Talaba: Axtamov Asilbek Korxona axborot texnologiyalar tahlili.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati: raqamli texnologiyalar va raqamli transformatsiya jarayonlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimizning eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi. Kombinat konlarni ochiq va yerosti usulida qazish, boyitish va oltinni saralab olish fabrikalari, metallurgiya zavodlari, yirik energetika va transport tizimlari, rivojlangan infratuzilma hamda ijtimoiy obyektlarni birlashtirgan. Ishlab chiqarish hajmi va ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida, korxona faoliyatining barcha yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan, 2020-yil 5-oktabr kuni “‘Raqamli O‘zbekiston — 2030’ strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolangan. Farmon bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” milliy strategiyasi doirasida kombinat mutaxassislari tomonidan “Raqamli OKMK — 2030” rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.
Ushbu yo‘nalishdagi asosiy ishlar ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib, boshqarmada 282 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan 4000 dan ziyod kompyuter va tashkiliy texnikalar, 62 ta server uskunalari, 37 ta axborot tizimlari va resurslariga doimiy ravishda xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Boshqarmaning vazifalaridan biri — korxonaning barcha bo‘limlari axborot tizimlari va avtomatlashtirish tizimlarining barqaror va muammolarsiz ishlashini ta’minlash. Boshqarma mutaxassislari kombinat ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini beruvchi maxsus kompyuter dasturlarini yaratish va tatbiq etish bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Hozirgi kunda ma’lumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish ishlari yakunlangan, yangi server uskunalari o‘rnatilgan, geografik jihatdan uzoqlashtirilgan zaxira ma’lumotlar markazi yaratilgan. Mavjud kompyuter parki, serverlar va aloqa tizimlarini doimiy ravishda modernizatsiya qilib borish rejalashtirilgan.
OKMKda IT loyihalarni joriy etish korxonada olib borilayotgan raqamli transformatsiyalashning asosiy bosqichi hisoblanadi. Amalga oshirilayotgan ishlar avvalambor mavjud ma’lumotlar yuritish tizimini qog‘oz ko‘rinishdan raqamliga o‘tkazish, natijada barcha jarayonlar elektron ko‘rinishga keltirishga qaratilgan.
“Raqamli OKMK — 2030” konsepsiyasiga muvofiq belgilab qo‘yilgan vazifalar zaxira ma’lumotlar markazini yaratishni hisobga olgan holda mavjud server infratuzilmasini, OKMKning tarkibiy bo‘linmalarida mahalliy hisoblash tarmog‘ini, mavjud kompyuterlar bazasini va aloqa tizimlarini modernizatsiya qilish ishlarini qamrab oladi. Shu bilan birga, kombinatning uzoq masofada joylashgan korxona va bo‘linmalari ham yagona korporativ tarmoqqa ulanadi.
Ushbu yondashuv nafaqat zamonaviy kompyuter texnikasi yoki dasturiy ta’minotini o‘rnatishni, balki jarayonlar, boshqaruv tizimi, korporativ madaniyat va tashqi aloqalardagi tub o‘zgarishlarni ham nazarda tutadi. Natijada ishlab chiqarishning unumdorligi va mahsulot sifatining sezilarli darajada oshishiga erishiladi.
Raqamlashtirish loyihalaridan biri sifatida kon-geologik axborot tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish loyihasini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Maxsus dasturiy ta’minot yordamida marksheyderlar, geolog va konchilar ma’lum uchastkada qanday tarkibga ega rudaning borligini tushunishi uchun konlar, karyer va yerosti shaxtalarining 3D modellarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu ish frontini rejalashtirish, qayta ishlash fabrikalariga jo‘natilgan rudalar sifati bo‘yicha tegishli ko‘rsatkichlarga erishish uchun texnikani maqbul tarzda taqsimlash imkonini beradi.
Yaqin vaqt ichida korxonaning yerosti shaxtalarida dispetcherlik va xavfsizlik tizimlari joriy etiladi. Tizim kombinatning barcha shaxtalarida bosqichma-bosqich o‘rnatiladi. Natijada yerosti ishlari doimiy ravishda nazorat qilib boriladi, xodimlarning shaxtadagi ishi ko‘rib boriladi, yer ostidagi ishchilar bilan doimiy aloqa ta’minlanadi, favqulodda vaziyatlarning oldi olinadi.
Kombinatda ishlab chiqarish jarayonini boshqarish uchun MES tizimi joriy etilmoqda. Tizim ma’lumot manbalari bilan integratsiyalashgan bo‘lib, real vaqt rejimida ishlab chiqarish jarayoni haqida tezkor ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi. MESdan foydalanish mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, uning xususiyatlari barqarorligini va sifat darajasini oshirish uchun sharoit yaratadi.
Yaqin kelajakda korxonaning moliya, g‘aznachilik va savdo faoliyatini to‘liq avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan ERP tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. ERP joriy etilgandan so‘ng kombinatda foydalanilayotgan axborot tizimlari yagona tuzilma doirasida ishlaydi. Bu esa turli ma’lumotlar manbalari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etadi.
Kombinatning qurilish obyektlarini loyihalashtirishda esa BIM texnologiyasiga o‘tish rejalashtirilgan. Uning o‘ziga xosligi shundaki, yaxlit tarzda ishlab chiqilgan qurilish obyektining har qanday parametrlarini o‘zgartirish u bilan bog‘liq barcha narsa: chizmalar, vizualizatsiya, spetsifikatsiyalash va hattoki taqvim jadvali avtomatik ravishda o‘zgarishiga olib keladi. Bu esa qurilish sifatini oshiradi.
OKMKning ishlab chiqarishini raqamlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish kelgusida IT infratuzilmani yanada rivojlantirish, xodimlarning raqamli savodxonligini oshirishni ham o‘z ichiga oladi.
Raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilgandan so‘ng mahsulot sifati va hajmi oshadi, foyda miqdori sezilarli darajada ko‘payadi, xodimlarning ish yuklamasini kamayadi. Bundan tashqari, ma’lumotlarning tartibga solinganligi va shaffofligi tufayli korxonaning xorijiy investorlarni jalb qilish imkoniyatlari oshib, xalqaro loyihalarda ishtirok etish uchun sharoit yaratiladi.
Foydalanilgan manba; https://daryo.uz
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati.