgisi bilan qiyoslab, darajalab ko`rsatish yoki predmet belgisini kuchaytirib va kamaytirib ko`rsatish xususiyatiga ega: katta-kattaroq - juda katta, ko`k- ko`kroq -ko`m-ko`k, ko`kimtir, qora - qoraroq - juda qora, qop-qora, qoramtir kabi.
Sifat, odatda, otga bog`lanib keladi, uning biror belgisini aniqlashga xizmat qiladi. Ba'zan ot so`z ham hech qanday morfologik belgisiz sifatlovchi bo`lib keladi. Ammo belgi ma'nosini anglatib kelgan bunday ot tamoman sifat turkumiga o`tib ketmaydi, balki ot turkumi doirasida qoladi: tosh yo`l, oltin soat, atlas ko`ylak, kumush qoshiq, taxta ko`prik kabi.
Sifatlar anglatgan ma'nolariga ko`ra bir xil emas. Ba'zi sifatlar bevosita, to`g`ridan-to`g`ri narsa belgisini ko`rsatsa, ba'zilari esa belgi ma'nosini bir narsaning boshqa predmetga bo`lgan munosabatiga ko`ra anglatadi. Belgini bevosita anglatadigan sifatlarga asliy sifat deyiladi: qotma, sho`x, yosh, chuchuk, nordon, sariq, qizil, qora kabi.
Belgini bir narsaning boshqa narsaga bo`lgan munosabatiga ko`ra anglatadigan sifatlarga nisbiy sifat deyiladi. Nisbiy sifat maxsus so`z yasovchi affiks vositasida boshqa so`z turkumlaridan yasaladi: bilimli kishi, yillik reja, tonggi shabada, suvsiz yer kabi.
Nisbiy sifatda yasash asosidan anglashilgan narsaga xoslanganlik, chog`ishtirish, o`xshatish, o`rin yoki paytga nisbatlash kabi ma'nolar ifodalanadi, sifat yasovchi affiks go`yo ikki narsa orasidagi munosabatlarning ko`rsatkichi bo`lib xizmat qiladi: mevali daraxt, yillik maosh, oilaviy munosabat, hozirgi davr kabilar.
Nisbiy sifatlar ma'no jihatdan quyidagi sifatlarga ega:
1. Narsaga nisbat berish bilan ifodalanadi: g`ayratli kishi, ilmiy ish, shaxsiy masala kabi.
2. Vaqtga nisbat berish bilan ifodalanadi: kuzgi shamol, hozirgi zamon kabi.
3. O`ringa nisbat berish bilan ifodalanadi: yakkabog`lik qiz, qishloqlik talaba, devoriy gazeta kabi.
Asliy va nisbiy sifatlar belgi anglatish xususiyati jihatidangina emas, balki bir qancha morfologik belgilari bilan ham bir-biridan farq qiladi. Asliy sifatlarga belgining ortiq yoki kamligini ifodalovchi shakl yasalishi, daraja kategoriyasi mansub, nisbiy sifatlarning ko`pchiligi esa bunday xususiyatga ega emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |