Oliy o‘quv yurtlarining nomutaxassislik fakultetlari O‘zbekiston tarixi



Download 1,43 Mb.
bet15/35
Sana18.02.2020
Hajmi1,43 Mb.
#40093
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   35
Bog'liq
Узбекист тарихи Дарслик (Муртазаева)


Buxoro amirligi
Mang‘itlar sulolasining asoschisi Muhammad Rahimbiy 1747-yilda eroniy qizil boshlarni tor-mor keltirib, Buxoroda hokimiyatni to‘la o‘z qo‘liga olgan edi. U barcha viloyat, shahar va qabilalar boshliqlarini Buxoroga taklif qilib, markaziy hokimiyatni kuchaytirishga qaratilgan dasturini e’lon qilib, bo‘ysunmaganlarni qatl qilaman deb ogohlantirdi.

Muhammad Rahimbiy Abdulmo‘min (1747-1748), Ubaydulla Sulton (1748-1756) nomlaridan davlatni boshqargan davrida Miyonqal’a, Nurota, Hisor, Qobodiyon, Boysun, Shahrisabz, Urgut viloyatlariga bir necha bor yurish qilib, ularni o‘ziga bo‘ysundirdi. Bu muvaffaqiyatlar uning rasmiy hokimiyatni ham qo‘lga olishiga yo‘l ochib berdi. Abulfayzxonning qiziga uylanib, xonlar avlodi bilan qarindosh bo‘lgan Muhammad Rahimbiyga amir unvoni berildi va oq kigizda ko‘tarilib oliy hukmdor deb tan olindi. Uning 1757-1758-yillarda markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun olib borgan urushlari bir qancha vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Xiva xonligiga o‘z ta’sirini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan Muhammad Rahimbiyni Qo‘qon, Balx, Toshkent, Marv va Qunduz kabi mustaqil mulklar hukmdorlari Buxoroning qonuniy hukmdori deb o‘z elchilarini jo‘natganlar.

1758-yil 24-martda vafot etgan Muhammad Rahimbiy o‘rniga mang‘it urug‘idan bo‘lgan Miyonqal’a hokimi Doniyolbiy (1758-1785) taxtga ko‘tarildi. Doniyolbiy Muhammad Rahimbiyning nabirasi Fozilto‘rani xon taxtiga o‘tkazib, hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun yangi soliqlar tizimini joriy qilib, bir qancha ma’muriy chora tadbirlarni amalga oshirgan Doniyolbiy ko‘p vaqtini bebosh amirlarni bo‘ysundirish, isyonlarni bostirishga sarf qildi. U 1784 yilda Buxoroda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon sababli hokimiyatni shahar aholisi orasida obro‘liroq bo‘lgan o‘g‘li Shohmurodga topshirdi.

Amiri Ma’sum (“Begunoh amir”) nomini olgan amir Shohmurod (1785-1800) o‘z hukmronligi yillarida saroyda kamtarona yashab, bir qancha soliqlarni kamaytirdi, Buxoro ahliga tarxon yorlig‘ini berib, ba’zi to‘lovlardan ozod qildi, xalq orasida zolimligi bilan tanilgan amaldorlarni jazoladi. Madrasa ta’limini olgan Shohmurod fiqh ilmi haqida “Ayn ul-hikmat” nomli risola yozib, unda ilgari surilgan qoidalarni barcha viloyatlarga joriy etdi. U pul islohoti o‘tkazib tijorat ishlarini tartibga soldi, suv inshootlarini yaxshilash bilan ishlab chiqarishning rivojlanishiga zamin yaratdi. Bularning hammasi markaziy hokimiyatning nisbatan kuchayishiga va Shohmurodning umrini oxirigacha davlatni boshqarishiga imkon berdi.

1800-1826-yillarda Buxoro taxtini boshqargan amir Haydar davrida har 3-6 oyda uzluksiz ichki urushlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lib turdi. 1800-yilda Qarshi va Kattaqo‘rg‘ondagi, 1804-yilda Marvdagi, 1821-1825-yillarda Miyonqal’a qo‘zg‘alonlari amirlik siyosiy hayotidagi muhim voqealar bo‘ldi. Ayniqsa, xalq Xiva qo‘shinlarining talonchilik yurishlaridan ko‘p zarar ko‘rar edi. 1806-yilda Eltuzarxon boshliq xivaliklarning hujumini qaytarish uchun butun Buxoro ahli safarbar qilindi va Amudaryo bo‘yigacha taqib qilingan xivaliklar daryodan kechib o‘tishda ko‘p kishilaridan va Eltuzarxondan ajralishdi. Bundan keyin ham Xiva xonligi qo‘shinlari amirlik hududiga bir necha bor bostirib kirishgan.

Amir Xaydar hukmronligi davridagi katta qo‘zg‘olonlardan biri bu Miyonqal’a qo‘zg‘oloni edi. 1821 yilda amir amaldorlarining Miyonqal’a ahlidan xiroj yig‘ishdagi talon-tarojga qo‘l urganligi sababli qo‘zg‘olon boshlangan. Qo‘zg‘olonchilar Kattaqo‘rg‘on, Chelak, Yangiqo‘rg‘on hududlarini qo‘lga olib amir odamlarini haydab yuborishgan. 1822-yilda Qo‘qon va Xiva xonlari hujumini qaytarish bilan mashg‘ul bo‘lgan amir Haydar qo‘zg‘olonchilarni bostira olmaydi. Xitoy-qipchoqlar boshchilik qilayotgan qo‘zg‘olonchilar amirning inisi Is’hoqbekni o‘zlariga amir qilib Samarqand va Karmanaga yurish qiladilar. 1825 yil bahorigacha qo‘zg‘olonchilar bilan amir o‘rtasidagi kurashlar natijasida qo‘zg‘olonchilarni tamomila yenga olmagan amir yon bosishga, ularning mulki daxlsizligi to‘g‘risida yorliq berishga va bir qancha amaldorlarni jazolashga majbur bo‘lgan.

1826 yilda amir Haydarning uchinchi o‘g‘li Nasrullo (1826-1860) taxtga o‘tirdi. U o‘z yo‘liga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan akalarini shavqatsizlik bilan qatl ettirdi va bir oy mobaynida kuniga 50-100 kishini qatl qilish bilan “Qassob amir” degan nomni oldi. Ayniqsa urushlar paytida bo‘ysunmagan shahar va qishloqlar aholisini qattiq qirg‘in qildi.

Amir Nasrullo hokimiyatni qo‘lga olgandan keyin Shahrisabz, Kitob hokimliklari o‘zlarini mustaqil deb e’lon qilgan edilar. Boshqa bir qancha bekliklar ham amirga rasmangina bo‘ysunishgan. Amir Nasrullo ularni yagona davlatga birlashtirish, markaziy hokimiyatni kuchaytirish yo‘lida qat’iyat bilan kurash olib bordi. Bunda u o‘zining amaldor xizmatkorlar tabaqasiga va harbiy qo‘shiniga tayanib ish ko‘rdi. 1840 yilda Amir Nasrullo Xo‘jand va O‘ratepani Qo‘qon xonidan tortib olib Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ bekliklarini ham o‘ziga bo‘ysundirdi va 1842 yilda Qo‘qon xonligini egallashga muvaffaq bo‘ldi. U yerda Qo‘qon xoni Muhammad Alixonni oila a’zolari bilan va shoira Nodirabegimni ham vahshiylarcha qatl ettirdi.

Bu paytda Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro hududlariga bostirib kirganligining xabarini eshitgan Amir Nasrullo o‘z qo‘shinlarini Xiva xonligi yerlariga olib kelib, Xazoraspni qamal qildi, ammo mag‘lubiyatga uchradi. Shunday og‘ir sharoitda ham Amir Nasrullo Buxoro amirligi viloyatlarini birlashtirish uchun kurashni davom ettirdi. Bu kurash 30 yil davom etdi. Shahrisabz bekligini bo‘ysundirish uchun Amir Nasrullo 32 marta yurish qilib 1856 yildagina o‘z maqsadiga erishdi. Shunday qilib Buxoro hududlarini to‘la bo‘ysundirgan Amir Nasrullo Buxoroning so‘nggi mustaqil hukmdori bo‘lib qoldi. Undan keyin hukmdorlik qilgan Sayid Muzaffarxon (1860-1885) davrida Shahrisabz, Kitob beklari yana Buxoroga bo‘ysunishdan bosh tortdilar. Buxoro Rossiya vassaliga aylangandan keyin (1868) bu shaharlar ham ruslarga bo‘ysundirildi.

Mang‘itlar sulolasi hukmronligi davrida davlat tizimida anchagina o‘zgarishlar amalga oshirildi. Amir oliy hukmdor bo‘lib, davlat hayotiga tegishli siyosiy, iqtisodiy, diniy va boshqa barcha masalalar uning qo‘lida edi. Markaziy ijroiy hokimiyat saroy ayonlaridan tashkil topgan bo‘lib, Arkda joylashgan. Davlat boshqaruvida bosh vazir-qushbegi, devonbegi, parvonachi, otaliq, dodhox, xudaychi, mirzaboshi kabi saroy ayonlari va shayxulislom, qozikalon kabi diniy rahbarlarning mavqei katta bo‘lgan. Mahalliy boshqaruv amir tomonidan tayinlangan viloyat beklari va uning qo‘l ostidagi mirshabboshi, soliq yig‘uvchi amaldorlar, qozi, rais, qishloq oqsoqollari qo‘lida bo‘lgan.

Mang‘itlar sulolasi davrida amirlik 30 ta beklik va tumanlardan iborat ma’muriy birliklardan tashkil topgan. Har bir beklik hokimi xirojning bir qismini amirga yuborib turgan.

Buxoro amirligida yerga egalik munosabatlari iqtisodiy hayotda katta ahamiyatga ega bo‘lib, yer egaligining davlat, xususiy, vaqf kabi turlari bo‘lgan. Qishloq aholisining katta qismi yersiz dehqonlar bo‘lib, ular ijaraga yer olib ishlaganlar. Shahar aholisining asosini tashkil qilgan hunarmandlar hayoti ham og‘ir soliqlar sababli juda qiyin kechgan.

XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida Buxoro aholisining umumiy soni haqida aniq ma’lumotlar yo‘q bo‘lib, taxminan 2 mln. atroflarida bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligini o‘zbeklar, shahar va ba’zi qishloqlarda tojiklar, janubiy-g‘arbiy tumanlarda ko‘chmanchi turkmanlar, kam sonli arab va yahudiylar tashkil etgan.

Buxoro amirligining xalq xo‘jaligida dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq sohalari katta ahamiyat kasb etgan. Aholidan xiroj, zakot, boj, to‘la, yaksara, nimsara kabi soliqlar undirib olingan.

XVIII asrning ikkinchi yarmida Rossiya-Buxoro savdo va diplomatik aloqalari ancha rivojlandi. Bunda 1774-1776, 1779-80 yillarda Ernazar Maqsudov boshchiligida va 1797-yildagi Polvonquli qo‘rchi elchiliklari katta ahamiyat kasb etdi. XIX asr boshlarida Rossiya-Buxoro aloqalari ancha faollashdi. Bu XIX asrning 20-yillarida O‘rta Osiyoga siqilib kirishga harakat qilayotgan inglizlar bilan ruslar o‘rtasidagi raqobatning keskinlashuviga olib keldi. Amirlik qo‘shni xonliklar Afg‘oniston, Hindiston, Eron davlatlari bilan ham savdo aloqalari olib bordi. Yirik savdo-sotiq markazi bo‘lgan Buxoroda 1848 yilda 38 ta karvonsaroy, 9 ta tim va ko‘plab bozorlar mavjud bo‘lgan.

Buxoro shahri amirlik davrida ham islom dinining markazi hisoblangan. Bu davrda boshlang‘ich ta’lim maktabi va oliy ta’lim beruvchi madrasalar faoliyati ham ancha yuksaldi. Bu yerda faqat O‘rta Osiyodangina emas, balki Volga bo‘ylari, Shimoliy-G‘arbiy Hindiston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan ham bilim olish uchun talabalar kelishar edi. Bu paytda Buxoro amirligining har bitta shaharida madrasalar bo‘lib, Buxoro shahrining o‘zidagi 103 ta madrasadan 60 tasi asosiy ta’lim maskani sifatida mashhur bo‘lgan. Madrasada o‘qitish 3 bosqichda amalga oshirilgan bo‘lib, uning barcha xarajatlari, mudarrislar va boshqa xizmatchilarning maoshi, talabalar nafaqasi, kutubxona xarajatlari va boshqalar madrasaga biriktirilgan vaqf yerlaridan keladigan daromad hisobiga qoplangan. Madrasada fiqh, shariat asoslari, adabiyot, til, tarix, falakiyot, mantiq, falsafa, matematika fanlari o‘qitilgan bo‘lsa ham dunyoviy ta’limga nisbatan diniy ahloqiy ta’lim berishga asosiy e’tibor qaratilgan. Bu davr madaniy hayoti haqida adabiyot, tarix, hattotlik, musiqa san’ati yodgorliklari, me’morchilik obidalari muhim ma’lumotlar beradi.

XIX asr adabiy hayotining ko‘zga ko‘ringan namoyondalari Mirzo Sodiq Munshiy, shoir Hoziq, shoir Mujrim, Muhammad Sharif Shavqiy, Mulla Qurbon Xiromiy, Ahmad Donish (1827-1897), Ochildi Murod, Meri Kattaqo‘rg‘oniy (1830-1899) va boshqalar o‘z asarlari bilan adabiyot rivojiga katta hissa qo‘shganlar. “Mang‘it hukmdorlari tarixi” she’riy usulda bitilgan asarlar, “Chor darvesh”, “To‘tinoma”, Poraxo‘r qozilar”, “Murid ovlovchi” kabi asarlar bu davr adabiyotining ajoyib namunalaridir.

Mang‘itlar hukmronligi davrida ham o‘rta asr tarixnavisligining yetakchi an’analari saqlanib qolganligini quyidagi asarlarda ko‘ramiz: Mullo Ibodullo va Muhammad Shariflarning “Tarixi amir Haydar” va “Dastoni amironi mang‘it”, Mirolim Buxoriyning “Fathnomayi-sultoniy”, Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi salotini mang‘itiya”, “Dahmayi shohon” kabi asarlari, Muhammad Sharif ibn Muhammad Naqining “Toju tavorix” asarini, Ahmad Donishning “Mang‘itlar xonadoni hukmdorlari tarixidan qisqacha risola” asarini va Mirzo Sodiq Munshiyning “Tarixi silsiloti mang‘itiya” (“Mang‘it hukmdorlari tarixi”) asarlari mang‘it amirlari tarixi haqidagi birlamchi manbalardir.

XVIII asr ikkinchi yarmi-XIX asr birinchi yarmi Buxoro amirligi me’morchiligi o‘ziga xos uslubda rivojlandi. Bu davrda amirlikning bir qancha shaharlarida masjid va madrasalar bunyod etildi. Buxoro shahrida qurilgan Domullo Tursunjon (1796-1797) madrasasi, Xudoydod me’moriy majmuasi (1777-1855), Ernazar elchi madrasasi (1795), 1807 yilda qurilgan Chorminor majmuasi, Qarshida qurilgan Mir Muhammad madrasasi kabi me’moriy yodgorliklar o‘zbek xalqining noyob madaniy merosidir.
Xiva xonligi
Amudaryoning quyi oqimida joylashgan, qadimiy dehqonchilik markazlaridan hisoblanmish Xorazm XIV asr oxirlaridan XVI asr boshlariga qadar temuriylar davlati tarkibida bo‘lgan. 1505 yilda Shayboniyxon Xorazmga yurish qilgan paytda u yerda hukmronlik qilayotgan Chin So‘fi rasman Husayn Boyqaroga qaram edi. Shuning uchun ham xorazmliklar temuriylardan yordam umid qilib 10 oy shaharni mudofaa qildilar. Xorazmda Shayboniyxon hukmronligi uzoq cho‘zilmadi. U 1510 yilda Shoh Ismoil tomonidan o‘ldirilgach, Xorazm eroniy safaviylar qo‘l ostiga o‘tdi. Shoh Ismoil Xorazm shaharlarini boshqarish uchun yuborgan dorug‘alarining iqtisodiy, diniy va milliy zulmiga qarshi aholi keng qatlamlarining chiqishlari boshlandi.

Abulg‘ozixonning “Shajarayi turk” asarida yozilishicha, Vazir shahrida yashovchi Umar degan keksa olim eroniy qizil boshlilarga qarshi kurashni tashkil qilib, unga o‘zi boshchilik qilgan. Xorazmliklar ikki yil deganda eroniylarni o‘z yurtlaridan haydab chiqardilar. Mashhur Sayidota avlodlaridan bo‘lgan Sayid Xisomiddin tashabbusi bilan Shaybon urug‘idan bo‘lgan Berka sultonning o‘g‘li Elbarsxon Vazir shahriga taklif qilindi. Elbarsxon taklifni qabul qilib, Vazirga kelayotganini eshitgan xalq shahardagi eroniylarni qirib tashlashdi. Elbarsning Vazir shahriga kirib kelishi bilan Xorazmda 1512 yilda o‘zbek sultonlari hokimiyati o‘rnatildi.

Elbarsxon (1512-1525) Urganch va Xiva shaharlaridan eroniylarni haydab chiqarib mustaqil xonlikka asos soladi. U bilan birga Dashti Qipchoqdan Xorazmga kelgan xalqlar o‘troqlashdilar. 1524-yilda shoh Ismoil vafotidan keyin xorazmliklar Turkmanistonning janubiy qismini, Eron shimolidagi Saraxs hududlarini, Orol va Mang‘ishloqni egallashdi. Yangi yerlarni Elbarsxon o‘z o‘g‘illari va ukasi farzandlariga bo‘lib bergan ediki, bu mustaqillikka intilgan mayda hokimliklarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Natijada qo‘shnisi yeriga ko‘z olaytirgan hokimlar o‘rtasidagi, uzluksiz o‘zaro nizolar kelib chiqdi va Elbarsxon vafotidan keyin xonlarning tez-tez almashib turishiga olib keldi. XVI asrda Xorazmni Elbarsxon avlodlaridan So‘fiyonxon, Avaneshxon, Aqatoyxon, Do‘stxon, Hojimxon kabi xonlar boshqarganlar.

Bitta xonadon vakillari bo‘lgan Berka sulton va Shayboniyxon avlodlari o‘rtasidagi o‘zaro nizo endilikda Buxoro va Xorazm hukmdorlari o‘rtasidagi janjallarga sabab bo‘ldi. Elbarsxonning beshinchi vorisi Avaneshxon (1526-1538) davrida Shayboniy Ubaydulla sulton (1533-1539) Xorazmni bosib olib, 1537-yilda o‘g‘li Abdulazizni u yerga noib qilib qoldirdi. 1538 yilda Xorazm sultonlari yana hokimiyatni qaytarib oldilar. Xorazm yerlari uchun Hojimxon (1558-1602 ) davrida Abdullaxon II (1557-1598) bir necha marta yurish qildi. 1575-yilda boshlangan o‘zaro urushlar natijasida Abdullaxon II 1593-yildagina Xorazmni o‘ziga bo‘ysundirdi. 1598-yilda Abdullaxon vafoti bilan shayboniylar davlatida avj olgan o‘zaro nizo va tartibsizlikdan foydalanib Xorazm o‘z mustaqilligini uzil-kesil tiklab oldi.

XVI asrning 70-yillarida Xorazm poytaxti Urganchdan Xiva shahriga ko‘chirildi. Unga Amudaryo o‘zanining o‘zgarib, Kaspiy dengiziga oqmay qo‘yganligi sabab bo‘ldi. Bu holat Xorazm iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu davrdan boshlab Xorazm davlati Xiva xonligi deb atala boshlagan.

XVII asr boshlariga kelib, Xorazm taxti uchun bo‘lgan sulolaviy kurashlardan so‘ng taxtga o‘tirgan Arab Muhammadxon (1602-1621) davrida Xiva xonligida davlat porakandaligi yuqori cho‘qqiga yetdi. Rus kazaklari, qozoqlar va qalmiqlar talonchilik yurishlari qilib mamlakat aholisining tinchini buzishga sabab bo‘lgan bo‘lsa, mamlakat ichida mavqei kuchaygan darvesh shayxlari ta’siridagi Arab Muhammadning o‘g‘illari Habash va Elbarslarning otasiga qarshi chiqishi parokandalikni avj oldirdi. Ular otasiga qarshi kurashda muvaffaqqiyat qozonib, uning ko‘ziga mil tortdilar, so‘ngra Xivada qatl ettirdilar. Shunday qilib taxtga o‘tirgan Elbars va Habash sultonlar (1621-1623) ukalari Isfandiyor (1623-1643) tomonidan taxtdan tushirildilar.

Turkmanlar yordami bilan taxtga chiqqan Isfandiyor davrida mamlakat siyosiy hayotidagi keskinlik saqlanib qoldi. Orol bo‘yidagi o‘zbek qo‘ng‘irotlari Isfandiyorga bo‘ysunmay qo‘yishdi. Turkmanlar xonlik siyosiy hayotiga ko‘proq ta’sir eta boshladilar.

Xorazm tarixida yirik davlat arbobi va tarixnavis ijodkor sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Abulg‘ozixon (1643-1663) akasi Isfandiyor vafotidan keyin taxtni egalladi. U og‘ir hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Akalari Elbars va Habashxonlar isyoni davrida Buxoro xoni Imomqulixon saroyida yashadi. Isfandiyor taxtni egallagach, 1623 yilda Urganch hokimi bo‘ldi. Akasi bilan kelisha olmay Turkiston hokimi Eshimxon huzuriga bordi va uning vafotidan keyin 2 yil Toshkentda yashadi. Buxoro xonligi orqali yana Xorazmga kelgach, akasi Isfandiyor uni Eron shohi huzuriga garov tariqasida jo‘natdi. 10 yil tutqinlikda bo‘lgan Abulg‘ozi 1639 yilda Erondan yashirincha chiqib, Orol o‘zbeklari oldiga keldi va onasi vafotidan keyin qo‘ng‘irot o‘zbeklarining yordami bilan hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Uning hukmronligi davrida markaziy hokimiyat nisbatan kuchaydi. Turkman, qalmiqlarga qarshi muvaffaqqiyatli urush olib borgan Abulg‘ozixon Buxoro xonligi hududlariga ham talonchilik yurishlari qildi. Xiva askarlari Chorjo‘y, Vardanza, Qorako‘l, Karmanagacha bo‘lgan yerlarni bir necha bor talashdi. 1662 yilda Abdulg‘ozi Buxoro xoni bilan sulh tuzdi.

Lekin uning o‘g‘li Anushaxon (1663-1687) davrida ham Buxoro va Xiva o‘rtasidagi urushlar davom etdi. Bu davrda Xiva qo‘shinlari Buxoro, Samarqand, Qarshiga hujum qilib turdilar. 1685-yilda G‘ijduvon yaqinidagi mag‘lubiyatdan keyin Buxoroning Xivadagi ta’siri kuchaydi. Subhonqulihon Anushaga qarshi fitna uyushtirib, uning o‘g‘li Ernakka taxtni egallashga yordam beradi. Otasini ko‘r qilib, taxtni egallagan Ernak (1687), hokimiyatni uzoq vaqt saqlab qola olmadi. Subhonqulixon Xivadagi tarafdorlari yordamida taxtga Shohniyozni (1688-1702) o‘tqazib, amalda Xivani vassal davlatga aylantirdi.

Shohniyoz xonlik maqomiga ega bo‘lgach, o‘z homiysidan yuz o‘girib, mustahkam tayanch qidirib, Rossiya hukmdori Petr I ga xat yo‘llab, Xivani Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni so‘raydi. Sharqda ta’sirni maqsad qilib qo‘ygan rus podshosi 1703-yilda Xivaning Rossiya hududiga qo‘shib olingani xaqida yorliq jo‘natadi. Lekin 1702-1715 yillarda xonlik qilgan Arab Muhammad bunga ahamiyat bermadi. Bu rus podshosining O‘rta Osiyoga e’tiborini qaratdi, xolos. U Xiva xonligini rasman tobe qilish maqsadida Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy rahbarligida Xivaga harbiy ekspeditsiya tayyorladi.

Arab Muhammad va uning vorisi Sherg‘ozixon (1715-1728) davrida xonlikdagi siyosiy nizolar mamlakatning iqtisodini ham izdan chiqardi. Sherg‘ozixon olti ming rus askari bilan 1717-yilda xonlik hududiga kirib qolgan rus harbiy ekspeditsiyasini yaxshi kutib oldi. Uning maslahati bilan Bekovich-Cherkasskiy qo‘shinlarini 3 ga bo‘lib joylashtirdi. Qulay vaziyatdan foydalangan xivaliklar rus qo‘shinlarini butunlay qirib tashlashdi. Natijada rus harbiy ekspeditsiyasi samarasiz yakunlandi.

Tashqi xavf bartaraf etilgach xivaliklarning o‘zaro nizolari davom etdi. 1728-yilda hokimiyatni qo‘lga olgan Elbarsxon (1728-1740) ichki nizolarni bostirib, qo‘shni hududlarga bosqinchilik yurishlarini uyushtira boshladi. Xiva qo‘shinlarining bosqinchilik yurishlari va ularning Buxoro xonlariga bergan yordamlari tufayli 1740-yilda Eron shohi Nodirshoh Xorazmni butunlay o‘ziga bo‘ysundirdi. 1741-yilda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon sababli Xiva eroniylar zulmidan ozod bo‘ldi. Lekin Nodirshohning o‘g‘li Nasrullo katta qo‘shin bilan Xorazmga kelgach, Nuralixon (1741) taxtni tashlab qochdi va eroniylar 1747 yilga qadar Xiva xonligida hukmronlik qildilar.

1747-yilda qozoq sultoni Gayibxon taxtga o‘tqazildi (1747-1757). Uning davrida qozoq sultonlarining mavqeyi oshishi Xivada qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. 1757-1758 yillarda Xiva taxtini uning ukasi Abdullaxon boshqargan. Xiva xonligidagi siyosiy parokandalikdan foydalangan Buxoro hukmdori Muhammad Rahimbiy o‘z odami Temur G‘ozixonni (1758-1763) Xiva taxtiga o‘tqazadi. Shu davrdan boshlab Xiva xonligida qo‘ng‘irotlar urug‘ining mavqei mustahkamlanib borgan.

Xorazm tarixchilari Abulg‘oziy, Munis, Ogahiy, Bayoniy asarlarida yozilishicha, Abulg‘oziy akalaridan qochib ketayotganda otidan ayrildi. Shunda qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan O‘nboy degan yigit unga o‘z otini berib, qutilib ketishga yordam bergan. Abulg‘oziy keyinchalik Erondan qochib kelgach, ularning urug‘ boshliqlariga inoq unvonini beradi. Shu davrdan boshlab Xiva xonligida qo‘ng‘irot urug‘larining mavqei ortib borgan. XVIII asrning 60-yillaridan badavlat shaharliklar va ruhoniylarning qo‘llab-quvatlashishiga erishgan qo‘ng‘irot urug‘lari Xiva xonligida hokimiyatni qo‘lga ola boshlaydilar.

Inoq Muhammad Amin (1763-1790) 1770-yilda turkmanlarning, 1782-yilda buxoroliklarning hujumini qaytarib, Xiva xonligida qo‘ng‘irotlarning amaldagi hokimiyatini mustahkamlaydi. Avaz Inoq (1790-1804) davrida Xiva xonligida markaziy hokimiyat mustahkamlanib, xonlikdagi iqtisodiy ahvol yaxshilandi. Bu XIX asr boshlarida qo‘ng‘irotlar sulolasining hokimiyatni rasman egallashlariga zamin bo‘ldi. 1804-1806 yillarda hukmronlik qilgan Eltuzarxon Inoq Xiva taxtiga o‘tirgan qo‘ng‘irotlar sulolasining birinchi xoni hisoblanadi. Uning vorisi Muhammad Rahimxon I (1806-1825) Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga yetkazdi. 1811-yilda bo‘ysunmas orolliklar-qoraqalpoqlarni ham Xiva tarkibiga qo‘shib oldi. U o‘tkazgan siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy islohotlar natijasida boshqaruv tizim takomillashib, soliqlar tartibga tushdi. Xazina daromadlari ko‘paydi.

Olloqulixon (1825-1842), Rahimqulixon (1842-1845) va Muhammad Aminxon (1845-1855) davrlarida Xiva qo‘shinlarining Xurosonga yurishlari kuchaydi, Marv shahri uchun Buxoro amirligi bilan tez-tez urushlar bo‘lib turdi. Xiva xonlari bu davrda Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan joyidan Turkmaniston hududidagi Kushkagacha bo‘lgan yerlarni boshqarganlar. 1855-yilda Seraxsni qamal qilish paytida Muhammad Aminxonning halok bo‘lishi mamlakatda parokandalikka sabab bo‘ldi. Abdullaxon (1855-1856), Qutlug‘murodxonlar (1856) 6 oydan ko‘p hukmronlik qilmaslaridan o‘ldirildilar. 1856-yilda taxtni Sayid Muhammadxon (1856-1864) egalladi. U bo‘ysunmas turkmanlar va qoraqalpoqlarga qarshi urush uyushtirganligi natijasida bu xalqlarning ko‘pchiligi ko‘chib ketdilar. 1859-yilda Muhammad Panoh Orenburgdan yordam olib, Orol bo‘yida mustaqil davlat tuzish uchun qilgan harakati bostirildi. Xivaliklar tomonidan daryoga to‘siq qo‘yilishi natijasida Butakov flotiliyasi qoraqalpoqlarga yordam bera olmadi.

Xiva xonligidagi so‘nggi mustaqil hukmdor Feruz taxallusi bilan ijod qilgan Muhammad Rahimxon II (1864-1910) bo‘ldi. Uning davrida xonlikning siyosiy, iqtisodiy, madaniy jihatdan yuksalishi ko‘zga tashlanadi. Lekin 1873-yilda Rossiya Xiva xonligini bosib oldi va Muhammad Rahimxon II va Kaufman imzolagan Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra, Xiva xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylanib qoldi.

Xiva xonligi boshqaruv tizimi, asosan, Buxoro va Qo‘qon davlatlaridagidek bo‘lib, farqi XIX asr boshlaridan xon huzurida Kengash (Devon) bo‘lgan. Eng yuqori amaldorlar a’zo bo‘lgan kengash vakolati cheklangan bo‘lib, asosiy qarorlar xon tomonidan qabul qilingan bo‘lsa-da, amaldorlarning xonlik boshqaruvida mavqei baland bo‘lgan. Mansab va unvonlar xonliklarda harbiy-ma’muriy, harbiy va diniy toifalarga bo‘lingan. Inoq, otaliq, biy, amir ul-umaro, mehtar, qushbegi, beklar begi, devonbegi va boshqa unvon va mansablar xonlik iqtisodiy, siyosiy, moliyaviy, harbiy hayotida muhim o‘rin tutgan. Xonlikda sud ishlari asosan diniy ulamolar qo‘lida bo‘lib, ularning mamlakat hayotida ta’siri kuchli bo‘lgan.

Xonlikda davlat tili o‘zbek tili bo‘lib, Buxoro va Qo‘qondan farqli o‘laroq barcha farmonlar, davlat hujjatlari faqat o‘zbek tilida yozilgan.

XVI-XVIII asrlarda Xiva xonligining ma’muriy jihatdan bo‘linishi viloyat deb atalgan bo‘lsa, XVIII asrdan bekliklar deb atala boshlangan. Eng kichik ma’muriy bo‘linish machitqo‘m deb yuritilgan. Dastlab xonlikda 16 ta viloyat 2 ta noiblik bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik viloyatlar soni 22 taga yetgan. Ularni xon tomonidan tayinlangan hokim va noiblar boshqargan. Xiva shahri esa xon va bosh vazir tomonidan boshqarilgan.

Xonlikda, asosan, o‘zbeklar dehqonchilik tumanlarida yashab ko‘pchilikni tashkil qilganlar. Shuningdek, turkmanlar, qoraqalpoqlar, kam miqdorda tojiklar, eronliklar, yahudiylar, arablar ham istiqomat qilishgan.

Ijtimoiy hayotda xon va uning amaldorlari va diniy ulamolarning mavqei yuqori bo‘lib, iqtisodiy hayotning asosini tashkil qiluvchi yer ham asosan ular qo‘lida bo‘lgan. Kam yerli va yersiz dehqonlar ulardan ijaraga yer olib ishlaganlar va ahvoli juda og‘ir bo‘lgan. Sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik mamlakat iqtisodida muhim o‘rin tutgani uchun Amudaryodan chiqarilgan kanallarni qazish davlat ahamiyatiga molik ish hisoblangan. Shuningdek, chorvachilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq ham iqtisodiy hayotda muhim o‘rin tutgan.

Xonlik harbiy qo‘shini va qurol aslahasini yaxshilash juda past darajada bo‘lgan. Qo‘shinni ko‘proq yarim ko‘chmanchi turkmanlar tashkil etgan. Oldingi davrlardagi harbiy sohadagi ijobiy tajribalar rivojlantirilmay tashlab qo‘yilgan.

Xiva xonligi Buxoro, Qo‘qon, Eron va Rossiya kabi qo‘shni davlatlar bilan savdo-sotiq ishlarini olib borgan. Soliqlar barcha musulmon davlatlaridagidek xiroj, zakot, boj va jizyadan iborat bo‘lgan. Shu bilan majburiy mehnatning ba’zi turlari amalga oshirilgan.

Xiva xonligida ham adabiyot, tarixnavislik, me’morchilik bir muncha rivojlangan bo‘lsa ham tabiiy va texnika fanlariga, dunyoviy ilmlarga e’tibor qaratilmagan.

Boshlang‘ich maktabda o‘qish-yozishni o‘rgangan bolalar madrasalarda o‘qitilgan. XIX asrda Xiva xonligida 1500 ga yaqin boshlang‘ich maktab va 130 ta madrasa mavjud bo‘lgan. Xiva shahrining o‘zida 22 ta madrasa bo‘lgan. XIX asrda Xiva xonligida adabiyot, tarixnavislik, hattotlik, musiqa san’ati, me’morchilik va madaniyatning boshqa sohalarida katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan.

Shermuhammad Munis Xorazmiy, Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Feruz, Komil Xorazmiy, Kamron, Bayoniy, Xusraviy, Murodiy, Rojiy, Mutrib, Laffasiylar asarlari o‘zbek adabiyoti rivojida o‘ziga xos o‘ringa ega.

Tanbur chiziqi notasini yaratgan Komil Xorazmiy “Maqomi Feruzshohiy” asari va “Panjgoh” maqomi bilan o‘zbek musiqa san’ati rivojiga katta hissa qo‘shdi.

Abulg‘oziyxon “Shajarayi Turk”, “Shajarayi tarokima” asarlari bilan Xorazm tarixnavislik maktabini boshlab bergan bo‘lsa, Munis va Ogahiylar tarixnavislik va tarjimonlik maktabini yaratib, “Firdavs ul-iqbol”, “Zubdat ut-tavorix”, “Riyoz ud-davla”, “Gulshan ul-davlat”, “Jomiy’ ul-voqeoti sultoniy”, “Shohid ul-iqbol” asarlari bilan tarix sohasini rivojlantirdilar. Bayoniyning “Shajarayi xorazmshohiy”, “Xorazm tarixi” asarlari yuqoridagi asarlar kabi Xiva xonligi tarixini o‘rganishda asosiy manbalar hisoblanadi.

Hozirgi Xiva shahrida saqlanib qolgan qadimiy me’morchilik inshootlari asosan xonliklar davrida qurilgan bo‘lib, eng qadimiysi XVI asrda qurilgan Sayid Ota maqbarasi bo‘lsa, eng keyingi XX asr boshlarida qurilgan Nurillaboy saroyidir. Ichan qal’adagi o‘nlab imoratlarning ko‘pchiligi XIX asrda qurilgan bo‘lib, ular xalqimiz buyuk zakovatining bir qismi sifatida qad ko‘tarib turibdi.


Download 1,43 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish