Tayanch so’z va iboralar: grammatika va uning vazifasi, grammatik qonuniyatlar, grammatikaning tarkibiy qismlari, grammatika va milliylik, milliy mafkura, grammatik shakl va grammatik ma`no, grammatik kategoriyalar.
Grammatika (yunoncha grammatike - yozish san'ati) so`z va gap qurilishi, gapda so`zlarning bog`lanishi haqidagi fandir. Grammatika termini tilshunoslikda ikki ma'noda qo`llanadi. U, avvalo, til qurilishining tarkibiy qismi bo`lgan grammatik tuzilishni anglatadi. Ayni paytda, shu grammatik qurilishga xos qonuniyatlarni ilmiy asosda o`rganadigan fanning nomini ham bildiradi. Har bir tilning o`ziga xos xususiyatlarini uning fonetik, leksik va grammatik strukturalari aks ettiradi. Bu strukturalarning hammasi bir butun sistemani hosil qiladi, demak, tilning grammatik qurilishi uning fonetik qurilishi va leksik sistemasi bilan bog`liqdir: tilning o`zaro bo`g`langan bo`laklarning yaxlitligidan iborat bo`lishi grammatikaning fonetika va leksikologiya bilan aloqador ekanligini anglatib turadi. Tabiiyki, tilning hamma tomonlari o`zaro bog`langan, o`zaro shartlangan bo`lib, grammatik qurilish til sistemasining bir qismidir.
Grammatika so`zlarni shakllantiradi, biriktiradi, ularning fikr anglatish vositasi sistemasidagi vazifasini yuzaga chiqaradi. Har bir tilning grammatik qurilishi ma'lum normalarga, qonun-qoidalarga ega. Tilning grammatik qurilishi uning muhim struktura belgilaridan biridir. Grammatik qurilish kishi abstrakt fikrlash faoliyatining juda katta tajribalari, natijalarining umumlashmasidan iborat. Grammatik qurilishning muhim belgilaridan biri uning asta-sekinlik bilan o`zgarishi, o`z qoidalarini takomillashtira borishi bo`lib, bu hodisani tarixiy grammatika o`rganadi.
Har bir til o`z grammatik qurilishiga ega, u bir necha asrlar davomida tashkil topgan bo`lib, tilning barcha dialektlaridan tortib, uning qayta ishlangan yuqori shakli - adabiy til uchun ham umumiydir. Grammatik qurilishni o`rganuvchi fan sifatida grammatika ham yagona umumxalq tili me'yorini yaratish va uni tartibga solishga yordam beradi. Grammatik qonuniyatlar maxsus ifoda vositalariga ega, ular grammatik morfemalar, yordamchi so`zlar, intonatsiya, so`z tartibi kabi vositalar orqali ifodalanadi.
Grammatik vositalar mavhum umumiy munosabatlarni ifodalashga xizmat qiladi. Grammatik vositalar yig`indisi, ularning o`zaro munosabati esa tilning grammatik qurilishini tashkil qiladi. Grammatik qonuniyatlar umumlashtiruvchilik xususiyatiga ega. Chunki grammatik qoidalar alohida, yakka olingan so`z yoki gaplar asosida yuzaga kelmaydi, balki so`z va gaplarda mavjud bo`lgan umumiy hodisalarni o`rganish orqali hosil bo`ladi. M a s a l a n, keldi, yozdi, yugurdi, kuldi, ishladi, qaridi, uxladi kabi so`zlarning har qaysisi o`zining alohida leksik ma'nosiga ega. Bu ma'nolar leksikologiyada tekshiriladi.
Grammatika esa shu so`zlarning hammasi uchun umumiy bo`lgan harakat va holat bildirish hodisasini o`rganadi va ularni bir kategoriyaga birlashtiradi. Fe'lning shaxs-son affiksi bilan o`zgarishi uning muhim xususiyatlaridan biridir. Tilda mavjud bo`lgan harakat - holat bildiruvchi barcha so`zlarning shu xususiyatini umumlashtirish asosida fe'lning shaxs-son kategoriyasi haqidagi qoidalar yuzaga keladi. Men keldim, sen kelding. Bu esa grammatik umumlashtirish, grammatik abstraksiya qilishdir. Otning kelishik shakllari bilan turlanishi boshqacha xususiyatga ega bo`lgan ikkinchi xil grammatik abstraksiyadir. Masalan, shahar, uy, bola, maktab, kitob, gul kabi so`zlar boshqa-boshqa ma'no anglatishidan qat'i nazar, tildagi boshqa otlar singari kelishiklar bilan turlanadi: shahar, shaharning, shaharni, shaharga kabilar. Demak, ma'lum grammatik konstruksiyalarning ma'no va xarakteri aniqlanganda, bu ma'noning faqat umumiylik, abstraktlik xususiyatiga e'tibor beriladi. Chunki tilda hamma vaqt abstraksiya, umumiylik mavjuddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |