9-MAVZU: Psixosomatik bemorlarning psixoemotsional xususiyatlari
Ma’lumki turli somatik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarning davolash jarayoniga
beriluvchanligining pasayishida bir qator omillar – iqtisodiy, tibbiy, farmakologik omillar bilan
bir qatorda emotsional holatidagi o‘zgarishlar ham sabab bo‘lishi olimlar tadqiqotlarida ko‘rsatib
o‘tilgan. Shifokorlarning harakatlariga qaramay, yuqori samaraga ega bo‘lgan dori–
darmonlarning mavjudligiga ham qaramay, juda ko‘p surunkali somatik kasalliklar bilan
og‘rigan bemorlar noto‘g‘ri davolanishlari ma’lum bo‘ldi. Bemorlarning 30%dan 45%igacha
qismi berilgan dori–darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilmaydi, bunday holat esa shifokorga tez–
tez murojaat qilish, qayta gospitalizatsiya, kasallik varaqalarining berilishi, sog‘lomlashtirish
davrining uzayib ketishi bilan bog‘liq bir qator iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.
Bemorning davolashga moyilligi uning psixologik holati va davolash samaradorligini o‘zi
tomonidan idrok qilinishi bilan bog‘liq. Shu narsa aniqlandiki, emotsional buzilishlar mavjud
bo‘lgan bemorlarda mazkur holatlar mavjud bo‘lmagan bemorlarga nisbatan davolanishga
moyillik nihoyatda past darajada ekan. Shuningdek, emotsional holat o‘zgarishlari bemorlarda
ikkilamchi profilaktika va reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirishda ham halal berishi ko‘rsatib
o‘tilgan. Xususan depressiya va xavotirlanish mavjud bo‘lgan surunkali somatik kasalliklar
bilan og‘rigan bemorlar sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilmasliklari, o‘z vaqtida
shifokor ko‘rsatmalariga amal qilishni istamasliklari, chekishdan voz kechish, jismoniy faollik
rejimini tutishga moyillikning yo‘qligi bilan ajralib turadilar. Shu narsani afsus bilan ta’kidlash
mumkinki, surunkali somatik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda depressiya uzoq vaqt
mobaynida diagnostika qilinmasdan va buning oqibatida davolanmasdan yoki korreksiya
qilinmasdan qolib ketmoqda.
So‘nggi yillar statistika ma’lumotlariga ko‘ra yurak qon tomir va qandli diabet
kasalliklarida ko‘proq depressiya, xavotirlanish, fobiya uchrashi qayd etilgan. Yurak qon tomir
kasalliklaridan eng ko‘p tarqalganlari yurak ishemik xastaligi va arterial gipertoniya
psixosomatik kasalliklar turkumiga kiruvchi kelib chiqishi, klinik kechishi, natijasi psixologik
omillarga bog‘liq bo‘lgan kasalliklardir. So‘nggi yillarda psixosomatik kasalliklar qatoriga
qandli diabet ham kiritildi. Biroq E.Bern fikricha, psixosomatik yoki nopsixosomatik
meditsinaning o‘zi yo‘q, faqat meditsina bor xolos. Chunki har bir patsient, shaxs sifatida
o‘zida har qanday kasallikning rivojlanishiga psixologik jihatdan befarq qarab tura olmaydi:
unda hayotiy qadriyatlarning o‘rin almashinuvi, psixologik o‘zgarishlar albatta kuzatiladi.
Shuning uchun ham psixosomatik meditsina tushunchasiga shifokorlar va psixologlarda bir xil
munosabat shakllanmagan. Natijada “psixosomatik” termini hozirda mavjud bo‘lgan
kasalliklarning xalqaro klassifikatsiyasi (MKB-10) ga kiritilmadi, chunki birorta bir kasallik
yo‘qki, uning kelib chiqishi, kechishi va oqibatlari qanday ko‘rinish olishida psixologik
omillarning o‘rni bo‘lmasa.
Bugungi kunda somatik kasalliklarning barchasini psixologik nuqtai nazardan ko‘rib
chiqish zarurati barcha klinitsist shifokorlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Psixosomatika esa juda
ko‘p tadqiqotchilar fikricha, psixika va somatika o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaruvchi
metodologiyaga aylanib ulgurdi. Inson faqatgina ruxiy va jismoniy salomatlik uyg‘unligi
bo‘lgandagina sog‘lom hisoblanadi. Bunda disgarmoniya ichki (biologik, irsiy) va tashqi
(psixogen, ijtimoiy) omillar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun ham Jahon
sog‘liqni saqlash tashkiloti inson salomatligini uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy mukammalligi
bilan tushuntirishi bejiz emas. Emotsional holatdagi o‘zgarishlarning miokard infarkti bilan
og‘rigan bemorlardagi istiqbolga ta’sirini maqsadga yo‘nalgan holda o‘rganish shuni ko‘rsatdiki,
kichik darajadagi depressiyaning o‘zi ham 60% holatlarda o‘lim bilan yakunlanar ekan, katta
darajadagi depressiv epizodlar esa bu holatlarni 3 barobarga ko‘paytirishga olib kelishi ham
kuzatilgan. Bu degani miokard infarktida bemorlarning koronar o‘limi depressiya darajasi
qanchalik yuqori bo‘lsa, shunchalik ko‘p uchraydi. Kasallikdan keyingi depressiya esa uning
uzayib ketishi va yillar davomida bemorni bezovta qilishiga olib kelar ekan.
Xech shubhasiz shuni aytish mumkinki, psixosomatik kasalliklar, jumladan yurak qon
tomir kasalliklari, qandli diabet va boshqalarda emotsional holat o‘zgarishlarining rivojlanishida
murakkab psixologik mexanizmlar ishtirok etadi. Bular psixogen, somatogen, shaxslilik,
farmakogen va bir qator holatlarda esa endogen omillardir. Amaliy faoliyatda juda ko‘p
bemorlarda bu omillarning qaysi biri hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi va emotsional soha
buzilishlarining nozologik doirasi qanday ekanligini aniqlash mushkul. Har bir individual
holatda bu omillar birlashmasi turlicha bo‘lishi va emotsional soha buzilishlarining klinik
variantlari turli tumanligini aniqlab berishi mumkin. Kardiologik amaliyotda ko‘pincha atipik
xarakterdagi, ya’ni “sokin”, “niqoblangan”, somatizatsiyalashgan emotsional buzilishlar,
ko‘pincha depressiyalar uchraydi va ular somatik shikoyatlar orqasida yashirinadi.
Epidemiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra somatizatsiyalashgan depressiya bilan xastalangan
bemorlarning faqatgina 3%igina psixologik muammolardan shikoyat qiladi, 68,8% i faqat
somatik xarakterga ega bo‘lgan shikoyatlarni bildiradi va 27,6%i bir vaqtning o‘zida xam
somatik, ham psixologik muammolardan shikoyat qiladi[10]. Bu holat depressiya
diagnostikasida bir qator murakkabliklarni yuzaga keltiradi. Shunisi e’tiborga loyiqki,
psixosomatik kasalliklarga chalingan bemorlarning 91% i izchil so‘rovlarda ham psixologik
muammolar borligini inkor etadilar. Psixologiyada bemorlarning o‘z ruhiy va emotsional
kechinmalarini so‘z yordamida ifodalay olmasliklari aleksitimiya deb ataladi. Ko‘pincha
bemorlar, va ayniqsa erkaklar o‘z psixologik muammolarin tan olmaydilar, ularni xarakterdagi
zaifliklar va hayotiy vaziyatlar oqibati deb qaraydilar. Aleksitimiya asosida bosh miyaning
o‘ziga xos tuzilmaviy-funksional birlashmasi, bunda o‘ng yarim sharlar ustunligi va yarim
sharlar orasidagi o‘zaro ta’sirning yetishmovchiligi yotadi. Mazkur holatda ayniqsa yurak
ishemik kasalliklarida fenomenologik planda depressiya simptomlarini, masalan, stenokardiya
xurujlaridan ajratish juda mushkul, binobarin, ularning ikkalasi ham paroksizmal xarakterga ega
bo‘lib, qo‘rquv, bezovtalanish bilan kechadi. Patologiyaning avj olishida anginoz va psixogen
buzilishlar bir birini to‘ldirib, shartli-reflektor mexanizmlari asosida bir-birini mustahkamlaydi
va bu bilan xavfli buzg‘unchi aylanani tashkil etadi.
Emotsional holatdagi o‘zgarishlar, xususan, depressiyaning psixosomatik kasalliklarga
ta’siri keyingi yillarda faol o‘rganilmoqda. Ilmiy adabiyotlarda psixosomatik kasalliklar va
emotsional holat buzilishlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushuntiruvchi bir necha tadqiqot natijalari
e’lon qilingan.
1. Emotsional soha buzilishlari mavjud bemorlarda to‘qimalar ichidagi mustaqil
kalsiyning yuqori darajasi, serotonin va katexolamin retseptorlar sezgirligining oshishi
kuzatiladi, shuning uchun ham depressiyada vazospazm(tojsimon bosh miya tomirlari spazmi)
yengilgina vujudga kelishi mumkin.
2. Bu patsientlarda aterogenez jarayoni tezlashishi extimol.
3.
Emotsional
zo‘riqishda beta-tromboglobulin giperproduksiyasi kuzatiladi,
trombotsitlar aggregatsiyasi ortadi va tomir yorilishi xavfi kuchayadi.
4. Emotsional sohada o‘zgarishlar kuzatilgan bemorlarda neyronal faollik va serotonin
darajasining oshishi yurak maromi variabelligining pasayishiga, aritmiyalarning rivojlanishi va
to‘satdan vafot etish holatlarining ko‘payishiga olib keladi.
5. Depressiya shifokor tomonidan xayot tarzi, parxezga amal qilish, xarakat faolligi,
spirtli ichimliklar va chekishdan voz kechish borasidagi berilgan tavsiyalarni bajarishga halaqit
beradi va boshqa odamlar bilan o‘zaro aloqaga kirishishni chegaralaydi va umuman davolash
samaradorligini keskin pasaaytirib yuboradi.
6. Shu narsa aniqlanganki, davolashga moyillikning pastligi, barcha kasalliklarning noxush
yakunlanishiga olib keluvchi o‘ta muxim va mustaqil xavfli omilidir.
G.A.Pogosova fikricha, xavotirlanish va depressiya kasallikdan oldin paydo bo‘lganmi
yoki kasallikka nisbatan munosabat sifatida shakllanganmi, bundan qat’iy nazar kasallikning
klinik kechishini og‘irlashtiruvchi omildir. Shuning uchun ham, tabiiyki so‘nggi yillarda
shifokorlar psixosomatik kasalliklar, jumladan yurak ishemik kasalligi va arterial gipertoniyani
davolashda antidepressantlardan unumli foydalanishga e’tiborni qaratmoqdalar. Bir qator
tadqiqotlarda zamonaviy antidepressant preparatlar yordamida depressiyani davolash haqidagi
ma’lumotlar mavjud. Biroq bu dori-darmonlarning nojo‘ya ta’siri ham kuzatilmoqdaki, ular
teskari natijalarga ham olib kelgan holatlar kuzatilmoqda. Depressiya kelib chiqishining
molekular asoslarini o‘rganish depressiyaga duchor bo‘lgan bemorlarning ko‘pchiligida
monoamin tanqisligi kuzatilishi va avvalo yaxshi kayfiyat mediatori bo‘lgan serotonin tanqisligi
qayd etilgan. Qon plazmasida serotonin moddasining tanqisligi depressiya va yurak ishemik
kasalligiga olib kelishi tadqiqotlarda aniqlangan. Shu bilan birga, serotonin faqat neyromediator
bo‘lib qolmasdan, tomirlar tonusini boshqarishda ishtirok etadi. U tekis muskulli to‘qimalar
membranalarida joylashgan retseptorlar aktivatsiyasi vositasida vazokonstriksiyani, tomir
devorlari endoteliysi membranalarida joylashgan retseptorlar aktivatsiyasi yordamida esa
vazodilyatatsiyani keltirib chiqaradi. Bosh miya va yurak qon tomirlari serotoninning
vazokonstruktor natijasiga sezgirligi bilan xarakterlanadi, chunki bu tomirlarning silliq
muskullarida serotoninga sezgirligi yuqori bo‘lgan 5-NT-1V retseptorlari to‘planadi. Shunday
ma’lumotlar ham mavjudki, serotonin azod oksidi ilab chiqishda faol ishtirok etadi va L –
arginin-NO yo‘llari orqali uning samaradorligini oshiradi, shuningdek endoteliy tomirlaridan
Villebrand omilning sekresiyasini stimullashtiradi. Bir vaqtning o‘zida serotonin trombotsitlar
agonisti bo‘lib, boshqa agonistlar harakatini faollashtiradi. Shu narsa ma’lumki, yurak ishemik
kasaligi va boshqa psixosomatik kasalliklarda tojsimon arteriyalar aterosklerozi fonida ularning
aynan endotelial disfunksiyalar bilan bog‘liq spazmi kuzatiladi, shuning uchun serotoninning
azot oksidining endotelial sekresiyasini stimullashtirishi bilan bog‘liq tomirlarni kengaytirish
samarasi uning tomirlarni toraytirish samarasidan ustunlik qiladi. Shunday qilib, serotonin tizimi
disfunksiyasida tomirlar tonusi va tojsimon tomirlar zaxirasini boshqarishning buzilishi haqida
taxmin qilish mumkin. Bundan tashqari psixosomatik kasalliklar va depressiyani bir biriga
bog‘lovchi patogenetik zvenolardan biri sifatida trombotsitlar holati ham qaraladi. Juda ko‘p
tadqiqotlarda depressiya mavjud bo‘lgan bemorlarda trombotsitar reaktivlik o‘lchovlarining
ortishi, agregatsion faollikning ko‘payishi ham kuzatiladi. Binobarin, antidepressantlar
yordamida davolash trombotsitlar agregatsion faolligini pasaytirmadi, shu bilan birga
ingibitorlarning qo‘llanilishi trombotsitlarning agregatsiyasiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
Aniqlangan omillar depressiyani davolashda ham somatik, ham ruhiy omillarni hisobga olishni
taqozo etadi.
Chet el tajribasining tahlili shuni ko‘rsatadiki, bemorlarga yordam ko‘rsatuvchi
personalning aksariyati emotsional holat buzilishlari mavjud bo‘lgan bemorlarga yordam
ko‘nikmalari va malakalariga egalar, bunday yordam umumiy amaliyot shifokori tomonidan
ko‘rsatiladi hamda ular emotsional holat buzilishlari diagnostikasi va davolash metodlaridan
boxabardirlar. Bizning mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini
takomillashtirish chora—tadbirlarida har bir shifokor tomonidan maxsus psixologik bilimlarning
egallanishi va bemorga nafaqat tibbiy balki, vaqti kelganda psixologik yordam ko‘rsatish
malakasiga ham ega bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Binobarin juda ko‘p olimlar shuni alohida ta’kidlaydilarki, shaxs o‘zidagi kasallikka
nisbatan zaif emas. Inson shaxsi, uning ma’naviy dunyosi va psixik qiyofasi kasallikning qanday
kechishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsvatadi. Bundan tashqari patologiyaning konkret shakllari
va sharoitlarida insonning shaxslilik xususiyatlari kasallik taqdirini ijobiy yoki salbiy tomonga
siljitishi mumkin. Lekin bu masalaning faqat bir tomoni. Yana bir muxim tomoni shaxsning
kasallik va davolash muolajalari ta’siri ostida o‘zgarishidir.
Juda ko‘p tadqiqotchilar psixosomatik bemorlar bilan ishlashda so‘z yordamida ta’sir
ko‘rsatish, art-terapiya kabi korreksion metodlarga alohida urg‘u beradilar.
Ma’lumki, art-terapiya – bu klientlarning tanlovchan ijod bilan shug‘ullanishiga
asoslangan psixoterapiya, psixokorreksiya va reabilitatsiyaning yo‘nalishi xisoblanadi. Art –
terapiya musiqali terapiya, dramterapiya va raqs-xarakat terapiyasi bilan bir qatorda
psixoterapiyaning san’at bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘nalishlaridan biri xisoblanadi. “Art-
terapiya” termini birinchi bo‘lib XX asrning 40-yillarida G‘arb mamlakatlarida qo‘llanila
boshlangan. Bu termin bilan davolash va reabilitatsion amaliyotning nazariy asosga ega
ko‘rinishlari belgilangan. Ularning ba’zilari ijodkorlarning tashabbusi asosida yuzaga
kelgan bo‘lib yirik kasalxonalarda ochilgan studiyalarda amalga oshirilgan. Boshqalari esa
patsientlarning tanlovchan maxsulotlariga psixoanalitik tahlilni kiritganlar va asosiy
e’tiborni analitik bilan munosabatlarga qaratganlar. Vizual obrazlarni yaratish shaxslararo
kommunikatsiyaning asosiy vositasi va so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan “xozir va shu
yerdagi” dolzarb kechinmalarni ifodalashga imkon beruvchi klientning bilish faoliyatining
ko‘rinishi sifatida ko‘rib chiqiladi. Davolash amaliyoti bilan yaqin aloqadaligi bilan bir
qatorda art-terapiya ko‘p xollarda psixoprofilaktik yo‘nalganlikka ega.
Bemorlarga psixologik yordam ko‘rsatishni tashkil etishda ular bilan psixologik
treninglar o‘tkazish ham yaxshi samara berishi o‘z tajribamizda qayd etilmoqda. Bizning
tadqiqotlarimizda trening guruhlarida psixoterapevtik suhbatlar va o‘yin mashqlari o‘tkazildi.
Axamiyatli o‘rinni bu jarayonda bemorda mavjud bo‘lgan hayotiy qadriyatlar egalladi. Umuman
olganda psixokorreksion tadbirlar bemordagi emotsional holat buzilishlarini tuzatish, kasallik
tuzilmasida bemor reaksiyasini o‘zgartirishga qaratildi. Bunda guruhdagi bir xillilik ta’sirini
alohida ta’kidlab o‘tish joiz, ya’ni bir xil nozologiyadagi bemorlar bitta guruhga kiritilganlari
yaxshi samara berdi. Psixokorreksion tadbirlar natijalari ham ob’ektiv, ham sub’ektiv omillar
asosida baholandi. Ob’ektiv omillarga bemorning jismoniy holati qon bosimi darajasi, uyquning
normallashuvi, faollikning ortishi kiritilgan bo‘lsa, sub’ektiv omillarga shikoyatlarning
mavjudligi yoki yo‘qligi, kayfiyat darajasi, bemorning o‘zini his qilishi kiritildi. Bundan tashqari
individual konsultatsiyadan o‘tgan bemorlarda korreksiyadan so‘ng bezovtalanish va depressiya
diagnostikasi amalga oshirildi.
Yakka tartibda bemorlar bilan konsultatsiyalar qisqa muddatli pozitiv terapiya shaklida
olib borildi. U quyidagilardan iborat bo‘ldi:
1. Patsient hayotidagi faqat ijobiy xarakterga ega bo‘lgan narsalarga tayanish;
2. Patsient bilan ishlashda faqat pozitiv qo‘llab—quvatlashdan foydalanish;
3. Pozitivistik yondashuv.
Patsient resurslarini izlash bunda o‘tmishga (ilgari muammolarni hal qilishga nima
yordam bergan edi), hozirgi va kelajak davrga qaratildi. Konsultatsiya va psixokorreksiya
bosqichlarida yetakchi stressorlar va ularga xulq—atvor darajasidagi reaksiyalar (stressorga aktiv
yoki passiv munosabat), kognitiv darajadagi reaksiyalar (stressli vaziyatlarda o‘z o‘zi bilan
kommunikatsiya shakli), emotsiyalar darajasidagi (qanday stressli emotsiyalar namoyon bo‘ladi)
reaksiyalar ta’siriga alohida ahamiyat berildi. Bundan tashqari konsultatsiya va psixokorreksiya
jarayonida bemorlarning tipik psixojarohatli vaziyatlari, ularning o‘z kasalligiga, emotsional
buzilishlarning namoyon bo‘lishiga munosabatlari ko‘rib chiqildi va bir vaqtning o‘zida ularning
faqatgina sub’ektiv his qilishlarini yaxshilashga emas, balki somatik holatlarining ham
tuzalishiga olib keluvchi hayotiy vaziyatlarning optimal hal qilinish usullari muhokama qilindi.
Shuni ta’kidlash joizki, xavotirlanish—depressiya komorbidligi mavjud bo‘lgan bemorlarning
psxiokorreksiyaga moyillik darajasi past bo‘lib, bu simptomlar psixologik himoya
mexanizmlarini susaytirishi ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqotimiz va kuzatishlarimiz natijalari shuni ko‘rsatdiki, psixokorreksion guruhga
qatnashgan bemorlarda bu psixokorreksion tadbirlar o‘tkazilmagan bemorlarga nisbatan
emotsional holatdagi buzilishlar darajasi 3 oy mobaynida pasaygan. Shifokorlar ko‘ruvi natijalari
va kasallik varaqasini o‘rganish ham bu bemorlarning somatik holatida ijobiy tomonga
o‘zgarishlar qayd etilganligini ko‘rsatdi, ya’ni bu o‘zgarishlar qandli diabet bilan og‘rigan
bemorlarda qondagi qand miqdorining normallashuvi, yurak qon tomir kasalliklari bilan
og‘rigan bemorlarda qon bosimining normallashuvi, yurak faoliyatining stabillashuvida
namoyon bo‘ldi.
Shunday qilib, xulosa qilishimiz mumkinki, surunkali somatik kasalliklar bilan og‘rigan
bemorlarda davolash—profilaktika va reabilitatsiya jarayonlari albatta o‘z tarkibiga tibbiy
usullar bilan bir qatorda psixokonsultativ va psixokorreksion tadbirlarni kiritishi lozim.
Aytish lozimki, so‘nggi yillarda meditsina tajribasida qo‘llanilayotgan antidepressantlar
ruhiy tushkunlikning ko‘pgina ko‘rinishlari sabablarini davolashda yaxshi samara bermoqda,
Lekin bu darddan to‘liq forig‘ bo‘lishda psixokorreksiya va psixoterapiyaning o‘rni ham
beqiyosdir. Biroq aynan qaysi usul bemorga to‘g‘ri kelishini shifokor va psixologlar birgalikdagi
xamkorlikda aniqlab berishlari lozim. Ta’kidlash joizki, psixologik yordam birinchi o‘rinda
dardning asl sabablarini izlashga qaratilgan bo‘lishi lozim, bu holda uning davolash ta’siri
kuchayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |