“Davlat xaridi” fanining obyekti, predmeti, maqsadi va vazifalari
“Davlat xaridi” fani boshqa fanlar singari o’ziga xos predmet, maqsad va vazifalarga ega. “Davlat xaridi” fanining obyekti byudjet tashkilotlari, byudjet va byudjetdan tashqari jamg’armalardan mablag’ oluvchilarning va davlat ulushu 50
% va undan yuqori bo’lgan korporativ tuzilmalar ehtiyojlari uchun tovar(ish,xizmatlar), sotib olish jarayonlaridir.
“Davlat xaridi” fanining predmeti esa byudjet tashkilotlari, byudjet va byudjetdan tashqari jamg’armalardan mablag’ oluvchilarning hamda davlat ulushu
50 % va undan yuqori bo’lgan korporativ tuzilmalar ehtiyojlari uchun tovar(ish,xizmatlar)ni sotib olishni rejalashtirish va xaridlarni amalga oshirish mexanizmidagi iqtisodiy va moliyaviy munosabatlarni o’rganishdir. Fanning predmeti ana shu mexanizmni chuqur o’rganish, uni to’g’ri tashkil qilishni ta’minlashdir. To’g’ri tashkil etish deganda davlat xaridi munosabatlarida qatnashuvchi tomonlarning iqtisodiy manfaatini e’tiborga olib, ular o’rtasidagi zaruriy muvozanatni saqlash kabi munosabatlarni tashkil qilish tushuniladi. Bu muvozanatni saqlashda tomonlar manfaatini ochiqlik va raqobatlilik tamoyillariga amal qilish zarur bo’ladi.
Demak, “Davlat xaridi” fanini chuqur o’rganish orqali amaliyotda davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg’armalarining, davlat ulushu 50 % va undan yuqori bo’lgan korporativ tuzilmalar mablag’lari hisobidan byudjet tashkilotlari, byudjet va byudjetdan tashqari jamg’armalardan mablag’ oluvchilarning hamda korporativ tuzilmalar ehtiyojlari uchun tovar(ish,xizmat)larni muqobil variantda sotib olishda bozor iqtisodiyoti qonuniyatlariga va davlat siyosati talablaridan kelib chiqqan holda tartibga solishga erishish mumkin.
Fanning maqsadi esa bo’lajak moliya tizimidagi mutaxassislarda, ya’ni talabalarda davlat xaridi siyosatining mohiyati, uni rejalashtirish, tashkil etish jarayoni va mexanizmi, davlat xaridini samarali tashkil va boshqarishdagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishning istiqbol yo’nalishlari, xorijiy davlatlarning davlat xaridi tizimi bo’yicha nazariy-amaliy bilimlarni shakllantirishdan iborat.
Fanning vazifasi esa talabalarga davlat xaridining iqtisodiy ahamiyati; davlat xaridining predmeti va subyektlari; davlat xaridini tashkil etish modellari; O’zbekiston Respublikasida davlat xaridini isloh etish borasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar; davlat xaridining huququy asoslari, xalqaro savdo tashkilotida davlat xaridi bo’yicha shartnomadan ko’zlangan maqsad; davlat xaridlariga oid umumiy talablar, O’zbekiston Respublikasida Davlat xaridini tashkil etish jarayoni; davlat xaridini rejalashtirish; davlat xaridini tashkil etish shakllari; shartnomani tuzish va ijro etish; davlat xaridini nazorat tizimi, baho, talab va taklif xususiyatlari haqida nazariy-amaliy bilimlarni o’rgatishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |