Daraja kategoriyasi
Sifatlarga xos muhim xususiyatlardan biri uning daraja kategoriyasiga ega ekanligidir. Sifat darajalari belgining ortiq yoki kamligini farqlashga xizmat qiladi. Mavjud darsliklarda daraja kategoriyasi turlicha talqin etib kelinmoqda. Sifat bildirgan belgining darajasi har xil bo`lishi mumkin, ya'ni belgi normal (oddiy darajada bo`lishi), oddiy darajadan ortiq (kuchli) yoki oz (kuchsiz) bo`lishi mumkin. Daraja kategoriyasi belgining ana shu daraja nuqtai nazaridan bo`lgan xarakteristikasini ko`rsatadi.
Ba'zi sifatlar bildiradigan belgi tabiiy ravishda turli darajani anglatmaydi. Shunga ko`ra bunday belgilarni bildiruvchi sifatlar daraja ko`rsatkichlariga ega bo`lmaydi: qoyaviy (kurash), sirtqi (bo`lim), devoriy (gazeta) kabilar.
Darajaning bir-biriga qiyosan olinadigan (belgilanadigan) uch turi bor: 1 Oddiy (normal) daraja.2. Orttirma daraja. 3. Ozaytirma daraja: yaxshi - oddiy daraja, juda yaxshi - orttirma daraja, yaxshiroq - ozaytirma daraja (Ш.Шоабдураҳмонов «Ҳозирги ўзбек адабий тили». -Toshkent, 1980. 253-254 б).
U.Tursunovlarning darsligida (Toshkent, 1992) aytilishicha, sifat darajalari belgining ortiq yoki kamligini farqlashga xizmat qiladi. Sifatlarda daraja shakllari ikki turga bo`linadi: 1) ozaytirma daraja; 2) orttirma daraja.
Bizningcha, ularni ikki guruhga ajratib o`rganish maqsadga muvofiq, chunki belgini bildirgan so`zlarda daraja o`z aksini topmaydi. Masalan, kunduzgi, tarbiyaviy, yozgi, ilmiy va shu kabilar.
Ozaytirma daraja. U leksik usul bilan hosil bo`lib, darajaning kuchsizligi maxsus so`zlar yordamida hosil qilinadi: sal durust, bir oz yaxshi, xiyol pushti. Morfologik usul bilan darajaning kuchsizligi ifodalanadi: kattaroq, ko`proq, ozroq, qoramtirroq kabi.
Shuni aloqida ta'kidlash lozimki, rang-tus bildiruvchi ayrim sifatlarda qo`llanuvchi -ish, (-i)mtir affikslari belgining kuchsiz darajasini bildirmaydi, balki belgining sifat bildirgan rang-tusga moyilligini, shunga yaqinligini ko`rsatadi: oqish, ko`kish, ko`kimtir kabi. Qora, qizil, oq, sariq kabilarda ham xuddi shunday ma'no ifodalanadi. qora qizil-qoraga yaqin, (qoraga moyil), qizil oq sariq – oqqa yaqin (oq rangga moyil) sariq.
Orttirma daraja. Orttirma darajada belgining normal holatdan ortiqligi, kuchliligi ifodalanadi.
O`zbek tilida belgining ortiq darajasini bildiruvchi maxsus affiks (orttirma darajaning morfologik ko`rsatkichi) yo`q. Bu ma'no bir necha usul bilan ifodalanadi.
1. Fonetik usul. Bu usulning o`zi bir necha ko`rinishga ega:
1) sifatning bosh bo`g`ini yoki bosh qismini olib, sifat oldidan qo`llash bilan belgining ortiqligi ifodalanadi: yap-yapaloq, dum-dumaloq.
2) Belgining ortiq (kuchli) darajasi - unlini kuchli yoki cho`zib talaffuz etish, shuningdek, undoshni qavatlab talaffuz etish yo`li bilan ham ifodalanadi: uzun ko`cha, baland uy, katta bino, tekkis, achchiq, sap-sariq kabilarda ham bosh qismdagi unli kuchli talaffuz etiladi.
2. Leksik yo`l bilan. Ya'ni sifat oldidan eng, juda, g`oyat, nihoyatda kabi so`zlarni keltirish bilan hosil qilinadi. Masalan, g`oyatda chiroyli qiz, eng baland tog`, o`ta chiroyli manzara. Ba'zan belgining ortiqlik darajasi sifat oldidan maxsus so`zlar keltirish bilan ham ifodalanadi: tim qora, qirt yolg`on, jiqqa ho`l kabi.
Ikki predmet belgisi o`zaro chog`ishtirilganda ham belginnig ortiqligi ma'nosi anglashiladi. Bu vaqtda sifat oldidan hamma, bari, barcha kabi olmoshlar chiqish kelishigi shaklida keladi: hammasidan yaxshi, barchasidan katta, baridan chiroyli kabilar.
Erkalash, juft va takroriy shakllar. Erkalash shakli asosan sifat asosiga -gina (-kina, qina) affiksini qo`shish bilan yasaladi: shiringina, nozikkina, yumshoqqina. Erkalash shaklida kelgan sifatlar so`zlovchining belgi orqali narsaga ijobiy, ba'zan salbiy munosabatda bo`lishini, erkalash, suyish ma'nolarini anglatadi: Istarasi issiqqina bu odamning o`zbekchalab salomlashganini ko`rgach, Onaxon hayron qoldi (A, Muxtor). Shaxs, predmetga -toy affiksini qo`shish bilan ham ifodalanadi. Masalan, shirintoy, erkatoy, yoqimtoy kabi.
Juft va takroriy shakllarda ikki sifatning juft holda yoki bir sifatning takroriy holda qo`llanishidan hosil bo`lib, leksik-grammatik jihatdan bir butunlikni tashkil qiladi: yaxshi-yomon, oq-qora, katta-katta, yaxshi-yaxshi kabi.
Sifatning juft shakli ko`plik, umumlashtirish, jamlash ma'nolarini bildiradi.
Sifatlardagi juft shakl komponentlari ma'no jihatdan: a) antonimik munosabatda bo`ladi: yosh-qari, issiq-sovuq, katta-kichik kabi; b) bir-biriga yaqin, sinonimlik munosabatida bo`ladi: yakka-yagona, och-yalang`och, esli-hushli kabi; v) birinchi komponentning fonetik o`zgarishi asosida hosil bo`ladi: egri-bugri, ola-bula, chala-chulpa, ola-kula kabi.
Sifatning takroriy shakli bir so`zning takroridan hosil bo`ladi va ko`plik, umumlashtirish ma'nolarini ifodalaydi. Masalan, kichik-kichik uychalar, yuksak-yuksaklarga boqmoq kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |