111-modda. Ta’sis hujjatlari
Ta’sis shartnomasi va ustav (nizom) ommaviy axborot vositasining ta’sis hujjatlari hisoblanadi.
Bir nechta muassis o‘rtasida tuziladigan ta’sis shartnomasida quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:
muassislarning nomi haqidagi;
ta’sis etilayotgan ommaviy axborot vositasining turi, faoliyati predmeti va maqsadi, chiqish davriyligi haqidagi;
ta’sis etilayotgan ommaviy axborot vositasining nomi, pochta manzili haqidagi;
ommaviy axborot vositasining ustav fondi miqdori, moliyalashtirish manbalari va uni hosil qilish tartibi haqidagi;
muassislarning ommaviy axborot vositasi faoliyatida ishtirok etishiga doir huquqlari va majburiyatlari haqidagi;
ommaviy axborot vositasi faoliyatini boshqarish tartibi haqidagi;
foydani taqsimlash tartibi haqidagi;
ommaviy axborot vositasini qayta tashkil etish, tugatish (ommaviy axborot vositasining faoliyatini tugatish) tartibi haqidagi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar to‘g‘risidagi.
Agar bir shaxs muassis hisoblansa, u ro‘yxatga oluvchi organga ustavini taqdim etadi.
(111-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
112-modda. Muassis bilan tahririyat o‘rtasidagi shartnoma
Muassis bilan tahririyat o‘zaro huquqlar va majburiyatlar, javobgarlik, nizolarni hal etish tartibi va boshqa shartlar to‘g‘risida, shuningdek uchinchi shaxslar bilan o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida shartnoma tuzadilar.
(112-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
113-modda. Muassisning huquqlari va majburiyatlari
Muassis quyidagi huquqlarga ega:
ta’sis shartnomasi, ustav (nizom) va qonun hujjatlarida, shuningdek u bilan tahririyat o‘rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositasining ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
qo‘shgan mulkiy ulushiga muvofiq ravishda foyda va zararlar taqsimotida ishtirok etish;
ommaviy axborot vositasini muassis yoki uning tomonidan ko‘rsatilgan uchinchi shaxs manfaatlarini ko‘zlab qonun hujjatlariga muvofiq boshqaruvni amalga oshirishi lozim bo‘lgan boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) mulkiy majmui sifatida ishonchli boshqaruvga topshirish;
ommaviy axborot vositasi muharririni (bosh muharririni), shuningdek tahrir hay’ati a’zolarini tayinlash va ozod qilish;
eng katta hajmi va e’lon qilish muddati tahririyat ustavida (nizomida) yoki ta’sis shartnomasida belgilanadigan xabarni yoki reklama tusida bo‘lmagan materialni o‘z nomidan bepul joylashtirish;
ommaviy axborot vositasi tugatilgan yoki ommaviy axborot vositasining faoliyati tugatilgan taqdirda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini qo‘shgan mulkiy ulushiga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish.
Muassis quyidagilarni bajarishi shart:
ommaviy axborot vositasining ustavini (nizomini) tasdiqlash;
ommaviy axborot vositasi tahririyati bilan shartnoma tuzish;
ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash.
Muassis senzurani amalga oshirishga, retsenziyadan o‘tkazishga yoki tahririyatning ijodiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ommaviy axborot vositasining ishlab chiqarilishi va tarqatilishi masalalariga aralashishga haqli emas, ta’sis shartnomasida yoki ustavda (nizomda) nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qonun hujjatlariga muvofiq muassis boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(113-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |