Davlat xaridlari bo‘yicha shikoyatlarni berish va ko‘rib chiqish tartibi
Maxsus axborot portali operatori tomonidan shikoyatlarni adolatli, tezkor va samarali ko‘rib chiqish maqsadida doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tuzilib, uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolatli organ bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Har bir ishtirokchi, shuningdek nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar davlat buyurtmachisining, vakolatli organning, xarid komissiyasining, uning a’zolarining, maxsus axborot portali operatorining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar bunday harakatlar (harakatsizlik) ishtirokchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan bo‘lsa, sud tartibida yoki ushbu bobda
belgilangan tartibda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga shikoyat qilish huquqiga ega.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shikoyatni qabul qilib olganda shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida u haqda davlat buyurtmachisini xabardor qiladi hamda xarid qilish tartib-taomilini o‘n kungacha bo‘lgan umumiy muddatga to‘xtatib turadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shikoyatni davlat buyurtmachisi va ishtirokchining ishtirokida ko‘rib chiqadi. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shikoyat olinganidan keyin etti ish kuni ichida qaror chiqarishi va axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirishi kerak.
Qabul qilingan qarorda oshkor etilishi ishtirokchining (ijrochining) tijorat manfaati buzilishiga olib keladigan yoki insofli raqobatga xavf soladigan axborot bo‘lmasligi kerak, bundan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya ushbu axborotni e’lon qilish to‘g‘risida qaror chiqargan hollar mustasno.
Ishtirokchining shikoyati asosli deb topilgan taqdirda, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya quyidagi choralarni ko‘radi:
davlat buyurtmachisining qonunga xilof harakatlariga, qarorlariga yoki u tomonidan qonunga xilof tartib-taomillar bajarilishiga doir taqiq belgilaydi;
davlat buyurtmachisining qonunga xilof qarorlarini, shu jumladan davlat xaridlari to‘g‘risidagi hujjatlar shartlarini buzadigan qarorlarini qisman yoki to‘liq bekor qiladi;
xarid qilish tartib-taomillarini tugatish haqida qaror chiqaradi; ijrochini Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya shartnoma tuzilganidan keyin shartnomaning davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini tekshirish uchun shikoyatlarni ko‘rib chiqishi mumkin. Bunday holda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya uning ijro etilishini etti ish kunigacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarorlari davlat xaridlarining barcha sub’ektlari tomonidan ijro etilishi shart.
Ijrochi Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
Davlat xaridlari sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga etkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |