2-bob. Professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini hisoblash
5. Professor-o‘qituvchilarning (madaniyat va san’at yo‘nalishlari o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadigan konsertmeysterlarning) o‘quv yili bo‘yicha shaxsiy ish rejasiga kiritilgan, uning asosiy qismi bo‘lgan o‘quv yuklamasining soatlardagi hajmi mazkur Qoidalarning 1-ilovasida nazarda tutilgan Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilarining o‘quv yuklamasi hajmini hisoblashning vaqt me’yorlarida belgilangan ish turlaridan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilarning lavozimlariga qo‘yilgan malaka talablari asosida hisoblanadi.
Professor-o‘qituvchilarning egallab turgan lavozimlari bo‘yicha o‘quv yuklamasi hajmi fakultet dekani (kafedra mudiri)ning taklifiga muvofiq oliy ta’lim muassasasining Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
6. O‘quv yuklamasi bo‘yicha hisoblangan soatlar hajmi oliy ta’lim muassasasining shtat birliklari sonini hamda professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlarini belgilash uchun asos bo‘lmaydi.
Shtat birliklari professor-o‘qituvchilarning talabalar soniga nisbati bo‘yicha, oylik maoshi esa xarajatlar smetasi bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan Ijodiy ta’tillar berish tartibi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan normalarga muvofiq olib borilayotgan ilmiy-metodik va ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish maqsadida professor-o‘qituvchilarning o‘quv ishlari yuklamasi hajmi kafedra yig‘ilishining taklifiga asosan oliy ta’lim muassasasi kengashining qarori bilan o‘zgartirilishi mumkin. Bunda professor-o‘qituvchilarning tegishli o‘quv yuklamasining muayyan qismi kafedraning boshqa professor-o‘qituvchilarining o‘quv yuklamasiga qo‘shimcha ravishda taqsimlanadi.
8. Ma’ruza mashg‘ulotlari ilmiy unvon va ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladi. Zarur hollarda (ma’ruza mashg‘ulotlari hajmi ko‘p bo‘lganda yoki professor, dotsent va katta o‘qituvchilar yetarli bo‘lmaganda) oliy ta’lim muassasasi Kengashining qaroriga asosan kamida 3 yillik ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan, biroq ilmiy unvon va ilmiy darajasi bo‘lmagan o‘qituvchilarga bir o‘quv yilida 250 soatgacha hajmda ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘tishga ruxsat beriladi.
Professor-o‘qituvchilarning o‘quv (ma’ruza, amaliy (yakka), seminar va laboratoriya) soatlari hajmi 400 soatdan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi. Kafedraga sohaning yetakchi mutaxassislari (akademiklar va professorlar) jalb etilganda, ushbu o‘quv soatlari hajmiga oliy ta’lim muassasasi Kengashi qaroriga muvofiq o‘zgartirish kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |