130
Harakat nomi quyidagi shakl yasovchi affikslar bilan yasaladi:
1) fe’l negiziga –sh (-ish) qo‘shish bilan (unlidan so‘ng –sh, undoshdan
so‘ng –ish): o‘qish, yozish, ishlash, chiqish kabi;
Harakat nomining –sh (-ish) affiksi bilan yasalgan shakli otga yaqin turadi,
shuning uchun ham bu shaklda harakat nomi otga ko‘chishga moyil bo‘ladi.
2) fe’l negiziga –v (-uv) qo‘shish bilan (unlidan so‘ng –v, undoshdan so‘ng
–uv): ishlov, bag‘ishlov, boruv, keluv kabi;
Bu affiks bilan yasalgan harakat nomi hozirgi o‘zbek tilida kam ishlatiladi;
3) fe’l negiziga -moq qo‘shish bilan: o‘smoq, ulg‘aymoq, o‘rganmoq kabi.
Harakat nomining -moq affiksi bilan yasalgan shakli fe’lga juda yaqin
turadi, chunki har qanday fe’lning bosh shakli yo buyruq-istak mayli shaklida esla,
shosh kabi; yoki eslamoq, shoshmoq kabi harakat nomi shaklida olinadi.
Harakat nomi leksik-semantik jihatdan harakat tushunchasini anglatadi. SHu
jihatdan harakat nomi fe’lga xos grammatik xususiyatlarga ega:
1) o‘timli-o‘timsizlik ma’nosini ifodalaydi: o‘rganish, ko‘rmoq - o‘timli
harakat nomi; yugurish, ishonmoq - o‘timsiz harakat nomi;
2) nisbat ma’nosiga ega: yutmoq - aniq nisbat, yasanmoq - o‘zlik nisbat,
baholanmoq - majhullik nisbati, qiziqtirmoq - orttirma nisbat;
3) harakat nomining bo‘lishsiz shakli faqat –maslik affiksi bilan yasaladi:
aytish – bo‘lishli harakat nomi, aytmaslik – bo‘lishsiz harakat nomi.
4) harakat nomi zamon ma’nosiga ega emas. Lekin ma’lum bir qulay
sharoitda unda hozirgi-kelasi zamon ma’nosi aks etadi: Oilada farzand tarbiyasiga
har tomonlama e’tibor bermoq lozim (O.Karimova).
5) boshqa fe’l shakllari singari harakat nomi boshqarish xususiyatiga ega.
SHuningdek, ish-harakatning nomini bildirish jihatdan harakat nomi otga
xos bo‘lgan grammatik xususiyatlarga ham ega, ya’ni:
1) harakat nomi son, egalik va kelishik affikslarini oladi;
2) harakat nomi ot singari ega, qaratqich aniqlovchi, to‘ldiruvchi
ko‘makchili shaklda hol va kesim vazifalarini bajaradi:
Zumradning tikishi –
go‘zal, ipakni turlashi ham mohirona (O.). Bilim va tushunishga intil kunu tun
(YUsuf Xos Xojib). Rais Jo‘raboev bilan jiddiy tortishuvdan so‘ng juda qattiq
asabiylashdi (SH.R.). O‘zini olim, fozilman deb maqtanish, shu bilan g‘ururlanish
jaholatning bir ko‘rinishidir («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Do'stlaringiz bilan baham: