Insofsiz ijrochilarning yagona reestri. Insofsiz ijrochilarning yagona reestri vakolatli organ tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxatdan iborat bo‘lib, unga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha belgilangan shartlarda davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda bo‘yin tovlagan xarid qilish tartib- taomillari g‘oliblari to‘g‘risidagi;
majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar haqidagi, bundan majburiyatlar bartaraf etib bo‘lmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno;
sudning qaroriga ko‘ra firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar to‘g‘risidagi. Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritilgan ijrochi uch yil davomida davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi, bu muddat tamom bo‘lgach ijrochi Insofsiz
ijrochilarning yagona reestridan chiqarib yuborilgan hisoblanadi.
Ijrochilar Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritish to‘g‘risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
Nazorat uchun savollar
Davlat xaridlari jarayoni qanday bosqichlarni o‘z ichiga oladi?
Davlat xaridlarini rejalashtirish kim tomonidan amalga oshiriladi?
Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari nimalardan iborat?
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot jumlasiga nimalar kiradi?
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlariga taalluqli baholash mezonlari nimalarni nazarda tutadi?
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifiga va shartnoma shartlariga taalluqli qoidalar nimalardan iborat?
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifida nimalar bo‘lishi kerak?
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot qaysi tilda e’lon qilinadi va tarqatiladi?
Ishtirokchilar qanday mezonlarga muvofiq bo‘lishi kerak?
Qanday holatlarda ishtirokchilarga qo‘shimcha talablar qo‘yiladi?
Birgalikdagi davlat xaridlari deganda nima tushuniladi?
Davlat buyurtmachisi yoki maxsus axborot portali operatori qanday hollarda ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatadi?
Davlat xaridlari tizimida maxfiylik nimalardan iborat?
Davlat xaridlari tizimida odob-axloq qoidalarida nimalar nazarda tutiladi?
Manfaatlar to‘qnashuvi nima?
Davlat xaridlari jarayonida qanday cheklovlar mavjud?
Davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reestriga qanday hujjatlar va axborot kiritiladi?
Insofsiz ijrochilarning yagona reestri nima?
Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga qanday ma’lumotlar kiritiladi?