Moliyaviy lizingni tashkil etishning huquqiy asoslari
Mamlakatimizda lizing munosabatlarining xuquqiy asosi yaratilgan.
Jumladan:
O’zbekiston Respublikasining “Lizing to’g’risida”gi Qonuni, 1999 yil 14 aprel;
O’zbekiston Respublikasining “Ijara to’g’risida”gi Qonuni, T.: “O’zbekiston”, 1991 yil 19 noyabr;
11 Ўзбекистон Республикасининг “Лизинг тўғрисида”ги қонуни 14 апрель 1999 й.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lizing faoliyatini rivojlantirishni rag’batlantirish chora-tadbirlari to’g’risida” Farmoni, 2002 yil,
O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2006 yil 21 oktyabrdagi “Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to’g’risida”gi Nizom va boshqalar mamlakatimizda lizing munosabatlarini amalga oshirish tartiblarini belgilab beradi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2006 yil 21 oktyabrdagi “Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to’g’risida”gi Nizomga asosan:
Lizing (moliyaviy ijara) — bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirig’iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing ob’ektini) mulk qilib sotib olishni va uni shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga o’n ikki oydan ortiq muddatga berishni nazarda tutadigan ijara munosabatlarining alohida turi. Bunda lizing shartnomasi quyidagi shartlardan biriga muvofiq bo’lishi kerak:
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing ob’ekti lizing oluvchining mulki bo’lib o’tsa;
lizing shartnomasining muddati lizing ob’ekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq bo’lsa yoki lizing ob’ektining lizing shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlang’ich qiymatining 20 foizidan kam bo’lsa;
lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing oluvchi lizing ob’ektini uning bozor qiymatidan past narxda sotib olish huquqiga ega bo’lsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi lizing ob’ekti qiymati asos bo’ladi;
lizing shartnomasi amal qiladigan davr uchun lizing to’lovlarining umumiy summasi lizing ob’ekti qiymatining 90 foizidan ortiq bo’lsa.
Mikrolizing - tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qonun hujjatlariga muvofiq eng kam ish haqining ikki ming baravari miqdoridan oshmaydigan summada beriladigan lizing,
Lizing shartnomasi - lizing amaliyotida tomonlarning o’zaro munosabatlarini belgilab beradigan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yozma shaklda tuziladigan hujjat.
Lizing ob’ektlari - tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan iste’mol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa ko’char va ko’chmas mulk (er uchastkalari va boshqa tabiiy ob’ektlar, shuningdek muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo’lishi cheklangan boshqa mol-mulklar lizing ob’ekti bo’lishi mumkin emas);
Lizing sub’ektlari - lizing beruvchi, lizing oluvchi hamda sotuvchi;
Lizing beruvchi - lizing shartnomasi bo’yicha lizing oluvchiga kelgusida topshirish maqsadida lizing ob’ektini mulk qilib oluvchi bank;
Lizing oluvchi - lizing shartnomasi bo’yicha lizing ob’ektini egalik qilish va foydalanish uchun olayotgan yuridik shaxs;
Sotuvchi - lizing ob’ektini lizing beruvchiga sotadigan shaxs;
Lizing shartnomasi muddati - lizing shartnomasi bo’yicha tomonlar majburiyatlarining to’la bajarilgungacha bo’lgan davr;
Avans to’lov – lizing oluvchi tomonidan lizing shartnomasida nazarda tutilgan hamda lizing to’lovlarini qaytarish jadvalida ko’rsatib o’tilgan dastlabki to’lov summasi;
Lizing bo’yicha foizlar – lizing beruvchi tomonidan lizing operatsiyasini amalga oshirish natijasida lizing oluvchidan oladigan foiz daromadi. Ushbu foiz daromadi lizing ob’ekti dastlabki tan olingandan boshlab bank balansining foizli daromad hisobraqamlarida hisoblab boriladi.