Manfaatlar to‘qnashuvi. Davlat buyurtmachisining, maxsus axborot portali operatorining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining a’zolari xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda o‘z ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan istalgan shaxsiy nafni bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.
Yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar:
shaxsiy manfaatdor emasligini, shuningdek o‘z oila a’zolarining manfaatdor emasligini kafolatlashi kerak, aks holda shaxsiy manfaatdorlik hamda boshqa ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keladi yoki kelishi mumkin;
manfaatlarning istalgan potentsial, taxmin qilinayotgan yoki mavjud to‘qnashuvi haqidagi axborotning oshkor etilishini kafolatlashi kerak.
Mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar topgan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarga xabar qilib, bir vaqtning o‘zida vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.
Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar.
Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar etkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferentsiyalar berishga;
manfaatlar to‘qnashuviga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari sub’ektlariga ta’sir o‘tkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qo‘yilgan talablarni oshirishga, raqobatga yo‘l qo‘ymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;
ishonchsiz yoki buzib ko‘rsatilgan axborotni taqdim etish yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga;
ishtirokchilarning sun’iy tarzda pasaytirilgan narxlar bo‘yicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda ijro etishni rad etishiga;
davlat xaridi tarkibiga texnologik va funktsional jihatdan o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;
firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga;
moliyalashtirish manbalari va hajmlari mavjudligi to‘g‘risida tasdiqlarga ega bo‘lmagan yoki ajratilgan mablag‘lar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga.
Do'stlaringiz bilan baham: |