Tayanch so`z va iboralar: o`nta daftar, o`n to`qqiz, XV, XXI, XIX, bir-ikki, beshta, oltov, birinchi, nafar, bosh, to`rttadan, uchdan bir, bo`lak, burda, qoshiq, ikkala, minglab, ikkilarda, 1941-yil, 7-maktab, nol butun o`ndan bir, sakkizdan bir.
Predmetning miqdori, sanog`i va tartibini bildirgan mustaqil ma'noli tobe so`zlar son deb atalib, ular qancha? necha? nechanchi? kabi so`roqlarga javob bo`ladi. Son otga bog`lanib, uning sanog`ini, miqdorini, miqdorga bog`liq tartibini, darajasini (ikkinchi kurs, 213-auditoriya) va otga bog`lanmagan holda mavhum miqdor tushunchasining nomini (ikki bilan uch besh bo`ladi, besh karra besh yigirma besh bo`ladi kabi) bildiradi.
Son so`z turkumi sifatida predmet ifodalovchisi bilan munosabatga kirishib, shu jihati bilan sifat va ravish turkumiga yaqin turadi. Biroq aniq miqdor bildiruvchi bu so`z predmetning noaniq miqdorini bildiruvchi oz, kam, ko`p, mo`l kabi sifatdan ajralib turadi. Sifat raqam bilan ifodalanmaydi. Son esa noaniq miqdorni bildirganda ham raqam bilan beriladi: uch-to`rt kun (3-4 kun). Bu esa u anglatgan miqdor noaniqligi ham nisbiy ekanligidan dalolat beradi.
Songa oid so`z matematik son ma`nosida faqat sonning nomini bildiradi. Demak, predmet nomini anglatuvchi so`z bilan munosabatda namoyon bo`ladigan ma`nosi bilan son so`z turkumini tashkil etadi.
Sonlar harf bilan o`n, olti; arab raqami bilan 5, 10, 34, 40; rim raqami bilan X, XX, V yoziladi.
Umuman, miqdor tushunchasi juda mavhum bo`lgani sababli, uni ifodalovchi so`zlar ham mavhum xususiyatga ega. Son shu xususiyati bilan boshqa so`z turkumlaridan farq qiladi. Masalan, bir, o`n besh, uch kabi sonlar alohida olinganda, faqat mavhum miqdor tushunchasinigina ifodalaydi. Sonning ma'nosi u
biror narsa nomini bildirgan so`z bilan bog`langandagina aniqlanadi: bitta kitob, to`rt talaba.
Son har vaqt sanalishi mumkin bo`lgan predmetlarni anglatgan otlar bilan qo`llanadi, ularni miqdor jihatidan aniqlab keladi.
Sonlar quyidagi xususiyatlarga ega:
1. Son boshqa so`z turkumidan yasalmaydi, uning son yasovchi affikslari ham yo`q. Binobarin, son turkumi so`z yasalish sistemasiga ega emas;
2. Sonning ma'no turlari va modal shakllari uning o`ziga maxsus affikslar qo`shish bilan yasaladi: bitta, oltita, birinchi, beshtacha;
3. Son o`zicha turlovchi affikslarni qabul qilmaydi, sifatlovchi olmaydi, aksincha, o`zi otning sifatlovchisi bo`lib keladi: Ikki yil oldin universitetga o`qishga kirgan edim. U o`n sakkiz yashar popukday qiz edi;
4. Son miqdor tushunchasining nomini anglatganda va otlashganda, kelishik, egalik affikslarini qabul qiladi, ot bajargan vazifalarda keladi: Ikki o`n besh bir o`ttiz;
5. Son narsa miqdorini turli tomondan aniqlash uchun sanoq bildiruvchi so`zlar – numerativlar bilan ham qo`llanadi: Polvon bitta tuxum, ikki dona xurmo, yarim misqol sedana, besh dona bo`tako`z, bir qoshiq asalni bir piyola suv bilan mis idishda qaynatishga buyurdi.
O`zbek tilida sonlar birlik, o`nlik, minglik sistemasida qo`llanadi. Sonlar tuzilish jihatidan sodda va qo`shma bo`ladi: bir, ikki, besh, o`n olti, ellik besh.
Sakson, to`qson, oltmish, yetmish sonlari tarixan yasama so`zlar (sakkiz+o`n, olti+mesh) bo`lsa ham, hozir ular yaxlitlashib, ajralmas sodda holga kelgan.
Sonlar juft va takror holda ham keladi: to`rt-besh, besh-olti, besh-besh, yuz-yuz kabi.
Sonning ma'no jihatdan turlari. Sonlar ma'no va grammatik xususiyatlariga ko`ra ikkiga bo`linadi: miqdor sonlar va tartib sonlar.
Miqdor sonlar predmetning miqdori, sanog`iga ko`ra belgisini, tartib sonlar esa ularning tartibi, sirasiga ko`ra belgisini ko`rsatadi.
Miqdor sonlar predmetlarni sanash, donalash, taqsimlash yoki taxminlab ko`rsatish uchun qo`llanadi. Sonning bu turi quyidagicha grammatik xususiyatlarga ko`ra tartib sonlardan farqlanadi:
-miqdor sonlar o`ziga xos morfologik ko`rsatkichlarga ega. Tartib sonlar esa -i(nchi) affiksi orqali yasaladi;
-miqdor sonlar hisob so`zlari (numerativlar) bilan birga qo`llanadi. Tartib sonlar esa bu xil so`zlarsiz ishlatiladi;
-miqdor sonlar juftlanib kela oladi, tartib sonlarda bu xususuiyat yo`q;
-miqdor sonlar birikmali holda uchdan bir, beshdan ikki kabi shakllarda ishlatiladi, tartib sonlar esa bunday qo`llanmaydi;
-miqdor sonlar -lar affiksini olib, ko`pincha taxminiy miqdorni bildiradi, tartib sonlar esa ba'zan -lar affiksini olib, otlashadi, ko`plikni ifodalovchi ot vazifasida keladi. Masalan, Soat beshlarda uchrashamiz. U qizning yoshi o`n sakkizlarda bo`lsa kerak. Birinchilarga sovg`a berildi.
Miqdor sonlar quyidagi turlarga bo`linadi:
1. Sanoq sonlar.
2.Chama sonlar
3. Jamlovchi sonlar.
4. Kasr sonlar.
Sanoq sonlar narsaning miqdorini sanab, donalab yoki taqsimlab ko`rsatishga xizmat qiladi. Masalan, ikkita olma, ikki nafar yosh yigitlar, sakkiztadan, uchta-uchta kabi.
Sanoq son o`ziga xos xususiyatli bo`lib, u quyidagi morfologik ko`rsatkichlarga ega: sanoq son ot bilan sintaktik munosabatga kirishganda, mustaqil va nomustaqil sintaktik mavqeda bo`la oladi. Mustaqil mavqeda aniqlanmishdan ayricha so`roqqa javob bo`lib, alohida bo`lak maqomiga ega bo`ladi. Besh (aniqlik) kishi (ega) so`zladi (kesim). Nomustaqil mavqeda tarkibiy qism sifatida yuzaga chiqadi: Besh kishi (ega) kelishdi (kesim).
Sanoq son qo`shma sifat hosil qilishi mumkin: Besh yashar bola, uch chaqirimli yo`l.
Chama son narsaning miqdorini aniq emas, taxminlab, chamalab ko`rsatadi. Ular asosan -tacha, -lar, -lab, -larcha affikslarini qo`shish bilan hosil bo`ladi. Masalan, ikkitacha, minglab, ming so`mlab, oltilarda, o`nlarcha kabi.
Ikki sanoq sonni juftlab keltirish orqali ham chama son ma'nosi ifodalanadi. Kechasi uch-to`rt yomg`ir tushdi. Bulardan tashqari, narsaning taxminiy miqdorini ifodalashda taxmin bildiruvchi so`zlar ham ishlatiladi. Masalan, o`ttizga yaqin, o`n choqli qo`y, qariyb bir soat kechikdi kabi.
Jamlovchi son miqdorni jamlab, to`dalab ko`rsatadi. Ular ko`pincha egalik affiksi bilan keladi, ularda miqdor orqali shaxs va narsalarni umumlashtirib ko`rsatish xususiyati kuchli. Ular -ov, -ala affikslari yordamida hosil bo`ladi: uchov, oltov, ikkala. Kasr son butunning qismlarini ifodalash uchun ishlatiladi. Kasr sonlar tuzilishiga ko`ra boshqa sonlardan farqlanadi: uchdan ikki, o`ndan to`qqiz.
Yarim, yorti, chorak, nimchorak so`zlari ham kasr son hisoblanadi. Kasr sonlar butun sonlar bilan birga aralash sonni hosil qiladi: 1, 09 - bir butun yuzdan to`qqiz, 3,1- uch butun o`ndan bir kabi.
Tartib son. Tartib son bir turdagi narsalarning daraja-miqdor jihatidan tartibini ko`rsatish uchun xizmat qiladi. Ular narsaning ketma-ketlik jihatidan tartibini anglatadi. Masalan, ikkinchi kurs, beshinchi uy. Ular -nchi, -inchi affikslarini qo`shish bilan hosil bo`ladi. Masalan, to`rtinchi, ikkinchi kabi.
Tartib son arab raqamlari bilan yozilganda, -(i)n-nchi affiksi o`rniga chiziqcha (-) qo`yiladi: 45-maktab, 7-sinf.
Rim raqamlaridan, shuningdek, oy, kunlarni ifodalovchi arab raqamlaridan keyin defis qo`yilmaydi: VII sinf, XX asr, III bob, 1941 yil kabi.
Hisob so`zlari (Numerativlar). Predmetning soniga ko`ra belgisini ifodalovchi sanoq sonlar ba'zan predmetlarning hisobini ko`rsatuvchi so`zlar - hisob so`zlari (numerativlar) bilan qo`llanadi. Bu so`zlar sanalayotgan konkret predmetni ko`rsatmay, o`sha predmetni hisoblashda uning qaysi kategoriyaga, guruhga oid ekanligini aniqlash uchun ishlatiladi. Bu so`zlar sanoq son bilan sanaladigan predmetni ifodalovchi so`z orasida kelib, ularning og`irligiga, hajmiga, uzunligiga, joylashish o`rniga va boshqa shunga o`xshash turkumidagi xususiyatlariga ko`ra o`lchovini bildiradi. Numerativlar ko`pincha ot so`zlardan bo`ladi: dona, nusxa, bog`lam, nafar, tutam kabi.
Numerativlarning ishlatilish doirasi juda keng va turli-tuman:
1. Chegaralov ma'nosini bildiradi: To`yda hamma bor edi, bir Karim kelmadi.
2. Fe'lga bog`lanib uning ma'nosini kuchaytiradi: biram sog`indim, bir yig`ladi, asti tasavvur qila olmaysiz.
3. Takroriy ravishda fe'lga bog`lanib, harakatning belgisini uning qay tarzda bajarilganligini bildiradi: U bitta-bitta qadam tashlab ko`zdan g`oyib bo`ldi.
4. Takrorlanib, ayiruv boqlovchisi rolini bajaradi, harakat, voqea-hodisalarning galma-gal bo`lganligini bildiradi: Hayronman, u bir yig`laydi, bir shodon kulib raqsga tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |