Murosa ilmi
Ko‘pincha “jahl otiga” minib, tortishayotgan kishilarni atrofdagilar “Murosa qilinglar, baraka topgurlar,”-deya kelishtirishayotganlarini ko‘rasiz. Tortishuvlarga barham beradigan, oltin o‘rtalikni ta’minlaydigan tushunchani “Murosa ilmi” desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu ilm asosan ota-onadan va hayotdan olingan tajribalar asosida o‘zlashtiriladi.
Kimki hayotdan olmasa ta’lim,
Uni o‘rgata olmas hech bir muallim.
Abdullo Rudakiy Hayotimizda kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladigan voqealar ko‘p bo‘ladi. Murosa qilishni bilmaslik, bilib turib xohlamaslik, o‘zinikini ma’qullash ayanchli natijaga olib keladi. SHaroitga qarab ish tutishni o‘rganing. Har doim ham vaziyat siz xohlaganday bo‘lmaydi. Ko‘pchilikning fikriga quloq soling. Boshqalarga yon bosishni, fikrlarini o‘zingizniki bilan solishtirib ko‘rishni, xato qilgan bo‘lsangiz, tan olishni o‘rganing. Ba’zan jahl ustida qilgan xatongiz hayotingizni izdan chiqarib yuboradi. Asabingiz buzilgan vaqtda murosa qilish qo‘lingizdan kelmasa, bu masalani asabingiz tinchlanganda hal qilish uchun munozarani to‘xtating. Kattalar bilan maslahatlashing, ammo o‘z shart-sharoitingizni ham hisobga olib, xulosa chiqaring. Gapingiz gapiga to‘g‘ri kelmaydigan kishi bilan tortishgandan ko‘ra, muloqotni yaxshilik bilan to‘xtatib qo‘ygan ma’qul. “Baland”dan kelib, baqir- chaqir qilayotganga qo‘l siltash, yutqizish degani emas. Oltin o‘rtalikni ola
bilish - tinch yashash garovidir.
Izn so‘rash odobi
Izn so‘rash, ya’ni “Kechirasiz”, “Iltimos”, “Ruxsat bering” kabi so‘zlarni o‘rnida qo‘llay bilish ham san’atdir. Ko‘cha harakati yoki boshqa sabablar tufayli o‘quvchilar darsga kech qolishadi. Avvalo, kech qolishning o‘zi mumkin emas, lekin shu holat yuz berganda darsni buzmaslikka harakat qilish kerak.
Ustoz va tengdoshlaridan kech qolgani uchun uzr so‘rash, ruxsat berilgach, kirib o‘tirish lozim.
Agar dars yoki amaliyot paytida o‘quvchi tashqariga chiqishi lozim bo‘lsa, qo‘l ko‘tarishi va o‘qituvchidan ruxsat olishi lozim.
YAngi o‘tilgan mavzu yuzasidan tushunarsiz masalalarga oydinlik kiritish uchun ham ustozdan ruxsat so‘rab, keyin savol beriladi.
Mashg‘ulot tugaganligini bildiruvchi qo‘ng‘iroq chalinganda, ruxsatsiz turib ketish mumkin emas. O‘qituvchi mashg‘ulot yakunlanganligini e’lon qilgandagina, o‘quvchilarning sinfdan chiqishlariga ruxsat beriladi.
Izoh: Odat bo‘yicha ustozni o‘rindan turib hurmat bilan kuzatib qo‘yilgandan so‘nggina tashqariga chiqish mumkin.
Ustozlar va rahbarlar xonalariga ruxsat so‘rab kiriladi. Ustozlar yoniga kirganda ruxsat berilmaguncha, tik turiladi. Ishi bitgach, ruxsat so‘rab, chiqib ketiladi.
Kollej, litseylarning sport zallarida darsdan tashqari mashq qilish uchun ham sport murabbiyidan ruxsat so‘raladi.
Amaliyot davrida texnik jihozlarni yaxshi o‘rganish uchun qo‘shimcha shug‘ullanmoqchi bo‘lgan o‘quvchi ustozidan ruxsat olishi va nazorat ostida ishlashi kerak.
Rahbarlar oldiga kirishdan oldin ularning o‘rinbosarlari yoki yordamchilari orqali izn so‘rash lozim. Ruxsat berilsa, imkon qadar o‘rinbosar yoki yordamchi bilan birga kirgan va taklif qilingan joyga o‘tirgan ma’qul.
Do'stlaringiz bilan baham: |