Omon Muxtor ijodida novatorlik
Novator (lot. novator – yangilovchi, yangilanuvchi) – kishilik faoliyatining biror sohasida yangicha ilg`or prinsp, g`oya, usul kirituvchi va uni amalga oshiruvchi. Novatorlik – kishilarning bunyodkorlik faoliyatidagi, novatorlar faoliyatidagi yangilik1. Ya`ni novatorlik adabiy jarayon bilan bog`liq kategoriya, adabiy jarayonda an`ana bilan har vaqt dialektik aloqada mavjud bo`lgan hodisa, adabiyot taraqqiyotining muhim ichki omili, badiiy tafakkur rivojiga sezilarli ta`sir o`tkazib, keyinchalik an`anaga aylanuvchi muhim badiiy-estetik yangilikdir2. Adabiyotda hayotni tasvirlash borasida yangi tarixiy sharoitda ochilgan yo`llar, tasdiq topgan yangi usul va vositalardir 3. Boshqacha qilib aytganda, badiiy adabiyotda novatorlik deganda, adabiy an`ana bilan bog`liq bo`lgan, ijodkor tomonidan yaratiladigan, insoniyat rivojida muhim ahamiyat kasb etadigan hamda davrlar o`tishi bilan an`anaga aylanadigan g`oyalar, janrlar, tiplar, usul, uslub va vositalar majmui tushuniladi.
O`z davrining yirik ijodkori bo`lgan Omon Muxtor asarlarida novatorlikka xos jihatlar mavjuddir. Uning “Shaharlik kelinchak” hikoyasida buni uchratishimiz mumkin. Asar yozda boshlanib yana yozda tugaganligini ko`rishimiz mumkin. Ya`ni yoz bu yerda hayotga ishora qilyapti. Yanada aniq aytsak, hayot ham issiq va haroratli fasl singari shunday qizg`in va jo`shqin bo`lishi, inson shu hayot ummonida qovurilib, pishib yetilishi ishorasi ekanligini ko`rish mumkin.
Endi asar nomlanishiga e`tiborimizni qaratsak: “Shaharlik kelinchak”. Ijodkor kelin emas kelinchak so`zidan foydalangan. Xo`sh, nega shunday? Buning sababi shuki, hikoya bosh qahramoni Nuriya mehnati, odobi tufayli nafaqat oila a`zolari, balki qolganlar ko`nglidan ham joy olib ular tomonidan mana shu tarzda atalishiga loyiq ekanligi asar davomida bir necha o`rinlarda isbotlab berilgan.
Ijodkor hikoyada qishloq tasvirini chizar ekan, “Atrofda quyosh taftidan rangi o`chgan paxsa devorlar, qo`sh tavaqali vazmin darvozalar ko`zga chalina boshladi4” peyzajidan foydalanadi. Ushbu jumladagi darvoza tasvirida uni qo`sh tavaqali darvoza deyish ham mumkin edi, lekin Omon Muxtor unga vazmin so`zini qo`shish orqali qishloqdagi hayotga va u yer aholisiga ishora qilgan. Bundan tashqari, hayot yo`lida ayol o`zini qanday tutishi kerakligiga ham ishora bor.
Qaynotasi Muslim bobo hikoyada quyuq va hurpaygan qoshli, muloyim ko`zli sifatida tasvirlangan. Bu yerda kontrast holatni yuzaga keltirgan ijodkor qahramon hurpaygan qoshga ega bo`lsa-da, bu uning salbiy xarakterli personaj ekanligiga ishora qilmay, muloyim so`zi orqali uning naqadar mehribonligini ochib bergan. Biz buni “Ona qizim, o`zingni ko`p charchatma yana, - derdi qariya. – Ish tamom bo`lmaydi, ona qizim5 ” jumlasi orqali bilib olishimiz mumkin.
Qaynonasi Oqila bibi tomonidan aytilgan quyidagi so`zlarga e`tiborimizni qarataylik:
Bizni qishloq ishlari sizga og`ir. Man o`zim qilaveraman. 6
Yo`q, - dedi kampir yana. – Man bormayman… Sizlar bemalol… Endi mani joyim boboning yonida, man u kishini qanday qilib, kimga qoldirib ketaman…7
Keltirilgan bu fikrlardan Oqila bibi ham xuddi kelini Nuriya singari shaharlik bo`lganini, u ham qachonlardir qishloqqa turmushga uzatilganini, ma`lum vaqt davomida u ham qishloq hayotiga ko`nikib, qishloqqa va shu joy aholisiga singib ketganini, urf-odatlarga sodiqligini bilib olish mumkin. Ushbu xulosalardan shuni aytish mumkinki, ijodkor Oqila ismi unga mos ekanligini yana bir bor isbotlab bergan.
Hikoyada qizigan childirma detali, qandaydir toshqin-suron holatiga bir necha o`rinlarda murojaat etilgan. Bularning ikkisi orqali adib hayotga, uning qaynoqligi-yu jo`shqinligiga ishora qilib o`tgan.
Shuningdek, “Muhabbat” hikoyasida ham ijodkorning o`ziga xos uslubi sezilib turadi. Hikoya ishonch va hurmat ustiga barpo bo`ladigan va odatda, ko`plab yozuvchilar asarlarida armonga aylanadigan birinchi muhabbat haqidadir.
Asar boshlanmasida keltirilgan voqealarning sovuq havoda ro`y berayotganini ko`ramiz. Bu orqali Omon Muxtor ishq qissasining yakuni ayriliq ekanligiga dastlabki qadamlaridayoq o`ziga xos ifoda usuli bilan ishora qilib o`tgan.
Hikoyani endi o`qiyotgan kitobxon Karima obrazini beixtiyor yoqtirib qoladi. Lekin hikoya yakunida uning qandayligi fosh bo`lgach, unga nisbatan munosabati o`zgaradi. Ya`ni bu orqali shuni tushunish mumkinki, insonda ikki xil fe`l-atvor bo`ladi: yaxshi va yomon. Qay biri ustun kelishi insonning o`ziga bog`liq. Karimadagi ayyorlik, mug`ombirlik kabi yashirin jihatlariga ham nafaqat asar yakunida, balki asar davomida ham bir necha jumlalar orqali ishoralar mavjud. Masalan, Payshanba degan joyni bilsangiz kerak. O`sha yerda mening bir tog`am bor, Kamol tog`a deymiz. Bu kishi ikkita katta urushda qatnashgan. Qahramon. Salobatli, kuchli, chiroyli odam… Shu tog`amni otamdan ham ko`proq yaxshi ko`raman…8 Keltirilgan Shu tog`amni otamdan ham ko`proq yaxshi ko`raman jumlasiga e`tibormizni qarataylik. Bilamizki, biz o`zbeklarda ota ulug` va tabarruk inson. Qanday odam tog`asini o`z otasidan, ya`ni yedirib-ichirgan, uning halovati-yu kamchiliklarini to`ldiraman deb o`z halovatidan voz kechgan insondan ham ustun ko`rib, yaxshi ko`ra oladi, hurmat qiladi. O`z otasini bilmagan boshqa bir insonni, uning muhabbati-yu tuyg`ularini qanday qilib hurmat qiladi, ardoqlaydi. Mana shularni sezgan adib otam kabi yaxshi ko`raman emas, otamdan ham ko`proq yaxshi ko`raman deydi. Ya`ni mana shunday deyilganda, Karimaning xarakterini chizishda izchilikka yo`l qo`yilishi va o`quvchini ikkilanishiga majbur etuvchi fikr kelib chiqar edi. Yoki qizning xolasi bo`lmish Halima opa turmush o`rtog`i vafot etganiga hali hech qancha vaqt o`tmay o`z boshlig`i bilan oila qurib olganini va bu voqeaga nisbatan Karima Dunyoda birovni qoralash oson. Xolam tilla xotin. Faqat baxti yo`q. Har kimni o`zicha ham oqlash mumkin9 tarzida munosabat bildirganini ko`ramiz. Bu yerda ham qahramon xarakterini chizishdagi ustomonlik sezilgan. Bundan tashqari, inson qadri hamma narsadan ustun ekanligi, inson zoti sharifligi va insoniylik ulug` mezonligiga ishora mavjud.
Demak, Omon Muxtor mahoratli ijodkor sifatida badiy adabiyotda o`zgacha uslub bilan namoyon bo`ldi. U tasvir chizishda o`ziga xos kontrastlar-u detallardan o`rni bilan foydalana oldi. Bundan tashqari, so`z tanlashda ham o`zining uslubini yarata oldi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Н ҳарфи
Қуронов Д, Мамажонов З, Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. – Тошкент, “Akademnashr”, 2010
Sulton I. Adabiyot nazariyasi. – Toshkent, “O`qituvchi”, 2005
Мухтор О. Аёллар мамлакати ва салтанати. Роман ва ҳикоялар. – Тошкент, Шарқ, 1997
www.ziyouz.com kutubxonasi
Do'stlaringiz bilan baham: |